Dilda yashar ekan o‘tganlar yodi…

Odatda, inson hayotida o‘tayotgan har bir kun o‘ziga xos, bemisl taassurot qoldiradi, iborali qilib aytganda, ortda qolgan, o‘tgan kun tarixga aylanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘tgan har bir lahza o‘tmishdir va hech qachon ortga qaytmaydi. Shu bois aytish kerakki, o‘zini bilgan va qadrlagan kishi, albatta, ortiga bir nazar tashlab, kechagi kunini sarhisob qiladi, undan tegishli xulosalar chiqaradi.

 

Bugungi kun, to‘g‘rirog‘i, shiddat bilan kechayotgan har bir kunimizda yangi, biri-biridan ham muhimroq voqealarning guvohi bo‘lamiz, yaqindagina ro‘y bergan yangilikdan keyingi yangiliklardan voqif bo‘lishga ulgurolmay qolgan vaqtlarimiz ham bo‘ladi. Ha, vaqt ana shunday shoshqin tarz­da o‘taveradi, afsuski, yuqorida aytganimizdek, uni aslo ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Albatta, ayni shukuhli, farahli kunlarning qadrigayetmaslikka ham hech bir asos yo‘q, illo, ko‘zimizni ochib, atrofga bir qur nazar solaylik. Dunyoning bir hududida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda, yana bir chekkasida birodarkushlik, vayronagarchilik urushi, yana bir mamlakatda mitingbozlik, norozilik namoyishlari… Qo‘yingki, ba’zida televidenie ko‘rsatuvlarini ko‘rish, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar bilan tanishishga ham cho‘chib qolasan, kishi — yana qanday noxush hodisalar ro‘y berganikin, qaysi mamlakatda hokimiyat, manfaat yo‘lida ur-to‘polonlar bois, ularda istiqomat qilayotgan oddiy, jabr­diyda odamlarning qanchasi nohaqlik qurboniga aylandi, onayeridan mosuvo bo‘lib, qochqinlikka yuz tutdi ekan, degan fikrlar miyangda g‘ujg‘on aylanadi. O‘ylaysiz, o‘ylaysiz, aslo adog‘igayetolmaysiz.

Allohga ming bora shukr, tinchmiz, osoyishtamiz, xotirjammiz, deysiz o‘zingizga tasalli berib. Ha, turli balo-qazo-yu kulfatlardan o‘zi asrasin, ishqilib. Ko‘z tegmasin guldek Vatanimiz, tinchlik, xotirjamligimizga.

Lekin aslo yoddan chiqarib bo‘lmaydi: bu tinchlik va osudalik bizning yurtimizda ham o‘z-o‘zidan kelmagan. Birgina Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini eslang.

Oradan qancha yillar o‘tmasin, buyuk G‘alabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraverishini, ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyo­dagi ko‘plab xalqlar qatorida bu mud­hish urushda chinakam qahramonlik ko‘rsatgani, bu so‘nmas jasorat, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelayotgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishi muqarrar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urush arafasida ya’ni o‘tgan asrning 40 yillari mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ortig‘i Ikkinchi jahon urushida bevosita ishtirok etgan. Demak, yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlariga otlangan. Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in-barotdan yurtdoshlarmizning yarim milliondan ziyo­di qaytmagan. Qanchasi nom-nishonsiz, bedarak ketdi. Qaytganlarining aksariyati bir umrga mayib-majruh va nogiron bo‘lib qoldi. Omonsiz janglardan Vatanimizga to‘rt muchasi sog‘ kelganlarning ham yuragida, ruhida mudhish urushning ayanchli oqibatlari o‘chmas iz qoldirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ana shu haqdagi nutqlarida urush qahramonlari haqida gapirar ekan, “Tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi”, — dedi. — Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyagayetkazgan ulug‘ zot — onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.

So‘zimning isboti uchun bir misol keltirmoqchiman. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xon­obod qishlog‘ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo‘’tabar onaxon yashab o‘tganlar. Tom ma’noda  bu buyuk insonning jasoratini ta’riflashga so‘z ojiz. Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya besh o‘g‘il va bir qizni tarbiya­lab voyagayetkazganlar.

Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dog‘ini ko‘rishdan ham og‘ir yo‘qotish yo‘q. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat o‘g‘lidan — Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan.

O‘zingiz ayting, qadrli do‘stlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?

Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon o‘zbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta ko‘ksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, metin sabr-bardosh bo‘lishi kerak!”

Darhaqiqat, qirg‘inbarot urushlar tufayli onalar chekkan dardu alam oldidayer larzaga kelsa, aslo ajablanmaslik mumkin.

Ikkinchi jahon urushida Vatani, xalqi uchun boshqalar qatorida ijodkorlar ham jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Tarixdan, adabiyotdan ma’lum, Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlaridan­oq taniqli adib, shoirlar xalqimizning Vatanini asrab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga, frontga jo‘nab ketganlarni ona-Vatanini ko‘kragini tutib himoya qilishga undaydigan ijod namunalarini yaratdilar. G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Oybek, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda, Hamid G‘ulom, Izzat Sulton kabi ijodkorlarning she’r, hikoya, pub­litsis­tikalari gazetalarda bosildi, radio orqali eshittirildi. Otashin shoir G‘afur G‘ulomning “Senyetim emassan!”, “Men yahudiy”, Hamid Olimjonning “Qo‘ling­ga qurol ol!” she’ri, “Jang­chi Tursun” balladasi, Zulfiyaning Vatan himoyasiga bag‘ishlangan she’rlari o‘zining mazmun-mohiyati, ta’sirchanligi bilan frontda jang qilayotgan va front ortidagilarda ham juda katta taassurot qoldirdi. So‘z ustasi, taniqli adib Abdulla Qahhorning urush yillarida yaratgan g‘oyat ta’sirchan “Ko‘k konvert”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Hi-hi!” kabi hikoyalari o‘quvchilarda juda yaxshi taassurot qoldirdi.

O‘zbek xalqi urushning dastlabki yillarida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya hamda Boltiqbo‘yi respublikalaridan ko‘chirib keltirilgan bir milliondan ko‘proq kishini, shu jumladan, 200 mingdan ko‘proqyetim bolani o‘z bag‘riga oldi.

Ko‘plab oilalar boquvchisiz qolgan bolalarni o‘zlariga farzandlikka oldilar, topgan-tutganlarini ular bilan baham ko‘rdilar. Turli millatlarga mansub 14 nafar bolani farzandlikka olgan toshkentlik temirchi usta Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramovalar oilasi yuksak inoniylik fazilatlarini ko‘rsatib, ko‘pchilikka ibrat bo‘ldi. Urushdan nogiron bo‘lib qaytgan kattaqo‘r­g‘onlik Hamid Samatovlar oilasi o‘n uch nafar, samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimovalar oilasi o‘n nafar bolani o‘z quchog‘iga olib, mehr qo‘ri bilan ularning qalbini isitdi, dilini yoritdi.

Endi bevosita qo‘liga qurol olib, Vatanni himoya qilgan ijodkorlar haqida yana to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning g‘alaba yo‘lidagi jasoratlari uzoq yillar esda qoladi. Sharof Rashidov, Shuhrat, Ibrohim Rahim, Odil Yoqubov, Nazir Safarov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ziyod Yesenboev, Nazarmat Egamnazarov, To‘g‘on Ernazarov, Anvar Shomaqsudov, Sulton Akbariy — ularning Ikkinchi jahon urushi maydonlaridagi jasorati, shuningdek, ajoyib ijod namunalari haqida katta avlod vakillari yaxshi bilishadi. Sharof Rashidov, Ziyod Yesenboev, To‘g‘on Ernazarov, Adham Hamdamning publitsistik maqola va she’rlari, Shuhratning “Oltin zanglamas”, “Shinelli yillar”, “Jannat qidirganlar”, Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa”, “Qaydasan, Moniko?” kabi yuksak mahorat bilan yozilgan asarlari — urush yillaridagi ko‘rgan-kechirganlari, voqea-hodisalar ta’sirida bitilgan.

Sharof Rashidov va To‘g‘on Ernazarov o‘zlari ishlab turgan gazeta tahririyatidan frontga — jangga jo‘nab ketishgan edi. Bir qo‘lda qurol, bir qo‘lda qalam bilan jang qilishdi. Frontda o‘zbek tilida gazeta tashkil qilib, o‘zlarining g‘alabaga undovchi she’rlari, o‘tkir publitsistik maqolalari bilan muntazam qatnashib turishdi.

Bugungi o‘zbek vatanparvarlik jurnalistikasi haqida gap ketganda, aytish lozimki, bu dolzarb mavzu tom ma’noda, mamlakatimiz mustaqilligidan keyin shakllandi. Vatanparvarlikdek muhim, dolzarb mavzu respublikamiz matbuot va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Xususan, “Vatanparvar”, “Postda” gazetalari sahifalarida yoshlarni vatanni jon-dildan sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, himoya qilishga bag‘ishlangan turli janrlardagi materiallar bosilib turibdiki, bular o‘z o‘quvchilarini befarq qoldirmayapti, albatta. Yuqorida aytib o‘tilgan gazetalar va mamlakatimizda nashr etilayotgan boshqa gazetalarda ham biz ilgari bilmagan, bir paytlari sir tutilgan o‘zbek razvedkachilari, vatanparvar insonlari haqida maqolalar berib borilyapti. Yaqinda “Xalq so‘zi” gazetasida jurnalist To‘lqin Hayitning “UChINChI FRONT yoxud afsonaviy o‘zbek razvedkachisining Markaziy Osiyo­da nemis fashistlari agressiv g‘oyalarini yo‘qqa chiqargani xususida” sarlavhali intervyusi bosildi. Unda o‘zbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimovning fashistlarning “Uchinchi front” ochish rejasini yo‘qqa chiqarishda asosiy shaxs bo‘lganligi haqidagi tafsilotlar atroflicha bayon etiladi. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

E’tiborlisi, ayni vaqtlarda bevosita vatanparvarlik mavzusida qalam tebratayotgan jurnalist, shoir va adiblar ham o‘z asarlari bilan o‘quvchilarning ko‘nglini xushnud etishga harakat qilishayapti. Masalan, Qurolli kuchlar faxriysi Iskandar Rahmonning vatanparvarlik mavzusida yozilgan bir necha kitoblari o‘quvchilar e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Yoki shoir Zikrilla Ne’matning vatanparvarlik mavzuiga bag‘ishlangan she’rlari o‘zining chuqur mazmunga egaligi va ta’sirchanligi bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Odatda ushbu mavzudagi maqolalar Xotira va qadrlash kuni yoki Ikkinchi jahon urushiga oid sanalarda yoziladi. Lekin o‘tmishni eslash, xotirlash uchun sanalar muhim emas. Vatan ozodligi uchun jon fido qilgan insonlarni hamisha yodga olmoq ham qarz, ham farzdir.

 

Yusufjon HAMDAMOV,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika fakulteti dotsenti

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =