Shaffoflikni ta'minlashda jurnalist ishtiroki zarur
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta'minlash hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi bilan aholini tanishtirib borishda viloyatdagi boshqarmalar va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda yoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda.
Navbatdagi tadbir Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo'sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida o'tkazildi.
— Viloyatdagi mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha noturar inshootlar bo'yicha yalpi xatlov ishlari olib borilmoqda. Ayni paytga qadar jami 7 131 ta ob'yekt o'rganilib, 651 tasi bo'sh turganligi ma'lum bo'ldi. Bundan tashqari, viloyat hududida joylashgan ijtimoiy soha muassasalarining bo'sh turgan 27 ta bino va yer maydonlari, kelgusida samarali foydalanish maqsadida, tuman (shahar) hokimliklari balansiga o'tkazildi.
Shuningdek, 41 ta bo'sh turgan binolar 82 ta lotlarga bo'lingan holda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali ijaraga berish uchun savdoga chiqarildi, — dedi hududiy boshqarma boshlig'i Akmal Sharipov.
Anjumanda bo'sh turgan nodavlat sektorga tegishli ob'yektlardan samarali foydalanish va tezkor xo'jalik faoliyatiga jalb etish yuzasidan viloyatda 2020 yil davomida jami 835 ta xususiy mulk ob'yektlariga nisbatan 9,1 milliard so'm oshirilgan soliq stavkalari qo'llanilib, 596 million so'm undirilgani bayon qilindi. Buning natijasida 341 ta xo'jalik yurituvchi sub'yektlarning faoliyati tiklandi. 796 ta ob'yekt tadbirkorlarga maqsadli ijaraga berilib, 2 milliard 416 million so'm mablag' davlat byudjetiga tushirilganligi aytildi.
— Davlat mulki bo'lgan binolarni ijaraga berishda shahar hududlarida ishlab chiqarishga, tumanlarida esa servis xizmatlarini yo'lga qo'yishga e'tibor qaratilmoqda, — dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig'i Sherzod Jumayev. — Bu borada eng katta sa'y-harakatlarimizdan biri, Zarafshon shahrida amalga oshirilayotgan “Zarafshon oyna” MChJ tomonidan kvars qumidan oyna ishlab chiqarish loyihasi amaliyotga joriy etilgani sanaladi. Mas'uliyati cheklangan jamiyatda kelgusida sanoat va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi.
Qayd etish kerakki, iqtisodiyotga davlat aralashuvi borki, tannarx oshib borayapti va rivojlanish sekinlashayapti. Shu bois, viloyatimizdagi bir qator yirik korxonalarning nosohaviy ob'yektlari xususiylashtirilmoqda, — dedi Sh.Jumayev.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan juz'iy uzilishlar bo'lganligi bois amalga oshirilayotgan ushbu islohotlardan viloyat aholisi xabar topmayotgani ham tadbirda qayd etildi.
— Ma'lumki, mahalliy gazetalarning muassisi mahalliy hokimliklar sanaladi, — dedi viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig'i Dilshod Mamarajabov. — O'tgan yildan boshlab matbuot idoralarini xususiylashtirish jarayoni boshlanganidan xabaringiz bor. Albatta, gazeta va jurnallarni davlat tasarrufidan chiqarilishi bu jahon tajribasi va qolaversa, zamon talabi. Buni tushunsa bo'ladi.
Ammo oradan shuncha vaqt o'tsa hamki davlat korxonasi bo'lgan nashrlar taqdiri noaniq bo'lib turibdi. Mazkur holat o'z navbatida joriy yilgi obunalarga ham ta'sir qildi. Hatto ayrim tumanlarda gazeta chop etilmayapti.
Natijada viloyat, tumanlar miqyosida olib borilayotgan yangilanish jarayonlari targ'ib qilinmayotir. Aholi muhim islohotlardan bexabar, bu o'z navbatida ba'zi tushunmovchiliklarni, noroziliklarni keltirib chiqarayapti. Shunday ekan, ushbu masala ham o'z yechimini kutayapti.
Anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan bir qator takliflar o'rtaga tashlandi. Xususan, davlat mulki bo'lgan inshootlarni va korxonalarni xususiylashtirishda u yerda mehnat qilib kelgan odamlar fikrini o'rganish uchun ham jurnalistlar ishtirokini ta'minlash borasida kelishib olindi.
Ozod MUSTAFOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo'limi mutaxassisi