Pokiston bosh vaziri O'zbekistonga keldi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif 25 fevral kuni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi.
Ikki mamlakat xalqlarini mustahkam tarixiy aloqalar bog'lab tursa, bugungi rivojlangan davrdagi hamkorlik izchilligi barqaror va ishonchli bo'ladi. O'zbekiston va Pokistonni ana shunday rishtalar bir-biriga esh qiladi.
Bu rishtalar esa Buyuk ipak yo'lining umumiy madaniy an'analari kabi tarixiy manbalardan quvvat oladi.
Pokiston – Vatanimiz mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan mamlakatlardan biri. Ikki davlatning mushtarak manfaatlarga asoslangan hamkorligi yildan-yilga rivojlanib bormoqda.
Toshkent shahri xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko'tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.
So'ng Pokiston delegatsiyasi “Yangi O'zbekiston” bog'iga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gul qo'ydi.
Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Pokiston delegatsiyasi vakillariga bu yerda aks ettirilgan siymolar va tarixiy voqealar mazmuni haqida batafsil ma'lumot berildi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 26 fevral kuni bo'lib o'tadi.
Bo'lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O'zbekiston – Pokiston strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o'rin olgan.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Sammit yakunida Qo'shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
O'zA