Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish — ustuvor vazifa
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarni rozi qilish, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan. Jamiyatdagi o'zgarishlar har bir hudud, xonadonga kirib borishi uchun mahallalar jinoyatdan xoli bo'lishi kerak.
Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bu boradagi tizim natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan qarorlaridan ko'zlangan maqsad ham aslida shu.
IIV akademiyasi boshlig'i Rustam Xatamov ta'lim muassasasiga biriktirilgan mahallalarda mazkur qarorlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatida bo'ldi. Ishchi guruh vakillari dastlab Urganch shahridagi “Mustaqillik” mahallasi faoliyati bilan tanishdi. Mas'ullar, mahalla raisi boshchiligidagi “ettilik” a'zolari bilan uchrashuvda jinoyatchilikni jilovlash borasida “yo'l xarita”larda belgilab olingan chora-tadbirlar ijrosi muhokama qilindi. Aytish joizki, mazkur mahallada keyingi to'rt oy mobaynida 28 ta “jinoyat o'chog'i” aniqlangan. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida joylarga 29 ta zamonaviy kamera, 19 ta tashvish tugmasi o'rnatilib, 96 ta ob'yekt texnik qo'riqlovga olingan.
Muloqot chog'ida “ettilik” vakillariga jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, aholining bandligini oshirish, kambag'allikni qisqartirish, yoshlar bilan maqsadli ishlash, maishiy-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, xavfsiz uy va ko'chalarni tashkil etish, hududlarni kameralashtirish, texnik va jismoniy qo'riqlovga olishni jadallashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yangiariq tumanidagi “Yangiobod” mahallasi ham “sariq” toifaga kiritilgan. Mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlar oilalardagi nosog'lom muhit, ijtimoiy profilaktikaning yetarli darajada tashkil etilmagani natijasida kelib chiqqan. Akademiya boshlig'i mazkur mahalla faollari bilan uchrashuvda har bir xonadon, ko'cha va hududda xavfsiz muhit yaratish uchun aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, profilaktik ishlar ta'sirchanligini oshirish, kriminogen vaziyatga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan omillarni o'z vaqtida bartaraf etish zarurligini ta'kidladi. “Muhimi, yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlarimiz o'z samarasini ko'rsatishi, mahallalar jinoyatdan mutlaqo xoli bo'lishi kerak”, — dedi akademiya boshlig'i.
Bir so'z bilan aytganda, mahallalar islohotlar markaziga aylanib bormoqda. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qamrovli ishlar xalqimizning tinch-osuda hayotini ta'minlashga, ertangi kunga bo'lgan ishonchini oshirishga, eng muhimi, jamiyatda osoyishta va barqaror muhitni qaror toptirishga xizmat qilayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamshid XOLOV.
