BOLA QUVONCHI -OLAM QUVONCHI

Istiqlolning ilk yillaridanoq mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Zotan, bilimdon va milliy qadriyatlarimizga ehtirom ruhida ulg‘aya­yotgan o‘g‘il-qizlar Vatanimizning ertangi kunini belgilaydi.

Shu boisdan biz barcha yaxshi narsalarni farzandlarimizga ravo ko‘ramiz, ularning quvonchi va shodligidan boshimiz osmonga yetadi.

 Yangi yil arafasida «Turkiston» saroyida boshlangan «Prezident archasi» tantanalari shukuhi shu kunlarda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va «Sen yolg‘iz emassan» respublika bolalar jamg‘armasi hamkorligida uyushtirilgan mazkur tadbirda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab internat o‘quvchilari, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari ishtirok etishdi.

Bayramona kayfiyat bolajonlarga o‘zgacha quvonch va ko‘tarinkilik ulashishda davom etmoqda. Ayniqsa, turfa rangdagi chiroqlar og‘ushidagi archa atrofida xonandalar kuy-qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lib, raqsga tushganlari bolajonlarning bir umr esidan chiqmaydigan bo‘ldi.

Mamlakatning bosh archasi qad rostlagan Mustaqillik maydoni unga eltuvchi ko‘chadagi ko‘zni qamashtiruvchi chiroqlar, rang-barang zar va bezaklar tantanavor ko‘rinish baxsh etgan. 

Har yilgidan ham o‘zgacha uslubda yasatilgan archaning balandligi 22 metrdir. Rang­li elektr marjonlari o‘rnini bu yilgi archada kumush va tillarang qo‘ng‘iroqchalar, kamalak rangida tovlanadigan o‘yinchoq va zarlar egalladi. Asosiy archa oldida tirband­likka yo‘l qo‘ymaslik maqsa­di­da maydonning ikki tarafiga kichik archalar o‘rnatildi.

Yangi yil arafasida muhtasham maydonda poytaxtliklardan tashqari turli viloyat va shaharlarimizdan kelgan yurtdoshlarimiz ham anchagina. Farzandlari bilan tashrif buyurgan mehmonlar ko‘pchiligining beradigan savoli bitta: “Bolalik shaharchasi”ga qanday borsak bo‘ladi?”.

 Ha, yangi yil arafasida jonajon Toshkentimizda shahar ichida shunday shaharcha bunyod etilgan. Mustaqillik maydoni archasi atrofida bolajonlar uchun o‘rnatilgan attraksionlar, turli o‘yinlar, umuman, ushbu ertaknamo muhit bu nomni to‘la oqlaydi.

 Bolalikning samimiy, pokiza xotiralarini yodga soluvchi Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari bayramga o‘zgacha zavq-shavq va kayfiyat, alohida ko‘tarinkilik ulashmoqda. Ota-onalar kichkintoylar uchun turli o‘yinchoqlar, shirinliklar xarid qilishi mumkin bo‘lgan mo‘’jazgina rasta va do‘konlar ham bayram ruhiga mos ravishda bunyod etilgan.

Ertalabdan yangi yil munosabati bilan ta’tilga chiqqan bolakaylar e’tiborini O‘zbek Milliy akademik drama teatri yosh ijodkorlarining bayram dasturida belgilangan quvnoq chiqishlari tortadi. Tomoshaning nomlanishi ham bayramga monand – “Yangi yil ertagi”. Zavq bilan berilib tomosha qilayotgan bolalarning ko‘zidan ma’lum: ertaga ham ota-onalaridan bu yerga olib kelishlarini iltimos qilishadi. Yaxshilik g‘alabasi bilan ertak ham intihosini topadiyu, taniqli xonandalar va O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining talabalari ishtirokida konsert bayram tarovatini yanada kuchaytiradi.

Tushdan so‘ng tadbirning asosiy qahramoni ham sahnada paydo bo‘ladi. “Qorboboga maktublar, yoxud kutilmagan mehmonlar” tomoshalarida bolalarning o‘zlari ham ishtirok etishni istashlari tabiiy. Axir, shahar aylanish maqsadida uydan chiqqan kattalardan farqli ravishda bolalar bu yerga yangi yil sov­g‘asini Qorboboning o‘zidan olish uchun kelishgan-da.

– Yangi yil arafasida Bosh maydonimiz bolajonlarning ayni orzusidagi maskanga aylanibdi, – deydi Andijon viloyati Jalaquduq tumani 4-maktab o‘qituvchisi Sohiba Sulaymonova. – Archaning o‘zi ham yuzlab kilometrlik yo‘lni bosib kelishga arziydi.

“Bolalik shaharchasi”dan kichkintoylar o‘zlarining barcha sevimli qahramonlarini topishlari mumkin. Zumrad va Qimmat, Oppog‘oy, Qor malikasi… Shum bola bilan esa “Ajoyib sahna” teatr studiyasining aktyorlari tayyorlagan sahna ko‘rinishida uchrashadilar.

Oqshomga borib, maydon yanada gavjumlashdi. Nega desangiz, kechki payt turfa rang­lardagi chiroqlar bilan nurafshon bo‘lgan maydon yanada chiroyli ko‘rinadi.

Poytaxtliklarning fikricha, Toshkentni ayni oqshom vaqti sayr qilishning gashti o‘zgacha. Bu gap, ayniqsa, yangi yil haqida so‘z ketganda o‘zining isbotini topadi. Har ko‘chada tungi yoritgichlar nuri bilan bellasha oladigan bayramona chiroqlar, binolarni bezagan elektr marjonlar shaharga ertaknamo ko‘rinish beradi. Boz ustiga, bu kunlarda Toshkent archalar shahriga aylangan. Masalan, Shayxontohur tumani Xadra maydoniga o‘rnatilgan archa shahar birinchiligiga da’vogarlik qila oladi, deyish mumkin. Yangi yil kayfiyatini to‘la his qilishni istaganlar, shu­ning­dek, Chilonzor tumanining Al-Xorazmiy maydoniga tashrif buyurishi mumkin. U yerda o‘rnatilgan ulkan archa atrofida Operetta teatri ijodkorlari tomonidan namoyish etilayotgan “Yangi yil ertagi” tomoshalari nafaqat bolalar, balki kattalarda ham qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

Umuman, bayram tadbirlari birgina poytaxtda emas, respublikaning barcha hududlarida tashkil etilgan. Viloyatlar markazlarining asosiy maydonlariga o‘rnatilgan archalar atrofida bunyod etilgan “Bolalik shaharchalari” esa yuzlab bolajonlar uchun qishki ta’til vaqtida eng sevimli maskanga aylanadi. Yangi yil tadbirlari 28 dekabrdan 5 yanvargacha davom etadi.

Muxtasar aytganda, yangi yil arafasida yurtimizda hukmron bayram shukuhi qalblarga zavq ulashadi. Ko‘cha-ko‘yda bayram taraddudida bozorga yugurgan yo farzandlarini yetaklab bayramga ketayotgan kishining ko‘zida yangi yilda amalga oshirilishi o‘ylanayotgan yangi rejalar, dilga tugilgan ezgu niyatlarning aksi mujassam. Zero, odamlarimizning umumiy orzusi doimo bitta: oddiy, biroq nihoyatda purma’no – “Yangi yil yaxshilik olib kelsin!”

 

Mohlaroyim QAYUMOVA,

 “Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 12 =