Zakiy ustoz
filologiya fanlari doktori, professor Ochil TOG'AYEV yodi
Taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog'ayev haqida abiturientlik chog'imdayoq eshitganman. O'qishga kirgach, bizdan oldingi kursda tahsil oladigan talabalar domlaning xarakteri jiddiyligini ta'kidlab, bilimsiz, uquvsiz talabalarni ayab o'tirmasligini, biroq yaxshi o'qiydigan, matbuotda materiallari bilan tez-tez ko'rinib turadigan tolibi ilmlarni o'ziga yaqin olib, yo'l-yo'riq ko'rsatadigan zakiy ustoz ekanini aytishardi.
Qaddi-basti kelishgan, yag'rindor, peshonasi keng, quyuq qoshlari oq oralagan sochlariga mos tushgan ustozimiz biz uchinchi kursga o'tgach, matbuot nazariyasi va amaliyoti bo'yicha publitsistik mahoratdan saboq bera boshladi. To'g'risini aytsam, talabalarga dars berish qanday bo'lishini shunda ko'rganmiz. Azbaroyi qiziqqanimizdan mashg'ulot qanday tugab qolganini sezmay qolardik. Ustozga bo'lgan mehrimiz, hurmatimiz kundan-kunga oshib borardi.
Talabalik chog'larimizdayoq respublika nashrlarida materiallarimiz ko'zga tashlanib turar, universitetning ko'p nusxali “Toshkent universiteti” hamda fakultetning “Jurnalist” gazetasida muntazam ko'rinib turishga harakat qilardik. Ustoz talabalarning mashqlari bilan erinmay tanishib chiqar, o'ziga yoqqan maqola egasini topib, xolis fikrini aytar, yutuq va kamchiliklarini ko'rsatib, dalda berib turardi.
Shundan so'ng talabalarning domlaga bo'lgan ishonchi yanada ortardi. Ijodkorlarni hurmat qilishini bilganimdan so'ng, men ham matbuot muxlislarining e'tiboriga tushadigan materiallar yozishga kirishdim. To'rtinchi kursda o'qib yurgan kezlarim, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi taniqli paxtakor, Mehnat Qahramoni Karomat Rustamovaning nomi abadiylashtirilishi va inson qadri ulug'lanishi kerakligi haqida kattagina maqola yozdim.
Mashinkada yozilgan salkam besh varaqli materialimni domla erinmay o'qib, tahrir qilib berganida boshim osmonga yetdi. Ustoz “yaxshi muammoni ko'taribsan”, deb uni “Saodat” jurnaliga berishni tavsiya qildi. Maqolamdagi ism-familiyam ostida “ToshDU jurnalistika fakulteti talabasi” deb yozgandim. Ustoz bunga qat'iy e'tiroz bildirib: “Uyushmaga a'zo bo'lganingga ham bir yildan oshdi-yov, Jurnalistlar uyushmasi a'zosi ekaningni bilmaganlar bilib qo'ysin”, dedilar. Maqolam “Saodat”ning 1988 yil mart oyidagi 3-sonda “Nomi yashashi kerak…” sarlavhasi ostida ikki sahifada bosilib chiqdi. Adashmasam, saksoninchi yillarning oxirida jurnalning adadi 800000 (keyinchalik bir milliondan ko'proq) edi. Jurnalning qalam haqi ham chakkimas, o'sha vaqtning pulida maqolamga 60 rubl olganman.
Pochtadan qalam haqini olib, 15 so'miga do'kondan ko'ylak xarid qilib, domlaning “Markaz-13”dagi xonadoniga bordim. Oltmish so'm qalam haqi olganimni aytib: “Bunda sizning ham hissangiz bor”, deb ko'ylakni uzatganimda, xursand bo'lish o'rniga kinoya aralash kulib, bu ishim noto'g'riligini aytdi. “Bu sening halol gonoraring. Men xolis niyat bilan tahrir qilganman, buning uchun haq olmayman”, deb ko'ylakni o'zimga qaytarib berganlar.
Xullas, maqola ancha shov-shuvga sabab bo'ldi. Eng muhimi, shu paytgacha “Partiya XIX s'yezdi” nomi bilan atalib kelingan yirik xo'jalik mo''tabar ayol Karomat Rustamovaning nomi bilan yuritiladigan bo'ldi. Matbuotning kuchi mana shunday edi u paytlar.
“Ustoz otangdan ulug'”, deydilar. Domla bilan ota-boladay yaqin bo'lib ketdik. 1986 yilning yozida domlaning Shayxontohur mahallasidagi xonadoniga bordim. Ustoz meni iliq qarshiladi. Gurung orasida: “Ustoz, sentyabrda 60 yoshga to'lasiz, tug'ilgan kuningiz arafasida siz haqingizda maqola yozsam yoki suhbat uyushtirsam, rozi bo'larmikansiz?” dedim. Domla kulimsirab qo'ydi-da: “Shu shartmikan?” dedilar. Biroz o'ylab, fikrimni ma'qulladilar. Shundan so'ng ustozning hayoti va ijodi haqida savol-javob tarzida suhbatni yozib oldim.
