Yuraklarda do'stlik ko'prigi

“Sayxun” yoshlar festivali doirasida “Do'stlik” forumi ishtirokchilari – qozog'istonlik bir guruh yoshlar Guliston shahrida bo'lishdi. Ularni shahardagi “Bilimdonlar maskani”da sirdaryolik tengdoshlari tantanali kutib oldilar.

Forum ishtirokchilari dastlab, g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yishdi. Viloyat musiqali drama teatri foyesida o'zbek-qozoq xalqlari tarixi va qadriyatlariga bag'ishlangan taqdimot namoyish etildi.

Qozog'iston Respublikasi Turkis­ton viloyati yoshlar resurslari markazi rahbari Yerassyl Tolebayev bosh­chiligidagi yoshlar delegatsiyasi “Do'stlik ko'prigi!” shiori ostida tashkillashtirilgan konsert dasturini tomosha qildilar. Tadbirda yangragan ikki xalq qardoshligini tarannum etuvchi kuy-qo'shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

So'ngra qozog'istonlik mehmonlar “Qabullar uyi”da viloyat hokimi, senator G'ofurjon Mirzayev bilan uchrashdilar.

Uchrashuvda viloyat hokimi azal-­azaldan qardosh hisoblangan o'zbek va qozoq xalqlarining har jihatdan bir-biriga yaqinligi, birodarligini ta'kidladi.

—O'zbek va qozoq do'stligi azaliy va abadiydir. O'zbek hamisha qozoq birodarini “jigarim”, deb ardoqlaydi, qozoq o'zbekni “o'z og'am”, deya e'zoz­laydi, – dedi G'ofurjon Mirzayev. – Sizlarning mashhur oqiningiz Abay qozoq xalqini dunyoga tanitdi, qozoq xalqi esa Abayni olamga mashhur qildi. Shuni alohida ta'kid­lab o'tish kerakki, Abayning o'zbek xalqiga mehr-muhabbati katta bo'lgan. U “O'zbekdan do'sting bo'lsa och qolmaysan, qozoqdan do'sting bo'lsa yo'lda adashmaysan”, deya o'zbek xalqiga yuksak baho bergan.

Viloyat hokimi uchrashuv davomida qozog'istonlik mehmonlarga Sirdaryo zaminida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari haqida so'zlar ekan, yurtimizni yanada rivojlantirish yo'lida qo'shni davlatlar bilan barcha sohalarda aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasining Prezidenti Qasim-Jomard Tokayevlarning ikki qardosh xalqlarimizning abadiy birodarligi va manfaatlari yo'lidagi sa'y-harakatlari natijasida O'zbekiston va Qozog'iston davlatlari o'rtasidagi o'zaro do'stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko'tarilganligini mamnuniyat bilan ta'kidladi.

Shundan so'ng iste'dodli yosh ijodkorlar ikki millat xalqi ijodidan mushoira uyushtirib, baxshichilikda do'stona bellashdilar.

— Forumdan katta taassurotga ega bo'ldik, – dedi Yerassyl Tolebayev. – Do'stligimizni yanada mustahkamlab, ellarimiz o'zaro do'stlik va hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda biz, qozog'istonlik yoshlar ham o'zimizning munosib hissamizni qo'shamiz. Sizlar boshlab bergan “Do'stlik” forumi xalqlarimiz o'rtasida haqiqiy “Do'stlik ko'prigi” bo'lib xizmat qiladi. Endi sirdaryolik yoshlarni Turkistonda kutib qolamiz.

Uchrashuv yakunida Sirdaryo viloyat hokimi G'ofurjon Mirzayev qozog'is­tonlik mehmonlarga “Do'stlik” forumi statuetkasi va esdalik sovg'alarini topshirdi.

G'ulom PRIMOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =