Yunesko vakilini o'ksitgan xarob madrasa

Toshkentimizning taniqli donishmandi Hofiz Ko'hakiy (u zot Hofiz Ko'ykiy, Hofiz Toshkandiy nomlari bilan ham e'zozlanganlar) ta'rifiga mashhur muarrixlardan o'tkazib so'z aytolmasligimizni bilganimiz uchun ularning ta'riflarini keltiramiz. Hind tarixchisi Abdulqodir Mulukshoh Badavoniy o'n oltinchi asrdayoq yozgandi: “Hofiz Ko'haqiy zo'r donishmand bo'lib, ayniqsa, arab tili va adabiyotini yaxshi bilgan. Mavlono Asomiddinning shogirdi bo'lib, o'z davrining hamma ilmlaridan yaxshi bahramand bo'lgan olimdir. O'z davrida Movarounnahrda yashagan olimlar uning buzurgligini tan olgan edilar”.
Toshkent tarixining zukko bilimdonlaridan biri bo'lgan Muhammad Solih Rahim Qoraxo'ja o'g'li 1888 yili yozib tugallagan “Tarixi jadidai Toshkand” (“Toshkentning yangi tarixi”) kitobida uning ta'rifiga shunday so'zlarni bitgan: “Mavlono Ko'hakiy aqliy va naqliy ilmlarda zo'r olim bo'lgan. Bahs va jadal ilmining qoidalarini a'lo darajada yetkazgan. Hofiz Ko'hakiy Toshkent aholisi va olimlarining iftixori bo'lib, Dashti Qipchoq, Farg'ona, Movarounnahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir”.
Hofiz Ko'hakiyga olimlar, ziyolilargina emas, sultonlar ham hurmat-ehtirom ko'rsatganlar. Fikrimizni Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridagi 1528 yili Agrada bo'lgan to'y voqealariga bag'ishlangan quyidagi so'zlar tasdiqlaydi: “Ulug' osh tortilgan keyin… Hofiz boshliq bila kelganlarga chakmonlar kiyduruldi… Hofiz Toshkandiy va Mulla Farruh boshliq Xojaning mulozimlariga… oltundin, kumushdin tarkash bila in'omlar bo'ldi” (Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”. T.: Yulduzcha, 1989. 323-324-betlar).
Yuqorida zikr etilgan hind tarixchisi Abdulqodir Mulukshoh Badavoniy o'zining “Muntaxab at-tavorix” (“Saylangan tarixlar”) kitobida Hofiz Ko'hakiy 1569 yili ikkinchi marta Hindistonda bo'lgani to'g'risida yozgan. Uni Bobur Mirzoning nabirasi Akbarshoh Dehlidan bir kunlik yo'lga chiqib kutib olgan va bobom bilan suhbat qurgan tabarruk zot deya izzat-ikrom ko'rsatgan, sovg'alar tortiq qilgan. O'sha kitobda yozilishicha, Hofiz Ko'hakiy Hindistondan Makkaga, keyin Turkiyaga borgan. Uni turk sultoni ham tantana bilan kutib olgan va vazirlik lavozimiga taklif qilgan. Lekin u taklifni rad etib, Toshkand sari yo'lga tushgan.
Hayot haqiqatlari badiiy adabiyotda ifodasini topadi. Parkentda voyaga yetgan sevimli yozuvchimiz Xayriddin Sultonovning “Saodat sohili” qissasida Hofiz Ko'ykiyning Hindistonga borgani, Bobur Mirzo bilan uchrashib suhbat qurgani va unga xattot shogirdi ko'chirgan Hazrat Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobini tuhfa etgani, Bobur Mirzo kitobni varaqlab bir muddat mutolaa qilgani va ular o'rtasidagi suhbat quyidagicha ifodalangan:
— Alisherbek benazir zot erdi, — dedi Bobur kitobdan bosh ko'tarib. Qiyiq ko'zlarida horg'in quvonch uchqunlari chaqnar edi. — Har safar hayrat qilamanki, turkiy tilda hech kim ash'orni ul Hazratdek ko'p va xo'b aytqon emas.
— Yaxshi kitob — kishi ruhining jon ozig'i, — dedi Hofiz Ko'ykiy uni quvvatlab.
— Har qanday kishining emas, — deya birdan e'tiroz bildirdi Bobur.
— Albatta, olampanoh. Lekin yaxshi kitobni o'qigan kishiga ham yaxshilik sharofati yuqmog'i shubhasizdir.
— O'qiganga yuqmaydir, mavlono! — Bobur Mirzoning qaysar qoshlari mardona chimirildi. — Uqqanga yuqadir.
— Haq so'z, olampanoh.
(Xayriddin Sultonov. Saodat sohili. T.: G'afur G'ulom nomidagi NMIU. 2005. 95-bet).
Birozdan keyin Bobur Mirzo mehmondan tashrifi sababini so'raydi. Hofiz Ko'ykiy tavoze bilan undan saroy kutubxonasida mutolaa qilishiga ruxsat berishini so'raydi.
— Bizning huzurimizga ne-ne muhtaram zotlar ganji davlat tilab, kutbayi unvon tilab qadam ranjida qildilar, — deya so'zida davom etdi Bobur. — Lekin shu vaqtgacha kitob izlab, ma'rifat izlab kelganini ko'rganimiz yo'q edi. Shukur Tangrigakim, alhol inoyat aylab, haqiqiy ko'z tutgan kishimizning diydoriga yetishtirdi (O'sha kitob, 98-bet).
Kitobdan iqtiboslar keltirishdan maqsadimiz shavkatli ajdodlarimiz Bobur Mirzo va Hofiz Ko'ykiyning ibratli fazilatlarini eslash edi. Hofiz Ko'ykiyning qancha tog'larning xatarli so'qmoqlaridan oshib, yo'lda qaroqchilarga talanib Hindistonga borishdan maqsadi Bobur kutubxonasidagi kitoblarni mutolaa qilish bo'lgan. Bunday ezgu maqsadni faqat haqiqiy olimlargina oldiga qo'yishlari mumkin. Shubhasiz, Bobur Mirzo uning saroy kutubxonasida mutolaa qilishiga ruxsat beradi. O'sha kitobda keltirilishicha, Hofiz Ko'hakiy noyob hisoblangan Ibrohim ibn Adnonning o'ninchi asrda fors tilida yozilgan “Tarixi Turkiston” kitobini aynan Bobur kutubxonasida o'qigan va keyinchalik turkiy tilga tarjima qilgan. Endilikda bilamizki, Hofiz Ko'hakiy kitobning so'zma-so'z tarjimasi bilan kifoyalanmagan. Turkiy xalqlar va mamlakatlar haqida katta bilimga ega bo'lgani uchun xato joylarini to'g'rilagan va kerakli o'rinlarda yangi ma'lumotlar bilan to'ldirgan.
(Ishonamizki, zukko kitobxonlarimiz “Saodat sohili” asarini o'qishgan va Bobur Mirzo, Hofiz Ko'ykiyga oid ko'plab ma'lumotlarni biladilar).
Sulton Muhammad Hofiz Ko'hakiy 1490 yili Parkentda ulug' allomamiz va sulton Mirzo Ulug'bekning shogirdi bo'lgan Ali Qushchining o'g'li Mirzo Kamoliddin xonadonida dunyoga keldi. Uning tomirida ziyoli bobosi va otasining qoni jo'sh urgani uchun bolaligidan ilm olishga ixlos qo'ydi. O'g'lining iqtidorini ko'rgan otasi biroz ulg'aygach, bilimini mustahkamlashi uchun Toshkentga yo'llagan. Shu o'rinda eslashimiz lozim, Bobur Mirzo 1502 yillar atrofida Parkentning Somsarak va Zarkent qishloqlarida bo'lgan. Bobur Mirzoday shaxsning Ali Qushchining o'g'li bo'lgan Kamoliddinni yo'qlamasligini ko'z oldimizga keltira olmaymiz. Balki o'sha davrda Bobur Mirzo ilmga tashna o'smir Sulton Muhammad bilan uchrashgan bo'lsa ajab emas.
Toshkentda Sulton Muhammad Mavlono Asomiddin va boshqa ustozlardan tahsil olib, arab va fors tillari, mantiq, fiqh va boshqa fanlar bo'yicha teran bilimga ega bo'ladi. O'zi bitgan risolalarga Ko'hakiy taxallusini qo'yadi. Ko'h — tog', ko'hakiy — tog'lik degani. U tog'li Parkentda tug'ilganini eslatib turishi uchun shu taxallusni tanlagandir. Avval Toshkentning Qo'yliq mavzesida, keyin esa Sag'bon ko'chasining o'ng tomonida, bozorga yaqin joyda istiqomat qila boshlaydi. Manbalarda shaharlik Sobira ismli qizga uylangani, bir o'g'lining ismi Abdulloh bo'lgani to'g'risida ma'lumotlar uchraydi. Hovlisida o'z mablag'i evaziga madrasa qurdirgan va shu nurli maskanda mudarrislik qilgan. Keyinroq uning rahbarligida masjid barpo etilgan. Hozirgi kunda bu joy Hofiz Ko'hakiy mahallasi deya nomlanadi.
