Maktabdadir milliy xayol

Maktab va maorif masalasi har qanday asrda dolzarbligini yo'qotmagan. Chunki har qanday mamlakat maktab va maorif sohasidagi islohotlari bilangina yangi pillapoyaga ko'tariladi. Aslida har bir o'qituvchining, har bir millat vakilining tafakkur va xayollari milliy bo'lsagina ertani sevinib kutishimiz uchun mazmun paydo bo'ladi.

2020 yil 6 noyabrdagi “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoniga binoan joriy yilning 1 aprel sanasidan maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi lavozimi joriy etildi. Unga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari bo'lgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta'lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar fanlar kafedralari professor va o'qituvchilari jalb etildi. Maktablardagi ushbu lavozim uchun 0,50 stavka ish haqi ajratilishi belgilangan.

Prezident Farmoniga asosan, 2020 yil 28 dekabrda xalq ta'limi vazirligi, oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qo'shma qarori tasdiqlandi.

Masalaning biz uchun muhim bo'lgan bir tomoni bor, bugun maktablarga tavsiya etilayotgan shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar o'quvchilar bilan qay darajada shug'ullana oladi? Ular ijodga, mutolaaga ajratilgan vaqtidan ortib maktab bolalari uchun o'qituvchichalik o'zini baxsh eta oladimi? Ijodkorning ishdan ortgan vaqtini maktabga sarflar ekanmiz, bu adabiyotdagi yo'qotishlarni, bo'shliqlarni yuzaga keltirmaydimi, degan savol o'tadi.

Biroq bugun millat bolalarini kitobga, kitobxonlikka yo'naltirish siyosat darajasiga ko'tarilgan ekan, biz yuqoridagi kabi xavotirlanishga asos yo'q.

Aksincha, biz boladagi tafakkur, tasavvur va idrok mud­roqligini turtib uyg'otishimiz shart. Bu uchun esa bizga mamlakatimizning ma'naviyat darg'alari bo'lgan, shoir, yozuvchi, jurnalist va olimlarning ko'magi juda zarur bo'ladi.

Shu bilan birga Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli ijodkor xalqi maktablarga safarbar qilindi.

O'tgan asrda yashab ijod etgan jadid bobolarimizni bir eslang, ular o'zlari yangi maktablar ochib, unda bolalarga ta'lim berishgan. O'zlari darsliklar va badiiy asarlar yozishgan. Zotan, bugungi kun maktablariga jalb qilingan shoiru yozuvchilar qadamlarida biz jadid bobolarimiz – Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Behbudiy, Fit­rat va Hamza Hakimzoda Niyoziylarning shijoatini ko'rmoq istaymiz. Aslida ayni paytda ijodkor va xalq orasidagi uzuqlarni ulash uchun ham bu muhim qadamdir. Ehtimol, yozuvchilarimizning shoh asarlari maktab­larda yozilib boshlanar.

Masalaning   ikkinchi tomoni esa har qanday davrda ham ba'zi shoir – yozuvchilarning mashhur Adabiyot to'garaklari ish yuritgan. Va bu to'garak­lar har doim o'z samarasini berib kelgan. Shu ma'noda ijodkor va o'quvchi o'rtasidagi yangi ko'prikning qurilishi   Uchinchi Renessansning mazmun-mo­hiyatiga aylanadi.

Bizning Shayxontohur tumanidagi maktablarimizda aprel oyidan shoir va yozuvchilar ish boshladi. Bunda ijodkorlarimizning asosiy vazifasi ijodiy qobiliyatga ega bo'lgan o'quvchilarni aniqlash va saralash, ijodiy ishlari bilan tanishib borish, iste'dodli o'quvchi yoshlarni Xalq ta'limi vazirligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o'quvchilar o'rtasida o'tkaziladigan turli ijodiy tanlovlarga jalb qilish, ularni   atoqli adiblar nomidagi ijod maktablari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, o'quvchilar o'rtasida turli adabiy, ijodiy tanlovlar, festival va boshqa tadbirlar tashkil etish, kitobxonlikni rivojlantirish va kitob muto­laasini targ'ib qilishdan iborat bo'ladi.

Shu asosda bizning 41-sonli umumta'lim maktabda allaqachon ish bosh­landi. Maktabimizda 1847 nafar o'quvchi tahsil oladi. O'qituvchilarimizning soni esa 100 ta. Bir yuzu birinchi bo'lib kelgan ijodkorning o'rni alohida bo'lishi shubhasiz. Mana oz fursatlar ichida maktabimiz o'quvchilari uchun “Adabiyot burchagi” tashkil qilindi, keyinchalik, bu maktabimiz hayotini o'zida aks ettiruvchi maktab gazetasiga aylansa, ajab emas. Shuningdek, havas­kor bolajonlarimiz o'z shoir ustozi bilan doimiy muloqotda bo'lishi uchun onlayn muloqotlar, telegram kanal orqali savol-javoblar yo'lga qo'yildi. Bu o'zining asosiy ish joyidan uzilib, doimo maktabda bo'la olmagan ijodkorni o'quvchilar bilan doimiy ish olib borishini ta'minlaydi. Qolaversa, maktabimiz tarixida ilm maskanimizdan juda ko'p mashhur kishilar yetishib chiqqan. Ushbu yangi qadam esa millat va jamiyat ravnaqiga astoydil hissa qo'shadigan yetuk shaxslarning kamolga yetishi uchun yana yangi bir poydevor bo'ldi.

Ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy o'zining “Maktab” nomli she'rida shunday yozadi:

Maktabdadur ilmu kamol,

Maktabdadur husnu jamol,

Maktabdadur milliy xayol,

G'ayrat qilib o'qing, o'g'lon!

Demak, navbat bolalarning g'ayrat qilib o'qishida qoldi. Ana shunda biz yakdil va yakqadam bo'lib mamlakat taraqqiysi uchun qilgan mehnatlarimizning natijasi ko'zga ko'rinadi.

Gulnoza Muzafarova,

Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi

41-maktab direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × three =