Turksoy – turkiy dillarni tutashtirgan ildiz

Adabiyot chegara bilmaydi, uning uchun masofalar o'lchami daxlsiz. Uning kuchi moziy va kelajakni bog'laydigan, dillarni va yo'llarni birlashtiradigan darajada qudratli.

Adabiyot — barcha davrlarda xalqlar o'rtasidagi do'stlikni, siyosiy va madaniy munosabatlarni yanada mustahkamlovchi ko'prik bo'lib xizmat qilgan.

Bugungi qardosh mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro bordi-keldi aloqalar, qo'shnichilik munosabatlarining yanada yaqinlashuvida ham uning o'rni asosiy mezon sifatida qaralyapti.

Yaqin yilliklar oralig'ida tili va dili bir-biriga yaqin, ildizi bir qardosh mamlakatlar o'rtasidagi adabiy aloqalar tizimi yanada rivojlandi.

Qardosh xalqlar adabiyotidan bir-biriga tarjima kitoblarning salmog'i va sanog'i oshdi. Xalqaro adabiy tadbirlarning ko'lami yanada kengaydi.

Yuqoridagi fikrlarimning tasdig'i sifatida Turksoy — xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning o'rni beqiyos.

Tashkilot turkiy xalqlar yozuvchilari, shoirlari va tarjimonlarini muntazam bir maydonga jamlayapti, ayniqsa, yosh ijodkorlarning o'zaro tanishuvlari va ijodiy hamkorliklari uchun yo'l ochib beryapti.

Tashkilotning navbatdagi tadbiri ham ko'tarinki ruhda, go'zal taassurotlarga boy bo'ldi.

Shu yilning 16-17 iyul kunlari Ozarbayjonning madaniy poytaxti Shusha shahrida Turkiy dunyo yosh shoirlarining II festivali o'tkazildi. Anjumanda Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Turkiya, Turkmaniston davlatlaridan yigirmadan ortiq ijodkorlar qatnashdi.

Ushbu tadbirda yurtimizdan vakil sifatida to'rt ijodkor — Islom Ali, ya'ni men va Madina Norchayeva hamda Allayor Darmenovlar ishtirok etdik.

Assalom, Ozarbayjon!

Boku aeroportida iste'dodli shoir akamiz Shuhrat Orifni uchratib qoldik. U festivalga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan ekan. Vatandoshlarimiz guruhi yana bittaga ko'paygani hammamizni xursand qildi. Aeroportdan chiqishda bizni tashkilotchilar tomonidan tayinlangan haydovchi akamiz samimiy kutib oldi. Hazil-mutoyibalar bilan Boku markazidagi “Marriot” mehmonxonasiga yetib bordik. Barchamizning ko'nglimizda bir olam zavqu shavq, hayrat. Mashinadan tushishimiz bilan yuzimga namchil va xushbo'y havo urildi.

“Aka, dengizning hidini qarang, rosa yoqimli ekan. Mehmonxonaga yaqin, shekilli”, — dedi Madina.

Shuhrat Orifning “Sal narida dengiz bor” degan gapidan so'ng osmon bilan tutashayotgan to'lqinlarni kuzatish ishtiyoqi ko'nglimga tinchlik bermadi. Shuhrat aka mehmonxonada ro'yxatga olish ishlarini tugatgunga qadar biz sabr qilmasdan tashqariga oshiqdik. Mehmonxonaning orqa tomonidan chamasi ikki yuz metr yurgach, Kaspiy dengizi boshlandi. Sohil bo'ylab qurilgan Boku bulvarining adog'i ko'rinmaydi. Shamol kuchli. Besh-olti chag'alay boshimiz uzra charx urar, bu holat hayratimizga tag'in zavq ulashardi. Suvning yuzida yog' (neft) qalqib turibdi. Ancha vaqtgacha suv bo'yida suhbatlashdik, esdalik uchun suratlarga tushdik.

