Muqaddas opaning ijodiy olami

Yaqinda biz o'zgacha hayajon va ehtirom bilan bir davraga jam bo'ldik. O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi hamda Olmazor tumanidagi “Quyosh” mahallasi kutubxonasi hamkorligida ajoyib ijodiy kecha o'tkazildi. Ushbu tadbir serqirra faoliyati va madaniyatimiz rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi bilan xalqimiz ardog'iga sazovor bo'lgan ijodkor – O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Do'stlik” ordeni va birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibasi hamda “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Muqaddas Abdusamatova ijodiga bag'ishlandi.

Ma'naviy-ma'rifiy kechada Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi jamoasi, poytaxtimizning 10 ta tumanidagi axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, M.Abdusamatovaning yaqinlari, kasbdoshlari va shogirdlari ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda Olmazor tumani “Quyosh” mahallasi kutubxonasining faol kitobxonlari, “Nuroniy” jamg'armasining Olmazor tuman bo'limi va ma'naviyat bo'limi vakillari, mahalla faollari, taniqli yozuvchi va shoirlar hamda OAV xodimlari qatnashdilar.

Har bir inson umri – bir doston, bir sahifa. Ammo shunday umrlar borki, ular jamiyat ma'naviyati va madaniyatiga yorug' nur olib kirib, mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi. Bunday hayot yo'lini chin ma'noda “saodatli umr” deb atash mumkin. Ushbu ma'naviy-ma'rifiy kecha aynan shunday sermahsul ijodiy umr egasi — Muqaddas Abdusamatova faoliyatiga bag'ishlandi.

Muqaddas opa Toshkent shahrida ziyoli ­oilasida tavallud topgan. Uning umr sahifalari ilk davrlardan boshlab ilmga chanqoqlik va so'zga muhabbat bilan yo'g'rildi. 1960 yili poytaxtdagi 22-o'rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan Muqaddas Abdusamatova oliy ta'limni Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakulteti kechki jurnalistika bo'limida davom ettirdi. Bu davr u kishining kelgusi ijodiy faoliyati uchun mustahkam poydevor bo'ldi.

Ijodkorning mehnat faoliyati 1966 yildan boshlangan bo'lib, u o'zbek jurnalistikasining yirik vakillaridan biri sifatida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasining adabiyot va san'at bo'limida adabiy xodim sifatida ish boshlagan Muqaddas opa qariyb 30 yildan ortiq vaqt davomida ushbu gazetada mehnat qildi, o'zbek jurnalistikasi va adabiyoti rivojiga katta hissa qo'shdi. Uning ustozligida necha yuzlab ijodkor yoshlarning qalami charxlandi, asarlari keng jamoatchilikka yetkazildi.

Muqaddas Abdusamatovaning “Umr lahzalari”, “Onalik baxti”, “Fazilatim – fozilaligim”, “Umr – ipga terilgan marjon”, “Shukrona”, “Saylanma”, “Ortda qolgan izlar”, “Uyg'oq tuyg'ular”, “Oila muqaddas”, “Buncha shirinsan, hayot!” kabi qator she'riy va nasriy kitoblari nashr etilib, keng kitobxonlar ommasining mehrini qozongan. Ushbu asarlar inson ruhiyatining eng nozik qirralarini, ona Vatanga muhabbatni, oila muqaddasligi va insoniy fazilatlarni teran tarannum etishi bilan alohida ajralib turadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek: “Kitobga bo'lgan muhabbat – ma'naviy kamolotning eng muhim poydevori, u har qanday rivojlanishning asosi hisoblanadi”. Aynan shu poydevorni mustahkamlashda, ma'rifatli jamiyatni barpo etishda kutubxonalar, xususan, mahalla kutubxonalari eng muhim bo'g'in vazifasini o'taydi. Bu maskanlar yoshlarimizning dunyoqarashini kengaytirib, ularga chuqur bilim berish bilan birga, milliy qadriyatlarimizni, o'zbekona odob-axloqni ham singdiradi.

Mahalla kutubxonasi – bu birlik maskanidir. U yerda turli avlod vakillari bir davrada jam bo'lib, kitob haqida suhbatlashadi, fikr almashadi, o'zaro tajriba ulashadi. Bu esa o'z-o'zidan mahalla hayotini yanada jonlantiradi, inoq va ahil muhitni shakllantiradi. Bunday ziyo maskanlari faoliyatini jonlantirishda M.Abdusamatova kabi fidoyi ijodkorlarimizning ham o'rni beqiyos.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston mahallalari uyushmasi oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim boshlig'i G.Yo'lchiyeva, “Nuroniy” jamg'armasi Olmazor tumani bo'limi raisi M.Mirpo'latov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Umarova ayol nafaqat oila fayzi va farzand tarbiyachisi, balki jamiyatning ma'naviyat ko'zgusi ekanligini ta'kidladilar. Ayniqsa, Muqaddas opa kabi o'z ijodi bilan minglab dillar ma'naviyatini boyitgan, so'z san'ati gulshanida o'z o'rniga ega ijodkor ayollarimiz faxrimiz va g'ururimiz ekanligi, ularning har bir asarida Vatan tuyg'usi, insoniy qadriyatlar va beg'ubor mehr tarannum etilib, ona yerga cheksiz sadoqat va ayollik latofati barq urib turishini alohida e'tirof etdilar.

Darhaqiqat, kitobsiz jamiyatda taraqqiyot ham, ma'naviyat ham bo'lmaydi. Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bir davrda Muqaddas Abdusamatova kabi ma'rifat targ'ibotchilarining xizmatlari beqiyosdir. Zero, ustoz o'z she'rlaridan birida yozganidek:

Kitob – qalbga berguvchi sado,

Ruhimizga baxsh etar hayot.

Unda yashar hikmat va davo,

Nur yo'liga boshlar bepoyon.

Darhaqiqat, Muqaddas opaning ijodiy olamiga nazar tashlar ekansiz, undagi samimiylik va hayotiylik har qanday o'quvchini o'ziga rom etadi. Shoira lirik qahramonining tilidan to'kilgan mana bu satrlarni tinglang-a:

Har bir satrimda yashaydi umid,

Har bir so'zimda Vatan ifori.

Ko'nglim daryosini xalqimga berdim,

Ezgu duolarni ustimga kiydim.

Yashadim dunyoda fidoyi bo'lib,

Satrlar bag'rida mangu tirilib.

Samimiy dil izhorlari bu! Shunday, ustoz Muqaddas Abdusamatovaning har bir so'zidan Vatan ifori keladi, har bir satrida insonlarga bo'lgan cheksiz mehr yashaydi. Ma'naviy-ma'rifiy kechada biz mana shu mo''jizakor ijod yo'liga birgalikda sayohat qilish bilan birga, ustozning o'zlaridan hikmatli so'zlarni tinglab, dilimizni nurga to'ldirish imkoniga ega bo'ldik.

Hafiza KARIMOVA,

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona

markazi direktori,

pedagogika fanlari bo'yicha

falsafa doktori (PhD).

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =