ZARIFANING QALB SO‘ZLARI…
1923 yil. Qohira.
Tadqiqotchilar qadimgi Misr fir’avni Tutanxamon maqbarasini o‘rganish natijasida tol novdasidan yasalgan tebranma kursi o‘sha davrlarda ham mavjud bo‘lganini, hunarmandlikning bu turi qadimiy ekanini aniqladilar.
2013 yil. Nyu Dehli.
Hindiston.
Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan ishbilarmon ayollar jam bo‘lgan xalqaro anjuman. Rais o‘ktam ovoz bilan so‘z beradi: “Navbat o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish uchun O‘zbekiston Respublikasidan kelgan tadbirkor ayol, “Ohangaron-Pokizaxon” xususiy korxonasi direktori, “Tashabbus-2007” tanlovi g‘olibasi, Vatanida ikki marta yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli deb tan olingan Zarifa Bahodirovaga!
Davra bir qalqib oladi. Bunga jam bo‘lgan ayollarning ko‘pi allaqachon Zarifaxon va uning yaratiqlaridan boxabar. Jo‘shib so‘zlashiyu, Vatani haqidagi dilbar tasavvurlari ularning qalbiga mustahkam o‘rnashgan.
Zarifa Bahodirova yuksak minbar tomon salmoqlab, yurib borar ekan, birin-birin chirq-chirq etayotgan fotoapparatlarning yorqin shu’lasi ta’sirida yuzlari tiniqroq ko‘rinadi. Yillar davomida sabot va iroda ko‘rsatib, vatanida sharaf-shon topgan, yuksak unvonlarga loyiq ko‘rilgan lobar ayol. Opa davra ahliga nigoh tashlab, bir zum o‘tgan yillarni, yo‘llarini, ilk marta qoratol bilan sirlashgan o‘sha olis kunlarni o‘ylab borardi… Hammasi kechagina bo‘lgandek, bari esida…
* * *
2000-yillar… Xalq ta’limi a’lochisi, Ohangaron tumanidagi eng ilg‘or bolalar bog‘chasining mudirasi Zarifaxon Bahodirova odatiy kunlarning birida hunarmandlik haqida kitob o‘qiyotib, miyasiga kelgan fikrdan ko‘ngli yorishib ketdi. Asarning nomi “Tol novdasining mo‘’jizalari” bo‘lib, unda qadimda qoratoldan yaratilgan bejirim mahsulotlar, ularni tayyorlash uslubi haqida so‘z borardi.
Shu-shu opaning ko‘nglida cho‘g‘ miltillab, yaratuvchanlik ishtiyoqi yona boshladi. Bunday hissiyot yuksak aql va bunyodkorlik ishlariga moyil, qalbida yaratuvchanlik hissi barq urayotgan insonlardagina kechishi mumkin.
2002-yil. Zarifa opa yuragiga o‘t solgan mavzuga aloqador o‘nlab kitoblarni o‘qib chiqdi. Avlod-ajdodi ustachilik, hunarmandlik bilan shug‘ullangan oilalarni topib, maslahat soldi. Nihoyat, o‘sha kun keldi. Endi u nazariyani qo‘yib, amaliy ish boshlash fursati kelganini sezib turardi.
Zarifa opaning aytganlaridan:
– Xalqimiz qadimdan o‘zining nafosatga boy amaliy san’ati bilan mashhur bo‘lgan. Ammo negadir savat to‘qish keyingi davrlarda unut bo‘layozgan hunarga aylangan ekan. Savat to‘qish o‘zbek xalqining azaliy hunari bo‘lib, ota-bobolarimiz qadimdan tomorqa va hovli atroflarini shox-shabbalardan qilingan maxsus to‘siq-to‘rlar bilan o‘rab kelganlar. Har xil novdalardan savat to‘qishgan. Ular shakli va ishlatish joyiga qarab turli nomlar bilan yuritiladi. Masalan, kajava savat, non savat, elama savat, qoshiqdon savat, guldor savat, dasturxon savat, to‘r savat, uzum savat, bosma savat kabi. Men ana o‘sha hunarmandlikni davom ettirmoqchi bo‘ldim. Aniqlashimcha, savat to‘qishda tut, terak, tol, to‘rong‘il, yulg‘un novdalari, bug‘doy, qamish poyalari ishlatilgan. Ayniqsa qoratolning novdasidan to‘qilgan savatlar juda chidamli hisoblangan. Qoratol… Qoratol… ular uyimdan sal narida, sersuv o‘tloqlar, anhorlar uzra bo‘y cho‘zib turibdi. Go‘yo kel, kelaqol, yurak-bag‘rimda asraganim – insoniyatga atalgan ezgu hislarimni, muhabbatimni odamlarga qaytar deyayotgandek tuyulaverdi. Gulqaychi ko‘tarib, asta qoratol oldiga bordim. O‘, azim tol, tabarruk daraxtginam, men qarshingda turgan ojiz bir ayolman, sening himmating va mening mehnatim vobasta bo‘lsa dunyoni go‘zalikka burkaymiz, deb pichirlardim qalbimning eng tublaridan…
Ishlar jo‘nashib ketdi. Qadim uslublarni qayta qo‘llab, ishlov berilgan qoratolning tekis, silliq novdalaridan opa chinakam mo‘’jizalar yarata boshladi. Qo‘l mehnati bilan dunyoga kelgan, ayol qalbi va ona tabiatning nozikligiyu go‘zalligini o‘zida jo etgan bu san’at asariga xaridorlar ko‘paya boshladi.
Opaning farzandlari yoniga kirdi. Oddiy havaskorlik, yangilikka o‘chlik, qiziquvchanlik tufayli paydo bo‘lgan mahsulotlar borib-borib, 2002-yilda miqyosni kengroq olib, rosmana xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga turtki berdi.
Tuman xalq ta’limi mutasaddilari dastlab ishchan va tashkilotchi xodimasidan ayrilgisi kelmadi, “Opa, siz har ikki ishni birgalikda eplashingiz mumkin” degan fikrlar aytildi. Biroq, hamma ishga mas’uliyat bilan yondashgan Zarifa Bahodirova yotig‘i bilan bor gapni tushuntirib, endilikda faqat tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida ekanini aytdi. Opa bor kuch va salohiyatini savat to‘qishga qaratib, yangi-yangi usullarni, bejirim shakllarni o‘ylab topa boshladi. Tebranma kursi, xontaxta kabi ko‘plab ehtiyoj mollari ishlab chiqarila boshlandi.
2007 yil. Toshkent. Zarifa opa o‘tgan davr mobaynida «Tashabbus» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ko‘p marta «Eng yaxshi hunarmand» yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Nihoyat, shu yilga kelib u tanlovning respublika bosqichida «Eng yaxshi tadbirkor ayol» deb topildi.
Bu davrda opa 30 dan ziyod mahalla yoshlarini ishga jalb qilgan, tadbirkorlik faoliyatini, xaridorlar bilan ishlash jarayonini yo‘lga qo‘ygan edi. Hatto mahsulot ishlab chiqarish yo‘lidagi asosiy xom ashyo – qoratol ham uning nazaridan chetda qolmadi. U mahalliy vakillar va tadbirkorlar bilan kengashib, suv yoqalarida tol qalamchalarini o‘tqazib chiqdi. O‘g‘li Jahongirni Toshkent davlat agrar universitetiga o‘qishga yuborib, o‘rmonchilik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olishiga zamin tayyorladi. Oliygohni tamomlagan farzand qoratol va boshqa kerakli dov-daraxtlarni ko‘paytirish, tobora kengayib, ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgan korxonani xom ashyo bilan ta’minlashga bor kuchini, bilimini sarfladi. Opaning ishlab chiqarish va tadbirkorlik yo‘lidagi qadamlariga nazar tashlab, barcha ishlarni o‘z tartibi va qonun-qoidasiga ko‘ra amalga oshirganiga guvoh bo‘lasiz.
Zarifa opaning mahsulotiga xorijdan buyurtmalar kela boshladi. Ayniqsa, «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» an’anaviy ko‘rgazma-yarmarkasidagi ishtirokdan so‘ng, Zarifa Bahodirova va uning hunarmandlik maktabi dong taratdi. Uning mahsulotlari «Ko‘rgazmaning eng yaxshi debyuti» hamda «Uy va ofis uchun eng to‘kis tanlov» kabi yo‘nalishlarda ikki bor maxsus diplomga sazovor bo‘ldi.
Darvoqye, bugun yurtimizning barcha hududlaridan hunar o‘rganish istagida Zarifa opani so‘roqlab keluvchilar ko‘p. Shu paytgacha tol novdalaridan to‘qima mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha 130 dan ortiq shogird tayyorlagan Zarifa opa respublika Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda viloyatlarda «Ustoz-shogird» mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘ydi. Qoraqalpog‘iston, Andijon viloyatlarida ana shunday mahorat saboqlari o‘tildi. Natijada bu qadim va jozibali san’at turi keng quloch yozdi.
2013 yil. Nyu Dehli.
Hindiston.
Mana, Zarifa Bahodirova minbarga yaqinlab qoldi. Mag‘rur va shahdam qadamlar bilan e’tirof minbariga odimlayotgan bu ayol o‘zining O‘zbekistondagi yuzlab-minglab ishbilarmon, tadbirkor xotin-qizlarni timsoli, vakilasi ekanini yaxshi anglardi. Yig‘ilganlar hayrat va ehtirom bilan tomosha qilayotgan mahsulotlarda ona Vatanining beqiyos muruvvati, mehr-muhabbati jo ekanini yurakdan his qilardi. U mana shu mahsulotlarni tunlarni tongga ulab, qayta-qayta mashg‘ulot va tajribadan keyingina yaratgan, shogirdlariga ana o‘sha usul va to‘qish yo‘llarini erinmay uqtirgan. “Bularning bari meniki, mehnatlarim mevasi…” deya takrorlardi tadbirkor ayol. U hatto qaysi mahsulotni qaysi shogirdi, kelini, nabirasi to‘qib bitirganigacha ayta oladi. Har bir shogird, hunarmandning dastxatini bexato o‘qiydi. Qiziq, u mana shu minbarda turib ayni kechinmalarini aytsinmi? Qoratol bilan sirlashgan, hunarmandlik yo‘liga qadam tashlagan lahzalarni hikoya qilsinmi?..
Yo‘q, bu gaplar ahli davraga yangilik emas. Qolaversa, qalbidagi his-hayajonni, minnatdorlik tuyg‘ularini to‘liq ifoda etmas… Ana, chimmatini salgina ko‘targan zanji ayol unga hayrat bilan tikilib turibdi. Suhbatlashgani bor – u ayolning yurtida qirg‘inbarot urush avjida. Necha yillarki, o‘z kasbiga, hunariga g‘oyat mehr qo‘ygan bu ayol qulay sharoit yo‘qligidan zoriqadi… Ana minbar, Zarifaning yuragi xapriqib, qalbida kechayotgan eng inja hislarni so‘zlay ketdi…
Oradan bir yillar o‘tib, o‘sha yig‘inda qatnashgan xorijlik tadbirkor ayollardan biri Zarifa opaga xat yozib, hol-ahvol so‘radi. Uning maktubida “Sizga qanot bergan tayanchingiz, adolatli Yurtboshingiz baxtingizga hamisha bor bo‘lsin” degan so‘zlar yozilgan edi…
– Xaridorlar bilan yanada yaqinroq aloqa qilishni zamonning o‘zi talab qilmoqda, – deydi Zarifa Bahodirova. – Ikki yildan buyon korxonamizning internetdagi veb sahifasi ishlab turibdi. Endilikda nafaqat yurtimiz, qolaversa dunyoning istalgan burchidan turib buyurtma qabul qilishni yo‘lga qo‘ya olamiz…
Behzod QOBULOV