O'qituvchini kim himoya qiladi?
Bir paytlar o'qituvchining har bir so'zi nasihat, har bir harakati o'rnak sifatida qabul qilinib, ustozning qarshisida boshlar egik, nigohlar yerga qadalgan bo'lardi.
Ammo so'nggi paytlarda bu muqaddas zot — ustozga nisbatan jamiyatda kurakda turmaydigan munosabat shakllanayotgani hech kimga sir emas. O'qituvchilarga nisbatan haqorat va zo'ravonlik holatlarini ko'rib, eshitib, chin ma'noda bu alamli manzaralarga ko'nikib ham ulgurdik. Bunday holatlar nafaqat maktab muhitini, balki jamiyatdagi ma'naviy me'yorlarni yemirishi mumkin.
O'ylovsiz ota kasofati
Buxoro shahridagi 34-maktabda yuz bergan mojarodan hamma xabar topib bo'ldi. Tarqalgan videoyozuvda 4-sinfda tahsil olayotgan o'quvchining otasi sinf xonasiga bostirib kirib, farzandini xafa qilgan bir necha o'quvchini kaltaklayotgani aks etgan. Zo'ravon ota sudga tortilib, unga BHMning 5 baravari miqdorida jarima jazosi qo'llanildi. Ammo qarordan norozi bo'lgan ota-onalardan biri videoyozuvni olib, tarmoqqa joylashtirgan. Natijada maktab direktori, uning o'rinbosarlari hamda qorovul ishdan bo'shatilgan. Sinf rahbaridan ariza olingan, uning ishda qolish-qolmaslik masalasini maktabning yangi direktori hal qiladi.
Aslida nima bo'lgan? Biz ushbu voqea yuzasidan surishtiruv o'tkazdik.
Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Odamlar davangirday bir erkakning yosh bolalar bilan tenglashgani, ularni ayovsiz kaltaklaganidan darg'azab bo'ldi. O'qituvchilarning harakatsizligidan norozi bo'lganlar ham bor.
Dilfuza Alimova salkam o'ttiz yildan buyon yosh avlodga boshlang'ich ta'limdan saboq berib keladi. Shu vaqtga qadar uning sinfida biron marotaba bu kabi holatlar kuzatilmagan, ota-onalar undan norozi bo'lishmagan.
“O'sha kuni ahvolim juda yomon edi: boshim qattiq og'riyotgan, qon bosimim ko'tarilgandi. Shifokorga borishni o'yladim, lekin o'rnimni bosadigan o'qituvchi topilmadi. Dars qolmasligi kerak. Yuklama ham bor… Qisqasi, o'qituvchining kasal bo'lishga ham haqqi yo'qdek.
Kun juda issiq edi. Tashqarida to'rt nafar bola o'zaro tortishib qolgan, lekin men bu voqeadan mutlaqo bexabar edim. Shunda qo'ng'iroq chalindi. O'quvchilar sinfga kirishdi. Ular bilan birga o'quvchim Shahzodning otasi ham kirib keldi. Hammasi shu zahoti, kutilmaganda sodir bo'ldi.
Rostini aytsam, o'sha paytda o'zim ham ruhiy jihatdan qanday ahvolda bo'lganimni to'liq anglamaganman.
Ishoning, hech kim bu holat bunday keskin tus olishini kutmagandi. Voqeaning asli nima ekanini anglab ulgurmasimizdan, o'sha ota ikki-uch nafar bolani shapatilab ketdi”, — deydi 4-”B” sinf rahbari D.Alimova.
Muassasa sobiq direktori Murod Hamroyevga qo'ng'iroq qildik. U hozir bayonnomalar ustida ishlayotgani, vaqt tig'izligi haqida gapirib, uzr so'radi. Keyinroq o'zi aloqaga chiqishini aytib, xayrlashdi. Ammo aloqaga chiqmadi.
“Bolalar urishganda, kattalar o'rtaga tushmasin!”
30 aprel… O'sha kun o'quvchilar uchun darslar odatdagidek boshlangandi. Maktabga bir kishi kelib, o'g'lining shu maktabda o'qishini aytib, uning ustozini ko'rishni xohlayotganini bildirgan. Qorovul uni sinfga boshlab borgan. Keyin esa o'z joyiga qaytgan. Bir necha daqiqadan so'ng sinfda shovqin va qiy-chuv ko'tarilgan. Bu holatni eshitgan qorovul yana sinfga qaytadi. Ayni paytda vaziyat taranglashgan, ota o'zini idora qilolmagan. Voqealar rivoji bunday tus olishini na sinf rahbari, na boshqalar kutmagandi. Ular masalani o'zaro muhokama qilish niyatida bo'lishsa-da, otaning qattiq asabiylashgani va zo'ravonlikka moyilligi hammani hayratga soldi.
Qorovul o'sha payt rahbariyat majlisda bo'lganini aytadi. U sinf rahbari haqida iliq fikrlar bildirib, uni vazmin, bolalarni sevuvchi, mas'uliyatli shaxs sifatida ta'riflaydi. Bir odamning o'ylovsiz harakati sababli bu kabi ustozning yillar davomida to'plagan obro'siga putur yetayotganidan xafa bo'ladi.
Janjalkash ota haqida bilishga harakat qildik. Ma'lum bo'lishicha, u bozorda ulgurji savdo bilan shug'ullanadi, asosan, sabzavot sotadi. Yaqinda xotini bilan ajrashgan. O'g'li uning qaramog'ida qolgan. Ikki yil avval Shahzod boshqa maktabdan shu maktabga ko'chirilgan.
Dilshod ismli o'quvchi ham o'sha mojaroda bo'lgan. U bolalar urishgani tafsilotlarini aytar ekan, Shahzodning otasiga “O'g'lingiz og'zi qon, hushsiz yotibdi”, degan vahimali xabarni yetkazmaganini iddao qildi. Onasi Guloyim Jo'rayeva ham suhbatga qo'shilib, bu voqea sabab maktabning va ustozlarning yomonotliq bo'lgani, ularga nisbatan keskin choralar qo'llanilganini tanqid qildi.
— Bu ish oshib tushdi. Bolalar urishadi, ko'p o'tmay yarashadi. Ammo ota-onalar bunday vaziyatlarda jahl bilan emas, aql bilan yondashishi kerak, — dedi u.
Telefon orqali bog'langanimizda, Shahzodning otasi Bekzod Shukurov gaplashishni istamadi. “Aloqa yo'q, gaplaringiz eshitilmayapti. Keyinroq o'zim qo'ng'iroq qilaman”, dedi va telefonni o'chirib qo'ydi.
Mojaroda ishtirok etgan bolalar — Shahzod, Burhon, Samir va Shexran — doim oshna bo'lib yurishgan, ko'pincha birga o'ynashgan.
Ustozlari otasi bolani taltaytirganini, qo'liga qimmatbaho telefon va ko'p pul berib qo'yganini aytishadi. Tengdoshlari har kuni o'zlari bilan 5-10 ming so'm olib kelishsa, u 50-100 ming olib kelgan. Otaga bir necha bor e'tirozlar qilinsa-da, u bunga parvo qilmagan. Bu harakatlarini o'g'lini o'ziga qaratib, onasidan uzoqlashtirish uchun qilayotganini aytgan. Bu esa bolaning xulqiga ta'sir o'tkazmay qo'ymadi. Uning o'zini tutishi, muomalasi o'zgardi. Tengqurlarini mensimaydigan, ularni haqorat qiladigan odat chiqardi. Tegmaganga tegib, indamaganni so'kib yurgani uchun boshqalar bilan tez-tez ziddiyatga borib yurardi.
