Hayotga kulib boqing…

“Rampa chiroqlari” nomli jahon kinosi bor. Uning bosh qahramoni, qiziqchi Galvero uyidagi majruh qizni hayot uchun kurashishga undab, shunday deydi:

“Har bir inson koinotni harakatlantiruvchi, tabiatni jonlantiruvchi qudratli kuchga ega!”

Aslida hayotning har soati biz uchun imtihon.

Qanday yashayapmiz?

Garchi koinotni harakatlantira olmasak-da, aynan shu soatlarda kimningdir taqdirini o'zgartirishga qodir bo'lgan uyg'oq bir so'zni ayta oldikmi?

Kimgadir aqalli bir marotaba bo'lsa-da, mehr to'la nigohimiz bilan boqishni unutmadikmikan shu qadrli soatlarda?!

Ahyon-ahyonda bular haqida o'ylab, so'ng o'zimizni, fe'limizni mushohada qilsak bo'lmasmikan?

“Senga taqdim etilayotgan har bir kun mo''jiza, qalb ko'zini ochsang, ularni kutib emas, borligidan huzur qilib yashaysan”, deya saboq bermishlar Jaloliddin Rumiy.

* * *

Tongni qarshilayotib, undan zavq olganmisiz hech?

Ko'tarilayotgan oftobning munavvar shu'lalari asta-sekin olamni yoritayotganda, so'ng esa butun mavjudotni bemisl harorati bilan isitayotgan kezlarda bir lahza sehrlanib qolganmisiz?

Oftob chiqayotganini kuzatamizmi?

Yo'q!

Chunki har kuni quyoshning chiqishi bizga odatiy bo'lib ko'rinadi.

O'ylab ko'ring, mana shu oftobimiz bir necha haftalab osmonda ko'rinmasa va nuqul bulutli havoga ko'zimiz tushaversa nima bo'ladi? Olamni zimiston qoplagandek tuyuladi. Oftobni sog'inib ketamiz. Juda-juda sog'inamiz. Charaqlab chiqsa, “xayriyat” deymiz, iliq haroratini sezib, quvonamiz.

Har kuni ko'rib turgan insonlarimiz ham xuddi shu oftob kabidir. Ularni borligida qadrlasak, qalbining haroratini yaqindan his qilib, o'z dil haroratimiz bilan uyg'unlashtirsak, qanchalar soz! Mana shundagina yelkalarida yuk bo'lib bosib turgan bir dunyo tashvishlardan balandroq turish ularga osonroq kecharmidi…

“Har bir uchrashuv tasodif emas, qarshimizdan chiqqan har insonning bir sababi bor, ba'zilari do'st bo'larlar, ba'zilari bizga dars bo'larlar”, deya yozibdilar Shams Tabriziy.

Turmushidagi tashvishlarni o'ylayverib butkul halovatini yo'qotgan kishi bizning yonimizda yashayapti.

Unga tasalli bersak… “Har qadamda muammolar bo'lib turishi tabiiy, hali hammasi o'z yo'liga tushadi”, desak, qanchalar soz bo'lardi. Axir aksariyatimiz kundalik muammolarni deb o'zni o'tga-cho'qqa uramiz, g'am-tashvish oralig'ida yolg'iz qolib, qaddimiz bukiladi, ozib-to'zamiz, oqibatda kasalliklar ham orttirib olamiz.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Abu Bakr ar-Roziy shogirdlari bilan xastalik kelib chiqishining asosiy sabablari xususida bahs yuritibdilar.

— Kasalliklar, asosan, tanadagi a'zolar yallig'lanishidan so'ng paydo bo'ladi, — debdi yosh hakimlardan biri.

— Men bu fikrga qo'shilmayman, — debdi Abu Bakr ar-Roziy. — Inson vujudidagi eng nozik a'zo asabdir, demak, jamiki kasalliklarning yuzaga kelishi doimiy asab buzilishi bilan bog'liq.

Bahsga yakun yasalib, davradagilar ulug' hakimning so'zlarini tahlil qilganlaricha sukutga cho'mibdilar.

“Ruhni davolasa, tana ham sog'ayadi”, deyishgan qadimgi tabiblar.

O'ylab ko'raylik, dardga turtki beruvchi jahl, vahima, qo'rquv, jizzakilik singari asabiylik holatlari ruhiyatimizni alg'ov-dalg'ov qilib tursa-yu, biz tanamizni davolash uchun tinmay shifokorga qatnayversak! Bundan biror natija kutish mumkinmi? Ruhiyatimizni sog'aytirishga urinsak to'g'riroq bo'larmidi…

O'tmish donolari shunday maslahat beradilar:

— Hamma vaqt atrofingizdagilarni qadrlang, fikrlarini hurmat qiling, bilingki, chinakam g'oliblik vazminlikdadir.

Chumolining harakatini biror marta kuzatganmisiz? U ketayotganda yo'lini to'ssangiz ham ortga qaytmaydi, boshqa yo'l topib oldinga ketaveradi. Qarang, mana shu mitti jonzotlar sovuq tushishi bilan uyalariga kirisharkan, ular bu qish uzoqqa cho'zilmasligini, tezda havo isishini biladilar, doim yaxshi o'zgarishlarni kutib yashaydilar.

Nega ayrimlarimiz arzimagan to'siqqa uchrasak, darrov chekinamiz? Boshqa ishonchliroq yo'l topib, qolaversa, yaqinlarimiz mehridan kuch olib ilgariga boraversak bo'ladi-ku!

Gulchehra JAMILOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 4 =