U umri davomida Xitoydan Misrgacha bo'lgan mamlakatlarda safar qilgan va xalqlarning urf-odatlarini o'rgangan, albatta, mavjud kitoblarni o'qib bilimini oshirgan, o'z asarlariga manbalar to'plagan. Hofiz Ko'hakiy o'ndan ziyod asarlar yozgani ma'lum. Ayniqsa, “Tarixi Toshkand” (“Toshkent tarixi”), “Tarixi oli Chingiz” (“Chingiz avlodi tarixi”), “Risola fi fann at-tafsir val usul val furu val mantiq val kalom” (“Tafsir, fiqh asoslari va tarmoqlari, mantiq va kalom ilmi haqida risola”), “Sharhi odobul munozara” (“Odob va axloq to'g'risida munozara”), “Favoid ziyoiya” (“Munavvar foydalar”) kabi asarlari mashhur bo'lgan. Bundan tashqari Jomiy, Asomiddin kabi taniqli shaxslarning asarlariga sharhlar yozgan. Biz yuqorida Ibrohim ibn Adnonning ikki jildlik “Tarixi Turkiston” (“Turkiston tarixi”) kitobini turkiy tilimizga tarjima qilgani to'g'risida to'xtalgandik.
Faxr bilan ta'kidlashimiz kerak, Hofiz Ko'hakiy qurdirgan madrasa va uning ta'limi dovrug'i uzoq-uzoqlarga ketgan. Hirotlik olim Muhammad Tohir uzoq yo'l bosib, Samarqandu Buxorolardan o'tib, 1564 yili Toshkentga keladi va Hofiz Ko'hakiydan shogirdlikka olishini so'raydi. Aynan shu madrasada ustozidan tahsil oladi, turli fanlar bo'yicha bilimini mustahkamlaydi va o'z yurtiga qaytib teran asarlar bitadi. Albatta, Hofiz Ko'hakiy madrasasida ta'lim olgan bunday tolibi ilmlar ko'p bo'lgan.
Hofiz Ko'hakiy 1584 yili piri badavlat yoshda vafot etadi va mayyiti Toshkentdagi Qaffol Shoshiy maqbarasi kiraverishining o'ng tomoniga dafn etildi. Ul tabarruk zotning piri badavlat yoshga yetishi va barchaning hurmat-ehtiromiga sazovor bo'lishining sababi — bir umr buzurg Bahouddin Naqshbandning “diling Allohda, qo'ling ishda bo'lsin” naqliga qat'iy amal qilib yashaganida!
Afsuski, nurli ilm maskani bo'lgan madrasa yurtimizda 130 yil davom etgan mustabid tuzum davrida turli tashkilotlarning omborlariga aylantirildi va xarob ahvolga keltirildi. Mustaqillik shabadasi esa boshlagan davrda “Hofiz Ko'hakiy” nomli mahalla ahli hashar yo'li bilan masjidni tikladi, lekin shu masjid yaqinidagi madrasa qarovsiz holda qolib ketdi. To'g'ri, keyingi yillarda madaniy merosni asrashga va tiklashga mutasaddilar bu joyga kelib ketishdi. Har biri va'dalar ham berishdi, lekin ahvol o'zgarmadi. Bu joyni ko'rishga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug'ullanuvchi tashkiloti (YuNESKO) vakili ham keldi va madrasaning xarob ahvolini ko'rib, oshkora xafa bo'ldi. O'zimizning madaniy merosni asrashga mas'ul mutasaddilar hanuz jim.
Xarob holdagi masjidni ko'zdan kechirar ekansiz, xonadagi ustun va to'sinlar e'tiborni tortadi. Ular besh asr ilgarigiday saqlanib qolgan. Bukilmagan, yog'och qurtlari ham kemirmagan. Chunki ular ehtimol Hofiz Ko'hakiy va boshqa ustozlarning ma'ruzalarini, ilmi toliblarning qizg'in bahslarini tinglaganlari uchun asl holida turibdi. Balki ular Hofiz Ko'hakiy va shu joyda ta'lim olgan ilmi toliblar hurmati uchun bizni asrab qolinglar deya bong urayotgandir, faqat biz bu bongni eshitmayotgandirmiz. Lekin ishonchim komil, bu bongni eshitadigan va madrasani ta'mirlaydigan, tiklaydigan madaniy merosni asrashga mas'ul mutasaddilar bor.
Aslini olganda, Hofiz Ko'hakiy ma'rifatimiz ustunlaridan biri edi. Uning merosini, ibratli turmush tarzini o'rganish va targ'ib etish, u bo'lgan joylarni obod qilish, nomini abadiylashtirish barchamizning burchimizdir.
So'nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz tomonidan qanchadan-qancha obidalar, qadamjolar obod qilindi, shubha yo'qki, ushbu ziyoratgohga ham e'tibor qaratiladigan kunlar yaqin.
Asror MO'MIN,
O'zbekistonda xizmat
ko'rsatgan jurnalist.