Sinfdoshlar sinfdoshiga uy qurib berdi
Poytaxti azimning Qorasuv dahasidagi “Fayziobod” mahallasida 3-umumta'lim maktabining 1992 yilgi bitiruvchilari bo'lgan sinfdosh yigitlar o'zlarining ehtiyojmand sinfdoshiga hashar yo'li bilan uy qurib berishdi. Dunyoda “sinfdosh” degan maqom bor. Uning insonga qadrdonlik darajasi kishining qarindosh-urug'lariga, do'stu yoronlari darajasiga teng bo'ladi, balki bir qadar yuqori ham turar.
Axir hayotda bolalik kezlaridanoq bir-birini tanib, do'stlashib, maktabda o'n yillar birga o'qiydigan, maktabni bitirganidan keyin ham qadrdonlik rishtasini uzmaydigan yana kim bor?
Sinfdosh-sinfdoshga o'zining bolaligi timsoli, ko'z ochib ko'rgan do'sti, sirdoshi, taqdirdoshi maqomidagi aziz inson. Ammo har bir kishining qon-qardoshligi, do'stu yoronlari o'rtasidagi munosabatlarida ular o'rtasidagi mehr-oqibatga bog'liqlik tomonlari ham bor, albatta. Shundan kelib chiqqan holda o'zaro munosabatlar darajasidagi quyuqlik va suyuqliklar ham ham ro'yobga chiqadi.
O'rta Chirchiq tumanidagi 3-umumiy o'rta ta'lim maktabining 1992 yilgi bitiruvchilari bo'lgan sinfdosh yigitlar o'z mehr-oqibatlari bilan bu maqomni oqladilargina emas, o'zlarining ezgu ishlari bilan sinfdoshlik maqomini yanada oliy darajaga ko'tardilar, desak, bor haqiqatni baralla aytgan bo'lamiz. Axir ular o'zlarining Umra safari uchun yig'ib yurgan mablag'larini boshpanaga muhtoj bo'lib qolgan sinfdoshlari uchun uy qurib berishga sarfladilar. Barchasi birgalashib, qisqa fursat ichida sinfdoshga atalgan uyni barpo etdilar ham.
— Maktabni bitirganimizga bu yil 33 yil bo'ladi, — dedi sinfdoshlari haqida to'lqinlanib gapirar ekan, Qodir Komilov. — Maktabda 10 yil birga o'qib, qadrdon bo'lib ketgan bo'lsak, mana, 23 yildirki, yana birgamiz. Endilikda sinfdoshlik rishtalarimiz qon-qardoshlik, do'stu birodarlik maqomlaridan ham yuksalib ketgan, desam, aslo xato emas.
— To'yu ma'rakalarimiz bir-birimizsiz o'tmagani kabi, sayohatu ziyoratlarimiz ham siz sinfdoshlar bilan birgalikda bo'ladi, — deya Qodirjonning gapini davom ettiradi sinfdoshlardan yana biri Farhod Rasulov. — Avvalroq Rossiya Federatsiyasi va hatto Gruziya tomonlarga ham sayohatga borib kelgan edik.
Ha, oqibatli sinfdoshlar keyingi yillarda ziyoratga otlandilar va dastlab to'rt nafari, o'tgan yili esa o'n nafar sinfdosh Umra safariga — ziyoratga borib kelishibdi.
Bu yil ham muborak ziyoratga barcha sinfdoshlar jam bo'lib, borishga otlanib turganlarida, bir ezgu fikr tug'ilib qoldi: “Umra ziyorati uchun yig'ayotgan mana shu mablag'larimizni ehtiyojmand bo'lib qolgan Muzaffar do'stimizga uy qurib bersak, qanday bo'lar ekan? Bu ham axir savob, qolaversa, ham muruvvat bo'lmaydimi?”
Mir Alisher Navoiy bobomiz yozganidek:
Kim bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borki, Ka'ba vayron bo'lsa, obod aylagay.
Avvalo, qarindoshi Jamol Botirov o'ziga tegishli 8 sotix yer uchastkasining teng yarmini Muzaffarga hadya etdi. Ramazon oyi kirishidan sal avvalroq o'sha joyda qurilish ishlari boshlab yuborildi. Mehr-oqibatli sinfdoshlar yopirilib, 2 kunda yangi uy poydevoriga beton quyishdi. Keyingi 15 kunda 4 xonali shinam uyning devori tiklandi. Tez orada uyning tomi ko'tarilib, shifer yopildi.
Yangi uyning mavjud 4 ta xonasidan bittasi suvoq qilinib, Muzaffarlar oilasi unga ko'chib kirishdi.
— Bu uyni menga sinfdoshlarim himmati bilan Alloh berdi, — dedi Muzaffar Botirov shukronalik bilan.
Uning ruhiy holatidan juda ko'p narsani anglasa bo'lardi, xususan, boshpanaga ehtiyojmandlikka sabab bo'lgan mashaqqatlar bo'lganligiga shubha yo'q.
Ezgu ishga qorasuvlik tadbirkor Davronbek Otaqulov ham o'z hissasini qo'shgan holda hashar bilan bitayotgan xonadonga 5 000 dona beton g'isht hadya etibdi. Ish qizg'in, kim loy tayyorlayotgan, kimdir g'isht va loy tashiyotgan, yana kimdir esa devor ko'tarmoqda. Nariroqda qozon qaynab, osh tayyorlanayotgan ekan. Xullas, ahil sinfdoshlar shu bugunning o'zida hovli devorini ham bitirib ketishga harakat qilishayotgan ekan.
Insofu diyonatli, mehr-oqibatli sinfdosh do'stlar amalga oshirayotgan ezgu ishlar, muqaddas Umra ziyoratini qoldirib, muhtoj do'stlariga beminnat uy-joy qilib berayotgan bu saxovatli insonlar davrasidan bir olam taassurotlar bilan qaytdik.
Ma'murjon BOZORALIYEV.