Mehmonxonaga joylashgach, birin-ketin boshqa qardosh mamlakatlar delegatsiyalari kelishdi. Garchi ular bilan birinchi marta ko'rishayotgan bo'lsak-da, ko'p yillik tanishlardek salomlashdik. Barchaning ko'nglida qardoshlik tuyg'ulari jo'sh urib, zumda ming yillik qadrdonlarga aylandik. Kechki taomdan so'ng sohil bo'yida rasmiy tanishuv tadbiri o'tkazildi. Turksoy tashkiloti rahbari Sulton Rayev bilan kechgan suhbatlar samimiy va esda qolarli bo'ldi. Turkiy xalqlarning ulug' shoirlari, yozuvchilari, arboblari eslandi.

Shundan so'ng biz Oq shaharni sayr qilishga oshiqdik. Bokuning eng qadimiy maskani — “Ichki shahar” ko'chalarini kezdik. Bu ko'chada tarixiy inshootlar juda ko'p ekan. Yo'laklar bo'ylab kezarkanmiz, tarixiy va o'z holicha saqlab qolingan baland bir minora e'tiborimizni tortdi. Minora “Qirqqiz qal'asi” deb nomlanar ekan. U bilan bog'liq mashhur afsonaga ko'ra, qirq nafar qiz dushmanlardan himoyalanish uchun shu qal'adan panoh topgan. Shu bois unga “Qirqqiz qal'asi” nomi berilgan ekan. Ko'cha oxirida mashhur “Brilliant qo'l” filmi suratga olingan joy. Bu yo'lak xalq tilida “Chyort poberi” degan mashhur ibora bilan ataladi. Ziyoratgohlar, do'konlar, toshli yo'laklar, qadimiy ashyolar — barcha-barchasi Ichki shahar ko'chalariga o'zgacha zeb berib turardi.

Shushaga ulangan she'riyat yo'li

Ertalab Ozarbayjonning madaniyat shahri Shushaga yo'lga chiqdik. Yo'l-yo'lakay avtobusda qo'shiqlar aytildi, ijodiy suhbatlar davom etdi. Kayfiyat barchada ko'tarinki. Qorabog'ning osmono'par tog'lari bo'ylab yastanib yotgan yashillik ruhimizga huzur bag'ishlaydi. Goh oynadan tabiatning go'zalligini tomosha qilamiz, goh ko'ngilda tug'ilgan ajib tuyg'ularni satrlarga aylantiramiz. Turkmanistonlik ijodkor do'stim Karim Halliyev kitobidan, Garaxanjar og'a Turkmaniston milliy do'ppisidan sovg'a qildi. Biz ham sovg'a ulashish bobida bo'sh kelmadik. “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallaridan, o'zbekistonlik shoir va yozuvchilarning kitoblaridan ulashdik. Qozoq qardoshimiz Qunduz Jubayeva yo'l-yo'lakay she'rlarimizdan tarjima qilibdi. Mana shunday xursandchiliklar bilan Shushaga yetib keldik.

Ijrolarning tili farq qilsa-da, ohanglar ko'ngilga yaqin. Barchasida turkiy elatlarning tarixi, madaniyati sado beradi. Mushoira va adabiy gurunglar qizigandan-qizib, vaqtni ham unutdik. Chiroyli davra, samimiy tilaklar, o'tli va gulduros she'rlar, sohir qo'shiqlar… Shushadagi kunimiz mana shunday go'zal taassurotlar bilan yakunlandi.

Voqif she'riyat festivali

Ertalab “Voqif she'riyat kunlari” festivalida ishtirok etish uchun Ag'dam shahriga jo'nadik. Festivalni Turksoy tashkiloti raisi Sulton Rayev ochib berdi. Festivalda mezbon mamlakatdan Nodir Rizali, Kamol Huseynzoda, Tural Balabeyli, qozog'istonlik Aliya Inkarbek, Qunduz Jubayeva, Nurtileu Qodirqul, Yedilbek Duisenov, Maqsat Dauilbay, Qirg'izistondan Melis Mamatjan o'g'li, Irisgul Izatova, Maqsat Jangaziyev, yurtimiz vakillari sifatida Madina Norchayeva, Allayor Darmenov, Turkiyadan Emre Demir, Melike Yavuzay, Umit Chichekchi hamda turkmanistonlik Garaxanjar Bayxanov, Karim Halliyev, Yusup Meredov singari tengdoshlarimiz ishtirok etishdi. Tashkilot rahbari Sulton Rayevning ijodimga bo'lgan fikrlari va e'tirofi menga yanada kuch berdi.

Festivaldan so'ng Shuhrat Orifning ozar tilida nashr etilgan “Maktubdir ömrüm” kitobi taqdimoti o'tkazildi. Ijodkorlarga muallifning kitoblari tarqatildi. Shundan so'ng Shushaga qaytib, Qorabog' xonining vaziri, shoir Mulla Panoh Voqif qabrini ziyorat qildik. Mahalliy aholi va mehmon ijodkorlar uchun madaniy konsert dasturi o'tkazildi. Xonandalar ijrosida Qorabog' tarixini, madaniyatini ulug'lovchi qo'shiqlar kuylandi. Festival ishtirokchilari taqdirlandi. Tashkilotchilar tomonidan o'zbek she'riyati e'tirof etildi.

Qorabog'ning jarohatlari

Bir davra suhbatida ozarbayjonlik shoir Intiqom Yashar shunday dedi:

“Ozar she'riyatining so'nggi o'ttiz yilligi Qorabog'ga ataldi. E'tibor qaratsangiz, vayronalarga askarlarimiz ismlarini yozishgan. Bular shunchaki yozuv emas, bular Qorabog'ning ismlari, bular Vatanning ismlari”. Qorabog'da qayta qurilish ishlari bo'lyapti ekan. Zamonaviy binolar qad rostlayapti. Biroq urushning asoratlari, vayronalar, qulf osilgan egasiz uylar, ochiq qolgan qarovsiz hovlilar, bo'm-bo'sh ko'chalar ko'ngilni xira qiladi. Qorabog'ning tarixiy joylarini yana aylandik. Shoirlarga, bastakorlarga qo'yilgan haykallarni kuzatarkanman, ko'nglim behuzur bo'ldi. O'qqa tutilgan haykallarning badani ilma-teshik. Minoralarning mungli va xaroba qiyofasi urushdan qolgan jarohatlarga aylangan. Cho'lqal'a mahallasida joylashgan “Xon qizi bulog'i”ga bordik. Buloq Qorabog' xonligining so'nggi hukmdori Mehdiqulixonning qizi, mashhur shoira Xurshidbonu Notavon tashabbusi bilan barpo etilgan ekan. Shoiraning buloq devorlariga tushirilgan satrlari ham o'chib ketibdi…

“Sharq yulduzi” va “Yoshlik” jurnallari sayyohlar nigohida

Bokuga qaytib, birinchi mehmonxonaga qayta joylashdik. O'zbekistondan olib borilgan jurnallar va kitoblarning yarmi turibdi. Guruhimiz bilan maslahatlashib, olishga ulgurmagan ijodkorlarga ulashadigan bo'ldik. Zalda qardoshlarimizga jurnallarimizni ta'riflab turgan vaqtimiz mehmonxona xodimi keldi. Uning nigohlaridan adabiyotga qiziqishi sezilib turardi. Dilfuza opa bergan ikkita jurnaldan keyin quvonib, minnatdorlik izhor qildi. Kuzatib tursam, to'g'ri borib mehmonxonaning matbuot burchagiga taxlangan nashrlar qatoriga qo'shdi. Javon yonida uch-to'rt chog'li ingliz, hind sayyohlari jurnal varaqlashyapti.

Dilfuza opa menga yuzlanib: “Qarang, Islomjon, jurnallarimizni dunyo o'qiydigan bo'ldi”, dedi.

Men javob qaytardim: “Turkiy xalqlar adabiyoti dunyoni birlashtirmoqda, opa”.

* * *

Safarimiz qaridi. Yurtga qaytdik. Samolyotimiz havoga ko'tarilarkan, barchamizning ko'nglimizdan bir his kechardi. Barchamizning nigohimizdan Ozarbayjonni, Qorabog'ni, Shushani qayta sog'inayotganimiz sezilib turardi. Ko'z oldimda go'zal xotiralar tasmasi qayta aylandi. Lekin ona yurtimizga qaytish yanada yoqimli edi…

Islom ALI.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =