Kunduzi chiroq yoqish shartmi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yangi qabul qilingan yo‘l harakati qoidalari qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘layotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida nimalar nazarda tutilgan?

 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHHB tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusovning aytishicha, so‘nggi ikki yilda mazkur yo‘nalishda o‘nga yaqin huquqiy hujjat qabul qilingan. Albatta, bularning barchasi sodir etilayotgan qoidabuzarliklar tahlili, xorijiy tajriba va amaliyotdan kelib chiqib ishlab chiqilmoqda va muntazam takomillashtirilmoqda. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan  yangilik — kunduzi avtotransport chiroqlarini yoqib yurish masalalariga borib taqaladi. Bu  tajriba rivojlangan davlatlarda bor va joriy etilayotgan yangi tartib yo‘l-transport hodisalari sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi. Misol uchun, shunday qoida joriy etilgan davlatlarda yo‘l transport hodisalari soni 15 foizgacha kamayishi kuzatilgan. Yurtimizda 2016 yil 1 martdan avtobus va mikroavtobuslar, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalariga kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish amaliyoti belgilangan edi. Avtotransportning chirog‘i yoniq bo‘lsa, haydovchilar ham, piyoda ham uni uzoqdan ilg‘aydi va hushyor tortadi. Piyodalar ko‘chadan o‘tayotganda, ayniqsa, quloqchin taqib olgan bo‘lsa, yaqinlashib kelayotgan  mashinani sezmasligi mumkin. Agar uning chiroqlari yoniq bo‘lsa, jilla qursa, shunga ko‘zi tushadi. 

Tadbirda “Hurriyat” gazetasi muxbirining savoli ham ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masalada bo‘ldi. Poytaxtimizning ko‘pgina, jumladan, markaziy ko‘chalarda avtomobillar to‘xtashiga ta’qiq qo‘yilgan belgilar haddan ziyod ko‘p. Hatto 10 km.gacha yo‘l yurib ham to‘xtash uchun “ijozat” berilgan belgini uchratmaysiz. Ayniqsa, bozorlar hududida avtotransportni qantarib qo‘yadigan joylar juda yiroqda. Bunday noqulaylikdan kimlar manfaatdor? 

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Musanazarov bunday haqli e’tirozlarga barham berish uchun markaziy va  gavjum ko‘chalarda imkoni boricha to‘xtash mumkin belgilarni ko‘paytirishga harakat qilinayotganini ta’kidladi. Jumladan, Matbuotchilar ko‘chasida ushbu amaliyot qo‘llandi. Ayni kunlarda Navoiy ko‘chasidagi to‘xtashni ta’qiqlovchi belgilar kamaytirilayotir. Bozorlar hududidagi tirbandlikning oldini olish maqsadida avtoturargohlar  kengaytirilib, yangilari ochilmoqda. Shunga qaramay, ba’zi haydovchilar mavjud avtoturargohlardan foydalanmay, ko‘chaning yuziga mashinasini qo‘yib ketadiki, bu ham insofdan emas. Zero, bozor-o‘char tez bitadigan ish emas. “Universam”, “Chorsu”, “Bek baraka” bozorlari avtoturargohlarida mingdan uch mingtagacha avtomobilni qo‘yish uchun sharoit bor. 

Anjumanda, shuningdek, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 1-ilovasiga kiritilgan qo‘shimcha yo‘l belgilari haqida ham aytib o‘tildi.

Shulardan biri — “Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish” tartibidir. Yangi qoidaga ko‘ra, avtotransport svetofor qizil chirog‘ining o‘ng yoniga 5.42 yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, transport vositalarining haydovchilari svetoforning ta’qiqlovchi ishorasi yonib turganda, barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda, o‘ngga burilishi mumkin. Bunda ular harakat yo‘nalishi bo‘yicha va burilayotgan ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodalarga hamda boshqa transport vositalariga yo‘l berishlari shart.

Toshkent, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ushbu qoida sinov tariqasida tajribadan o‘tkazildi. Natija ijobiy. 

Yo‘l harakati bilan bog‘liq yangi qoida va tartiblar joriy yilning 10 maydan kuchga kiradi.

 

Feruza BERDIYEVA, 

“Hurriyat” muxbiri.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − five =