IZLANISHLAR SAMARA BERMOQDA
Har qanday kishi ham yaxshi yashay, turmushim to‘kis bo‘lsin, deydi. Shu niyatda tinim bilmay o‘z maslaklari tomon intiladi. Ayni kunda farovonlikning maqbul yo‘li – ishbilarmonlik. Chunki keyingi yillarda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka berilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq mulk egalarining oshig‘i olchi. Ular o‘z turmush tarzini yaxshilash bilan bir qatorda mamlakatimiz rivojiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Masalan, 2000 yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, shu yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 54 foizni tashkil etdi.
Albatta bu raqamlarda oilaviy tadbirkorlarning mehnat samarasi o‘z aksini topgan. Bugungi kunda yurtimizda minglab ana shunday oilalar turli yo‘nalishlarda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishmoqda. Demak, bu yo‘nalishning istiqboli yanada porloq.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Navoiy MTP hududidagi «Ko‘ksoqol» mahallasiga qarashli «Gavhar» baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari Xudoynazar Abdurahmonov ham ana shunday niyatlarda ishbilarmonlarga ergashgan zamondoshlarimizdan biri. U kishi bilan faoliyati xususida biroz suhbatlashdik.
– Hayot katta maktab. Kimki undan olmasa ta’lim, unga o‘rgatolmas hech bir muallim. Ro‘zg‘or but bo‘lsin, deb nimalar qilmaysan, kishi. Yon-qo‘shni, mahalla-ko‘y – barchasi tadbirkor yoki fermer. Xullas, hammaning o‘z mashg‘uloti bor. Biz ham oila a’zolarimiz bilan maslahatlashib 2012 yilda baliqchilik fermer xo‘jaligiga asos soldik. Albatta har qanday ishni yo‘lga qo‘yish uchun mablag‘ zarur. Bunda “Mikrokreditbank”ning Oqdaryo tuman bo‘limi bizga yaqindan yordam berdi. 35 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratdi.
– Beshta hovuz qazidik va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Jayhun” fermer xo‘jaligidan 7 million so‘mga 12 ming dona oq amur, do‘ngpeshona, karp, zog‘ora chavoqlarini tashladik. Ularga ozuqa masalasini Jomboy don mahsulotlari zavodi bilan hamkorlikda hal etdik. Bir yil o‘tar-o‘tmas mehnatimiz o‘z samarasini bera boshladi. O‘tgan yilda 15 million so‘mdan ortiq daromad qildik. Bu yil esa foydani ikki barobar oshirishni mo‘ljallab turibmiz. Imkoniyatlarimizni o‘rganib chiqib faoliyatimizni yanada kengaytirishga harakat qilyapmiz. Shu kunlarda baliq dudlash sexini ishga tushirish tadorigidamiz.
Baliqchilik serdaromad soha bo‘lishi bilan bir qatorda, baliq go‘shti inson sog‘ligi uchun ham foydali ozuqa sanaladi. Yurtimizda keyingi yillarda bu tizimga barcha sohalar qatori alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 avgustda qabul qilingan “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tgan yillarda respublikada baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakatimizda tabiiy va sun’iy havzalar barpo etilib, hovuzlarning meliorativ holati tubdan yaxshilandi. Xususan, naslchilikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi sermahsul baliqlar to‘dasini shakllantirish, seleksiya-naslchilik usullari bilan hovuz baliqlari genofondini saqlab qolish va yaxshilash yo‘nalishida bir necha ilmiy-amaliy loyihalar amalga oshirilayotir.
Naslchilik ishlarida birinchi navbatda urg‘ochi baliqlarni mahsuldorlik darajasi va ularning avlodlarini tez o‘sish xususiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shunday uvildiriq xo‘jaliklarga tarqatildi. Bu baliqchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishda qo‘l kelayotir. Shuning uchun ham naslli baliqlar zotini takomillashtirish bo‘yicha tajribalar davom etmoqda.
– Sohaga doir dasturda belgilagan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida, 2014 yilning 1 noyabrigacha muayyan ishlar amalga oshirildi, – deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Z.Kimsanov. – Xususan, 2014 yilda respublika bo‘yicha 45 ming tonna baliq ovlash rejasi belgilangan bo‘lib, shu yil 1 noyabrgacha 32,8 ming tonna baliq ovlandi.
Ta’kidlash joizki, baliq ovlash hajmini ko‘paytirish maqsadida, 7,1 ming gektar yoki rejaga nisbatan 3,2 ming gektar ko‘p tabiiy suv havzalari ijarachilarga berildi. Yangi baliqchilik xo‘jaliklariga hamda boshqa faoliyatlar bilan shug‘ullanayotgan jami 424 ta xo‘jalikka 1,6 ming gektarda sun’iy suv havzalari tashkil etildi. Natijada joriy yilda sun’iy suv havzalarni 42,8 million dona baliq chavoqlari bilan to‘ldirish rejalashtirilgan edi. Hozirgacha 47,3 million dona baliq chavoqlari tarqatildi.
Shu bilan birga so‘nggi yillarda respublikamizda boshqa suv jonivorlarini yetishtirish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida O‘zbekiston sharoitida chuchuk suvda yashovchan krevetkalarni yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish loyihasi amalga oshirildi. Asosiy ob’yekt sifatida mamlakatimizning turli suv havzalaridagi chuchuk suvda yashovchi Uzoq Sharq krevetkasi urug‘lantirildi. Loyihani bajarishning dastlabki bosqichida krevetkalarning kelib chiqish biologik rivojlantirish o‘rganilib, uni ko‘paytirish va yetishtirish bilan bog‘liq texnologiyani amalda joriy etish borasida izlanishlar davom etmoqda..
Krevetkalarni urchitish va yetishtirish akvakultura sohasida jahon biznesining eng foydali turlaridan biri hisoblanadi. Biroq Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, O‘zbekistonda krevetka yetishtirilmaydi. Bu yo‘nalishdagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshsa, ham sog‘ligimizga ham cho‘ntagimizga foyda bo‘ladi.
Krevetkalar – qisqichbaqalar, krablar, omarlar va langustlar bilan bir qatorda qisqichbaqasimonlar oilasiga mansub. Uning go‘shti juda ozuqali va foydali bo‘lib, tarkibida katta miqdorda oqsil (25%), aminokislotalar, mikroelementlar (fosfor, temir, kaltsiy, kaliy) va foydali vitaminlar (A, D, V) mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, ayni kunda sohada katta ishlar boshlandi. Bu albatta, kelgusida o‘z samarasini berishiga imonim komil, deydi biz bilan suhbatda E. Kimsanov.
Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriyat” muxbiri