Vatanni sev, tuprog'ini o'p!

“Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo'lmaslik, chet millatlarga o'z tovushingni eshitdurib eshitmoqqa majbur etuvg'a shubha yo'qkim, qo'lingdagi quro­lingg'a, askariy kuchingg'a qarab bo'lur.

Ko'ramizkim Ovrupo, Omriqo millatlari bunchaliq sha'n-shavkatni faqat harbiy kuch ila qozonmishlardir. Ovrupo, Omriqo imperialistlari Sharq xalqini faqat qurol kuchi ila o'zlariga asir etmishlar va hali ham harbiy kuch ila Sharq mazlumlarini zanjirda tutarlar”, deb yozadi  Abdulla Qodiriy “Ishtirokiyun” gazetasining 1919 yil, 4 noyabrdagi sonidagi “Bizda askarlik masalasi” nomli maqolasida.

“Zarafshon” gazetasining 1923 yil 21 iyundagi sonida Hoji Muin esa “Askarlik to'g'risida” nomli maqolasida shunday deydi:

“Askarsiz millat jonsiz gavda hukmidadir. O'zining yerlik xalqi¬dan askari bo'lmagan bir yurt qo'riqchisiz bir istehkom kabidir. Askarlik bir millatning hayot-mamot masalasini hal qilish uchun zo'r ro'llar o'ynaydurg'on bir kuchdir. Har bir yengish va yengilishning boisi askardir”.

Millatimizning o'sha davrdagi og'riqli, hayot-mamot masalasi — o'z armiyamizga ega bo'lish orzusini qizil imperiyaning zulm mashinasi bir qur taslim etgandi…

Hayriyatki, mustaqillikka erishdik. Istiqlol yillarida milliy armiyamiz tugal shakllandi. Sarhadlarimizni munosib himoya qila oladigan zabardast tizimga ega bo'ldik. Zamonaviy harbiy texnika vositalari bilan ta'minlandi. Muntazam armiya vatanimiz va xalqimiz osoyishtaligini saqlamoqda.

Shu bilan birgalikda, dunyo qurolli kuchlari safida ilg'orlar qatoriga chiqa oldik. Erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari dadil qadam qo'ymoqdamiz.

O'tgan yilda 10 ta davlat hududida umumiy hisobda o'tkazilgan 32 ta tanlovda 39 ta davlatdan 223 ta jamoa va 5 mingdan ko'proq harbiylar ishtirok etdi.

O'zbekistonlik harbiylar 14 ta tanlovda ishtirok etishib, 2 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo'lga kiritishdi. E'tibor bering, 14 ta tanlovning 11 tasida hamyurtlarimiz g'oliblar qatorida e'tirof etildi. Albatta, bu milliy yuksalish mevalari.

Abu Nasr Forobiy “Haqiqiy baxt­­ga erishish maqsadida o'zaro yordam qiluvchi kishilarni birlashtirgan shahar — fazilatli shahardir, baxt­­ga erishish maqsadida birlashgan kishilar jamoasi — fazilatli jamoadir”, deydi. Fazilatli mamlakat, fazilatli xalqqa aylanamiz desak, milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari degan bosh g'oya atrofida birlashishimiz lozim.

Nukusdagi 45-sonli umumta'lim maktabidagi jasorat darsi haqidagi xabarni o'qidim. “…egnilariga harbiy aslaha va qurol taqqan motoo'qchi, yuziga niqob taqqan mergan askar tadbir so'nggiga qadar yoshlarning diqqatida bo'ldi. Oxiri yigitlar qizi­qishlarini oshkor etishdi: harbiy qurol va aslahalarni ushlab ko'rishga, ularni kiyishga ruxsat so'rashdi. Ularning iltimosi yerda qolmadi”.

“Maktab hududida oliy harbiy ta'lim muassasasi faxriy qorovuli va kursantlarning qo'l jangi bo'yicha ko'rgazmali chiqishlari namoyish etilganda ko'zlarda hayrat va havas o'tlari chaqnadi”, deb yozilgan Olmaliqdagi maktablardan birida o'tkazilgan tadbir haqida.

Xo'sh, qalbdagi o't, ko'zlardagi hayratga sabab nima? Men buni Vatan nomli go'zal bog'da ko'kargan ajib nihol — vatanparvarlik, degan bo'lardim. Tadbirlarda harbiy qurolni ushlab yoki kaskani kiyib rasmga tushayotgan, tank yoki zirxli texnika ichiga kirib, ustiga chiqib, selfi qilayotgan o'smirga e'tibor qarating. Uning fikrlashi, qiziqishidan kelib chiqib, vatanparvarlik sabog'ini o'rganish kerak. Prezidentimiz aytgan  bu niholni avaylab o'stirish uchun ularda milliy ruhni shakllantirish lozim.

Davlatimiz rahbari ta'kidlagandek, kelajakda harbiy bo'lishni orzu qiladigan botir farzandlarimiz milliy ruhni, muqaddas Vatan taqdiri uchun mas'uliyat tuyg'usini boy tariximizdan, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratidan oladi. O'z oilasi, mehribon ota-onasi hamda el-yurtimizning ishonchi, g'amxo'rligi va e'tiboridan oladi.

Alijon Safarov,

zaxiradagi polkovnik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =