Ustoz ko‘rgan va ko‘rmagan shogirdlar

Jurnalistika sohasida “Ustoz-shogird” an’analari juda muhim. Talabalar jurnalistika fakultetida nafaqat nazariy bilimlar oladi, balki sohaning kitobga yozilgan — yozilmagan qonunlarini o‘rganadi. Bunda albatta qalami o‘tkir jurnalistlar, bu sohaning fidoyilari ko‘magi kerak. Chunki, nazariy jihatdan puxta bilimga ega bo‘lgan yosh jurnalistlar maqola yozishga kelganda oqsashi aniq. Bunda ularga nima yordam beradi? Albatta, amaliyot yoki biror-bir mahoratli ustoz-jurnalistning «etagi»dan tutish. Shuning uchun jurnalistika fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar birinchi kursdanoq turli nashrlarga amaliyotga yuboriladi.

 

Biroq so‘nggi yillarda jurnalistika sohasida «Ustoz — shogird» an’analari maktabi yo‘qolib borayotgandek, nazarimizda. Yosh jurnalistlar va mahoratli jurnalistlar o‘rtasida «Ustoz — shogird» munosabatlarini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Jurnalis­tika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Matbuotda “Ustoz — shogird” an’anasi: yutuq va muammolar, nazariya va amaliyot birligi” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Anjumandayetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, ustoz jurnalistlar va talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, Jurnalistika universiteti prorektori Nozima Murodova, Yosh jurnalistlar kengashi rai­si Faxriddin Karimov va bosh­qa ijodkorlar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarini malakali va zamonaviy bilim hamda texnologiyalarni, xorijiy tillarni mukammal egallagan jurnalistlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladilar.

Sohani rivojlantirishga mas’ul tashkilotlarda yosh jurnalistlar malakasini oshirishga oid qator loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. Xususan, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlari, ijodiy uchrashuvlar bo‘lajak jurnalistlar bilim va mahoratini, tajribasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ko‘plab jurnalistlarga ustozlik qilib, o‘z yo‘lini topishida ko‘mak bergan mohir jurnalist Jabbor Razzoqov jurnalistikada oqsayotgan janrlarning yo‘qolib borayotgani haqida kuyinib gapirdi.

— Axborot kerak, ammo tahlil ham juda zarur. Saytlarni-ku, tushunamiz axborot tarqatadi. Ammo bugungi kunda gazetalarda ham ocherk, feleton, reportaj janrlari yo‘qolib bormoqda, — dedi J.Razzoqov. — Mahoratli jurnalistlar yuqorida sanab o‘tilgan janrlarda ijod qilish sirlarini yoshlarga o‘rgatishi zarur. Badiiy publitsistika janri yo‘qolib ketmoqda. Chuqur mulohazali maqolalar ham kerak-ku. Bizda esa go‘yo janr qolmaganidek, faqat axborot beriladi. Kechirasiz-u, jurnalistlarimiz “moslashib” qolgan. Ularga kompyuter, internet va telefon bo‘lsa bas. Xonadan chiqmay maqola yozishadi. Agar shunday ketishda davom etsak, biz dunyo miqyosiga chiqa olmaymiz.

Davra suhbatida mavzu yuzasidan “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali Bosh muharriri, “Jurnalist” mahorat maktabi moderatori Halim Saidov so‘zga chiqib, dolzarb muammolar xususida to‘xtaldi.

— Talaba yurak yutib, tahririyatlarga borganda hamma muharrirlar ham ularni quchoq ochib kutib olavermaydi. O‘zimizdan qiyos, talabaligimizda maqolamizni qo‘ltiqlab ko‘p tahririyatga kirganmiz. Bizni iliq qarshi olmagan tahririyatlardan ko‘nglimiz qolib ketgan. Ammo, jurnalist shunday bo‘lishi kerakki, bir eshik yopilsa, keyingi eshikdan shu joyga kirishga harakat qilishi lozim. Aslida haqiqiy jurnalist bo‘laman degan mutaxassis albatta tahririyatda bir yil korrekturada ishlashi kerak. Bugungi talabalar birinchi kursdan televideniega boraman deydi. Bunga qarshiligimiz yo‘q, ammo titrda bir qator ketadigan yozuvda ham imloviy xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rsam, baribir talaba gazetada bir yil amaliyot o‘tashi kerak deb o‘ylab qolaman. Shuningdek, yosh jurnalistlarning ixtisoslashuvi ham muhim.

Tadbir so‘ngida ustoz jurnalistlar an’analarini o‘quv-amaliyotida joriy etish, “Ustoz — shogird” an’anasini yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Feruza RAHIMOVA,

jurnalist.

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

SH.SHoxidoev

olgan suratlar.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + eighteen =