Oradan bir hafta o'tib, suhbat-maqola tayyor bo'lgach, domlanikiga keldim. Ustoz intervyuni o'qib: “Anchagina chala joylari bor ekan, ayrim javoblarimni to'liq yoritmabsan”, deb materialimni olib qoldi. Ertasi kuni uyimizga qo'ng'iroq qilib, kamchiliklar to'ldirilganini aytdi. Yetib borganimda, varaqlar hoshiyasiga aniq-tiniq qilib, ko'plab o'zgartirishlar kiritilgan edi.
Uni qayta mashinkalab, “Guliston” jurnaliga olib bordim. Suhbatimiz jurnalning 1986 yil sentyabr sonida e'lon qilindi. Ustoz bundan g'oyat mamnun bo'lgan edi.
Gap orasida: “Maqolalarni chiroyli tahrir qilarkansiz, sizga ko'z tegmasin”, deganimda: “Jurnalistika fakultetiga ishga kelmasimdan oldin qariyb o'n yil “Sharq yulduzi” jurnalida ishlaganman, katta-katta asarlarni tahrir qilishimga to'g'ri kelgan. Biroq tahrirlash bobida Mahmud Sa'diyga teng keladigan ijodkorlar sanoqli”, dedi Ochil aka.
Esimda, 1987 yilning yoz faslida mehnat ta'tiliga chiqqan domla yaqin qarindoshlaridan xabar olgani o'zi tug'ilib o'sgan tuman — Yakkabog'ga kelgan ekan. Jiyani Shahrisabz tuman ichki ishlar bo'limi mas'ul xodimi, mayor Bozor To'xtayevga: “Mashinangni Kitob tumanining Qorabuloq qishlog'iga qarab hayda, Azamat degan shogirdim bor, shuning ota-onasi bilan tanishib, ularga rahmat aytib kelmoqchiman”, debdilar.
Yozgi o'quv ta'tili emasmi, men ham shu kunlari qishloqda edim. Kech soat 5-6 lar atrofida ota hovlimizning darvozasiga notanish “Jiguli” mashinasi kelib to'xtadi. Mashina rul chambaragida mayor, yonida domlamiz professor Ochil Tog'ayev o'tirgan ekan, ularga darhol peshvoz chiqib, uyga taklif qildim. Ustoz uyimizning ikkinchi qavatiga temir zinapoya orqali ko'tarilar ekan: “Kavsarxon shu koshonaga kelin bo'lib tushganmi? U ham sobiq talabamiz, iste'dodli shoira, ota-onasi ham filolog-olimlar, ularni yaxshi bilaman”, deb qo'ydilar. Gurung asnosida ota-onamga qarab: “Azamat haqparast, halol-pok, mard yigit, uni yaxshi tarbiya qilgansizlar, sizlarga katta rahmat”, deb ko'ngillarini ko'tarib qo'ygandilar rahmatli ustozimiz. Maqtovdan shunchalik shod bo'ldimki, asti qo'yavering. Ota-onamning xursandligini aytmasam ham bo'laveradi. Onam rahmatli ustozga qarab: “Domlajon, shogirdingiz shu qishloqdan chiqqan bir musofir bola, endi bu yog'iga o'zingiz qo'llab-quvvatlab turasiz”, deb minnatdorchilik bildirdilar. Gurung allamahalgacha davom etdi. Domla spirtli ichimlik ichmasdi, tamakidan uzoq yurardi. Ichib-chekkan odamni unchalik xushlamasdi. Dasturxonga qo'yilgan konyak va aroqqa qayrilib ham qaramay, bir chekkaga surib qo'ydilar. Ovqatni kam yedilar, faqat maymunjondan tayyorlangan sharbatni sevib iste'mol qildilar. Mehmonlarni bir kecha tunab qolishga undagandik, qo'ymasdan jiyani bilan yana Shahrisabzga jo'nab ketishdi.
Oxirgi kurs talabasi edim. Diplom ishini qaysi mavzuda olishni bilmay boshim qotdi. Yaxshisi, ustozdan maslahat so'ray-chi, deb kafedrada ishga sho'ng'ib turgan domlaning oldiga keldim. Maqsadimni aytgandim, biroz o'ylab turdi-da: “Sen “Hamid Olimjon publitsistikasi” degan mavzuda diplom ishini yoqlasang durust bo'ladi, uni keyinchalik davom ettirib, kandidatlik dissertatsiyasini yoqlasang ham bo'ladi, ungayam o'zim ilmiy rahbar bo'laman, — dedilar. — “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasi bosh muharriri, yozuvchi-olim Ne'mat Yoqubov “Oybek publitsistikasi”dan, taniqli publitsist-olim G'ulom G'afurov esa “G'afur G'ulom publitsistikasi” bo'yicha kandidatlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilganlar. Garchi Hamid Olimjon uzoq umr ko'rmagan bo'lsa-da, bu sermahsul ijodkorning badiiy publitsistik materiallari akademik yozuvchi-shoirlarnikidan ko'p bo'lsa ko'pdir, lekin kam emas”, deb maslahat berdi.
Bu beminnat maslahat menga juda ma'qul bo'ldi. Diplom ishimni domlaning shogirdlaridan biri, taniqli olim — filologiya fanlari nomzodi, dotsent G'ulom G'afurov opponentligida “a'lo” bahoga himoya qildim.
Mening fikrimcha, bugungi kunda ham O'zbekiston xalq shoirlari Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, Iqbol Mirzo, xalq yozuvchilari Erkin A'zam, Xurshid Davron, el suygan shoirlar O'tkir Rahmat, Minhojiddin Mirzo, G'ayrat Majid, Asror Mo'min, Sirojiddin Rauf singari zukko ijodkorlarning dolzarb mavzularda yozgan publitsistik materiallari tadqiq qilishga arziydi. Domla hayot bo'lganida taniqli adiblarning matbuotda e'lon qilingan jurnalistik ishlarini tadqiqot qilish uchun talabalarga tavsiya etgan bo'lardi, deb o'ylayman.
Eng yaxshi dars o'tadigan domlalar kim desangiz, aksariyat talabalar professorlar Ochil Tog'ayev, Hamidulla Akbarov, dotsentlar Saydi Umirov, Boybo'ta Do'stqorayev va shular qatorida boshqa ustozlarni ham hurmat bilan tilga olishar edi.
Ular qatorida ko'pchilikning nazariga tushgan kuchli professorlar G'aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, To'g'on Ernazarov, Tal'at Solihov, dotsentlar Anvar Shomaqsudov, Omonulla Madayev, Sayyora Nizomiddinova, Ma'rifat Shoinoyatova, Tilak Jo'rayev (ustozlarni Olloh rahmatiga olgan bo'lsin) singari domlalarni ham talabalar o'zlariga juda yaqin olishardi. Ularning har biri o'zgacha bir dunyo bo'lib, o'ziga xos ilmiy maktab yaratgan fidoyi olimlar safidan joy olgan ulug' insonlar bo'lgan.
Professor Ochil Tog'ayevni ham g'ij-g'ij bilim va hayotiy tajribaga ega, ilm fidoyisi bo'lgan jur'atli inson sifatida jurnalistika fakultetida o'qigan katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. Umuman olganda, badiiy publitsistika juda kam o'rganilgan fan bo'lishiga qaramasdan, Ochil Tog'ayev shu sohaga mehr qo'yib, uning murakkab tadqiqi bilan astoydil shug'ullangan izlanuvchan, qat'iyatli olim edi. Domla har bir darsini g'oyat qiziqarli va maroqli o'tar, biz — talabalar 45 daqiqa davomida uning ma'ruzasini jon quloqlarimiz bilan tinglardik. Domla o'zbek badiiy publitsistikasining janrlari, ayniqsa, ocherk, felyeton, pamflet bo'yicha ma'ruza o'qiganlarida, go'yo mohir aktyorga o'xshab, rolga kirib ketar, taniqli adiblaru jurnalistlarimiz yozgan dolzarb maqolalarni mohirona tahlil qilgan holda, juda sodda va tushunarli tarzda gapirib berar edilar.
Ustoz Ochil Tog'ayev respublika davriy matbuotini muntazam kuzatib borar, yaxshi yozilgan dolzarb maqolalarni bizlarga nomma-nom sanab o'tib, mualliflardan ibrat olishni maslahat berardi. Matbuotda e'lon qilingan ayrim ocherk va maqola mualliflarining g'aliz jumlalaridan tashqari, so'zlarni noo'rin qo'llaganini aytib, talabalarga misollar bilan isbotlab berardi. So'zda badiiy did, nafosat va hissiyot uyg'unlashsagina o'quvchida o'zgacha taassurot qoldirishi, shu unsurlar bo'lmasa, aks ta'sir qilishini alohida ta'kidlab o'tardi. Dars jarayonida shular qatorida ustoz jurnalist etikasi — kasb odobi, so'z mas'uliyati, publitsistik mahorat, milliy matbuotimiz oldida turgan muhim masalalar xususida ham qimmatli maslahatlarini darig' tutmasdi.
Professor Ochil Tog'ayevning o'zi ham qalami o'tkir olim-publitsistlardan biri edi. “Jurnalistika sohasida dars o'tadigan o'qituvchi talabalarga o'rnak bo'lishi uchun o'zi ham munosib ibrat ko'rsata olishi, ijod namunalarini matbuot sahifalarida bot-bot e'lon qilib turishi shart”, der edilar. Domlaning o'zi bunga muntazam amal qilar, nimaiki maqola yozsa, u, albatta, dolzarb masalani ko'tarib chiqqan bo'lardi. O'zbek adabiy tanqidchiligi, adabiy jarayonning muhim voqealari, badiiy publitsistikasini rivojlantirish masalalaridan tashqari, davlat tilini yanada mustahkamlash, ekologik vaziyat, xususan, Orol muammosi, ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham baholiqudrat qalam tebratib turardi. Maqolalari “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”), “Yozuvchi” gazetalari, “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Yoshlik” jurnallarida bosilib chiqar, bu o'ziga xos, mahorat bilan yozilgan ijod mahsullari o'quvchilarning qizg'in bahs-munozaralariga sababchi bo'lar edi. “Davlat tili to'g'risida”gi qonun qabul qilinganida ustoz behad xursand bo'lgan edilar. Afsuski, mustaqillik yillarida ko'pgina sohalarda amalga oshirilgan izchil islohotlarni ko'rish olimga nasib etmadi.
Domla talabalarga saboq berar ekan, “Ko'p o'qigan ko'p narsa biladi, respublika matbuotini muntazam o'qib, kuzatib borish kerak, — deb doim ta'kidlardi. — O'z vaqtida yangiliklardan voqif bo'lib turish, jurnalist o'zining mustaqil fikrini ayta olishi uchun munosabatlarga har doim shay turishi lozim, hamisha oldinda yurishi kerak, eskirgan axborotning siyog'i kam bo'ladi. Turli mavzularda yozilgan maqola-reportaj bo'ladimi, ocherk yoki xabar bo'ladimi, uni o'qigan odamning axborotga tashnaligi, chanqoqligi, albatta, qondirilishi kerak, siyqasi chiqqan materiallar har qanday o'quvchining fikrini o'tmaslashtiradi”, derdi. Talabalarning diplom ishini erinmay o'qib chiqar, jiddiy tahrir qilib, shogirdlariga jo'yali maslahatlarini berib, muvaffaqiyat tilardi. Domla yozgi mehnat ta'tilida ham bekor o'tirishni xush ko'rmasdi. Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida butun vujudi bilan ijodga sho'ng'ib ketardi.
Professor Ochil Tog'ayev o'z e'tiqodiga, a'moliga sodiq prinsipial insonlardan biri edi. Chalasavod, nomiga dars o'tadigan o'qituvchilarni umuman yoqtirmas, jurnalistika fakultetiga tanish-bilish orqali yoki pul bilan adashib kirib qolgan talabalardan nima kutish mumkin, deb ular bilan hadeganda murosa qilavermasdi. Ochig'ini aytganda, domla biroz murosasiz, takallufsiz bo'lib, mehr ila qahr ham yo'q emasdi. Yoqtirmagan odamini ayab o'tirmas, savodsizligini ochiqdan-ochiq yuziga ayta oladigan jasoratli shaxs edi. Shu bois fakultetda bu tili achchiq professorga nisbatan g'arazgo'ylik qiladiganlar anchagina topilar, alalxusus, bu ilm maskanida biroz nosog'lom muhit yuzaga kelgani ko'pchilikni g'azablantirardi.
Ustozning o'nga yaqin kitob va darsliklari bo'lg'usi talabalar uchun dasturilamal bo'lib kelayotgani e'tiborga loyiq. Ochil Tog'ayevning 1963-1990 yillar mobaynida bosilib chiqqan “Asqad Muxtor”, “Kurash va qahramon”, “O'zbek badiiy publitsistikasi”, “Idrok va ijod”, “Qahramon — ijtimoiy hodisa”, “Adiblar va janrlar”, “Ibratli saboqlar”, “Prometey olovi”, “Publitsistika janrlari” singari o'nga yaqin kitoblari, jurnalistika sohasiga oid bir nechta o'quv-uslubiy qo'llanmalari, darsliklari o'zining chuqur mazmuni, yuksak professional tarzda yozilgani bilan oddiy talabadan to fan doktori, professorgacha ma'qul bo'lgan edi.
Xizmat safari bilan O'zbekistonga chet eldan kelgan taniqli olimlar, shuningdek, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining o'sha paytdagi dekani, professor Yasen Nikolayevich Zasurskiy va boshqa professor-o'qituvchilar domlaning ilmiy muloqotidan ko'ngli to'lganini fakultetimiz domlalari yaxshi eslashadi.
Akademik Vohid Zohidov “Publitsistika nazariyasi bo'yicha filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog'ayev nafaqat O'zbekistonda, balki O'rta Osiyoda ham yirik mutaxassislardan biri hisoblanadi. Olim o'zbek adabiyotshunosligi bo'yicha shu sohaning asoschisi”, deya e'tirof etgandi.
Domla poytaxtning qoq markazida joylashgan ko'p qavatli uyning ikkinchi qavatida istiqomat qilardi. To'rt xonali boshpananing ikkita xonasi turli kitoblarga liq to'la bo'lib, duradgor-ustalarga kitoblar uchun maxsus javon (etajerka) yasattirgan edi. Chamamda, javonda tartib bilan joylashtirilgan nodir kitoblar soni o'n ming atrofida bo'lgan-ov. Har qanday noyob kitob va darsliklarni domlaning shaxsiy kutubxonasidan topish mumkin edi. Kitoblari shunchalik ko'p bo'lishiga qaramasdan, domla har gal oylik maoshini olgan kuni odatdagidek kitob do'konlariga tashrif buyurar, o'qishga arziydigan bir nechta qiziqarli kitoblar xarid qilishni o'ziga odat qilib olgandi (hozirgi kunda ham qiymatini yo'qotmagan ustozga tegishli minglab nodir kitoblarning taqdiri nima bo'lganidan xabarim yo'q).
Ma'lumki, mutarjimlik yumushi ancha murakkab jarayon. Asar ruhiga kirib borish tarjimondan kuchli bilim, mahorat talab etadi. Hali respublikamiz mustaqillikka erishmagan, sobiq ittifoq davrida domlamiz badiiy tarjima bobida buyuk ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” kitobini o'zbek tiliga o'girishga kirishib, uni nihoyasiga yetkazgan edi. G'oyat qiziqarli sayohatnoma asarini “San'at” jurnali bir nechta sonlarida ketma-ket e'lon qilib bordi. Mahorat bilan o'girgan tarjima asari chiroyli kitob holida chop etilganini ko'rish, afsuski, ustozimizga nasib etmadi.
Ha, Ochil Tog'ayev yuragi katta, jasoratli qalb egasi edi. Dunyoning manaman degan siyosatshunos arboblari, tarixchi va muarrixlari yetti iqlimga mashhur muzaffar sarkarda Amir Temur shaxsiga nisbatan ijobiy yondashib, davlat boshqaruviga oid adolatparvarlik faoliyatiga xolis baho bergan holda yuzlab kitoblar yozib qoldirgan bo'lsa-da, o'sha vaqtlar sobiq ittifoq davrida Sohibqiron bobomiz shaxsiga nisbatan qarashlar haminqadar edi. Ustoz hech ikkilanmasdan Kastiliya qiroli Genrix III ning Sohibqiron huzuriga yuborgan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning asarini tarjima qilishdek zalvarli, mas'uliyatli yumushga jur'at eta oldi.
Yana shuni ham alohida ta'kidlab o'tish joizki, poytaxtning Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida turli adabiy yig'inlar tez-tez o'tkazilar, ustoz bu tadbirlarning deyarli barchasida qatnashib, o'zining jo'yali fikrlarini qo'rqmasdan dadil ayta olardi. Aksariyat ziyolilardan iborat tadbir ishtirokchilari domlaning so'zlarini bir ovozdan qo'llab-quvvatlab turardi. Chunki professor Ochil Tog'ayev chin ma'noda millatsevar, adolatparvar inson bo'lganini ko'pchilik yaxshi bilardi. Qaysidir mashvaratda “Turkiston” san'at saroyining Maksim Gorkiy nomidagi akademik rus drama teatriga berilishiga birinchilardan bo'lib dadil qarshi chiqqan dovyurak olim edi.
Mashhur o'zbek adibi, jamoat va siyosat arbobi, taniqli diplomat, yozuvchi va olim Sarvar Olimjonovich Azimov domlani g'oyat hurmat qilardi, ularning munosabatlari juda yaqin ekanligidan xabarim bor. “Do'stning yuztasi oz, dushmanning bittasi ko'p”, deganlaridek, Sarvar Azimovdek buyuk qalb egasining g'animlari ham yetarli edi. Eshitishimga qaraganda, saksoninchi yillarning oxirrog'i bo'lsa kerak, Yozuvchilar uyushmasida bo'lib o'tgan katta mashvaratda Sarvar Azimovni qo'llab-quvvatlab, minbardan so'z olgan jasoratli insonlardan biri professor Ochil Tog'ayev bo'lgan ekan. Domla Sarvar Olimjonovichga havas qilib, yangi tug'ilgan nabirasiga yaxshi niyat bilan Sarvar deb ism qo'ygan ekan. Taqdirning inoyatini qarangki, Sharqshunoslik institutining arab filologiyasi fakultetini muvaffaqiyatli bitirgan Sarvar Ochil bobosini yaxshi bilgan taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Hisom G'ulomovning evarasi (zukko olima, filologiya fanlari doktori, professor Gulandom Boqiyevaning nevarasi) Hilolaxonga uylandi. Sarvar ayni paytda oilasi bilan xorijda istiqomat qiladi.
O'tgan asrning 90-yillarida domlaga hukumat tomonidan yangi, noyob sanalgan fil suyagi rangli “Gaz-2410” rusumli “Volga” yengil avtomobili ajratildi. O'sha vaqtning pulida 15000 (o'n besh ming) rubl, qora bozorda esa 50000 (ellik ming) rubl atrofida turardi. Sobiq ittifoq davrida “Volga” mashinasi ancha taqchil bo'lib, har kimga ham berilavermasdi. Ustozimizning respublika rahbariyati va jamoatchilik oldida hurmati bor ekanki, yangi ulovga loyiq ko'rilgan.
Professor Ochil Tog'ayev faqat oylik maosh bilan kun ko'radigan halol, pokdomon insonlardan biri bo'lib, poraxo'rlik, tamagirlik illatlaridan ancha nari yurardi. Yangi mashinaning pulini to'lashda ustozning qo'li kaltalik qilib qoldi. Ilmiy jamoatchilikka yaxshi tanilgan mashhur professorning yillar davomida yiqqan bisotidagi jamg'armasi atigi 4000 (to'rt ming) rubl ekan. Noiloj qolgan domla yaqinlaridan qarz ko'tardi. Shunisi qiziqki, o'sha paytlar domlaning o'rnida ishlagan ayrim ustozlarda bir emas, ikkita “Volga”ning puli topilardi. Chunki ustoz yozgan kitoblari, darsliklari uchun ba'zilarga o'xshab katta-katta qalam haqi talab qilmas, halol yashar edi. Yuqorida ko'p ta'kidlaganimizdek, eng yaqinlaridan olgan qarzini ustoz qiynalib bo'lsa ham sekin-asta uzdi. Hech kimdan qarz bo'lib qolmadi. Aksincha, ustozdan biz kabi yuzlab shogirdlarining bergan bilim, maslahatlari, o'gitlari bois ulardan qarzimiz ko'p edi.
Domlaning haydovchilik guvohnomasi bo'lsa-da, mashinani deyarli haydamasdi. Qaerga borish kerak bo'lsa, meni o'ziga hamroh qilib olardi. Aksariyat hollarda mashina haydashni menga ishonib topshirardi. Ustoz yangi avtomobilning old o'rindig'ida o'tirib, yon-atrofni tomosha qilib ketishni yoqtirardi. Domla ko'rinishidan ancha jiddiy, mag'rur insonday tuyulsa-da, kamtarin olim edi. Yangi mashinasini biror marta bo'lsin, maqtanib, xo'jako'rsin uchun fakultetga olib kelganini eslolmayman.
Domla bilan munosabatlarimiz iliqligini eshitgan bir tanishimiz “O'g'limni universitetda o'qitmoqchiydim, professor Tog'ayev yordam bermasmikan, rozi qilardim”, deb so'radi. Kunlarning birida domlaga bu gapni yotig'i bilan aytgandim, ustozning biroz jahli chiqqanday bo'lib: “Bilimi bo'lsa, shundog'am tanish-bilishsiz kirib o'qiyveradi. Poraxo'rlik hech qachon yaxshilikka olib kelmagan, halol luqmaga nima yetsin! Buni menga bir aytding, bu mavzuda menga boshqa gapirma”, dedilar. Ochig'ini aytganda, domla olti nafar farzandini o'zi ishlab turgan nufuzli universitetda o'qitishi mumkin edi, biroq oriyatli ustozimiz buni o'ziga ep ko'rmadi.
Professor Ochil Tog'ayev ortiqcha hoyu havas, mansab-amalga ham unchalik qiziqmasdi. Eshitishimga qaraganda, saksoninchi yillarning oxirlarida jurnalistika fakultetining “Matbuot nazariyasi va amaliyoti kafedrasi” mudirligiga dotsent Boybo'ta Do'stqorayev bilan ustozning nomzodi qo'yilgandi. Shunda domla fan doktori, professor bo'lishiga qaramasdan, shaxsiy manfaatini o'ylamay, kafedra mudirligi lavozimiga shogirdi Boybo'ta aka nomzodiga ovoz berganini hanuz eslab yurishadi bu voqeadan xabardor bo'lgan domlalar.
