Ona iztirobi

Bu voqea o'tgan asrning yetmishinchi yillarida olis qishloqlardan birida ro'y bergandi. O'sha kuni yerda qor bor edi. Fotimaning bolasi kechasi bilan yig'lab chiqdi. Ertalab isitmasi ko'tarilgach, ingray boshladi. Qaynonasiga aytgandi, bolani qo'liga oldi-yu, yuziga qarab: “Bu boyoqishga kinna kiribdi, bir-ikki bo'lak non olib chiq”, dedi keliniga. O'zicha bilgan suralaridan o'qib, non bo'lagini bolaning qorniga aylantirib, kinna soldi. So'ng: “Buni ko'chaga qo'yinglar, qushlar, it-mushuklar yeb ketadi”, deb katta nevarasiga uzatdi.

Qorni og'riyotgan bola qattiq bezovta bo'la boshladi. Kasalxona ancha olisda edi. Qishloqda bor-yo'g'i bitta traktor bor edi, xolos. Endi maktabga chiqqan o'g'liga: “Bor, bolam, Elomon akangga ayt, bizni kasalxonaga olib borsin. Ayam iltimos qildi, degin”, — deb uni Elomon traktorchinikiga yubordi.

Traktorchi kelmadi. Ayoli: “Kecha o'lguday ichib kelgandi”, debdi.

Fotima rang-ro'yi tobora so'lib borayotgan, har zamonda bir ingrayotgan bolasini dast ko'tardi-yu, kasalxonaga yo'l oldi. Shoshganidan egniga qalinroq kiyim kiymaganini yo'lda, sovuq o'tganida sezdi. Qor oralab ketarkan, bolasining omon bo'lishini Allohdan o'tinib so'rardi.

Ikki soat deganda kasalxonaga arang yetib keldi. Darvozadan kirishi bilan bola shilq etdi-yu, boshqa boshini ko'tarmadi.

Do'xtirlar “Ko'richagi yorilib ketibdi, sal oldinroq olib kelmabsiz-da, opa”, deyishdi.

Elomon yangasini ko'rsa, yuziga qarayolmay qoldi. Chunki yanganing ko'zida qotib qolgan muzday yosh uning yuragiga o'q bo'lib qadalar, “Eh, qaynuka, bir kun aroq ichmasangiz nima qilardi? Axir men sizga ishongandim-a!..” deyayotganday bo'lardi. Onaning bu iztirobi uni telba qilib qo'yay dedi. U qishloqdan ko'chib ketdi.

Shuhrat RO'ZIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 2 =