Bolaning xulqida salbiy o'zgarishlar vujudga kelishida, eng avvalo, otaning o'zi hissador ekanligi ayonlashdi.
“Bizga adolat kerak!”
Aziza Ramazonova — jabrlangan o'quvchilardan biri Burhonjonning onasi, huquqni muhofaza qilish organi xodimasi. Sudda faqat u ishtirok etgan. Uning so'zlariga quloq tutdik.
— Bolam bilan bog'liq holat yuzasidan tarqalgan “uch nafar bola uribdi” degan da'vo mutlaqo asossiz, — deydi A.Ramazonova. — Profilaktika inspektorlari 7-8 nafar guvoh o'quvchi bilan alohida suhbatlashib, voqea tafsilotini aniqlashgan. Ma'lum bo'lishicha, Shahzodni Samir ismli bola haqoratli so'zlar sabab urgan. Alamiga chidolmagan Shahzod Dilshod ismli o'quvchiga otasiga qo'ng'iroq qildirgan. U esa: “O'g'lingiz hushsiz yotibdi, og'zidan qon oqyapti”, deb chaqirgan. Shu tarzda voqea boshlangan. Ammo maktabga kelgan ota vaziyatni aniqlashtirmasdan bolalarni kaltaklagan.
— Sudda nega faqat o'zingiz qatnashdingiz?
— Aniq sababini bilmayman, ammo, menimcha, boshqa ota-onalar atay chetlatilgan. Sudya videoyozuvni ko'rgach, avvaliga qattiq g'azablangandi. U zo'ravon otaga bolasini qoldirmaslik, uni buvisi tarbiyasiga berish kerakligini aytdi. Ammo keyinchalik u profilaktika inspektori va o'sha ota tanishi bilan suhbatlashgach, munosabati o'zgardi va zo'ravonga faqat 5 BHM miqdorida jarima tayinlandi. Axir videoda jinoyat motivi yaqqol ko'rinib turibdi-ku!
— Tibbiy ekspertiza xulosasidan norozi ekansiz?
— Ha. Bolamni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib borganmiz. U yerda “yumshoq to'qimalar shikastlanishi” tashxisi qo'yilgan. Ekspertiza shu asosda xulosa chiqarishi kerak edi. Ammo “baloyam urmagan” qabilida ijobiy xulosa berildi. Boshqa ota-onalar sudga chaqirilmagani ham men uchun og'riqli bo'ldi.
— “Jazo berildi, bo'ldi. Tag'in nima kerak?” deydiganlar bor. Javobingiz?
— Mening ustozlarga hech qanday da'voim yo'q. Ammo bolalarni vahshiylarcha urgan ota munosib jazoga tortilishi shart. Puldor odamga jarima kor qiladi, deb o'ylaysizmi? U shunchaki pul to'lab, qutulib ketsa, ertaga yana shunday qilmasligining kafolati yo'q.
Bolam hozir ham kechalari qo'rqib uyg'onadi. Boshqa bolalar ham ruhiy zarba olgan. Menga adolat kerak. Bolalarning huquqlari tiklanishini istayman! — dedi Aziza Ramazonova.
Onaning gaplarida jon borga o'xshaydi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining bezorilik haqidagi qarorida juda aniq ta'rif bor: “Bezorilik — jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat bo'lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do'pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o'zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog'liq holda sodir etiladi. Uning barcha oqibatlari bir vaqtda mavjud bo'lishi shart emas”.
Yana shunday qo'shimcha qilinadi: “Sudlar bezorilik jinoyati bilan ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari kerak”. Shuning o'ziyoq voqeaga jinoiy baho berish uchun yetarli, deyish mumkin.
Dardingni quduqqa ayt, muallim!
