JAMOAT TRANSPORTI MADANIYATI

Bugungi kunda poytaxtimiz ko‘chalarida turli yo‘nalishlarda muntazam qatnayotgan «Mersedes Benz» va «Isuzu» rusumli avtobuslarni, «Gazel» rusumli yo‘nalishli mini avtobuslarni ko‘rib dilimiz yayraydi. Endilikda bir paytlardagidek jamoat transportini uzoq kutib, bekatda sarg‘ayib o‘tirishlar yo‘q.

 Salonlardagi ozodalik, qulayliklar ham bizda jamoat transporti tizimi yaxshi rivojlanib borayotganini namoyon etib turibdi. Yo‘llarimiz ravonlashmoqda, ko‘priklar, yer osti o‘tish joylari, qulayliklar tug‘dirmoqda. Ammo mening mulohazam boshqa mavzuda. Gap shundaki, biz hali jamoat transportida yurish madaniyatidan birmuncha or­qada qolganga o‘xshaymiz. Zero, avtobusda keksalar, bolali ayollar va nogironlarga joy bermaslik, shuningdek, uyali telefonda baland ovozda so‘zlashish yoki naushniklarda musiqa eshitib hech kimga e’tibor bermay ketish hollari ko‘p uchraydi.

 O‘zim guvoh bo‘lgan bir manzara bunday fikr yuritishimga sabab bo‘ldi. Yaqinda yo‘nalishli avtobuslardan birida borayotgandim. Navbatdagi bekatdan keksa onaxon chiqib qoldilar. U kishi tasodifanmi yoki ataylabmi oldingi o‘rindiqlarda o‘tirgan 20-25 yoshlar chamasidagi yigitning to‘g‘risiga borib turib qoldi. Ammo quloqlariga naushnik taqib olgan, xayollari yettinchi osmonda «sayr qilayotgan» yigit onaxonga e’tibor ham bermasdi. Xayriyatki, ko‘p o‘tmay undan sal nariroqdagi yoshi kattaroq kishi onaxonni o‘tirishga taklif qildi:

 

 – Onajon,keling bu yoqqa o‘tiring.

 Keksa ayolning yuzlari yorishdi:

 – Rahmat, umringizdan baraka toping, bolam.

 Yana bir bekatlardan taxminan 4-5 nafar kollej yoki litsey o‘quvchilari shovqin-suron ko‘tarib salonga chiqishdi. Ular bir-birlari bilan baqirib hazil-huzul qilishar, go‘yo avtobusda ulardan boshqa hech kim yo‘qdek edi.

 Ochig‘i, bunday manzaralarga ko‘zimiz o‘rganib boryapti. Hyech kim ularni odobga chaqirib biron tanbeh gap ham aytishmaydi. Bularni ko‘rib o‘ylanib qolasan kishi: xo‘sh, bunga kim aybdor ota-onami, o‘quv dargohi ustozlarimi? Nazarimda, bunga ko‘proq ota-ona aybdordek tuyuldi. Negaki, «qush uyasida ko‘rganini qiladi» deganlaridek, keksalar, nogironlar va bolali ayollarga izzat-hurmatni yoshlarga biz avvalo oila davrasida o‘rgatishimiz lozim. Ota-onalar bolaga hali murg‘ak paytidanoq yurish-turish, o‘zidan kattalarni hurmat qilish, jamoat joylarida, xususan, avtobuslarda odob saqlash kabi azaliy qoida va tamoyillarni singdirsak, bunday noxush holatlarga kamroq duch kelarmidik?

 Bu gaplarim bilan men yoshlarimizni ham ayblamoqchi emasman. Ikkilanmay aytamanki, ular orasida odobli, tarbiyali va madaniyatli yigit-qizlar juda-juda ko‘p. Ular har jabhada katta muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar, boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqdalar. Bu juda quvonarli hol, albatta. Ammo yakkam-dukkam bo‘lsa-da, noxush manzaralarga duch kelganimda, tarbiyasi oqsayotgan yoshlarga achinib ketaman.

 Shu o‘rinda yana bir mulohazani aytib o‘tishni joiz deb o‘ylayman. Bir paytlar jamoat transportlari, jumladan, avtobus, tramvay va metro vagonlarining asosan old tarafidagi o‘rindiqlar tepasida «Keksalar, nogironlar va yosh bolali ayollar uchun», degan yozuvlar yopishtirilgan bo‘lardi. Hozir ham metroga tushsak, tez-tez «Keksalar, nogironlar va yosh bolali ayollarga joy bering» degan xitobni eshitib xushyor tortamiz, yon-atrofimizda bizdan keksaroq odamlar yo‘qmikan, deb qarab olamiz. Jamoat transportida yurish madaniyati shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Taklifim, yo‘nalishli avtobuslarda ham bunday yozuvlarni yozib qo‘yish yoki boshqalarga eslatma tarzida e’lon qilib borish kerak. Bu shahar jamoat transporti xizmati madaniyatining o‘ziga xosligini ko‘rsatgan bo‘lardi. Keksalarimiz e’zozlanayotgan yilda avtobus salonlariga shunday yozuvlar yozib qo‘yilsa, katta savob ish bo‘lardi, menimcha.

 Shabnam AZIMOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =