Yangilanayotgan Sirdaryo

Obod manzillar

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan Media-tur ishtirokchilari bilan Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldik. Ma’lumki, viloyat poytaxtdan u qadar olis emas. Atigi 80 km. Hamkasblarning qiziq hangomalari bilan manzilga yetib borganimizni ham sezmay qoldik.

 

Viloyatda amalga oshirilayotgan katta bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, o‘zgarish va yangilanishlar bilan tanishib, dastlabki tasavvurlarimiz o‘zgardi. Bizni Sirdaryo turizmining brendi sanalgan “Chehra” istirohatgohida viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniev va madaniy-ma’rifiy sohalar vakillari kutib oldi.

Qisqa davrdagi katta o‘zgarishlar

Dastlab, Sirdaryo tumanida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Ochig‘ini aytish kerak, bir paytlar “dotatsiya”da o‘tirgan ushbu tuman ke­yingi uch yil ichida sanoati rivojlangan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarini xorijiy davlatlarga keng ko‘lamda eksport qilayotgan ilg‘or tumanlardan biriga aylanibdi. Hududdagi “Sirdaryo farm,” “Baxt farm”, “Peng Sheng”, “Mega lyuks” kabi korxonalar asosiy mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilayotir. Chunonchi, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Sirdaryo universal oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tgan yili 50,1 million AQSh dollarilik loyiha amalga oshirilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu korxonada ayni vaqtda 100 turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. Korxonaga Yevropaning Germaniya, Turkiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, mahsulot tayyorlashda to‘liq mahalliy xomashyodan foydalanilayotgani idishlarning arzon va xaridorgirligini ta’min etayotir. Joriy yilda to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan korxonada yiliga 102 million dona shisha idishlar ishlab chiqarilib, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Bu esa kelgusida mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga chetdan keltiriladigan shisha flakonlar miqdorini keskin kamaytirish imkonini beradi.

Ushbu korxona yonida “Sirdaryo glas” MChJ tomonidan farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. 2020 yilda ishga tushiriladigan korxonada yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi ko‘zda tutilgan. “Sirdaryo shisha” korxonasida esa shisha idishlar uchun kvarts qumini qayta ishlash loyihasi o‘zlashtirilmoqda. Yaxlit olganda bu uch korxonaning bir-biriga uzviyligi “Sirdaryo universal oyna“ negizida sanoatlashgan klaster tashkil etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Media-tur qatnashchilari zamonaviy korxonalarda infuzion idishlar ishlab chiqarish jarayonini hayrat bilan kuzatib, ko‘zlari quvondi. Avvallari faqat paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan tumanda eng zamonaviy, Markaziy Osiyoda yagona klaster tizimidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgani eng chekka hududlarda industriyani rivojlantirish yo‘lida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.

“Peng Sheng” — O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasida keramik plitalar, santexnika mahsulotlari, terini qayta ishlash, poyabzal buyumlari tayyorlashning zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgani jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya a’zolari korxona ko‘rgazma savdo zalida bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar.

— Chekka tumanda qisqa davrda o‘ttizdan ortiq yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasining barpo etilgani katta voqelik, — deydi “Pravda Vostoka” gazetasining muxbiri Temur Niyazov. — Minglab odamlar doimiy yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlangan. “Do‘stlik” bog‘ida yaratilgan qulay shart-sharoit inson omili, uning yaxshi yashashi, turmush farovonligi birinchi darajali vazifaga aylanganini anglatadi.

“Peng Sheng”  — O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasida barpo etilgan zamonaviy issiqxonalar qishin-yozin dasturxonlarimizda sabzavot mahsulotlari serobligini ta’min etadi. Har kvadrat metr issiqxonadan 60 kilogramm­gacha pomidor va bodring hosili olinayotgani, kam mehnat sarflab, yuqori daromad olinayotgani katta manfaat keltiradigan issiqxonalarni yanada ko‘paytirishni taqozo etadi. Qo‘shma korxonada yaqin yillarda 20 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar qurish loyi­hasi amalga oshiriladi.

