Muammo elni qiynamasin, deb…
Ayonki, qariyb olti yildan buyon joylardagi Xalq qabulxonalari “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni qaror toptirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o'rganib hal qilinishi ustidan nazorat qilib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2019 yil 17 yanvardagi 5633-sonli Farmoni va “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 2019 yil 8 yanvar kunidagi 4102-sonli qarori bilan tuman (shahar) Xalq qabulxonalarining ishlari yanada takomillashtirilib, yangi vazifalar va vakolatlar berildi.
Sho'rchi tumani bo'yicha Virtual va Xalq qabulxonalariga 2020 yilda 15883 ta murojaat tushgan: bolalar nafaqasi tayinlash, maishiy gaz ballonlari olish, aliment undirish, ish bilan ta'minlash, elektr ta'minotidagi uzilishlar, uy-joy bilan ta'minlash, ichki yo'llarni ta'mirlash, ichimlik suv ta'minoti, elektr tarmoq uskunalari (sim, ustun, transformator)dagi muammolar, tadbirkorlik uchun kredit, yer maydoni ajratish (yoshlar mustasno), moddiy yordam, firibgarlik va boshqa talon-torojliklardan jabrlanish, elektr energiyasidan asossiz qarzdorlik, ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlarni undirish, tadbirkorlik sub'yektlaridan yer maydoni olib qo'yilganligi, uy-joyni ta'mirlashga yordam: ko'rinadiki, bu masalalar xalq ehtiyojidan kelib chiqqan va odilona yondashishni taqozo etadi.
Sho'rchi tumanidagi Xalq qabulxonasiga tushgan murojaatlar tahliliga ko'ra, 2021 yilning 12 oyida 2020 yilga nisbatan murojaatlar soni 371 taga kamaygan. Ularning 98,6 foizi qanoatlantirilgan, ulardan 37,2 foiziga huquqiy maslahat hamda 0,9 foiziga tushuntirish berilgan.
Sohalar tahlili shuni ko'rsatdiki, o'tgan 2021 yil davomida aliment undirish, sog'liqni saqlash, pensiya to'lovi, bolalar nafaqasi tayinlash, maktab ta'limi bilan bog'liq muammolar, turar-joy haqida, tomorqa uchun yer maydoni hamda tadbirkorlik uchun yer ajratish, ish bilan ta'minlash, ish haqi undirish, moddiy yordam berish yuzasidan murojaatlar kamaygan.
O'tgan yil mahallalar kesimida murakkab murojaatlarning 114 tasi Xalq qabulxonasi tomonidan hal etilgan. Masalan, tumanning “G'armaqo'rg'on” mahallasida yashovchi Jumanazar Hamroyev va boshqalar (51 nafar) tomorqa yer maydonlarini suvli yer toifasidan sho'rlangan yer toifasiga o'tkazishni talab qilishgan edi. Ushbu murojaatni tuman Xalq qabulxonasi o'z ish yurituviga olib o'rganib chiqdi. “Agrokimyo” stansiyasi Surxondaryo filialiga xat orqali murojaat qilinib, mutaxassis chaqirildi. Mutaxassis uyma-uy yurib fuqarolarning tomorqa yer maydonlari haqiqatdan ham sho'rlanib ketganligini aniqladi va ularning tomorqalarini suvli yer maydonidan sho'rlangan yer maydoniga o'tkazish haqidagi asosli xulosalar tuman kadastr agentligi va davlat soliq inspeksiyasiga bildirildi. Muammo ijobiy hal qilindi. Ellik nafar fuqaroning soliq yuki yengillashdi.
“Shaldiroq” mahalla fuqarolar yig'ini raisi o'tgan yil bahor faslidagi kuchli dovul sababli mahalladagi 2 ta tayanch ustun sinib ag'anashi oqibatida ellikdan ortiq xonadon elektr ta'minotidan uzilib qolganligi haqida Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edi. Muammo ikki kun ichida bartaraf qilindi. “Kakan” mahallasida yashovchi Sapar Shoniyozov va boshqalarning mahalladagi transformator punkti kuyib yaroqsiz bo'lib qolganligi haqidagi talab ham qondirildi—transformator qisqa muddatda ta'mirlandi. “Guliston” mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi, boquvchisini yo'qotgan Gulchehra O'rinovaning oilaviy sharoiti yaxshilandi, Zarina Xolmo'minova va Mushtariy Odinayevalarning farzandlarini 7-sonli MTTga joylashtirishlarida amaliy yordam ko'rsatildi. Shu mahallada yashovchi 2-guruh nogironi, mehnat faxriysi Jo'rabobo Xolboyevning uyi atrofidagi devorlar va yordamchi binolar ta'mirlandi.
“Guliston” mahallasida ichimlik suv ta'minotini yaxshilash uchun 19,1 km. uzunlikda polietilen shlanglar tortildi. Yangidan 2 ta artezian quduqlari qazilib, 4 ta yangi suv minoralari o'rnatilib, suv ta'minoti yaxshilandi. Mahalladagi jami 25,6 km. ichki yo'llarning 14,8 km. yo'l qum-shag'al aralashmasi bilan ta'mirlanib, 10,8 km. ichki yo'llarga asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, 7-maktabgacha ta'lim tashkilotining eski binosi buzilib, o'rnida 90 o'rinli zamonaviy MTT binosi qad rostladi. Mahalladagi 715 o'rinli 14-umumta'lim maktabida 4 mlrd. 230 mln. so'mlik rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ikki qavatli mahalla idorasi binosi qurildi. Mahallada o'ta yuklama bilan ishlayotgan 182-TPdagi 160 kVA quvvatli transformator 250 kVA transformatoriga almashtirildi. Jami 84 ta yangi tayanch ustunlar o'rnatilib, 1,1 km. SIP kabellar tortildi. M-41 avtomagistral xalqaro yo'l chetiga 77 dona kechki yoritish chiroqlari o'rnatilib, ko'p qavatli turar-joy binosi ta'mirlandi. Og'ir hudud toifasidagi mahallalardan “G'armaqo'rg'on” mahallasiga yangi 400 kVA quvvatli transformator, “Qo'shtegirmon” mahallasiga 30 dona temir beton—tayanch ustun va yuqori quvvatli transformator o'rnatilib, 400 metr zamonaviy SIP kabellari tortildi, “Qoraariq” MFYda 750 metr yaroqsiz simlar yangisiga almashtirildi.
“Oliyhimmat” mahallasida esa 330 o'rinli zamonaviy maktab yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. “Elbayon” mahallasidagi 89-qishloq oilaviy poliklinikasini ta'mirlash, “Sovjironbobo” mahallasidagi 50 o'rinli 25-MTT binosini rekonstruksiya qilish, “Konobod” mahallasidagi 75 o'rinli 16-MTT binosi qurilishi mablag' ajratilmaganligi tufayli to'xtab qolgan edi. Xalq qabulxonasi tomonidan viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK MChJga taklif xati yuborilishi natijasida hozirda “Konobod” mahallasida 16-MTT binosi qurilishi olib borilmoqda. Tumandagi “Sho'rchisuvta'minoti”, “Sho'rchigazta'minoti”, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash tuman bo'limi, tuman bandlikka ko'maklashish markazi, tuman elektr tarmoqlari korxonasida Xalq qabulxonasi talabi bilan tekshiruv olib borildi. Qonun buzilishi holatlari yuzasidan ularga taqdimnoma va taklif xatlari kiritildi, muammolar va ularni hal etish jarayonlari xususida matbuotda maqolalar chop etildi.
Yuqoridagilar faoliyatimizdan ayrim misollar, albatta. Xalq qabulxonasiga bo'layotgan har bir murojaat e'tiborda bo'lib, ommaviy qabullar o'tkazilib, murojaatlarni vaqtida ijobiy hal qilish choralari ko'riladi.
Rayimberdi XO'JAQULOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
Sho'rchi tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri