Gazetalarimiz nomlari: “Haqiqatlar”dan “O'zbekko'mir”gacha…

Ko'p yillar davomida ishim yuzasidan (sobiq Matbuot va axborot agentligida, hozirgi AOKA) respublikamizning markaziy, viloyatlar, tuman gazeta va jurnallarini varaqlab, ularda e'lon qilingan maqolalarning tahlili bilan shug'ullanardim. Rosti, bolalikdan gazetani sevganim uchun menga bu ish juda qiziqarli, ta'bimga mos mashg'ulot, yumush edi. Ammo gazetalarning (jurnallar emas) bir-biriga monand nomlari biroz meni bezdirardi. Chunki aksar gazetalarning nomi bir xil, qolaversa, eski totalitar zamonning kommunistik mafkurasi ifodasi, ta'siri edi. Afsuski, hamma zamonga qarab, sobiq Ittifoqning boshqa mintaqa, respublikalariga o'xshash, ma'nodosh nomlarni ommaviy axborot vositalariga qo'yish odat hukmiga aylangan edi.
Qani endi o'sha davr ziyolilari ham partiya qo'mondonlariga hadeb quloq solmasdan, qolipdagi (trafaret) nomlardan voz kechib, chiroyli nomlar qo'yishganda edi, unda loaqal tilimizning go'zalligi nashrlarimiz nomlarida ham namoyon bo'lardi. Bu borada jadidlarimizning shijoatlari namunai ibrat bo'la oladi. Jadidlar harakatining yetakchilari XX asr boshlarida mustamlakachilik siyosatining eng qonli davrida ilk milliy gazetalarga o'zlarining maqsad, maslak va muddaolaridan kelib chiqqan holda e'tibor qiling, qanday go'zal nomlar qo'yishgan: “Taraqqiy”, “Hurriyat”, “Xurshid”, “Oyina”, “Tirik so'z”, “Najot”, “Tujjor”, “Turon”, “Ulug' Turkiston”, “Sadoi Turkiston” va hokazo. “Najot” gazetasining shioriga e'tibor bering: “Musovot, hurriyat, adolat”.
Taassufki, Sho'ro zamonida biz hatto nashrlarimizga nom qo'yish borasida ham mustaqil emas edik. Leninning “Pravda” gazetasiga taqlid qilib, barcha gazetalarimizga “Haqiqatlar” yorlig'ini yopishtirib qo'ydik. Natijada bir o'lkada, bir Vatanda qo'ziqorin kabi o'nlab, hatto yuzga yaqin “haqiqatlar” paydo bo'ldi va ularning aksariyati bugungi kunda ham yashab kelmoqda. Hattoki Afg'oniston davlatida o'tgan asrning 80-yillarida hukmron Xalq demokratik partiyasining nashri moskvalik maslahatchilar tavsiyasi bilan “Haqiqat-e inqilobi Savr” (“Savr inqilobi haqiqati”) deb nomlangan edi. Mazkur partiyaning jurnali esa, xuddi bizdagi Kompartiya nashri “Partiya turmushi”ga o'xshab “Zindagiye hizb” nomi bilan chiqar edi.
2018 yil holatidagi gazeta va jurnallarimiz ro'yxatiga e'tibor bersak, viloyat va tumanlar miqyosida o'nlab “haqiqatlar”ni o'qidik. “Namangan haqiqati”, “Rishton haqiqati”, “Chust haqiqati”, “Qo'rg'ontepa haqiqati”… Aynan shu tamoyilda “sadolar”-u “ovozlar” qo'shimchasi bilan respublika, viloyat va tumanlarda talaygina nashrlar faoliyat yuritmoqda. Birinchi “sadolar” (“Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg'ona”) paydo bo'lishini tushunish mumkin. Chunki u davrlarda sado (ovoz) beradigan radioning o'zi yo'q edi. Shu boisdan jadid bobolarimiz “xalqning nidosi, sadosi (ovozi) o'lka uzra yangrasin”, deb gazetalarga “sado” qo'shimchasi bilan nom qo'yishgan. Zamonlar o'zgardi, ammo “haqiqatlar”-u “ovozlar” o'zgarmadi. Albatta, hamkasblarimdan uzr so'rayman. Ular iddao qilishlari mumkin: bu nomlarning nimasi yomon? Muhimi, materiallardagi mazmun-mohiyat-ku? Lekin bitta narsaga hayronman. Nima, haqiqat bir tuman miqyosida boshqa-yu, viloyat markazlarida boshqami? Xayriyat, mamlakatimiz mustaqil bo'lgach, Lenin va uning ta'limoti — “leninizm”, “kommunizm yo'li”, “Lenin bayrog'i” uchun joy qolmadi. Aks holda, “Lenin yo'li”, “Kommunizm yo'li” kabi nomlar partokratlar tomonidan mahkam saqlanishi aniq edi.
Paxta yakkahukmronligi xalqimiz boshiga ne balolarni keltirgani haliyam yodimizda. Maskovdagi katta og'aning “oq oltinni oltin qo'llar yaratadi” degan maqtov so'zlariga rosa aldanganimiz ham rost. Bugungi global ekologik fojialar ham aynan o'sha siyosatning merosi, og'ir oqibatidir. Qarangki, shu siyosatning asorati tumanlar toponimikasi va tuman gazetalarining nomlanishiga ham ta'sirini ko'rsatgan. Masalan, Samarqand viloyati Paxtachi tumanining “Paxtachi” gazetasi, yoki Jizzax viloyati Paxtakor tuman hokimligi nashri hisoblanmish “Paxtakor hayoti” gazetasi bunga misol bo'la oladi.
1989 yil Marhamat tumaniga ijodiy safarga borgan edim. Tuman tabiati ajoyib, havosi musaffo, ayniqsa, tongi farahbaxsh. Tuman yutuqlari va muammolari haqida maqola yozib, shu asnoda mahalliy nashr — “Oq oltin” gazetasining nomini “Marhamat tongi”ga almashtirish taklifini aytib o'tgandim. Lekin, afsuski, bu taklif o'tmadi va gazeta (agar chiqayotgan bo'lsa) nomini o'zgartirgani yo'q.
To'g'ri, istiqlol yillarida ko'p mahalliy nashrlarda “haqiqat” o'rnini “tong”-u “sado”lar bosdi. Masalan, “Beshariq tongi”, “Toshloq tongi”, “Xiva tongi”, “Qorovulbozor tongi”, “Parkent tongi”, “Surxon tongi”, “Qibray sadosi”, “Xonobod sadosi”, “Namangan sadosi” va yana bir necha nashrlar.
Albatta, har bir nashr tug'ilishidan davr nafasi, zamon oyinasi bo'ladi. Yangi O'zbekiston davrida zamonga mos ravishda yangi nashrlar vujudga keldi. Ular orasida, eng avvalo, “Yangi O'zbekiston” gazetasini alohida tilga olish mumkin. Keyin “Yangi Sirdaryo”, “Yangi Farg'ona” yuzaga keldi. Albatta, bunday nomlanish jazavasiga tushish ham eski kampaniyabozlikning takroriga o'xshamasligi kerak.
“Vatan” jurnali ham o'z nomi bilan har bir mushtariyning e'tiborini tortadi. Ham muqaddas, ham birgina so'zdan iborat jozibali, bir olam ma'noga ega nom!
Yana bir go'zal nomlardan “Nuroniy”ni qayd etish joiz. O'zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi muassisligidagi “Imkoniyat” gazetasi ham shular jumlasidandir. Bu nom gazeta muassisining maqsadlariga to'liq mos qo'yilgan. Ammo gazetalar nomlari orasida meni taajjubga solgan, 2020 yil ro'yxatga olingan “O'zbekko'mir” aksiyadorlik jamiyati nashri hisoblanmish “Oʻzbekkoʻmir” gazetasining nomi. Nahotki shu soha ishchi-mutaxassislari nashri uchun boshqa nom topilmasa? Masalan, “Konchilar” yoki “Mehnat” va hokazo.
O'zbek tili dunyodagi eng boy tillardan biridir. Shu g'ani va boy tilimizdan nashrlarimizga (nafaqat nashrlar, saytlarimiz, telegram tarmoqlari, nashriyotlarimizga ham) go'zal nom topib qo'ysak, nur ustiga nur bo'lardi.
Shoqahhor SALIMOV,
O'zbekiston va Tojikiston
jurnalistlari uyushmalari
a'zosi.