Shu o'rinda Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasiga borib, mazkur voqea yuzasidan ularning munosabatini o'rganishga harakat qildik. Boshqarma rahbari Hamza Elliyev ayni paytda “ZOOM” orqali yig'ilishda ishtirok etayotgani ma'lum bo'ldi. Shunga qaramay, mas'ullar orqali jurnalistning shaxsiyati, qaysi nashr nomidan kelgani va material maqsadi haqida ma'lumot olib, savollarimizga javob qaytarishga tayyor ekanligini bildirdi.
— Buxoro shahridagi 34-maktabda sodir bo'lgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo'ldi. Boshqarma tomonidan maktab mas'ullariga nisbatan keskin choralar ko'rildi. Bu qanday asoslanadi?
— Bola taqdiri — bizga xalq tomonidan ishonib topshirilgan mas'uliyat. Uning ta'limi, tarbiyasi va xavfsizligi uchun javobgarlikni biz o'z zimmamizga olganmiz. Shu mas'uliyatga xiyonat qilgan har qanday shaxsga keskin chora ko'rish — bizning burchimiz. Bu holat maktab ma'muriyati tomonidan jiddiy e'tiborsizlikka yo'l qo'yilishi oqibatida yuzaga kelgan.
— Har qanday tizim o'z kadrlarini himoya qilishi kerak. Aks holda, xodimlar kimga suyanishni bilmay qoladi.
— Albatta, biz ham o'qituvchini himoya qilamiz. Lekin bu himoya u mas'uliyatini anglagan, o'z burchini sidqidildan bajarayotgan holdagina bo'ladi. Agar o'qituvchi yoki ma'muriyat o'z vazifasini bajarishda beparvo bo'lsa, biz, avvalo, o'quvchining manfaatlarini himoya qilamiz.
Ta'lim muassasasida har bir bola o'zini xavfsiz va himoyalangan his etishi shart. Bu borada maktab rahbariyati va har bir pedagog xodim teng darajada javobgar hisoblanadi. Shuning uchun ta'lim tizimida mas'uliyatsizlikka yo'l qo'ygan har qanday xodimga nisbatan keskin jazo choralari qo'llanilishi muqarrardir.
Kimdir direktorga, uning o'rinbosari yoki o'qituvchiga achinar. Ular “bekorga ishdan olindi” deyishlari mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerak: gap bolalar taqdiri haqida ketyapti. Shu bois biz bu yerda bolalarni himoya qildik.
— Shu bilan birga, ishdan olish mavjud muammoni hal etadi, deyish qiyin. Bunday chora kelajakda bu kabi holatlar takrorlanmasligiga kafolat bera oladimi?
— Albatta, beradi. Chunki bu barcha maktab rahbarlari va o'qituvchilarga saboq bo'lishi kerak. Ular doimo hushyor va mas'uliyatli bo'lishi shart.
Savollar ko'p…
O'qituvchini emas, bolalarni himoya qilamiz, degan balandparvoz javob, ochig'i, o'ylantirib qo'ydi. To'g'ri, bolani himoya qilish — har qanday tizimning bosh maqsadi bo'lishi kerak. Ammo shu yerda bir savol tug'iladi: bolani kimdan himoya qilyapsiz, janob? O'qituvchidanmi?
U holda o'qituvchi kimga suyanadi? Ularni kim himoya qiladi? Xo'p, ta'lim boshqarmasi ustozlarni himoya qilmas ekan, buni tushundik. Ularga tirgak bo'la oladigan maktab direktori, o'rinbosarlar va jamoat birlashmasi hisoblangan kasaba uyushmasi bor-ku, har qalay, deb tursak, ne ajabki, ular ham yoppasiga ishdan olingan ekan. Pedagog dardini kimga aytsin unda?
Xullas, go'yo arining uyasi kovlangandek. Adolat tarozisi buzilgandek. Bir tomonda — sudning qaroridan norozi ota-onalar, ikkinchi tomonda — aybsiz aybdorga aylanib, halovatini yo'qotgan maktab o'qituvchilari.
Hamzabek TURDIYEV,
jurnalist.