Ayrim paytlari haftaning shanba va yakshanba kunlari domla bilan Toshkent tumanidagi Ko'ksaroy mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan hovlisiga tez-tez borib turardik. Qo'limdan kelgancha hovlidagi daraxtlarga shakl berib, yerni chopishga ko'maklashardim. O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasida ko'p yillar faoliyat yuritgan respublikada xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, Hamza mukofoti laureati Maqsud Yunusov ustozning yon qo'shnisi edi. Domlaning kelganini eshitgan zahoti Maqsud aka gurungga kelardi. Ikki fan va san'at arboblari ijodiy masalalar yuzasidan uzoq suhbatlashar, bundan kamina ma'naviy zavq olardim. Hozirgi kunda bu fayzli hovlida olimning bojxona xizmatidan nafaqaga chiqqan farzandi Furqat Tog'ayev oilasi bilan istiqomat qilib kelmoqda.
Shodlik va qayg'uning orasi bir qadam, deganlaridek, to'qson birinchi yilning boshida domla qattiq betob bo'lib qoldi. Kundan-kun ozib keta boshladi. Muolajalarning foydasi bo'lmagach, domlaning yangi mashinasida Ohangaronda bir tabibnikiga borishga to'g'ri keldi. U tabiiy giyohlardan turli malhamlar tayyorlab berdi. Bular ham naf bermagach, o'sha vaqtlar Andijonda nomi chiqqan bir tabibga borishga majbur bo'lindi. Tushdan keyin vodiy tomon yo'lga otlanib, kechga yaqin farg'onalik taniqli jurnalist Shokirali Nuraliyevning xonadoniga borib, bir kecha tunadik. Erta tong saharda, avvalo, Allohdan shifo istab, yaxshi niyatlar bilan “Andijon, qaydasan?” deya yo'lga chiqdik. Andijonga kelib, tabibning uyini surishtirib topdik. Bu tabib ham turli xil giyohlardan damlamalar tayyorlab, bir nechta tavsiyalar berdi.
Poytaxtga qaytib kelgach, ustoz tabiiy malhamlarni icha boshladi. Biroq bularning hech qaysisi kor qilmadi, aksincha, domlaning dardi battar og'irlashib, kundan-kun ozib-to'zib keta boshladi. Og'ir xastalik ortga chekinmadi. Barcha qilgan sa'y-harakatlar zoe ketdi. Ustozning qazosi yetgan ekan, oradan ko'p o'tmay, 1991 yilning 28 oktyabrida 66 yoshida, ilmiy-ijodiy ishlari ayni cho'qqiga ko'tarilayotgan chog'da bu foniy dunyoni tark etdi. Qashqadaryodan xeshu aqrabolar yetib kelishdi, janozada ancha odam yig'ildi, Ustoz “Minor” qabristoniga qo'yildi.
Ustoz o'limi oldidan kattagina vasiyatnoma yozib qoldirgan ekan. Shogirdlariga iloji boricha Anora va Baxtiyorning oliy ma'lumot olishiga yordam berish to'g'risida vasiyat qilingan edi. Anora o'zining bilimi bilan o'qishga kirdi. Uchinchi bosqich talabaligi chog'ida mening uyali telefon raqamimni kimdandir surishtirib topib olgan ekan, men bilan bog'lanib: “Ustozingiz Ochil Tog'ayevning qizi Anora bo'laman. O'qishim bilan bog'liq bir iltimosim bor edi, O'zbekiston Milliy universiteti binosida uchrashsak bo'ladimi?” dedi biroz xijolat tortib. “Bo'pti, singlim, yordam berishga harakat qilaman, haqiqatan rahmatli dadang ustozim bo'lardi”, dedim. Ertasi kuni uchrashdik. Anora ko'rinishidan dadasiga juda o'xshab ketardi. Uning arzimagan muammosini hal qilish maqsadida o'zbek filologiyasi fakultetining o'sha paytdagi dekani, taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning qabuliga kirdik. “Shu arzimagan narsa uchun Azamat akani ovora qilib yuribsanmi? To'g'ridan-to'g'ri mening oldimga kelib, professor Ochil Tog'ayevning qiziman, desang bo'lardi-ku! Biz hammamiz dadangni yaxshi tanirdik, hurmat qilardik, katta olim edi”, deganida Anoraning ko'zidan yosh chiqib ketdi. “Dekanimiz dadamni tanishini, hurmat qilishini bilganimda, sizni ovora qilmasdim, uzr”, deb men bilan xayrlashib, fakultetda qoldi. Anora poytaxtga o'qishga kelgan zahoti aka-opalarini topib, muloqotga kirishib, inoqlashib, bordi-keldi qilib yurganidan xabarim bor.
Ustozning sadoqatli shogirdlari bisyor edi. Katta olim va zukko munaqqid Mahkam Mahmud (Andijoniy), professorlar Boybo'ta Do'stqorayev (Alloh rahmat qilsin), Mansur Bekmurodov, yetuk olim va publitsist G'ulom G'afurov, yozuvchi va jurnalist, qirqdan ziyod kitoblar muallifi (unvonsiz ijodkor) Hakim Sattoriy, shoir va jurnalist, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg'armasi boshqaruvi raisi Amirqul Karim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar Mixli Safarov, Salim Ashur, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri, jurnalist-huquqshunos, shoir Sirojiddin Rauf, taniqli olim-publitsist, filologiya fanlari doktori, professor Halim Saidov va boshqa yuzlab olim, shoir va jurnalistlar bilan faxrlanardi. Olim va yozuvchilar — akademik Naim Karimov, filologiya fanlari doktori, professor, fan arbobi Begali Qosimov, taniqli filolog-olim, professorlardan Asil Rashidov, Sharif Yusupov, Botir Norboyev, fan nomzodlari Narimon Hotamov, Norqul Bekmirzayev, Mahmud Sattorov singari ziyolilar bilan yaxshi munosabatda edi. Shular qatorida katta adib, millatparvar yozuvchi Mamadali Mahmudov (Evril Turon)ning ijodiga o'zgacha bir xayrixohlik bilan xolis munosabat bildirardi.
Jurnalistika fakultetining sobiq talabalari — O'zbekiston xalq yozuvchilari Shukur Xolmirzayev, Erkin A'zam, Tog'ay Murod, xalq shoirlari Usmon Azim, Anvar Obidjon singari taniqli ijodkorlarning o'zini ham, ijodini ham bag'oyat hurmat qilardi. Domlaning bevosita tashabbusi bilan mashhur ijodkorlar bilan talabalar o'rtasida ijodiy uchrashuvlar tez-tez o'tkazib turilganiga guvoh bo'lganman. Mashhur shoir va yozuvchilar, taniqli olimlar Uyg'un, Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Omon Muxtor, akademik Matyoqub Qo'shjonov, filologiya fanlari doktori, professor, fan arboblari Asil Rashidov singari ziyoli insonlar bilan bo'lgan qiziqarli muloqot uchrashuvlarida talaba sifatida shaxsan ishtirok etganimni yaxshi xotiralar bilan eslayman.
Hadisi sharifda “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deyilgan muqaddas kalom bor. Inson qancha ko'p yashagani bilan emas, umri davomida amalga oshirgan ezgu ishlari, ma'naviy-ma'rifiy saboqlari, kelajak avlodning kamol topishi uchun beminnat xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqotlari, xayrli va savobli yumushlari orqali kishilar qalbida chuqur iz qoldirgani bilan ahamiyatli. Ustoz uzoqroq yashaganida yana bir nechta kitob va darsliklar muallifiga aylanarmidi, degan o'y hamon bezovta qiladi meni.
Gapning indallosini aytganda, domlaning kitob, darsliklarini qayta ko'rib chiqib, o'sha mustabid tuzum davridagi mafkuradan xoli tarzda qayta nashr etilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi. Chunki ilmga chanqoq, bilimdon ustozimizning jurnalistika, badiiy publitsistik mahorat muammolariga bag'ishlangan fikr-mulohazalari, chuqur tahlillari hanuzgacha o'z ahamiyatini yo'qotganicha yo'q. Qolaversa, jonkuyar, ilm-fan fidoyisi, professor Ochil Tog'ayevning nomini abadiylashtirish masalasi ham kun tartibiga kiritilsa, g'oyat xayrli, adolatli yumushlardan biri bo'lar edi. Chunki bu insonning ilm-fan ravnaqi, yetuk mutaxassislar tayyorlashga qo'shgan bemisl hissasi bularga arziydi.
Yana bir taklif shuki, jurnalistika sohasida tahsil olayotgan yoshlar — bo'lajak jurnalistlar professor Ochil Tog'ayevning kitoblarini o'qiyotgan bo'lishlari mumkin, ammo ular u kishini ko'rib ulgurmagan, haqiqiy ilm fidoyisi bo'lgan bu inson haqida tasavvurlari ham deyarli yo'q hisobi. Hali ham kech emas: domla Tog'ayev, uning kamtarona xizmatlarini zarracha kamsitmagan holda, suratini fakultet jamoasi rasmlari qatorida qo'yib, qisqacha tarjimai hollari, ilmiy-ijodiy faoliyati, yozgan kitoblari haqida ma'lumotlar berilsa, yana bir ezgu-savob ishga qo'l urilgan bo'lur edi.
Shu yil beqiyos qalb va ilm sohibi, professor Ochil Tog'ayev tavalludining 100 yilligi, bir asrlik sana. Ustoz nomiga chuqur ehtirom ko'rsatilsa arziydi. Zero, o'zbek ilm-fani, pedagogikasi hamda jurnalistikasida Ochil Tog'ayev fenomeni haqida hali deyarli hech narsa aytilgani yo'q.
Azamat SUYuNOV,
O'zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari
a'zosi.
