“Qoch, hokim muovini kelayapti…”

Xalqimiz qushning ham uyasi buzilmasin deydi. Qarang-a, nechog‘lik purma’no gap. Axir, hamma ham tinch-totuv, osuda, baxtli yashashni istaydi. Avvalo o‘zi yashayotgan xonadonning tinch, farovon, fayzi uchun harakat qiladi. Bu tabiiy, albatta.

Har bir xonadonki bir, bir necha oila demakdir. Chunki bir uy yoki bitta kvartirada ikki-uchtalab oila jamul-jam bo‘lib yashayotganlar kam emas. Oilaning tinchligi, mulk daxlsizligi huquqi esa davlatimiz, qonunlarimiz tomonidan kafolatlab qo‘yilgan.

 

Afsuski, so‘nggi paytlarda (aslida bu holat avvallari ham, ya’ni bundan 10-15 yil oldinlari ham bo‘lgan), internet va ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solayotgan, hatto xalqaro miqyosda katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan muammo — aholi turar-joylari, tadbirkorlarning ko‘chmas mulk­lari mavjud qonun-qoidalarga amal qilinmasdan mulk­dorlik huquqi ko‘r-ko‘rona oyoq-osti qilinayotganidan yuzaga kelmoqda.

Albatta, buzilishlar bo‘lishi tabiiy. Yurtimizda nechog‘lik katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Katta-kichik shaharchalar, posyolkalar qad rostlayapti. Qishloqlarimiz tamomila yangitdan qurilmoqda. Yirik sanoat, ishlab chiqarish korxonalari, uy-joy kom­pleks­lari bunyod etilmoqda.

Yo‘llar-chi, yo‘llar. Necha-necha yillar davomida qarovsiz, e’tibordan chetda bo‘lgan yuzlab kilometr avtomobil yo‘llari kengaytirilmoqda, yangidan qurilmoqda. Temir yo‘llar va boshqa strategik ahamiyatga molik qurilishlar jarayoni qizg‘in kechmoqda.

Shubhasiz, bunday ulkan o‘zgarishlarni xalqimiz nafaqat ko‘rib-bilib, balki ushbu yaratuvchanlik yumushlarida faol ishtirok qilayapti ham.

Ammo… O‘ylab ko‘ring, deylik bitta odam umr bo‘yi ishlab, oilasini boqib, o‘n besh-yigirma yillab mablag‘ jam­g‘arib, uy qurdi yoki sotib oldi. Tadbirkor hamyurtimiz esa ne-ne orzu havaslar bilan o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun topgan-tutganini tikib, kamiga bankdan kredit olib inshoot barpo etdi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, deylik, bir hokimiyat vakili kelib he yo‘q, be yo‘q “buyerdan falon ob’ekt tushadi, uyingiz buzib tashlanadi, mana bu inshootingiz “snos”ga tushdi” desa…

Xo‘sh, qanday ahvolga tushadi boya­qishlar?

Axir, Bosh Qomusimiz — Kons­titutsiyamizda xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi qat’iy mus­tahkamlab qo‘yilgan. Qolaversa, mazkur masalaga oid Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlari ham qabul qilingan bo‘lib, davlatimiz rahbari xususiy mulk himoyasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Jumladan, 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2018 yil 1 avgustdan boshlab shunday tartib o‘rnatildiki, insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik sub’ektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli, kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni to‘liq qoplanadi. Prezidentimiz farmoni va unga muvofiq hukumat qaroriga binoan turar-joy qurmoqchi bo‘lgan tomon mulk egasi bilan kelishib, ya’ni mulk egasi ixtiyoriy rozi bo‘lgan taqdirdagina o‘sha mulk buzilishi mumkin. Demak, shundan ham ko‘rinadiki, buzilayotgan ob’ektlarning kompensatsiya, ya’ni tovon puli to‘lig‘icha qoplab berilishi shart.

Misol uchun, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yaqinda Xorazm viloyatining Urganch shahridagi, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan aholi va shahar hokimligi o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchilikni joyiga chiqib o‘rganish, tahlil qilish va ijobiy hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga topshiriq berdi. Shunga muvofiq, hukumat rahbari Xorazmgayetib bordi. Shundan so‘nggina aholiga kompensatsiya pullari to‘lab berilishi boshlandi. Prezidentimizning tadbirkorlar mol-mulki daxlsizligi va uni buzish hamda ularga zararyetkazish qat’iy taqiqlanishi bo‘yicha bergan topshiriqlarini buzgani uchun Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Donaev, tuman prokurori Jamshid Xalilov, ushbu tuman hokimining o‘rinbosari Mansur Tuymaev egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar bong urmoqda: “Bugun Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani deyilsa dunyoning eng chekkasidagi odam ham biladi”.

Ha, shunday. Yakkabog‘da bugun haqiqiy bunyodkorlik ishlari ketmoqda. Lekin hozir gap bu haqda emas. Gap shundaki, tuman mutasaddilarining mulkdorlar haq-huquqini oyoq-osti qilgani juda xunuk, ayanchli voqeani keltirib chiqardi. Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymaev shuyerlik tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo‘lgan xatti-harakati, ya’ni buldozer ruliga o‘tirib, o‘zi buzmoqchi bo‘lganida, tadbirkor jahl ustida uni jazolagan. Albatta, ushbu xatti-harakatlar bo‘yicha tegishli tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilinmoqda. Ana shu masala yuzasidan Qashqadaryo viloyat hokimi Zafarjon Ro‘zievning OAVda quyidagicha munosabati e’lon qilindi:

— Bizdan ham xatolik o‘tdi. Avvalo, biz rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz. Xalq­dan uzilib, manman bo‘lib ketgan ekanmiz. Bugun zamon o‘zgardi. Muhtaram Prezidentimiz katta islohotlarni boshladilar, bugun xalqning ichiga kirib, har bir oilaning dardini tinglab, uning muammosini o‘zimning muammom deb ishlashimiz kerak. Afsuski, hamma rahbar ham buni hali to‘la anglabyetgani yo‘q. Yakkabog‘ tumani hokimining o‘rinbosari ham o‘zining vakolatiga kirmaydigan ishni qilgan. Bunaqa paytda xalqning oldiga kamida tuman hokimi kelib, bo‘ladigan ishlarni o‘zi tushuntirishi kerak edi. Ular anglata olmasa, viloyat hokimi, men kelishim kerak edi…

Juda to‘g‘ri. Yurtboshimiz mana uch yildirki, takror-takror aytmoqda: “Odamlarning dardini eshiting, ular ertaga, kelajakda emas, bugun yaxshi yashashlari kerak!” deb. Yana davlatimiz rahbari har bir kattayu kichik amaldordan talab qilayotgan narsa shu: Adolat, adolat va yana adolat!

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 27 iyul kuni mamlakat Bosh vaziri A.Aripov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ham ana shu masalalar jiddiy muhokama etilgan. Hukumat rahbari tomonidan qonunchilik talablariga asosan, kompensatsiya to‘lanmagan va oldindan ogohlantirilmagan turar va noturar joylarni buzishni qat’iyan to‘xtatish buyurilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bo‘lgan joylarda uy-joylarning buzilishiga e’tibor qaratildi. Bu masalani har bir adliya organi xodimi alohida ustuvor vazifa sifatida o‘ziga belgilab olishi zarurligi ta’kidlandi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning fikricha, dunyoda mulk daxlsizligini ta’minlamasdan iqtisodiy rivojlangan davlatning o‘zi yo‘q. “Odamlarning uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib, kompensatsiya to‘lamaslik, axir bu vahshiylik-ku. Bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmaydi, bu O‘zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi!”

Adliya vazirining internet tarmoqlarida e’lon qilingan ushbu fikr­lari nihoyatda o‘rinlidir.

Darhaqiqat, odamlar huquqlarini poymol qilish evaziga, ularning xususiy mulkiga yarasha belgilangan tovon pulini to‘lamasdan yoki to‘liq to‘lamasdan qonunni oyoq-osti qilib, qurilish, obodonlashtirish ishlari bahonasida xalqni qiynash qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Axir, ana shu amalga oshirilayotgan qurilishlar, obodonchiliklar aslida kim uchun, shu xalq uchun emasmi?! Shunday ekan, huquqiy jamiyat sari ildam odimlayotgan yurtimizda bunday pala-partishliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shub­hasiz, inson haq-huquqlarini himoya qiluvchi adliya, prokuratura organlari yuqoridagi holatlarga tomoshabin bo‘lib turishga haqqi bormi? Bunday qonunbuzilish holatlari bugun hammaning diqqat markazida bo‘lib turgan faqat Xorazm yoki Qashqadaryodagina sodir bo‘layaptimi?

Yashirishga hojat yo‘q, poytaxtimizdan tortib, respublikamizning boshqa joylarida ham bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani sir emas. Odamlar hokimlik vakillarini ham ular uchun qayg‘uradigan, zarur bo‘lganda tayanadigan insonlar sifatida ko‘rishi lozim. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Xalq toki “Qoch, hokim muovini kelayapti, uyni buzadi” deb emas, bizning ishongan tog‘imiz, rahbarimiz deb peshvoz chiqsin. Zero, Prezidentimiz bugun olib borayotgan insonparvar adolatli siyosatning mazmun-mohiyati ham shunda.

 

A. PARDAYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =