TUB ISLOHOTLAR SAMARASI

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda temir yo‘l sohasi tubdan rivojlandi. Respublikamizning shimolini janubiy hududlar bilan bog‘laydigan «Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus» hamda «Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on» temir yo‘l liniyalari qurildi. Bundan tashqari O‘zbekiston temir­yo‘lchilari tomonidan Afg‘oniston tarixida ilk bor «Hayraton – Mozori Sharif» temir yo‘li bunyod etildi. Hozir Farg‘ona vodiysini markaz bilan bog‘laydigan Angren-Pop yo‘nalishida yangi yo‘l qurilishi jadal davom etmoqda. 

Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afro­siyob» poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Sohaga oid dunyo tajribasidan o‘tgan zamonaviy texnologiyalarning yurtimizga kirib kelishi turmush madaniyatimizni ham o‘zgartirib yubordi. Yangi yo‘nalishlar va zamonaviy elektropoyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilgani, ko‘rkam vokzallar yo‘lovchilarga yuqori darajada servis xizmatlari ko‘rsatilayotgani bois, temir yo‘l transportidan foydalanuvchilar soni ham ortib bormoqda. Agar Angren-Pop yo‘nalishida qatnovlar to‘la ishga tushsa, bu imkoniyatlar yanada oshishi shubhasiz.

“O‘zbekiston temir yo‘llar” DAK tizimida amalga oshirilayotgan ishlar xususida  kompaniya bosh menejeri Sherzod Ismatullayev shunday deydi:

– O‘tgan yil biz uchun samarali bo‘ldi. Sohada bir qator yangi loyihalar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi tubdan o‘zgardi. Yil davomida 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgani ham sohamiz yutuqlarining ko‘lamini belgilaydi. Shu bilan birga 80 million tonnadan ortiq turli yuklar o‘z vaqtida egalariga yetkazildi.

Kompaniya o‘tgan yilda temir yo‘llar qurish, rekons­truksiya qilish va elektrlashtirish, yuk va yo‘lovchi tashiydigan temir yo‘l transportini qayta tiklash va modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish maqsadida 630 million dollardan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirdi. Bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi  ­“An­g­ren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etishga hamda respublikamizning turli hududlardagi 240 kilometrlik temir yo‘lni qayta ta’mirlashga sarflandi.

Investitsiya dasturiga muvofiq, kompaniyaning moliyalashtirish manbalari hisobidan 669,9 million dollarlik kapital mablag‘lar o‘z­lashtirildi. Ular temir yo‘llarni qayta tiklash, yuk va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, lokomotivlarni modernizatsiya qilish, «Quyuv mexanika zavodi» sho‘’ba korxonasida harakatdagi tarkib ta’mir bazasini rivojlantirish, vagon qurilishini tashkil etishga yo‘naltirildi. Shuningdek 54 ta lokomotivni modernizatsiya qilish, 1 ming 488 ta yuk vagonlarini modernizatsiya qilish va qayta tiklash, 650 ta yuk va 30 ta yangi yo‘lovchi vagonini qurish ishlari amalga oshirilib, jami 305,1 milliard so‘mlik  mahsulot ishlab chiqarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 18 iyundagi “Angren-Pop elektr­lashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bun­yod etilayotgan “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasida shu kunlarda ishlar qizg‘in. Uning uzunligi 123,1 kilometrni tashkil etib, bu loyiha doirasida 6 ta temir yo‘l stansiyasi va 2 ta vokzal, 19,1 kilometr tunnel, 285 ta sun’iy inshoot, 22 ta ko‘prik, 6 ta yo‘l o‘tkazgich inshootlari quriladi. Hozirda bu yerda jami 43 million kubometr tuproq ishlari hamda 16,3 million kubometr burg‘ulash-port­latish ishlarini bajarishga kirishilgan. Mazkur temir yo‘l­ning tunneldan tashqari  104 kilometriga po‘lat izlari yotqizilmoqda. Loyihaning tog‘li hududda, murakkab sharoitlarda amalga oshirilishini inobatga olsak, u dunyo miqyosida shunday ishni bajargan loyiha doirasida birinchi sakkiztalikdan, qurilayotgan 20 kilometrlik tunnel esa uzunligi va murakkabligi bo‘yicha birinchi 13 talikdan o‘rin olgan. 

Kompaniya boshqa yo‘nalishlarda ham elektrlashtirish ishlarini muvaffaqiyatli bajarayotir. Jumladan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan «Maroqand-Qarshi», «Qarshi-Termiz» temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, «Toshkent-Sa­mar­qand» yo‘nalishida yuqori tezliqda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini tashkil etish, «Ikki yo‘llik Jizzax-Yangiyer» elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l qurilishi ishlari davom etmoqda. 2015-2016 yillarga mo‘ljallangan Samarqand-Buxoro temir yo‘l liniyasida elektrlashtirish loyihasi jadal ketayotir. Uning loyiha qiymati 400 million AQSH dollarini tashkil etib, u to‘liq amalga oshsa 700 dan ziyod, xizmat ko‘rsatishni boshlashi bilan esa 200 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Elektr­lashtirish ishlari tugatilgach Toshkentdan-Buxorogacha yuqori tezlikda harakatlanuvchi yana 2 ta zamonaviy elektropoyezd qo‘yiladi. Ushbu poyezdlar Toshkent va Buxoro oralig‘idagi masofani ho­zirgi poyezdlar kabi 7-8 soat davomida emas, 3,5 soat davomida bosib o‘tishi kutilmoqda. Shu bilan birga mustaqilligimizning 24 yilligi arafasida Maroqand-Qarshi temir yo‘li ish boshlaydi. Ayni damda temir yo‘llarning ushbu qismida aloqa va signalizatsiya tizimini o‘rnatish ishlari yakuniga yetmoqda.

 Bobur YO‘LCHI o‘g‘li

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − eleven =