Ona degan nom…

Abdulla ORIPOV,
O'zbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri
Deydilar, qahrli bahodirlar ham
Janglarda jon berar chog'i mardona,
Behad azoblarga chidab so'nggi dam,
Bitta so'z dermishlar shivirlab: Ona.
Ulug' bir donishmand olamni sharhlab,
Axiyri tanibdi tuqqan elini.
Zabon baxsh etganga ehtirom saqlab,
Ona, deb atabdi ilk bor tilini.
Dunyo shoirlari Vatan sha'niga
Sifat axtarmishlar qator va qator.
Nihoyat, kelmishlar bitta ma'niga:
Ona Vatan deya bitmishlar ash'or.
Bisyor bo'lsa agar bol ham beqadr,
Takror aytilganda rangsizdir kalom.
Bu yorug' olamda Vatan bittadir,
Bittadir dunyoda Ona degan nom!