Haqiqatni aytish ehtiyoji

Men yaxshi muxbirlarni qadrlayman. “Yaxshi muxbir” deganda gapning to'g'risini yozadigan qalamkashlarni nazarda tutayapman.
Lekin “To'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi” degan maqol behudaga aytilmaganini ham yaxshi bilaman. Zero, to'g'ri gap o'zimga ham yoqmaydi — og'ir botadi. Lekin bu dunyoda to'g'ri gapsiz yashab bo'lmas ekan. “Do'st achitib gapirar” degan maqol to'g'ri bo'lsa ham, ota-ona, do'st-birodarning senga bergan dakki va tanbehlari odamga baribir malol keladi. Ammo to'g'ri gap kerak, juda kerak. Shundagina hayot yo'limiz yorug' bo'ladi.
Haqiqatni ko'pincha qabul qilish qiyinligi, kimdir kamchiligimizni aytsa, sira yoqmasligi… balki bu bizning ojizligimizdandir. Ehtimol, shuning uchun odam umrbod komillikka intilar. Lekin bunday muhtasham va munavvar manzilga yetishgan odamlar ko'p bo'lmaganligini tarixiy kitoblardan o'qib bilganimiz bor haqiqat. Bunday paytlarda o'zimizga taskin beramiz: “Har to'kisda bir ayb!”
Odam bolasining, ya'ni bizning to'g'ri gapni eshitishga toqatimiz yo'q ekan, unday bo'lsa, nega to'g'ri gaplarni yozadigan muxbirlarni yaxshi ko'ramiz? Chunki odamzodning haqiqatga bo'lgan ehtiyoji to qiyomatgacha qonmasa kerak. Shuning uchun haqiqatning — to'g'ri gapning poyoni yo'q. Ya'ni haqiqatni aytishdan, uni yozishdan hech qachon to'xtamaslik kerak — qo'rqmaslik, cho'chimaslik shart. Zero, haqiqatni aytish hammaga emas!
Ko'ryapsizmi, el boshiga ko'taradigan muxbir bo'lish qanchalar mushkul. Ma'lumotlarga qaraganda, hozir mamlakatimizda 5 ming bo'lmasa ham, 4 mingga yaqin jurnalistlar yozganlarini gazeta va jurnallarda chop etish bilan mashg'ul. Hozirgi paytda maktab o'quvchilarigacha she'r yozib, kitob chiqarishga kirishib ketishdi. Demoqchimanki, mustaqilligimizdan so'ng barcha ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarning eshiklari qalam ahli uchun lang ochildi: sho'ro zamonida har 3-4 yilda bir kitob chiqaradigan adiblarning ayrimlari hozir bir yilda 5-6 ta kitob chiqarmoqdaki, buni faqat olqishlamoq kerak. Va nihoyat, xuddi xorijiy yurtlardagi singari mamlakatimizda ham kitob yozib, uni chop etish tijorat maqomiga erishdi.
Bu — yaxshi-yu, lekin… lekini bor-da. “Bemaza qovunning urug'i ko'p bo'ladi” degan gaplar ham bejiz aytilmagan-da. Ochiq aytaman, ayrim “kitob”larni qo'limga olsam, beixtiyor shu qo'llarim og'riydi. Ularda na mazmun bor, na saviya. Shuning nimasini kitob deb chiqarishdi ekan deb dilim ozor chekadi. Demak, ma'naviyat masalasi tijorat bo'lishi ma'qul emas. Ozgina nazorat, tartib kerak ekan. Yana bu mayli, bu kitob ekan desangiz, qator gazetalarni qo'limga olib (o'qib emas), bo'yoqqa emas, qog'ozga ichim achiydi. Gazetxon, ya'ni bizga o'xshagan fuqarolar xuddi qushga o'xshaydi. Bilasiz, qush xushi tutgan daraxtga qo'nadi: biz ham ko'nglimiz xush ko'radigan gazetani sotib olamiz va unga obuna bo'lamiz.
