Rayyonaning quvonch yoshlari

Dunyoda ilmdan yuksak hikmat yo'q. Ilm olishga intilayotgan yoshlar bugun maktab partalarida ustozlardan saboq olishmoqda.

Ma'lumotlarga qaraymiz: 2023-2024 o'quv yilida O'zbekiston maktab o'quvchilari tomonidan xalqaro fan olimpiadalarida jami 122 medal qo'lga kiritildi. Bu natija hozirga qadar erishilgan eng yuqori ko'rsatkich hisoblanadi.

Yana ma'lumot uchun aytadigan bo'lsak, o'tgan yilda olimpiadachi o'quvchilar tomonidan 65 ta medal qo'lga kiritilgan. Bugun shu medal sohibalaridan biri haqida hikoya qilmoqchimiz.

Rayyona Ibrohimova – Andijon shahridagi 4-umumta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi. Germaniyaning Gyottingen shahrida o'tkazilgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida (The Internationale Deutscholympiade — IDO) oltin medalni qo'lga kiritgan.

2024 yil 15-22 iyul kunlari bo'lib o'tgan olimpiadada 62 ta davlatning 14 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Olimpiada uchta yo'nalishda — A2, B1 va B2 darajada o'tkazildi, Rayyona B1 daraja yo'nalishida oltin medal oldi.

Rayyona eng umidli yoshlarimizdan. Hali kelajagi oldinda. Hali maktabda o'qiydi. Shunday bo'lsa ham, allaqachon yurtimiz bayrog'ini yelkalarida tutib, qanday farah tuyib ulgurdi. Shu emasmi inson degan nomni oqlash saodati?

U avvaliga o'zini adabiyotda sinab ko'rdi. Axir 1-sinfdan kichkina she'rlar yozib yurardi. Yana bobosi har doim “Zulfiya mukofoti oladi mening qizim”, deb umid qilardi, ko'p takrorlardi. Kichkina bo'lsa ham Zulfiyaxonim qizi bo'lishga intilganidan, “Nima qilsam bu mukofotni olaman?” deb so'raganida, bobosi: “Onangga o'xshab she'r yozsang”, deb javob bergan ekan. Bu, ehtimol, shunchaki hazillashib aytilgandir. Ammo yosh qizchadagi iste'dodni yuzaga chiqarib yubordi. Shu ondanoq u o'zini sinab ko'rdi va dastlabki she'rini bobosiga bag'ishladi. Jajji Rayyonaning yaxshi bo'lmagan she'rini ham ko'klarga ko'tarib maqtagan ota-onasi, bobo-buvilari qizchaning qalbida yana she'r yozishga, yodlashga, kitob o'qishga, umuman, adabiyot dunyosiga qiziqishni orttirgan. 3-sinf bo'lganida dadasi Andijon shahridagi 3-sonli bolalar musiqa va san'at maktabining fortepyano yo'nalishiga o'qishga olib bordi. U yerda uning orzulari o'zgardi. “Kelajakda pianino o'qituvchisi bo'laman”, deb uch yil tahsil oldi. To'rtinchi yili unda yana adabiyotga bo'lgan qiziqish kuchaydi. Butun vujudi bilan adabiyotga intildi. Turli xil onlayn va oflayn tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o'rinlarni oldi. She'r yozishda va yod olishda davom etdi. “Yosh kitobxon” kabi respublikaning nufuzli tanlovlarida qatnashdi. Ammo qancha ko'p tayyorlanmasin, boshqalar undanda ko'p tayyorlanishgan ekan, viloyat bosqichidan o'tib, respublikaga qadam qo'ya olmadi. U bobosi uchun harakat qilar, hammasi boboning orzusini amalga oshirish uchun edi. Ammo qizcha Zulfiya mukofotini olish yoshiga yetgunicha bobosi olamdan o'tdi. Bu Rayyonaning ruhini tushirmadi. Qaytaga yanada maqsad sari borishiga undadi. Kasalxonadalik paytlarida bobosidan eshitgan oxirgi so'zi ham: “Qizim hali zo'r qiz bo'ladi, kitobxon, Zulfiyaxonimdek shoira bo'ladi”, degan gaplari edi. Unda mualliflik kitobi bo'lmagani uchun o'rin ololmadi.

Shundan so'ng onasi uni xorijiy tillarni o'rganishga yo'naltirdi. “Bunda ham Zulfiya qizi bo'lasan, hatto taqdirlanishing mumkin. Xalqaro maydonlarga chiqish imkoniyatlaring ham ko'payadi”, dedi onasi uni ruhlantirib.

Maktab darslaridan tashqari 8-sinfdan Toshkent Gyote institutining respublikamizdagi yagona filiali, ya'ni Andijon shahrida joylashgan “Berlin Zentrum” o'quv markazida tahsil olishni boshladi. Birinchi marta erishgan katta muvaffaqiyati — 5 oy o'tar-o'tmas Germaniyaga 3 haftalik yo'llanma yutib olgani bo'ldi, bu 2022 yilning mart-aprel oylarida edi. Germaniyaga birinchi safar esa o'sha yilning avgust oylariga to'g'ri keldi. Shundan keyin unda nemis tiliga bo'lgan qiziqish yanada ortdi.

“Ikki yil ichida u yerda o'qidim va darslarni tamomlaganim to'g'risida 10-sinfligimda sertifikat oldim. Bu ham mening o'zimga ishonchim ortishiga sabab bo'ldi va respublika fan olimpiadalarining maktab, tuman-shahar bosqichlarida faxrli o'rin egallab, viloyat bosqichiga o'tdim. Viloyat bosqichi o'tishi kerak bo'lgan kunda test sinoviga borishim, testda qatnashishim mening respublika bosqichiga chiqishimga so'nggi shaxdam qadam ekanini bilmagan edim. Kechqurun javoblar e'lon qilindi, men 1-o'rinni egallagan edim. O'zimda yo'q xursand edim. Tabiiyki, fan olimpiadalarining respublika bosqichi faqat 11-sinflar uchun. Men esa 10-sinf edim, lekin 2 oy o'tib bizga xabar keldi: “16 fevral kuni “The Internationale Deutscholympiade — IDO” (xalqaro nemis tili olimpiadasi)ning saralash bosqichiga borasizlar”, degan. O'sha kuni maktabda menga nemis tilidan dars beradigan ustoz Muqaddas opa Qosimova bilan Gyote institutiga bordik. U yerda har bir viloyatning nemis tili fanidan 1-o'rin olgan 10-sinf o'quvchilari yig'ilgan edi. Biz eshitib tushunish, tinglab tushunish, og'zaki imtihonlarda bellashdik. Ularning ichida men 1-o'rin olgan edim. U yerdagi ustozlar kuchli ishonch bildirib, bizga 15-22 iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida bo'ladigan “IDO-2024”ning final bosqichiga omadlar tiladi. Institutning til bo'limi rahbari Dildora Muhammadaminova “12 yildan buyon qatnashib keladi o'quvchilarimiz, lekin hali o'rin olishgani yo'q”, deganlarida o'ylanib qoldim”.

Rayyona har doim ustozlari bilan ishladi, ota-onasining qo'llab-quvvatlashlari bilan olimpiadaga tayyorgarlik ko'rdi. Qanchalik qiyin bo'lishiga qaramasdan, olg'a borishi kerakligini anglab yetdi. Bobosining ruhi oldida, qolaversa, 12 yil davomida yurtdoshlariga g'oliblik nasib qilmagan  olimpiadada birinchi medalni O'zbekistonga olib kelishni maqsad qilgan edi. Final bosqichida nemis tilini qay darajada bilishlari, insoniyligi, o'zligini anglay bilishi, o'zi va o'zgalarni hurmat qilishi, ijtimoiy odob kabi xususiyatlari 2 ta og'zaki va 1 ta yozma imtihonda baholandi. Rayyona Ibrohimova B1 yo'nalishida 1-o'ringa munosib topildi.

“Olimpiadada g'olib bo'lishimda mening o'zbek millatiga mansubligim foyda berdi deb ayta olaman, sababi, o'zbeklardek o'zligini, qadriyatini anglay oladigan, insoniyligi, odamlarga mehr-muhabbati kuchli boshqa xalq topilmasa kerak. Mening 16 yil O'zbekistonda — jonajon o'zbek oilasida olgan tarbiyam juda ham qo'l keldi. Adabiyotimni, o'z tariximni, ajdodlarimni tanishim, Vatanimni sevishim turli xil “workshop”larda ayon bo'ldi. Bunga misol qilib bir voqeani ayta olaman: turli shakllardagi legolardan o'zimiz uchun qadrli va ko'rganda bizni eslatadigan narsa yasashimiz kerak edi. Men mustaqilligimiz ramzi deya Mustaqillik maydonini, o'zbekligimizni anglatish uchun paxta, bayrog'imizdagi oy va yulduzlardan birini, so'rida o'tirgan odamlarni tasvirlashdan tashqari, qadimdan elimiz foydalanib kelgan o'tovni ham — O'zbekiston oilasiga ayniqsa, qoraqalpoq xalqi ramzi sifatida tasvirlagan edim. Barchamizning bir haftalik yurish-turishimiz, muomala va qarashlarimiz olimpiada so'ngida baholandi. Barchasi jamlangan holda o'rinlar aniqlandi. Men esa orzuimga yetib turgan edim. Undagi his-tuyg'ularim ta'riflab bo'lmas darajada edi…” — dedi u to'lqinlanib. Shu joyida odam ko'z yoshlarini tiya olmaydi.

Rayyona ustozlarini alohida e'tirof etadi. Bu kungacha yuzlab o'qituvchilar bilan yuzma-yuz bo'lganini, nimadir o'rganganini aytadi. Aynan nemis tili o'qituvchilariga to'xtaladigan bo'lsak, maktabda 1-sinfdan to hozirgi 11-sinfigacha Muqaddas Qosimovadan tahsil oldi. Asosiy ta'limni Andijon shahridagi “Berlin Zentrum” o'quv markazining ustozlaridan oldi. Jumladan, Mavjuda Abduraimova, Ozoda Muxtorova, Muslima Komilova, Gulsanam Xudoyberdiyevalar qo'lida ikki yil o'qidi. Aynan olimpiadaga uch oy qolganda Muslima Komilova va Ozoda Muxtorovalarning darsida ishtirok etdi. “Aslida, ular chempion. Yana o'qishimga sharoit yaratib, mening sifatli ta'lim olishimga mablag' sarflagan birinchi ustozlarim — ota-onam. Ular barchalari Vatanimiz uchun o'n ikki yillik rekordni yangilashdi”, dedi Rayyona kamtarlik bilan. Haqiqatan ham, hayotimizda ota-onaning qo'llab-quvvatlashlarisiz, ustozlarimizning bergan bilimlarisiz hech kim bo'la olmaymiz. Har bir muvaffaqiyat ortida mehribon ota-ona va matonatli ustozlar turibdi.

Otasi Jo'rayev Nodirbek 1976 yilda tug'ilgan. Ayni damda Andijon viloyatining san'at va madaniyat maktabining estrada yo'nalishida o'qituvchi bo'lib ish yuritadi. Onasi Jo'rayeva Irodaxon 1978 yilda tug'ilgan. Andijon shahar 4-umumta'lim maktabining ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi. Ota-onasi farzandini hamisha bilim olishga undagan. Qaysidir bir mag'lubiyat bilan uyga kelsa, hech qachon koyimagan, “bo'ldi, yig'ishtir o'qishingni” deb aytmagan. Har doim qo'llab-quvvatlash, har doim ishonch bilan kelgan.

Rayyona o'zining hayotiy xulosalarini shunday bildirdi:

“Hech qachon nimanidir boshlash uchun kech emas. Men nemis tilini kech boshlaganman deb o'ylar edim. Hech qachon ota-onaning duosi ijobatsiz qolmas ekan. Ota-onam duoda bo'lishgan va men yuksak natijaga erishdim. Niyat qilganda hech qachon ikkilamchi narsa qo'shmadim, ya'ni u bo'lmasa, boshqa yo'l bor kabi. Butun vujudim bilan orzumdagi marraga intildim. Harakatdan to'xtamadim. Doim katta-katta orzu qilish kerak, hech qachon atrofdagi insonlarning u-bu gaplariga e'tibor bermaslik kerak, axir mayda gaplar odamni yeyishdan boshqa ishga yaramaydi. Bir maqsad qildikmi, albatta, oxirigacha borish kerak, hammasi bir kunmas-bir kun yuzaga chiqadi.

Zulfiya mukofoti uchun bu safar adabiyot emas, boshqa yo'nalishdan hujjat topshirishni niyat qildim. Agar inson muvaffaqiyatli bo'lishni xohlasa, muvaffaqiyatli insonlar davrasida yurishi kerakligini va atrofdagilar insonga ta'sir etishiga amin bo'ldim. Hayotimga yangi shior o'ylab topdim: “Niyat — Harakat — Intizom — Natija”.

Men Yurtboshimizdan juda mamnunman. Chunki bizlarning ta'lim olishimizga barcha sharoitlarni qilib berdilar, ishonch bildirdilar. Germaniya kansleri Olaf Sholsning yurtimizga tashrifi chog'ida meni ularga gapirib berganlari qanday baxt va qanday quvonchli hol! Albatta, ota-onamga hammasi uchun, ustozlarimga bardosh va matonat uchun, bergan bilimlari uchun tashakkur aytaman” dedi Rayona.

Ma'mura ZOHIDOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi bo'lim boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − four =