O‘zbekiston — AQSh: Samarali hamkorlikning yangi bosqichi

Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo missiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida poytaxtimizda 18-20 iyun kunlari qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda savdo, moliya, metallurgiya, aviatsiya, logistika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, geologiya, dasturiy ta’minot kabi qator sohalarda faoliyat yurituvchi idoralar, kompaniya va firmalar rahbarlari, biznes doiralar vakillari ishtirok etdi.

 

Mazkur tashrifdan so‘ng mamlakatimizda biznes yuritish istagida bo‘lgan Amerika kompaniyalarining soni ortib, ular bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan yangi loyihalar ko‘payishi tabiiy.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama tizimli va jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish,yetakchi sohalarni tubdan modernizatsiya qilish va tom ma’noda erkinlashtirishdek maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq.

Uning barcha yo‘nalishlari, avvalambor, xalq uchun munosib turmush sharoitini yaratish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, jahon media makonida O‘zbekistonning imijini ko‘tarish, shuningdek, tinch­lik va barqarorlik, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.

Ushbu vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan mamlakat tashqi siyosati kontseptsiyasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasiga muvofiq, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston — AQSh munosabatlari o‘zining keng qamrovlilik, yaxlitlik, uzoq muddatga mo‘ljallanganligi va ko‘p tomonlama jihatlari bilan ajralib turadi. Ayni paytda xalqaro huquq normalarining umum e’tirof etgan tamoyillari, xususan, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olishga asoslangan.

O‘zbekiston va AQSh bir qator xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha bir xil pozitsiyaga ega. Mintaqaviy va jahon miqyosidagi xavfsizlikka tahdidlar, xususan, giyohvand moddalarning aylanishi, ommaviy qirg‘in qurollarining tar­qalishiga qarshi kurash, shu­ning­dek, Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash sohalarida o‘zaro faol hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston — AQSh munosabatlari doirasidagi barcha yo‘nalishlarda sifat jihatidan yangi va o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni belgilab bergan asosiy hujjat — mamlakatlarimiz o‘rtasida 2002 yilning martida imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyadir.

Ikki tomonlama hamkorlikni uzviylashtirish hamda qayd etilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida AQSh bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli “Yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.

Qayd etish kerak, Shavkat Mirziyoev va Donald Tramp deyarli bir paytda Prezidentlik lavozimiga kirishgan, shundan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bosqichma-bosqich faollashib kelmoqda.

O‘tgan qisqa davr ichida turli darajadagi delegatsiyalar almashdi. Davlat rahbarlari 2017 yil may oyida ar-Riyod shahrida va sentyabrda Nyu-Yorkda uchrashdilar. Dekabrda o‘tgan telefon or­qali muloqot chog‘ida Donald Tramp Shavkat Mirziyoevni AQShga rasmiy tashrif buyurishga taklif etdi. Bu, tabiiyki, O‘zbekiston rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda tan olinayotganini anglatadi.

2018 yil 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp tomonidan qabul qilindi.

Oq uyda o‘tgan uchrashuv chog‘ida qabul qilingan O‘zbe­kiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishiga oid Qo‘shma bayonot, haqiqatan ham, o‘z nomlanishi va mazmun-mohiyati bilan juda ko‘plab yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Har ikkala tomonning uzoq kelajakka mo‘ljallangan intilishlarini tasdiqlaydi.

Tashrif chog‘ida Prezidentimiz O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan yutuqlar orqaga qaytmaslik xususiyatiga ega ekanligini ta’kidladi. Davlat organlari xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yishi lozimligini qayd etdi.

O‘zbekistonning besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga xizmat qiladi.

Prezident Donald Tramp terrorizmga qarshi kurashishda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekiston bilan azaliy sherikligini qayd etdi. 2001 yil 11 sentyabrdagi mud­hish voqealardan so‘ng, O‘zbekis­ton AQShga o‘ta muhim logistik imkoniyatni taqdim etganligi hamda “Al-Qoida” terrorchilarini Af­g‘o­nistondan siqib chiqarishda ko‘mak ko‘rsatganligini ta’kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashrif davomida AQSh Prezidentining Janubiy Osiyo bo‘yicha strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

AQSh rahbari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o‘sib borayotgan rolini e’tirof etadi.

Oliy darajadagi muloqot chog‘ida Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga intilayotganini qayd etdi. Prezident D.Tramp esa O‘zbekiston o‘z savdo rejimini tashkilot normalariga muvofiq liberallashtirish bo‘yicha kun tartibidagi islohotlarni amalga oshirishda AQSh unga texnik ko‘mak ko‘rsatishini ta’kidladi.

Har ikkala davlatning vazirlik va kompaniyalari, ishbilarmon doi­ralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, yuqori texnologiyalar, savdo-sanoat, yoqilg‘i-energetika, transport va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari doimiy ravishda muhokama qilinib borilmoqda.

Biroq, shuni qayd etish o‘rinliki, savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilinganiga qaramasdan, o‘zaro tovar ayir­boshlash hajmi imkoniyat darajasida emas.

Misol uchun, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 210 million dollardan biroz oshgan. 2018 yilning 8 oyida esa mazkur raqam 300 millionni tashkil etgan, xolos. To‘g‘ri, o‘sish bor. Ammo, ishonchimiz komilki, Amerikadek rivojlangan va O‘zbekistondek ilg‘or mamlakat iqtisodiyoti aslida bundan ancha ko‘prog‘iga qodir.

Prezidentimiz ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini tahlil qilib, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni, o‘zaro manfaatli va istiqbolli tarmoqlar juda ko‘pligini qayd etadi.

Aslida O‘zbekistonda xorijiy valyutalar konvertatsiyasining ochilgani, yangi va zamonaviy inves­titsion muhit yaratilgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar davlat tomonidan kafolatlanishi yangi davrdagi muhim o‘zgarishlardandir.

Mamlakatimizda yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish uchun AQShning yirik kompaniyalari sarmoya va texnologiyalarini jalb qilish imkoniyatlari tobora kengaymoqda.

Hozirgi paytda O‘zbe­kistonda AQShningyetakchi kompaniyalari fao­liyat olib bormoqda. Xususan, “Jeneral Motors” korporatsiyasi ishtirokidayengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Jeneral Motors Pover­train Uzbekistan” zavodi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari “Boing” kompaniyasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasini zamonaviy avialay­nerlar, xususan, “Boing-787-8 Drimlayner” rusumidagi yangi avlod samolyotlari bilan ta’minlovchi doimiy hamkoriga aylandi.

“Jeneral elektrik” kor­poratsiya­si esa O‘zbe­kis­tonning neft-gaz va aviatsiya sektorlarida, shu­ning­dek, salomatlik va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi muhim hamkori sifatida faollik ko‘rsatmoqda.

Bulardan tashqari, O‘zbe­kis­tonda faoliyat yuritayotgan AQSh kompaniyalari orasida «Exxon Mobil», «CNH Industrial», «Coca-Cola», «Hyatt», «Hilton», «John Deere», «Honeywell», «Caterpillar» va boshqalar ham bor.

Madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlar ham rivojlanib bormoqda.

So‘nggi 2-3 yil davomida ilm-fan va ta’lim sohalarida, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga e’tibor qaratilmoqda. O‘zaro kelishuvlar, memorandumlarni amalga oshirish jarayonida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlashga erishilmoqda.

O‘z navbatida, o‘zbekis­tonlik mutaxassislar AQShning turli xil ilmiy va ta’lim dasturlarida ishtirok etib kelmoqda. AQShning bir nechta universitetlari, jumladan, Texas va Missisipi univer­­sitetlari bilan qo‘sh­ma loyihalar amalga oshirila boshlandi.

Universitetlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish doirasida O‘zbekis­tonning bir qator oliy ta’lim muassasalari hamda AQShning Ogayo va Michigan univer­sitetlari, Boston yuridik kolle­ji, Amerika va Jorjtaun univer­sitetlari kabi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni kengaytirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

Toshkentda Vebster uni­ver­siteti filialini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 mart kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida Vebster universitetining ta’lim das­tur­larini amalga oshirish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan bu boradagi ishlar jadallashib ketdi.

Shuningdek, AQSh tibbiyot muassasalari va O‘zbekiston ixtisoslashgan klinika va shifoxonalari o‘rtasida, jumladan, jarrohlik, kardioxirurgiya, urologiya, aku­sherlik va ginekologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani ham e’tiborga molikdir.

O‘zaro munosabatlarning bugungi bosqichi rivojlanishida ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ekspertlar hamjamiyati ham muhim o‘rin tutadi.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, AQSh media makonida O‘zbekiston hayotida keyingi 2-3 yil davomida  sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga ijobiy baho berilmoqda.

Amerikalik mashhur tadqiqotchi Frederik Starr o‘zining “Unutilgan ma’rifat” va “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” kitoblarini chop ettirdi.

Nyu York siti universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti olimlari va media ekspertlari hamkorlikda yozgan omma­viy axborot vositalarining taraqqiyot tendentsiyalari haqidagi kitob esa 2019 yilning kuzida nashr­dan chiqishi rejalashtirilgan.

Beruniy ALIMOV, O‘zDJTU dotsenti

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + fifteen =