Tumanda suv resurslarini tejash, tomchilatib sug‘orish ishlarini paxtachilikka keng joriy etish borasida ham ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tomchilatib sug‘orish usuli g‘o‘za maydonlarida qo‘llanganida gektariga oddiy usuldagiga qaraganda 1200-1500 kubometr o‘rniga 500-600 kubometr suv sarflanadi. Texnika dalaga kirmagani sabab yoqilg‘i sarfi uch baravar kamayadi. Boz ustiga g‘o‘za 15-20 kun oldin pishib yetiladi. Hosildorlik ham oddiy usuldagiga qaraganda, 15-20 tsentner yuqori bo‘ladi.

“Peng Sheng” — O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasi qoshidagi “Sirdaryo koten klaster” korxonasida o‘tgan yili 50 gektar maydondagi paxtaning har gektaridan 45 tsent­nerdan hosil terib olingandi.

Media-tur qatnashchilari suv va mehnat sarfini kamaytiradigan, oz mablag‘ sarflab, yuqori hosil yetishtiradigan ushbu usulning har jihatdan afzalligiga ishonch hosil qildilar. Bunday zamonaviy texnologiyalarni keng yoyish, ulardan aholini xabardor etish, tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida ham faol qo‘llashda jurnalistning o‘rni, yangiliklarni tez ilg‘ay olish mas’uliyati yanada yuqori bo‘lishi lozimligini his etdilar.

Havas qilsa arziydi

Prezidentimiz joriy yilning 19 fevralida viloyatga tashrifi chog‘ida beshta yo‘nalishdagi “Sirdaryo tajribasi” tashabbusini olg‘a surgan edilar. Ana shu tashabbus doirasida yoshlarning bo‘sh vaqt­larini ko‘ngilli o‘tkazish, ularning har tomonlama sog‘lom va komil insonlar bo‘lib yetishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlarning bosh mezoni etib belgilandi. Shu ma’noda yoshlarni musiqa va san’at maktablari, madaniyat muassasalariga jalb etish, ularning ma’naviy dunyoqarashini rivojlantirish “Sirdaryo tajribasi”ning eng asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Ayni vaqtda madaniyat muassasalaridagi turli to‘garaklarga 7333 nafardan ziyod yoshlarning qatnashayotgani, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun shu yil oxirigacha 18 ta sun’iy qoplamali maydon, 7 ta yengil konstruktsiyali sport zalining tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgani sog‘lomlashtirish to‘garaklari a’zolari sonini yanada oshiradi.

Avvallari aholi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi uchun Sayxunobod tumanida qulay shart-sharoit yaratilmagan edi. Shu yil yangi yil arafasida “Sayxun planet” zamonaviy savdo majmuasi va Sayxun istirohat bog‘i shaharcha aholisi ixtiyoriga topshirildi. Xizmat ko‘rsatish markaziy shaharlardagidek yo‘lga qo‘yilgan “Sayxun planet” savdo majmuasida yoshlar bo‘sh vaqtlarida har xil o‘yinlar, kompyuter mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari uchun hamma sharoitlar bis­yor. Eng kamyob mahsulotlarni sotib olish uchun endi Toshkentga o‘xshagan katta shaharlarga borish, ovora bo‘lishga hojat yo‘q. Istirohat bog‘idagi turli ko‘ngilochar o‘yinlar bolajonlar dam olish vaqtlari har tomonlama mazmunli o‘tishiga xizmat qilayapti.

Mirzaobod tumanidagi “Raqamli texnologiya o‘quv markazi” viloyatdagi yosh, qaldirg‘och markazlardan. 20 ta kompyuter jamlanmasi qo‘yilgan markazda 9 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar kompyuter savodxonligini o‘rganish bilan birga internet tarmoqlari orqali dunyo voqealaridan xabardor bo‘ladilar, foydali axborotlardan samarali foydalanadilar. Kompyu­ter dasturlarini tuzish malakasini ham puxta egallab oladilar.

— Bu qulayliklar yoshlarning bo‘sh vaqtlari maroqli o‘tishini ta’minlash bilan birga, ularning intellektual salohiyati yuksalishi, ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishida ham muhim rol o‘ynaydi, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining raisi Sa’dulla Hakim. — Yurtboshimiz belgilab bergan beshta yo‘nalishning Sirdaryoda har jihatdan mukammal ijobatga aylanayotgani menda katta taassurot uyg‘otdi.

Viloyatdagi keng ko‘lamda davom ettirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturi doirasida ke­yingi ikki yilda bajarilgan ishlar har qanday kishining hayratini oshiradi. Viloyatning qisqa davrda ulkan industriyalashgan viloyatlardan biriga aylanayotgani Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan loyihalarning viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev rahbarligida katta mehnat, ijodiy tashabbuskorlik evaziga ro‘yobga chiqarilayotganini anglatadi. Birgina o‘tgan yili viloyatda 111,4 million dollarlik mahsulot xorijiy davlatlarga eksport qilindi. Joriy yilning olti oyida mahsulotlar eksporti 23,4 million dollarni tashkil etdi. 2019 yilda 66 ta sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish hisobiga 77,6 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Qabullar uyi viloyat hokimligi hududida qad rostlagan e’tiborga molik binolardan biri. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev media-tur ishtirokchilari bilan ushbu manzilda uchrashdi. Yuqori did bilan bezatilgan muhtasham inshoot diqqatimizni tortdi. Qizig‘i, media-tur ishtirokchilari — jurnalistlar bu yerning ilk mehmonlari bo‘lishdi.

Viloyat hokimi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda katta marralar belgilanganini e’tirof etar ekan, yaqin yillarda Sirdaryo tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketishiga ishonch bildirdi.

Xovos ibratli go‘shaga aylanmoqda

Yaqin ellik yil ichida birorta ham ko‘p vaqatli uy qurilmagan, odamlarning ma’lum qismi eski uy (barak)larda yashayotgan Xovos shaharchasi, umuman, Xovos tumaniga Prezidentimizning shu yil fevral va iyul oylaridagi tashrifidan keyin bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining katta bir to‘lqini kirib keldi. Yangi shaharcha tuman markazida ulkan qurilish, avvaldan mavjud bo‘lgan uylarning arxitekturaviy qiyofasini o‘zgartirish ishlari jadal olib borilmoqda. M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida barpo etilayotgan markazda 30 ta ko‘p qavatli uylarni qurish ishlari shiddat bilan davom ettirilayapti. Bu yerda qurilish ishlari tugagach jami 760 ta kvartira o‘z sohiblariga topshiriladi. Shuning 600 tasi arzon uylardir. Bundan tashqari, yangi markazda 60 ta bir qavatli uylar, mahalliy hokimiyat va bosh­qaruv organlari, Davlat xizmatlari agentligi, maktab va bog‘cha, istirohat bog‘i, kutubxona, kitob do‘koni, kinoteatr, dehqon bozori, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 2 ta tikuvchilik tsexi quriladi. Natijada Xovos eng zamonaviy, odamlar yayrab yashaydigan shaharchaga aylanadi. Bu yerda mingdan ortiq quruvchining kecha-yu kunduz ter to‘kayotgani qurilish ishlari sur’ati oshishi bilan birga yuzlab oilalarning turmushi farovonlashishini ham ta’min etdi. Chunonchi, qurilishda yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lgan xovosliklar yaxshigina ish haqi olib, oilasini obod, das­turxonini to‘kin ham etayotir.

Quyosh lovillab qizdirib turgan biyday dalada ko‘rkam shahar bo‘y ko‘rsatayotgani media-tur qatnashchilarining havasini oshirdi. Sirdaryoning har bir go‘shasidagi katta qurilishlar, yaratuvchanlik ishlari, odamlarning fidoyiligi ularni yangi mavzudagi, qishloq kishilari qahramonliklari e’tirof etilgan ocherklar, asarlar yozishga ilhomlantirdi.

Jurnalistlar Xovosobod qishlog‘ida bo‘lib, Xovosning qariyb 2,5 ming yillik tarixi, ushbu kent­da yashagan qadimgi ajdodlarimizning o‘tmishi, u yerda saqlanib qolgan tarixiy obidalar bilan ham tanishdilar. Qadimgi Xovos Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani bois, ko‘plab Osiyo mamlakatlari xalqlarining madaniy va ma’rifiy aloqalarida muhim strategik rol o‘ynagani e’tirof etildi.

Gulistonhaqiqiy bo‘ston

O‘tgan qisqa davrda Guliston shahrida katta obodonlashtirish, qurilish ishlari amalga oshirildi. Bugun ham shaharda bunyodkorlik ishlari davom ettirilayotir. Kechagina “Buyuk kelajak” massivi odamlar mol boqadigan, qarovsiz bir hudud edi. O‘tgan ikki yarim yil ichida bu yerda 32 ta besh qavatli zamonaviy turar-joylar qurilib, kichik shaharchaga aylantirildi. Ayni vaqtda bu yerda ilk bor 7 qavatli uylarni qurish ishlari boshlab yuborildi. Massivda 420 ta xonadon istiqomat qilayotir. Ularga barcha shart-sharoitlar yaratilgan, bolalar o‘yin maydonchalari qurilgan. Jurnalistlar bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan qiziqdilar. Urbanizatsiyalash ishlarining davom ettirilib, yangi me’moriy yechimdagi turar-joylar qad rostlayotganining shohidi bo‘ldilar.

Loyiha qiymati 33 milliard so‘m qilib belgilangan, Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurilayotgan 150 o‘rinli O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdieva nomli ona tili va adabiyoti ijod maktab-internati me’moriy jihatdan mamlakatimizdagi eng zamonaviy muassasalardan biriga aylanishi kutilmoqda. Joriy yilning o‘zidayoq eng iqtidorli, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘g‘il-qizlar shu maktabda o‘qiy boshlaydilar. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i Abdushokir Abdurahmonov ijod maktabining istiqboli haqida gapirar ekan, bu yerga Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlaridan ham iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinishini alohida qayd etdi. Shaharda shunday ilm maskanining barpo etilishi bu yoshlarga, kelajagimiz egalariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’tiborning yorqin bir nishonasidir.

“O‘qituvchi” brendi ostida ishga tushirilgan Guliston shahridagi markaziy kitob do‘koni ham besh tashabbus ijrosi doirasida yoshlar kitobxonligini oshirish, kitobga yoshlikdan mehr-muhabbat uyg‘otish viloyatda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini asoslaydi. Did bilan terib qo‘yilgan, yangi chop etilgan kitoblar hech bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Yana markaziy do‘kon “BOOK kafe”ga ham ega.

— Bu yerga kelganlar kafeda o‘tirib bir piyola choy yoki qahva ichishi barobarida kitob do‘konidan sotib olgan kitoblari haqida suhbatlashadi, bahslashadi, — deydi “Xabar.uz” muxbiri Gulnoza Tur­g‘unboeva. — Ushbu maskanni yoshlar uchun chinakam ma’rifat va ma’naviyat markazi desa bo‘ladi.

Darhaqiqat, inson ongu tafakkurida kitobning roli beqiyos. Zero, ma’naviyat yuksalsa, mamlakat ham yuksaladi. Ilm yangiliklarga, yangi g‘oyalarga, faollikka yo‘l ochadi.

Sirdaryo respublikamizdagi kenja viloyatlardan biri. Yangilanayotgan, ezgu maqsadlar sari odimlayotgan Sirdaryoni ko‘rib, amin bo‘ldikki, bu viloyat ham endilikda katta yo‘lda.

 Mashhura SULTONOVA,

Bozorboy BEKMURODOV.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + seven =