Shu yerda yanada og'irroq gap aytaman: shaxsan o'zim yaxshi ko'radigan jurnalistlarni sanay ketsam, ularning sanog'ini 15-20 nafardan oshira olmayman. Vaholanki, men bu masalada “oq” bilan “qora”ning farqiga boraman. Umr bo'yi qo'limdan gazeta, jurnal, kitob tushgan emas. Demoqchimanki, xuddi ilgarigidek, hozir ham gazeta-jurnallarning ahvolini, adabiy jarayonni bir o'quvchi sifatida va o'z imkoniyatim darajasida baholay olsam kerak. Nimasini aytayin, gazeta-jurnallar qanchalik ko'p bo'lgani bilan, odam o'qib huzur qiladigan, ko'ngli taskin topadigan nashrlar kam, judayam kam.
Men ba'zan hayron qolaman, yolg'onchi odamni sinamoq uchun ham aldasangiz, jahli chiqadi. Demak, odam bolasi tabiatan ezgulikka, yorug'likka moyil ekan-da. Bilsangiz, bangidevona ham gullaydi. Ammo bu gulga, masalan, asalarining qo'nib turganini tasavvur qilish qiyin. Bitta-yarimta esi past asalari shunday qilgan taqdirda ham uyadagi qo'riqchi asalarilar haligi “esi past” arining boshini uzib tashlaydi…
Hozir dunyoni bangidevona bosib ketdi — men informatsion xurujlarni nazarda tutib, shunday demoqdaman. Bu xurujlar bizning milliy qadriyatlarimizga tahdid solmoqda. Agar biz ma'naviy olamimizda bo'shliq qoldirsak, haligi bangidevonaning urug'lari ana shu joyga tushib, tez orada gullaydi va shu tariqa milliy qadriyatlarimiz zavol topadi. Ko'nglimizdagi ma'naviy olamni bog'u bo'stonga aylantirish esa ma'naviyat ahlining, ommaviy axborot vositalarining milliy vazifasidir.
Ming afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlarni – matbuot deb hisoblaydigan, oddiy bir telegram ochib olgan kimsani – axborot agentligi qatoriga qo'shadigan oddiy odamlar desak, katta-kichik amaldorlar ham yo'q emas. Saviya, ahvol shu darajaga tushib qoldi. Xo'p, internet zamoni ekan, lekin haqiqiy OAVning o'rnini bilishimiz kerak emasmi? Tarmoqlar, turli telegram kanallarida berilayotgan yolg'on-yashiq, yuzakilik, hayosizlik, andishasizlik, savodsizlik qachondan va qachongacha bizga kerak bo'ladi? Odamlarni, yoshlarni qay yo'lga, qay manzilga olib boradi shu narsalar?
O'ylab ko'raylik va kech bo'lmasdan ko'zimizni kattaroq ochaylik. Qachonki, qo'lida telefoni bor kimsaning bari – jurnalist bo'lib qolavermaydi. Bloger deganlarining barchasi ham matbuot degan muqaddas sohaning nimaligini bilaveradiganlar emas. Kecha bir ishning boshini tutmagan, maktabda faqat 2 baho olgan g'irt savodsiz, tuturug'i yo'q ayrim kimsalar bugun o'zidan “bloger” yasab olishgan. Ko'za kunda emas, kunida sinadi deganlaridek, ularning ko'pining asta-sekin asl basharalari namoyon bo'lmoqda, albatta.
Faqat “Ommaviy axborot vositalarining tishi ham, tirnog'i ham” bo'lishi kerak. Ularda bugungi kundagi ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda avj olgan korrupsion jinoyatlar, tanish-bilishchilik va yuzakichilik, loqaydlik kabi illatlarni ochiq-oydin fosh qilish talab etiladi.
Toshtemir TURDIYEV,
Denov tuman ma'naviyat-ma'rifat
bo'limi rahbari,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.