ILOJSIZLIK QURBONLARI

 U uzoqdan yaltirab ko‘ringan nur tomon chopib borardi. Qancha yugurmasin yo‘l qisqarish o‘rniga uzayib ketayotgandek. Bor kuchi bilan yugurar, sillasi qurib, oyoqlari chalishar, lekin sira manzilga yetolmasdi. Holdan toyib borayotganda nogahon yo‘lidan chiqqan tuzoq uni qulatdi. Yordam so‘rab dodladi, biroq ovozini hech kim eshitmadi, hatto o‘zi ham…

Bu tushni ko‘rganiga uch kun bo‘lganida unga hukm o‘qildi. Endi unga halovat begona, xursandchilik, quvonch yot. Oilaning issiq taftiga zor. Farzandlarining muztar nigohiyu qiyinchilik, ilojsizlik ichra yolg‘iz qolgan ayoli ko‘z oldiga keldi. Xayolan ulardan uzr so‘rab, xayrlashdi. O‘g‘lining biroz bo‘yi cho‘zilib qolganini hisobga olmasa, ketma-ket tug‘ilgan to‘rt qiz hali go‘dak hisobi. Endi yolg‘iz ona uchun ularni boqishning o‘zi bo‘ladimi?! Undan-bundan eshitgan gaplarga kirib, ayol ishlash uchun xorijga ketdi. Bolalar-chi, bunday paytda besh nafar bola qarindoshning uyiga sig‘isharmikan?!

 “SOS” NIMA, U QANDAY TASHKIL ETILDI?

 Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo miqyosida har kuni minglab bola yetim qolayotir, loqaydlik, zo‘ravonlik qurboniga aylanishmoqda. Bu norasidalarning gunohi nima? Ularga g‘amxo‘rlik qiladigan tashkilot, oila muhitidagi iliqlikni bera oladigan go‘sha bormi?..

 Insonning bolalik davri jamiyatda o‘z o‘rnini topishida katta rol o‘ynaydi. Kelajak o‘zaro mehr-muhabbat va ishonch asosiga qurilganmi yoki yo‘qotishlaru alamlarga qorishiqmi, buni hech kim oldindan bilolmaydi. Taqdir tuhfasi tanlashga izn bermaydi…

 Avstriyalik German Gmayner ko‘p bolali (to‘qqiz nafar) oilada oltinchi farzand edi. U besh yoshga to‘lganda ota-onadan ayrilishdi. Oilaning butun tashvishi ularning katta opasi Elza zimmasida qoldi. German zukkoligi va namunali xulqi uchun gimnaziya tomonidan stipendiya bilan ta’minlandi va o‘qishni davom ettirish imkoniga ega bo‘ldi. Tibbiyot ilmini chuqur o‘rgandi. 1940 yilda uni harbiy xizmatga chaqirishdi. Finlyandiya, Vengriya, Rossiya janggohlarida urush dahshatlariga guvoh bo‘ldi. 1947 yilda German taqdir zarbalariga yo‘liqib, sarson yurgan 12 yoshli bolakayni uchratib qoldi. Uning ayanchli taqdiri va o‘zining bolaligidagi qi­yinchiliklar Gmaynerning yangi bir loyiha ustida ishlashiga turtki bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin ko‘chada qarovsiz qolgan go‘daklar uchun ana shunday g‘amxo‘rlik juda zarur edi. Shu tariqa 1949 yilda Avstriyaning Imst shahrida birinchi SOS (Save Our Souls – Spasite nashi dushi) Bolalar mahallalari ish boshladi. Gmayner o‘z hayotini muhtoj bolalarga ko‘mak berish ishiga bag‘ishladi. Bu hozirgi vaqtda katta mavqyega ega bo‘lgan tashkilotning ildizi edi. Mana, oltmish yildan ziyod vaqt­dan buyon SOS Kinderdorf International loyihasi asosida dunyoning 133 mamlakatida mazkur xayriya tashkilotining filiallari ish olib bormoqda. Uning konsepsiyasi to‘rt prinsipga asoslanadi: har bir bola oilaga tegishli bo‘ladi, har bir bola mehr-muhabbat bilan voyaga yetadi, har bir bolaning shaxsi hurmat qilinadi, har bir bola himoya ostida ulg‘ayadi. Shuningdek, quyidagi shartlarga tayanadi: qayerda bizning bu vazifamiz rivojiga yordam beriladigan bo‘lsa, o‘sha davlat va jamiyatning dini va madaniyatini hurmat qilgan holda hamkorlik qilamiz. BMTning “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi doirasida ishlaymiz va bu huquqlarni dunyo miqyosida mustahkamlanishiga yordam beramiz.

 BU GO‘SHA – INSONPARVARLIK TIMSOLI

 O‘zbekiston bilan ushbu tashkilot o‘rtasidagi shartnoma hamda Respublika Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Bolalar mahallalari Assotsiatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Temur Malik ko‘chasida yangi tipdagi uylar qurila boshlandi. 14 ta oilaga mo‘ljallangan uy, o‘yin va sport maydonchalari, tadbirlar zallari, ma’muriyat binosi hamda ishchi xizmatchilar uchun xonalardan iborat barcha shart-sharoit muhayyo etildi. 2000 yildan e’tiboran bu dargohda SOS-oila va SOS-onalar birinchi bor bolalarni qabul qildi.

– Muassasamiz 91 nafar bolaga mo‘ljallangan. Ayni paytda 70 nafar qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanyapti, – deydi SOS Bolalar mahallalari Toshkent filiali direktori o‘rinbosari Shuhrat Sirojiddinov. – Har bir uyda tarbiyachi (SOS-ona)lar o‘g‘il-qiz aralash turli yoshdagi 8 nafargacha bolani tarbiyalaydi. Bu bolalarning oila muhiti, ona mehrini his etishi uchun bir imkoniyat. Shu tomonlarini hisobga olib, o‘z oilasi, farzandlari bo‘lmagan yoki ajrashgan xotin-qizlar ishga qabul qilinadi. Ular shu yerda yashaydi, shu manzilda vaqtincha ro‘yxatda turishadi. Bizda ikki yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanib, mustaqil hayotga uchirma bo‘lgach, ular Chilonzor va Yunusobod tumanlarida joylashgan Yoshlar uyiga qabul qilinadi. Bu yerda to‘rt yil davomida yashash imkoni bor. SOS asoschisi G.Gmayner ta’kidlaganidek, Yoshlar uyi – mustaqil hayotga o‘tadigan ko‘prik. Yoshlar undan so‘ng yana ikki yil mobaynida nazorat qilib boriladi. O‘qishni davom ettirishni istaganlarining to‘lovlari qoplab beriladi. Meros qolgan uy-joyi bo‘lmaganlari tuman hokimliklari tomonidan turar-joy bilan ta’minlanadilar.

Muassasamizning Mehribonlik uylaridan farqi shuki, oilaviy g‘amxo‘r­lik va boshqa bir qator dasturlarga asoslanadi. Kuzatuvlarga qaraganda, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlar mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, oilaviy munosabatlarni qabul qilishlari qiyin kecharkan. Hatto ayrimlari o‘zi ulg‘aygan muassasaga yana qaytib kelgan hollar ham bo‘lgan. Bizda esa ana shunday noxush holatlarning oldini olish uchun bola har jihatdan oilaga tayyorlanadi. Tarbiyachidan tashqari, trenerlar, psixologlar ular bilan ish olib boradi, treninglar o‘tkaziladi, to‘garaklarga qatnashishadi. Uyda esa ajratilgan mablag‘ni har bir oila o‘z ehtiyoji uchun ishlatadi, jarayonda bozor-o‘char qilishniyam o‘rganadilar. O‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining ijtimoiy buyurtmasini olganmiz. Unga ko‘ra, boshlangan yilda “Vasiylikdan chiqayotgan yoshlarning imkoniyatini kuchaytirish” loyihasi asosida ish olib boramiz. Ya’ni bizda yoki Mehribonlik uylarida tarbiyalangan 16 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun o‘quv tashkil etiladi. Maqsad ularning mus­taqil hayotga ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan. 30 nafar o‘smir o‘qitilib, ular orasidan olti nafari tanlab olinadi va trener qilib tayyorlanadi. “Tengdosh” konsepsiyasiga ko‘ra, ulardan uch nafari Toshkent, uch nafari Farg‘ona shahrida vasiylikdan chiqqan o‘z tengdoshlari bilan mus­taqil hayot asoslari bo‘yicha ish olib borishadi. Huquq va majburiyatlar, ish topish singari ko‘plab masalalar yuzasidan treninglar o‘tkaziladi, qisqasi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun yo‘naltiriladi. Loyihaning keyingi bosqichlari ham bor va bu ketma-ket bajariladi…

Ayni paytda Samarqand va Urganch shaharlarida ham mazkur xayriya tashkilotining filiallari faoliyat olib boryapti. Keyingisi esa Xiva shahrida ochilishi mo‘ljallanmoqda. Demak, mamlakatimizning hech bir burchida bolalar yolg‘iz va qarovsiz emas!

“QUVNOQ AVTOBUS”NING VAZIFASI NIMA?

SOS faoliyat yurita boshlagandan buyon ko‘plab yangi loyihalar tatbiq etilib, uning qirralari kengayib bormoqda. “Quvnoq avtobus” (“Vesyolыy avtobus”, SOS Play bus) – Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mobil markazi ana shulardan biri. U turli o‘yinlar materiallari bilan jihozlangan. Undagi to‘rt nafar pedagog hamda avtotransport haydovchi bolalar xizmatida. Bu guruh hafta davomida mahallalar, maktablar va bolalar bog‘chalarida bo‘lib, tarbiyaviy ahamiyatga ega, ilm o‘rganishga mo‘ljallangan bepul o‘yin tadbirlarini o‘tkazadi. Har bir tadbirda 10 nafardan 50 nafargacha bola qatnashishi mumkin. O‘yinlarni to‘liq o‘rgangan guruh mikroavtobuslarda joylarga chiqib, e’tibordan, jamiyatdan chetda qolayotgan bolalar, o‘smirlar uchun shu kabi tadbirlarni davom ettirishadi. Ular o‘rtasida ichki tanlovlar o‘tkaziladi. Maqsad – bolalarda o‘ziga ishonch, sabrlilik, hurmat, o‘yinda halollik, guruhda ishlash, muammoni bosim o‘tkazmasdan adolatli hal etish kabi yuksak hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

 OTA UYI – SUYUK, ONA MEHRI – BUYUK!

Bu shaharchada ham oppoq tonglar otadi. Yozda anvoyi gullar barq urib gullaydi, kapalaklar uchib o‘ynaydi, qushlar qo‘shiq to‘qiydi. Qishda kumush qor dov-daraxtni bezaydi, bolalar yaxmalaklar uchib quvnaydi. Bu mahallada ham “ona” so‘zi sirli jaranglaydi, “bolam”, “shirintoyim”, degan xitoblar quloqqa chalinadi. Faqat… otaning salobati bo‘y ko‘rsatmaydi, uning himoyasi, nasihatu maslahati, o‘ktam ovozi sog‘inch bilan eslanadi…

SOS bolalar shaharchasiga kirib borarkansiz, zamonaviy uslubda, bir xil tipda qurilgan ikki qavatli uylar, atrofdagi saranjomlikdan dilingiz yayraydi. Yangi yil arafasida bo‘lgani boismi, ertaklar shaharchasidek maftunkor. Har bir uyda kattakon archa bezatilgan. Birinchi qavatda mehmonxona, darsxona, oshxona, ikkinchi qavatda yotoqxonalar joylashgan. Har bir oila zamonaviy pardalardan tortib, televizor, kompyuter, yumshoq mebellar, stol-stullar, krovatlar bilan ta’minlangan. To‘garaklarda qo‘l mehnati bilan tayyorlangan ko‘rgazmali vositalar xona va zallarga yanada ko‘rk berib turibdi.

Opasi jajji qizaloqning qo‘lchasidan ushlab bog‘chasidan olib keldi. Tarbiyachi – ona Gullola Madumarova ularni kutib olib, yuzlaridan o‘pib qo‘ydi-da:

– Asal qizim, yaxshi keldingmi, qara, uyimizga mehmon keldi, o‘rganib kelgan she’rlaringdan aytib berasanmi? – dedi.

– Mehmon bizga ikkita o‘g‘il olib kelibdimi? – savolga savol bilan javob berdi oilaning kichkintoyi.

Ona kulib tushuntirdi:

– Ikkita o‘g‘ilchani yangi yilda Qorbobo olib keladi. Bu kishi muxbir opa.

Qizlar salom berib, stol atrofiga yig‘ilishdi. Robiya, Muxlisa, Fotima, Muhsina bir oiladan – opa-singillar ekan. Bular o‘sha – otasi qamalib qolib, onasi xorijga ketgan oila farzandlari. Yagona o‘g‘il buvisi bilan qolibdi.

– Yana bir qizim bor, bularga katta opa bo‘lib tutingan Indira. To‘garakka ketgandi, hademay kelib qoladi, – deydi G. Madumarova. – Muxlisa bilan Robiya bir sinfda – oltinchida o‘qishadi. Fotima birinchi sinf, Muhsinaxon esa besh yoshda. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan. Ikki farzandim voyaga yetgan, endi ular ancha mustaqil. Shu yerda ishlay boshlaganimgayam sakkiz yil bo‘ldi. Bu orada “farzandlarim” ancha ko‘paydi. 2012 yilda Feruzaxon qizimizni (SamPIda o‘qiydi) shu yerda to‘y qilib uzatdik. Bu mahallamizdagi birinchi to‘y edi. Juda qiziqarli bo‘ldi. Hamma qizlarim shunday obro‘-e’tibor topishini istayman.

Gullolaxonning quchog‘ida o‘tirgan kenja qizaloq uning qulog‘iga shivirlaydi. Onasi kulib deydi:

– Meni qizim sizga she’r aytib bermoqchi ekan, qani boshladik.

Qizaloq rus tilida chug‘urlab she’r o‘qiydi:

В лесу родился ёлочка,

В лесу она росла.

Зимой и летом стройная,

Зелёная была.

Unga qarab turib, Fotimaxon ham zavqlanadi va yaxshi ko‘rgan she’rini aytadi:

Vatan, mening onamsan, issiq quchog‘ing,

Olamda yagonamsan, aziz tuprog‘ing…

Opasi Muxlisa ham o‘z orzulari, yutuqlari bilan bo‘lishishni istaydi:

– Men radioda, bolalar uchun eshittirishda qatnashyapman, she’r yozib turaman. Shifokor bo‘lishniyam orzu qilaman…

Faqat Robiyaning ko‘zlari ma’yus, ko‘p gapirmaydi. Balki kattasi bo‘lgani bois xuddi German Gmaynerning opasi Elza singari kelajakda zimmasiga tushajak mas’uliyatni hozirdanoq his etayotgandir?.. Lekin u davr boshqa edi. Qizgina buni, albatta, tushunadi.

– Ular bu yerga kelganlarida sovuqda qolgan maysadek diydirab turishardi. Hozir ancha tetiklashib qolishdi, – deydi tarbiyachi-ona sekingina. – Baribir ba’zida o‘z to‘kis oilalarini sog‘inishadi…

Ha, bu yer ertaklar shaharchasi, obod mahalla. Lekin… sog‘inch hukmron, armonning izlari bor. Axir, OTA UYI har nedan – SUYUK, ONA MEHRI – har nedan BUYUK-da!

Xolida FAYZIYEVA,

«Hurriyat» muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + three =