“Umid yog'dusi” mavjlandi

Jurnalist xalqi borki, arzimagan rag'batdan ham ko'ngli ko'tariladi, bir olam zavqu shavq oladi. O'zini o'tga, cho'g'ga urib, kuyib-pishib tayyorlagan maqolasi biror nashrda e'lon qilinsa, bu yangilikdan o'ziga sig'may quvonadi. Yozganini qayta va qayta o'qib, ilhomlanadi. Aytish joizki, sohaga endi qadam qo'yayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash bugun har qachongidan ham muhim vazifaga aylangan.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan “Yosh yuraklar sadosi” loyihasi doirasida nashr etilgan “Umid yog'dusi”   to'plamining taqdimoti bo'lib o'tdi. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari Xolmurod Salimov va ustoz jurnalist Halim Saidov yig'ilganlarni mazkur kitob bilan samimiy tabriklab, yurtimizda jurnalistlarga qaratilayotgan e'tibor haqidagi fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdi. Tadbir to'plamga ijod namunalari kiritilgan yoshlar bilan davra suhbatiga ulanib ketdi.

— Jasorat, jur'at va matonat. Bugungi yosh jurnalistlardan so'raladigani va kutiladigani faqat shu. Uyushmamiz ham yoshlarni qo'llab-quvvatlash va ularni har tomonlama rag'batlantirishga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Bu mo''jaz kitob esa, jurnalistika bo'sag'asida turgan qadrdon uka-singillarimizning kelgusi faoliyatlariga rag'bat debochasi bo'ladi, degan umiddamiz…

Bu hali boshlanishi. Kelgusida respublikamizning diqqatga sazovor joylarida yosh jurnalistlarning seminar-treninglarini tashkillashtirishni ham reja qilganmiz, — dedi Xolmurod Salimov.

Kitobda oltmish nafarga yaqin jurnalistlarning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, ro'y bergan tabiiy va texnogen ofatlarni bartaraf etish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar, yurtimizning turli hududlarida umrguzaronlik qilayotgan oddiy va fidoyi insonlar, birdamlik, saxovatpeshalik kabi xalqimizga xos bo'lgan qadriyatlar bilan bir qatorda, turli ijtimoiy masalalarga bag'ishlangan tanqidiy-tahliliy eng sara maqolalar ham o'rin olgan.

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 9 =