Ma'yus matonat

U maktabda yaxshi o'qirdi. Ayniqsa, aniq fanlarni tez qabul qilar, ximiya-fizika formulalarining juda oson mag'zini chaqardi. Mabodo taqdir nasib etsa, shu yo'nalishdagi oliy ta'lim maskanida o'qish niyati bor edi. Ammo peshona unga boshqa taqdirni nasib etdi.

Otasining singlisi, ya'ni ammasi olti nafar qizdan keyin o'g'il ko'rgan, ammo u yurak nuqsoni bilan tug'ilgandi. Ona baribir o'z dilbandining kelajagi bus-butun bo'lishini o'ylaydi, kasal o'g'ilga begona odam qiz berishi qiyin. U akasiga kelib, shu yil maktabni bitirgan qizini so'radi. Ota ham jigarchilik, o'ylab-o'ylab rozi bo'ldi. Shunday qilib, Zevar ammasiga kelin bo'ldi. Tabiatan og'ir-bosiq, ota-ona irodasiga ko'nib yashashni farz deb bilgan qiz taqdirga ko'nikdi, kasalmand Shavkatbek bilan yashay boshladi. Kuyov buxgalterlik kasbini egalladi, tuman xalq ta'limi bo'limida ishlab yurdi. U xotinidan mamnun, ayol butun mehrini berib, uni parvarishlar, ro'zg'or ishlariga ham ko'p urintirmas edi. Erkakda orzular bisyor, ammo imkoniyat cheklangandi. Qo'shiq aytardi. O'zicha rollar ijro etardi. Hatto poytaxtdagi katta teatrning direktoriga kirib, ishga qabul qilishini so'ragan, agar sahnaga chiqsa, shu artistlardan o'n barobar o'tkazib rol ijro etishini aytdi. Ammo…

Hayot shu zaylda davom etar, Zevar dalada ishlar, qo'li chaqqon edi. To'y-hashamlarda pishiriqlar tayyorlardi. Oila qiynalib qolganda hatto Toshkentga kelib, har yili 3-4 oy ishlab ketardi.

Yaratgan ularga to'rt qiz ato etdi. Ikki ko'zlari to'rt bo'lib, o'g'il kutishardi, bu baxt ham nasib etdi. Umirbek oilaning quvonchi bo'lib ulg'aya boshladi. Ammo ikki yoshga to'lganda do'xtirlarning noto'g'ri muolajasi tufayli shol bo'lib qoldi. Qo'l harakatini ham boshqara olmasdi. Ko'rsatmagan do'xtir qolmadi, lekin hech kim davo topa olmadi: bola majruh bo'lib ulg'aya boshladi.

Albatta, oilaning tashvishi ko'paydi, kasalmand erning yoniga nogiron o'g'il qo'shildi. Uni poytaxtdagi ilmiy tekshirish institutiga olib kelib davolatish, har yili qatnash tashvishlari onaning zimmasiga tushdi. Taassufki, bu ham kam ekan. Uchinchi qizlari Zamira maktabni bitirish arafasida orzularga to'lib, ertaning havosi bilan yayrab yurganda… baxtsiz tasodif sodir bo'ldi. Yo'l chetida turgan dugonalarni mashina urib ketdi. Zamira boshi bilan tushib, esini yo'qotdi va shundan keyin aqliy nogiron bo'lib qoldi. Ko'rinishidan sog'lig'i joyida, oydek qiz o'zini boshqara olmay qolardi. Endi uni ham Toshkentdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib kelib davolatish onaning zimmasiga tushdi.

Bu orada yana bir falokat ro'y berdi: er to'shakka yotib qoldi. Endi o'tgan kunlar ham holva bo'lib qoldi. Er shu ahvolda uch yil yotdi. Bu yoqda o'g'il va qizning tashvishi… Yana buning ustiga ro'zg'or yumushlari, keksa qaynonaning issiq-sovug'i…

Agar ko'ngil toza, niyat xolis bo'lsa, Yaratganning o'zi kuch berar ekan. Zevar aqli bilan tushundiki, vaziyatdan norozi bo'lish, oh-voy qilish befoyda. Kasallarga qarar, tomorqasida sabzavotlar ekib parvarishlar, sigir-buzoqqa ham qarardi. Har yili 2-3 marta nogiron farzandlarini Toshkentga olib kelib, shifoxonalarda qaratar, albatta, bu tashvishlariga poytaxtdagi qarindoshlari ham ko'maklashar, boshpana berar, bo'sh vaqtida tirikchiligi uchun ish topib berishardi. Shubhasiz, bular qoniqarli bo'lganda ham bu yumushlarni uddalash uchun kuch kerak, qiyinchiliklarga chidash uchun iroda kerak. Nima bo'lganda ham Zevar opa hammasini nozik yelkasiga olib, chidab kelyapti. Unga yaxshi odamlar, ayniqsa, shifoxonalardagi mutaxassislar beg'araz ko'mak beryapti, madadkor bo'lishyapti.

Bu orada eri yorug' dunyoni tark etib ketdi. O'g'il va qizi esa hamon doimiy davolanishda. Umirbekning mo'ylablari sabza urib qolibdi, bu ulg'ayish onaga dalda beradi, to'ylardan, aqli raso kelindan umid qiladi. Ushbu mungli hikoyamiz to'qima emas. Qoraqalpog'istonning Beruniy tumanidagi Guliston mahallasida istiqomat qiluvchilar bu fidoyi ayol — Zevar Safarboyevani yaxshi bilishadi, matonatiga qoyil qolishadi. Uning munis chehrasi bir kun baxtdan munavvar bo'lishini dildan istashadi…

Munir RAHIMOV,

talaba.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 12 =