“Mehribon chayon”ni o'qiganmisiz?

Hayot shuddati shundayki, farzandlarimiz ulg'ayib, yaxshi-yomon, rost-yolg'onning farqiga borib qolishganini sezmay qolamiz, bunga e'tibor bermaymiz. Bola bo'lgandan keyin kattalarning oldida betga choparlik qilmasligi, ya'ni jim turishi kerak deymiz. Bola tarbiyasi xususida ulug' ajdodlarimizdan qolgan o'gitlarda ham “Sukut goho kalomdan ulug'”, degan hikmat bor.

 

Sukut me'yori

Bir qarashda, bu nasihatlar sharqona odobga juda mos. Ammo hamma narsada bo'lganidek, jim turishda ham me'yor bo'lishi zarur. Bolaga, bolacha bo'lsa-da, fikrini bildirish imkonini berish kerak.

Farzandimiz og'zini ochmay, faqat boshqalarni tinglab, kim nima desa xo'b deyishdan nariga o'tmay ulg'aysa, keyinchalik fikrini aniq ifodalashga qiynaladi, biror holatda hatto aybsiz ekanini isbotlab bera olmaydi, eng yomoni — befarq va labbaychi bo'lib qoladi. Labbaychilar urchigan jamiyat esa tanazzulga yuz tutadi.

Bolani fikrlashga, mulohaza yuritishga o'rgatish uni tinglashdan, gap-so'zlariga, nimani yoqtirishi-yu nimani yoqtirmasligiga, kitob o'qishiga e'tibor berishdan boshlanadi.

Shunday qilinsa, bola bunday munosabatni mukofotday qabul qiladi, ko'nglida o'ziga nisbatan ishonch kurtaklari paydo bo'ladi. Nutqi shakllanadi. Aksincha, uni bo'lar-bo'lmasga jerkiyverish, “gapga aralashma”, “og'zingni yum”, “nari tur”, “qachon odam bo'lasan o'zi”, “he falonchi”, deya izza qilish murg'ak qalbini jarohatlaydi, “Gapirmasligim kerak, nari turishim kerak, xo'b deyishim kerak, bunday qilmasam yaxshi odam bo'la olmayman”, degan tushunchalar ongiga naqshlanadi va keyinchalik shunday bo'ladi ham.

Nutq o'z-o'zidan ravon bo'lib qolmaydi. Cholg'uchi biror kuyni o'rganmoqchi bo'lsa, uni yuz bor, ming bor ijro qilibgina muddaosiga erishadi. Musavvir bir asar yaratguncha qancha zahmat chekadi. Hech kim birdaniga Suqrot yoki Abdulla Qahhor darajasiga ko'tarilmaydi. Nutq mahoratini egallash uchun yillar davomida mashq qilish kerak. Qadimgi yunon notig'i Demosfen o'zining hazin ovozini yaxshilashga jazm qilib, yerto'laga tushar ekan-da, to'la shiftiga o'tkir tig'li xanjarni osib qo'yib (boshini dimog'dorona baland ko'tarmaslik uchun) uzluksiz mashq qilar ekan. O'zimizning karnaychilar mashq qilsalar, bu asbobning hali qiyomiga yetmagan beo'xshov ovozi mahallani bezovta qilmasin deya karnayning og'zini ko'rpa ostiga olib puflashadi. Bu usul notiqlikka to'g'ri kelmaydi.

Ulug' iqror

Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asarini birinchi bor rus tilida, so'ng o'zbek tilida o'qiganman. Keyingi besh-olti yil undan jurnalistika fakultetidagi saboqlarimda muttasil foydalanib kelaman. Har bir saboq oldidan, kitobni yana bir bor varaqlab chiqaman, “Iqrornoma” xususida   insho yozdiraman. Bu asar men uchun favqulodda qadr­don bo'lib qolgan. Qaerdaki yaxshi kitoblar haqida gap boshlansa, muhim asarlar qatorida “Iqrornoma”ni tilga olaman, boshqalar ham bu noyob xazinadan bahramand bo'lishlarini xohlayman.

Ustoz Ozod Sharafiddinov “Iqrornoma”ning muhim fazilati xususida mulohaza yuritar ekan, shunday yozadi: “Tolstoy qaysi muammo haqida bahs yuritmasin, hamisha bu muammolarni o'z hayoti misolida tahlil qilgan va biror o'rinda ham samimiyatdan chekinish, maqtanchoqlikka, manmanlikka, o'zini pardozlab ko'rsatishga uringan emas. Mana, quyidagi parchaga e'tibor bering: “Men urushda odam o'ldirganman, o'ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, yolg'onchilik, o'g'irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zo'ravonlik, qotillik… Men qilmagan jinoyat qolgan emas…”. Bu parchani o'qigan o'zbek kitobxoni, albatta, yoqa ushlaydi: “Yo alhazar! Shu o'zimiz bilgan, soyasiga salom berib kelgan ulug' adibmi? Rosa bo'lgan ekan-ku! Voy, soqoling ko'ksingga to'kilgur-ey!”. Bunday deyishimizga sabab shuki, biz (“biz” deganda o'zim tengi avlodni nazarda tutayapman — O.Sh.) yuzaki fikrlashga o'rganganmiz, biz uchun faqat oq va qora ranglargina mavjud, har qanday odamni baholaganda ham yo uni maqtab, farishtaga aylantirib yuboramiz yoxud qoralab, qarg'ab, qora yerga kiritib tashlaymiz. O'rtaliqni tan olmaymiz, har qanday inson, birinchi navbatda, banda ekanini va banda sifatida adashish huquqiga ega ekanini unutib qo'yamiz. Tolstoy ulug' edi, lekin u ayni chog'da inson ham edi… o'zbek kitobxoni shu paytga qadar Tolstoyni faqat daho-san'atkor sifatida tanib keldi. Holbuki, u juda yirik mutafakkir ham edi va mutafakkir bo'lganda ham, hech narsaga shunchaki ishonib ketavermaydigan, hamma narsani qo'li bilan ushlab ko'rishga intiluvchi, har qanday haqiqatni o'z aql tarozusida tahlildan o'tkazgandan keyingina qabul qiluvchi shakkok mutafakkir edi”.

“Iqrornoma” to'la ma'noda falsafiy publitsistik asar. Uning har jumlasi fikr-mushohada, fikr-inkor, fikr-tasdiq, fikr-da'vatdan iborat. Adibning iqrornomasi dastlab uning shaxsiy hayoti manzaralari, umri bayoniga o'xshab ketadi. Ammo bir-ikki sahifadan keyinoq, yozuvchining hayot, turmush, tiriklik, diniy e'tiqod, borliq haqida o'ziga o'zi berayotgan savollarini o'quvchi ham beixtiyor qaytara boshlaydi. O'quvchi ham, adib singari, o'tgan umrini, o'y-qarashlarini, hayotdan olgan saboq-xulosalarini, yutuq-kamchiliklarini, qisqasi, o'z umrini qanday o'tkazayotganini taftish qilishga tushadi. “G'alati manzara,– deb yozadi ulug' adib,– odamlar diniy e'tiqodlarga sig'inib, ularga zid tarzda hayot kechirganlarini ko'rganimda shu e'tiqodlardan bezib ketgandim. Ammo odamlar xuddi shu e'tiqodlarning o'ziga amal qilib yashaganlarini ko'rganimda ular menga g'oyatda jozibador va oqilona ko'rindi. Shunda men nega bir vaqtlar bu e'tiqodlardan bezganimni, nega ularni ma'nosiz deb hisoblaganimni, endilikda esa nima sababdan ularni qabul qilganimni… tushundim. Men adashganimni va qanday qilib adashganimni anglab yetdim. Men noto'g'ri fikr yuritganim uchun adashgan emas ekanman, balki gunohkorona hayot kechirganim uchun adashgan ekanman. Men anglab yetganim – haqiqat yuzini mendan yashirgan narsa fikrlarimdagi xatolik bo'lmagan ekan, balki favqulodda ishratbozlik, maishatparastlik sharoitida, baloi nafsni qondirish yo'lida o'tkazgan hayotim bo'lgan ekan”.

“Iqrornoma”dan anglashiladigan buyuk xulosa shuki, noto'g'ri fikrlash — ayb emas, haqiqat izlayotgan inson adashib, yanglishib, o'zining bu holatlarini idrok etibgina ko'zlagan maqsadiga erishadi. Bungacha u, adib uqdirganiday, hayotning noma'lum sohillari tomon qayiqda, shiddatli oqim bilan yolg'iz qoldirilgan holda, tajribasiz qo'llari bilan eshkak eshadi, oqim uni manzildan boshqa tomonga ayovsiz ravishda sudraydi, yo'l-yo'lakay o'zi kabi oqim ixtiyoriga tushib qolgan, qo'llaridan eshkaklari tushib ketgan yo'lovchilarni   uchratadi, va yana, u olislab suzib borar ekan, oqimni mensimaydigan haybatli kemalarga, shov­valarga urilib, dabdalasi chiqqan qayiqlarga duch keladi. Bunday holatga tushgan adib, nihoyat, xulosa qiladi: “Sohil – Xudo edi, yo'nalish – rivoyat edi, eshkak­lar – menga berilgan erk edi. Men ularning yordamida sohilga – Xudoning jamoliga erishmoqqa suzmog'im kerak edi”.

G'o'rlanish

Xorijga borib kelgan hamkasblarimizdan biri safar taassurotlarini so'zlar ekan, “Bir jomadon kitob olib keldim, har bittasi tillaga teng”, degan edi, davradosh­lar “Kitob o'zimizda ham ko'p-ku”, deya hayron bo'lishdi, yosh olim esa “Shuncha tilla bir kishiga ko'plik qiladi, biz ham o'qiylik”, dedi. Shu gap bahona suhbatimiz kitob mavzusiga ko'chdi.

Kitob haqida o'ylaganingda, fikrlar o'z-o'zidan quyulib kelaveradi. Yozuvchi va noshir Erkin Malikov kitobni uy ichiga kirayotgan oftob nuriga qiyoslaydi. Alqissa, kitob bor ekan, inson komillikdan uzoqlashmaydi. Yuragi kitob ishqi bilan band boladan aslo yomonlik chiqmaydi. Ruhshunoslar yoshligida ko'p kitob o'qigan bola qushlarga ozor bermasligi, uyasini buzmasligi, bolalarini chirqiratmasligi, gullarni payhon qilmasligini ta'kidlaydilar.

Xitoy viloyatlaridan birida amaldorlar har yili kamida beshta kitobni o'qib chiqishlari, boshqalarga so'zlab berishlari shart. Braziliya qamoqxonalarida esa bitta kitob o'qigan mahbusning jazo muddati besh kunga kamayar ekan.

Bizda ham shunga yaqin tajriba boshlanganga o'xshaydi.Endilikda qaerda so'rov o'tkazilmasin, amaldor, tijoratchi, soliqchi, bojxonachi, huquq-tartibot sohasi xodimi – aksariyat ulus o'qigan kitoblari ro'yxatiga “O'tkan kunlar”ni kiritadi. “Bu kitobni o'qimaganman” deyish kar­yera yo'liga to'siq bo'lishi mumkin. Yaxshigina lavozimga o'tish uchun suhbatga kelgan nomzod: “O'zbek yozuvchilaridan kimlarni bilasiz, qaysi asarlarini o'qigansiz”, degan savolga: “Abdulla Qodiriyning “Mehribon chayon” kitobini o'qiganman”, deb javob bergan ekan.

Yozuvchi G'afur Po'latovning “Pushtunlar xazinasi” romanining ikkinchi kitobi “Navro'z” nashriyotida chop etilibdi. Tahrir hay'atida o'zimning   nomimni ko'rib hayron bo'ldim. Odatda, tahrir hay'ati gazeta-jurnallarda bo'lardi. Bu ham mayli, ammo “Jahon adabiyoti” gazetasi muharriri”, deb yozilganiga nima deysiz? Men-ku, nima deyishimni bilaman, do'stimiz Shuhrat Rizayev o'zining san'atshunos emas, “sanoatshunos” ekanligini o'qib, rosa kulsa kerak?! Fahmning sho'rlagani, savodning g'o'rlagani shu bo'ladi.

G'o'rlangan savod, olg'a!

Falsafa

Raqamlarning sehri haqida juda ko'p yozilgan. Bir vaqtlar men ham bilyard sharlarining nomerlariga bitiklar yozganman. O'shanda xayolimni raqamsiz, beliga ikki tomondan qora chiziq tortib qo'yilgan shar tortgan edi. O'yin qoidasiga ko'ra, bilyard o'ynovchi boshqa sharlarni shu “belbog'li” shar bilan uradi. O'yinning boshidan oxirigacha bechora sharning boshida kaltak sinadi. “Belida belbog'i bor-da, kaltak yeydi, belbog'sizlar bo'lsa bir chetda to'rga qachon tushishlarini kutib turishaveradi”, deb yozgandim.

Keyinroq ulug' bobomiz Muhammad Xorazmiy ixtiro qilgan “nol” haqida yozmoqchi bo'ldim. Bunga “1” raqami sabab bo'ldi. Qiziq holat: 1ni 1ga qo'shsa 2 bo'ladi, bir-biriga qo'shilmay, shunchaki yonma-yon turib qolishsa 11 ga aylanadi.

Nolchi? O'zicha hech qanday kuchga ega emas, bir o'zi hech nimani hal qilmaydi. Nolmisan nol. Ammo payt poylab turib, 1ning yoniga turib olsa 10 ga, 5 ga yaqinlashsa 50 ga, 9 ning atrofida girdikapalak bo'lsa, 90 ga aylanadi.

Ba'zi odamlarni nolga o'xshatsa bo'ladi. Qo'llaridan durustroq bir ish kelmaydi. Biror gap so'rasangiz, “Falonchining aytishicha…”, deb gap boshlaydi. Ammo kutilmaganda kimgadir yaqinlashadi, kimningdir pinjiga kiradi va… katta kuchga aylanadi.

Bunday odamlar, Balzak bobo aytganiday, faqat pildirab, g'ildirab kun ko'radi. Shoir Husniddin Sharipov bu holatni “Baliq falsafasi” she'rida bag'oyat chiroyli tasvirlagan:

Dumingni likillatasan – olg'a ketasan,

Dumingni likillatasan – olg'a ketasan…

Amal

O'quvchilik yillarim dadam bilan bir xonali uy qurganmiz. Tomi yopilgach, uyning ichini suvoq qilish uchun dadam Abdunazar qorini aytib keldilar. Buxorodagi katta madrasada ta'lim olgan bu donishmand kishi o'sha yillari bir sabab bilan qishlog'imizga kelib, shu yerda muqim yashab qolgan, Qur'on tilovatida peshqadam bo'lsalar-da, buni oshkor qilmay, kim ish aytsa, yo'q demasdilar. Birov bir gapni buzib butunlay teskarisini aytsa ham “E, shunaqa ekanmi, bay-bay, qarang-a, biz ahmoqlar madrasada ulamolar boshqacha tushuntirishsa, ishonib yuravergan ekanmiz-da”, derdilar-qo'yardilar. “Buva, noto'g'ri gapiryapti-ku”, desangiz, “Ha, adashyapti, ammo izza harom, to'g'risini eshitaversa, o'zi to'g'rilab oladi”, derdilar.

Loy yetilgach, men uni iylab, hovuchimda Qori buvaga uzataman, u kishi suv sepilgan devorga chaplaydilar. Yoshlik qilib bir nimalarni so'rayman, tushuntirib beradilar. Bir payt hovlimizga tog'da yashaydigan cho'ponlardan biri kirib keldi. O'sha kunlari O'nhayatda yashaydigan qarindoshimiz Adashvoy tog'a olamdan o'tgan edilar, cho'pon Qori buvani tanimay, marhumning ruhiga o'zi bilganicha tilovat qildi-da, nonga og'iz tekkizib, o'rnidan turdi.

Cho'pon ketgach, men buvaga cho'ponning tilovatida xatolari borligini aytgandim, u kishi “Mayli-mayli, shuncha joydan niyat qilib kelibdi, xatoni tuzatsa bo'ladi, niyatda gap ko'p, qani, loydan uzating”, dedilar. Bu gapning ma'nosini anglash uchun ko'p kitob varaqladim. Hazrat Navoiy “Amallarning boshi – niyatning xolisligida. Niyat xolis, ko'ngil toza bo'lmas ekan, faqihlik kabi sharafli kasb ham nomai a'molning gunohlardan xoli bo'lishiga kafolat berolmaydi”, degan ekanlar.

Ahmadjon Meliboyev

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 4 =