Internet jurnalistikasi: yutuqlar va muammolar

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Internet jurnalistikasi kengashining O‘zbekistonda internet jurnalistikasi rivojining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Anjumanda internet jurnalistikasi kengashi raisi Gulnora Bobojonova, yetakchi saytlar bosh muharrirlari, soha mutaxassislari yurtimizda yosh avlodni tarbiyalashda internetning afzalligi va undan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdilar. 

— Bugungi kunda odamlarning axborot olishga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortmoqda. Bu talabni qondirish borasida faoliyat yuritayotgan axborot tarqatish vositalari orasida internet barcha foydalanuvchilar uchun qulayligi, arzonligi, har qanday yangilikni ommaga yetkazishda tezkorligi bilan yetakchilik qilmoqda, — dedi G.Bobojonova. — O‘z navbatida mamlakatimizda internet-nashrlarga yaratilgan shart-sharoit va huquqiy me’yorlar soha rivojiga dasturilamal bo‘layotir. 

Uyushma qoshida tuzilgan Internet jurnalistikasi kengashining vazifasi ham bevosita ommaviy-axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar va blogerlar faoliyatini kengaytirish, ular oldida turgan muammolarga birgalikda yechim topish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat. 

Tadbirda axborot sohasini yanada rivojlantirish va jurnalistlar erkinligini himoya qilishga doir qonunchilikni takomillashtirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, internet jurnalistikasi uchun kadrlar salohiyatini oshirish,

 onlayn-jurnalistikani rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda hamda xorijda internet jurnalistikasi taraqqiyotining asosiy omillari, internet jurnalistga qo‘yiladigan talablar, axborot makoni kengayib borayotgan bugungi sharoitda davlat imijini shakllantirish, xalqaro jamoatchilik va boshqalar xususida ma’lumot berildi.

— Internet axborot vositalari — bosma matbuot, radio va televideniening ustuvor jihatlarini o‘zida jamlagan ulkan axborot resursidir, — deydi «qalampir.uz» sayti bosh muharriri Qamariddin Shayxov. —  Internet-nashr voqea to‘g‘risidagi axborotni yangilash borasida cheklanmagan imkoniyatga, matn uchun keng maydonga ega. Shu bilan birga, ovoz, grafika va video xabarlarni uzatish imkoniyati ushbu OAVning kuchi va ta’sir doirasini kengaytirmoqda. Internet jurnalistikaning yana bir qulayligi unda onlayn tizimning mavjudligidir. Bundan tashqari veb-saytlarda chop etilgan axborotlarga foydalanuvchi o‘zining shaxsiy munosabatini bildirishi ushbu axborot uzatish vositasining imkoniyatini oshiradi. Yurtimizda 2010 yildan boshlab internet-jurnalistikasiga dastlabki qadamlar qo‘yilgan edi. Keyingi ikki yilda milliy internet-jurnalistikamiz OAV sifatida axborot maydonida mustahkam o‘rin egalladi. Aholi ham axborotga bo‘lgan talabini asosan mazkur tarmoqdan qanoatlantirmoqda. Faqat axborot tarqatishga ixtisoslashgan saytlarimizni bir kunda  ikki million kishi kuzatayotgani fikrimni tasdiqlaydi. Internet-nashrlarimizning eng katta muammosi bu milliy xostinglarning talabga javob bermasligidir. Shuning uchun aksariyat saytlar xorij serverlari xizmatidan foydalanib kelyapti. Bu borada bizga albatta mutasaddilarning yordami kerak. Chunki biz xorij serverlaridan foydalanganimiz uchun ularga katta miqdorda pul to‘laymiz. Mablag‘ topish esa oson emas.

Internet jurnalistikasi yutuqlaridan samarali va internet tarmog‘ida milliy segmentni faol rivojlantirib, hududlardagi axborotlar bilan to‘ldirishning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan OAV shaklida ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlarni malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha shu yil ochilgan O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida alohida fakultet tashkil etildi. Mazkur universitetda tahsil olgan talabalar yaqin kelajakda mamlakatimiz internet jurnalistikasining rivojlanishiga va xalqaro mediamakonda O‘zbekiston imijini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ma’ruzachilar internet OAV rivojlangani sayin uning xavfsizligini ta’minlash masalasi ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etishi hamda ijtimoiy tarmoqlarda zararli, yolg‘on axborotlar ko‘lami kengayib borayotgan bugungi kunda internet-nashr ogoh va hushyor bo‘lishi zarurligini ta’kidladilar. Globallashuv zamonida Internet tarmog‘ining imkoniyatlari, qulayligi, ochiqligi, foydalanuvchining axborotga bo‘lgan ehtiyojini yuqori darajada qondirish bilan birga uni mustaqil fikrlash, qiyoslash, o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilmoqda. Aksariyat hollarda o‘quvchini chalg‘itib, noto‘g‘ri axborot yetkazishga sabab bo‘lmoqda. Natijada internet foydalanuvchisi uni yo‘naltirayotgan axborot oqimiga ergashadi, o‘ziga nima kerakligini anglay olmay qolishi mumkinligi achchiq haqiqat.

Yig‘ilishda sohada erishilayotgan yutuqlar va mavjud muammolar  borasida atroflicha fikr almashildi. 

Jobir XO‘JAQULOV

Sholaziz SHOXIDOYEV fotosi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =