ISHCHI-XODIMLAR MANFAATLARI HAMISHA USTUVOR

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash, munosib turmush darajasini shakllantirish hamisha ustuvor vazifalardan bo‘lib kelgan. Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” shiori ostida ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida mehnatni tashkil etishdan to ishchilarning nafaqa yoshida maroqli hordiq olishlarigacha – umuman barcha mehnat munosabatlarida faol vositachilik qilayotir.

 Bugun negizida insonparvar va hayotbaxsh qonunlar turgan fuqarolik jamiyati mamlakatimiz kasaba uyushmalari faoliyatini ham jonlantirib yubordi. Endilikda kasaba uyushmalarining bo‘lim va bo‘linmalari turli mehnat munosabatlarida bevosita ishtirok etib, qonunchilikda ko‘rsatilgan huquq­laridan faol foydalanmoqda. Xususan, 80 ming nafarga yaqin ishchi va xodimlarni jamlashtirgan O‘zbekis­ton Energetika xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi ishchilariga yaratilgan shart-sharoitlardan foydalanish, xodimlar va ish beruvchi o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash kabi ishlarga kamarbasta bo‘­layotir.

Soha kasaba uyushmasi respublika kengashi ijtimoiy sheriklik tamo­yillaridan kelib chiqqan holda, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan jamoa shartnomasi asosida hamkorlik olib bormoqda.

«O‘zbekenergo» DAK va O‘zbekiston Energetika xodimlari kasaba uyushma respublika kengashi o‘rtasida 2014-2016 yillar uchun ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha kelishuv bunga misol bo‘la oladi.

– Kengash tarkibidagi 150 ta boshlang‘ich tashkilot 79 ming 757 nafar a’zoni birlashtirgan holda faoliyat ko‘rsatadi, – deydi Kengash raisi o‘rinbosari Saidmurod To‘xtayev. – O‘tgan yilda tizimda 4 ta yangi korxona tashkil etildi, shuningdek, boshqa tarmoqlarda kengayish hisobiga jami 1836 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuning­dek yetti mingdan ziyod xodimlar malaka oshirish kurslarida tahsil oldi. “O‘zbekenergo” DAK tizimidagi korxonalarga bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali 2131 nafar xodim ishga qabul qilindi. Kengash yangi xodimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ayniqsa, yosh kadrlarga katta e’tibor qaratmoqda. Chunonchi, 385 nafar kollej o‘quvchisi amaliyot davrini tizimda o‘tayotgan bo‘lajak mutaxassislarga va kollejlarni bitirib ishga joylashgan 106 nafar yoshga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ishchilarga va xodimlarning oilaviy sharoitini yaxshilash, farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kengashning doimiy e’tiborida. Jumladan, ishchi-xodimlarga, farzandlariga chet tillarini o‘rganish, yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy qurilishi va maishiy texnikalar uchun qariyb 3 milliard 130 million so‘m miqdorida foizsiz kreditlar ajratildi. Tarmoqda mehnat qilayotgan kam ta’minlangan oilalarga, qolaversa, boquvchisini yo‘qotgan bolalarga bepul o‘quv quroli, darsliklar berildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarga qariyb 56 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ayni paytda kasaba uyushmalari ishchilarning sog‘ligini tiklash va dam olish uchun sharoit yaratib berish maqsadida sanatoriy hamda sog‘lomlashtirish markazlariga muntazam ravishda yo‘llanmalar ajratmoqda.

 B.MUHAMMADIYEV, 

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =