“Jinlar bazmi” yoki bir jinoyat tafsiloti

O‘tgan yilning 8 avgustida tungi klubda sodir etilgan mudhish voqea eshitgan odamni bir qalqitdi. Sport ustasi, erkin kurashchi Jamshid Kenjaev pichoqbozlik oqibatida olamdan o‘tdi. Bu og‘ir judolikdan oila a’zolarining qaddi bukildi. Hali bir yoshga to‘lmagan farzandi ota mehridan mahrum bo‘ldi. Fojia ishtirokchilari — to‘rt nafar yigitning yaqinlari esa ta’na-malomat, isnoddan boshlari egildi. Kimdir jon qayg‘usida, kimdir moy qayg‘usida degandek, bu ish ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Tungi klublar yopildi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar, suratlar, fikr-mulohazalar, bahsu munozaralar tarqaldi va to sud ishni ko‘rib chiqqunicha davom etdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi ushbu voqeaga doir o‘z ishini yakunladi…

 

Har bir inson farzand ko‘rar ekan, yuzimni yorug‘ qiladigan naslim davomchisi, qo‘l-qanotim, yaxshi-yomon kunimda qatordagi norim bo‘lsin deya, yaxshi niyat qiladi. Shuning o‘zi kifoya qilsa, olam guliston edi. Farzand ulg‘ayguncha ming bir chig‘iriqdan o‘tadi. Ne bir sinovlarga duch keladi. Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “Tarbiya qiluvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgani kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmak lozimdur”. Shunga qarab “tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat”ga aylanadi. Buni yaxshi bilamizu, ba’zan qay bir nuqtada xatoga yo‘l qo‘yganimizni anglamay qolamiz. Aks holda falokat ham, judolik ham bo‘lmas edi…

Jamshid ham yaxshi bir oilaning farzandi edi. To‘qqiz yoshidan sportga qiziqib, shug‘ullanishni boshlagan. Ko‘plab musobaqalarda qatnashib, yaxshi natijalarga erishgan. Besh karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo musobaqalari qatnashchisi bo‘lgan. “Ikki akasi bilan ahil, singlisiga juda g‘amxo‘r edi, — deydi otasi Yoqub Kenjaev. — Onasi betobligini eshitgach, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi. Yetti oy onasi bilan ovora bo‘ldi. Qaerda yaxshi do‘xtir yo tabib borligini eshitsa, olib borardi. Afsus, saraton kasaliga chalingan onasini berib qo‘yganimizdan so‘ng, u qattiq ezildi. Sevimli mashg‘ulotini ham bir muddat chetga surishiga to‘g‘ri keldi”.

Og‘ir judolik insonni dovdiratib qo‘yishi turgan gap. Bunday yo‘qotishlar o‘rnini har kim har xil yo‘l bilan to‘ldirishga urinadi. Birov yaqinlaridan yupanch topsa, birov muqaddas manbalardan najot izlaydi. Yana birov Yaratganning bunday sinovlariga bardoshi yetmay, ichkilikka ruju qo‘yadi… Otasining gapiga qaraganda, Jamshid avvallari ichkilikni og‘ziga olmagan, musulmonchilik farzlarini to‘la ado etib yurgan. Ammo o‘sha fojia sodir etilgan kuni u sarxush edi. Balki bunga judolik sababdir. Yo guvohlar ta’kidlaganidek, o‘rtog‘ining tug‘ilgan kuni tufayli ichgandir. Nima bo‘lganda ham, muqaddas manbalarimizda aytilishicha, ichkilik iblis amallaridan bo‘lib, johillikni keltirib chiqaradi…

8 avgust Shohruh Tursunovning tug‘ilgan kuni edi. U do‘stlarini “Chayna taun” restoraniga taklif qildi. Ular orasida Jamshid ham bo‘lgan. Bu yerda yetti kishi yarim litr viski, bir litr aroq, bir litrga yaqin vinoni sipqarishadi. Ketma-ket ichilgan spirtli ichimliklar o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Sh. Tursunovning sudda guvohlik berishicha, Jamshid bilan Ibrohimning kayfi oshib, restoran raqs maydonchasida bir-ikkita yigitlar bilan jiqillashib ham olishgan. “Shayton suvi”ning o‘yinlarini qarangki, uning suvi ularni yana qayta yarashtirgan. Bu orada restoran ish vaqti ham tugaydi. Bazmi jamshid avjiga chiqqanda, bu ularga yoqmaydi, albatta, so‘ng tug‘ilgan kunni boshqa manzilda davom ettirishni kelishib olishadi. Maslahat pishgach, ularga avvaldan yaxshi tanish bo‘lgan “Aurum 898” tungi klubini ko‘zlab, yo‘lga chiqishadi.

Guvohlarning gapiga qaraganda, Jamshid avval ham bir necha bor “yigitlar o‘rtasida bo‘lib turadigan” to‘polonlar tufayli jarohat olgan. Shundan so‘ng yonida pichoq olib yurishni odat qilgan. Klubga borishgach, u mashinasidan bir emas, ikkita pichog‘ini olayotganini ko‘rgan o‘rtoqlari: “Qo‘y shuni, qoldirib keta qol”, deb ogohlantirishadi. Afsus, u bunga ko‘nadigan ahvolda emasdi… 

Sudda namoyish etilgan videokamera yozuvlaridan ko‘rinadiki, Jamshid klub qo‘riqchilari bilan avvaliga binoyiday salom-alik qilgan. Bu yerga kelib-ketib yurgani bois, qo‘riqchilarning bir-ikkitasi bilan tanish bo‘lgan. Ulardan biri Volodya Smirnov —  Jamshidning kamariga qistirilgan pichoqni ko‘rib, sekin qulog‘iga shipshiydi:

—O‘rtoq, shuni mashinangda qoldirib kel, bilasan-ku, bu bilan kirish mumkin emas!

— Qo‘yaver, hammasi joyida, — deydiyu Jamshid eshik tomon yo‘naladi. Klubga yaqinda ishga kelgan norasmiy qo‘riqchilardan biri Shodali ham tartibga amal qilishini aytib, uni ogohlantiradi. Ammo Jamshid “yangi”ni tan olmaydi, “Qoch yo‘limdan” deydi-da, eshik yonida turgan Sherali Ilyasovga ro‘para bo‘ladi:

— Pichoq bilan kirmaysan, eshitmadingmi? — deydi u qat’iy.

Bu “yo‘lto‘sarlik” Jamshidga malol keladi va unga yaxshilab tarsaki tushiradi. O‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Sherali esa bunday “siylov”dan tutaqib ketadi va mehmonni itarib yuboradi. 

Hammasi shundan boshlanadi. Atrof to‘la odam bo‘lishiga qaramay, chayir Jamshid qo‘lida pichoq bilan bir sakraydiyu Sheralining ko‘ksini tilib o‘tadi. Shu payt qo‘riqchilardan biri pichoqni tortib olishga urinadi. Ammo Jamshid chapdastlik qilib, uning ham yelkasiga ikki marta pichoq bilan zarba beradi. Jamshidning qo‘lidagi sovuq qurol boshqalarni ham jarohatlashi mumkinligini anglagan Sherali kurash usulida uni yerga yiqitadi va bor kuchi bilan qo‘llarini bosib turadi. Shodali esa har ehtimolga qarshi olib yuradigan pichog‘ini chiqarib, orqa qismi bilan “zo‘ravon”ning boshiga bir necha marta uradi, duch kelgan joyiga tepib, uning qarshiligini yengmoqchi bo‘ladi. Ikki-uch kishilashib Jamshidning qo‘lidagi pichoqni tortib olisholmagach, qo‘riqchilar — Jahongir, Ali, Doston, Volodya ichkaridan beysbol bitalarini olib chiqib, urishga tushishadi. Jamshidning o‘rtoqlari esa avvaliga qo‘riqchilar kaltagi ostida qolib ketgan do‘stlarini ajratib olmoqchi bo‘lishadi. Ammo to‘s-to‘polon ichidagi qarshilik bunga yo‘l ham, imkon ham bermaydi. Shu olata’sirda Jamshid bilan kelgan yigitlarni qo‘riqchilar ancha joygacha quvib boradi, ular tutqich bermay, qochib ketishadi. Ayni shu paytda shoqollar orasida qolgan sherdek na’ra tortayotgan Jamshidning hayotiga xavf soladigan bir nechta tig‘ zarbalari beriladi. Qo‘riqchilar — Shodali va Saidazimning yelkasidagi iblis ularni ana shu jinoyatga undaydi. 

Keksalarimizning vaqt-bevaqt yurmagin, kechasi jinlar bazm qiladi va seni yo‘ldan uradi, degan gaplari bo‘lardi. O‘sha tungi (soat ikki-uchlarda) voqea ham aynan “iblis bazmi” edi. Aks holda inson bu darajada qabihlikka bormasdi. To‘g‘ri, Jamshid sarxush bo‘lgan va tartibga rioya qilmay, janjalni o‘zi boshlagan. Ammo bu uni ko‘plashib o‘lasi qilib kaltaklashga va oxir-oqibat pichoqbozlikka sabab bo‘la oladimi? Bunday holatda qo‘riqchining vazifasi nimalardan iborat bo‘lishi kerak edi? Vaziyat taranglashgan hollarda qanday yo‘l tutish lozim? Klub ma’muriyatining ko‘rsatma-yu yo‘riqnomalari yo‘qmidi? Qo‘riqchilar marhum kabi alkogol ta’sirida emas, balki hushyor bo‘lishgan emasmidi? Ularning hech yo‘qsa birovidan: “Keling, yaxshisi, uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, ichki ishlarga xabar beraylik, biror falokatni boshlamaylik” degan fikr nega chiqmagan?!

“Qobusnoma”da shunday o‘git bor: “Ey farzand, har nechun yigit bo‘lsang ham, aqling qari bo‘lsun. Men senga yigitlik qilmag‘il demasman. Ammo yigitlikni chidam bila qilg‘il… Johil yigitlardin bo‘lmag‘il, johillikdin balo paydo bo‘lg‘usidur. Yigitlik zamonida zindagonlig‘ qil, tokim qarig‘an chog‘da o‘z holingga yig‘lamag‘il”. 

Mazkur jinoyatni sodir etib sudlangan yigitlar “Qobusnoma”dagi ushbu hikmatdan xabardor bo‘lishlari dargumon. Ular aynan johil yigitlardan bo‘ldi va o‘sha baloni o‘z boshlariga o‘zlari orttirishdi. Ammo ota-onalari-chi, ularning qaysi xatoyu gunohlari uchun farzandlari bunday yovuzlikka qo‘l urdi?

Sud hukmiga ko‘ra, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Shodali Qilichov muqaddam ham bir necha bor jinoyat sodir etib sudlangan. Unga sudda so‘z berilganda, klub ma’muriyati bu yerdagi tartib-qoidani tushuntirgani, ammo Jamshid tog‘asi Sherali Ilyasov hamda uning o‘rtog‘i Abdurasul Mirzaevga jarohat yetkazgach, o‘zini tutolmay qolganini aytadi. Afsuski, bu sabab jinoyatni oqlamaydi va ushbu katta muddatni tinch-omon o‘tab qayta olsa, ya’ni yoshi bir joyga borganida, o‘z holiga yig‘lashi turgan gap. Shodali nega qayta-qayta jinoyatga qo‘l urib, “retsidevist” degan tamg‘ani manglayiga yopishtirib oldi, degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy. O‘zining sudda aytgan so‘ziga qaraganda, otasi ularni tashlab ketgach, tog‘asi Sherali Ilyasovga suyanib qoladi. Demak, Jamshid singari unga ham bunday yo‘qotish jiddiy ta’sir etgan. Kattalarning xatosi farzandi taqdiriga daxl qilib, uni izdan chiqarishga sabab bo‘lsa, aybni faqat yoshlar zimmasida qoldirish adolatdan emas, albatta. 

Qolgan sudlanuvchilar — Saidazim Kamoliddinov, Alijon Hamraev, Jahongir Yorqulovga bir xil — besh yillik qamoq jazosi belgilandi. Bunday chora, zora,  ularga saboq bo‘lsa…

Yana bir mulohaza: Jamshid Kenjayevning qarindoshlari sud hukmidan norozi bo‘lgani haqidagi xabarlar barcha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Aslida, marhumning tungi klubda qilgan qing‘ir ishi to‘g‘ri bo‘lganmi? Sport ustasi kuchini jamoat joyida, yo‘lini to‘sgan odamga ko‘rsataversa, ko‘chabezoridan nima farqi qoladi? “Jinlar bazmi”ni uyushtiradigan tungi klublar-chi? Ularning rahbarlari bugun nima haqida bosh qotirmoqda? 

Klubning o‘sha tungi qo‘riqchilari ham aynan bezorilardek yo‘l tutdilar va shunga yarasha jazo olishdi.

Xolida AHMADJONOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + ten =