BUGUNGI «ZARAFSHON», UNING IZDOSHLARI

Kasb taqozosiga ko‘ra «Zarafshon» – «Samarkandskiy vestnik», viloyat, shahar, ba’zi tuman gazetalarining o‘tgan yil oxirlari, yangi yil boshlaridagi ayrim taxlamalarini ko‘zdan kechirish, materiallar bilan tanishish imkoni tug‘ildi. Kam sonli materiallarni o‘qib nashrlar haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish, tugal xulosalar chiqarish qiyin, albatta. Lekin muhim tamo­yillarni aniqlash, yetakchi tendensiyalarni tanish mumkin, albatta.

Birinchi tamoyil nashrlar viloyat hayoti ko‘zgusi vazifasini bajarib, jamoatchilik fikrini shakllantirib, omma ongi, shuuriga ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. «Zarafshon» gazetasi tahririyati tomonidan nashr etilgan «Samarkand viloyati 2014 yilda» nomli 58 betlik kitobchada bir yilda bo‘lib o‘tgan muhim voqyealar oyma-oy, kunma-kun muntazam qayd etib borilgan. Ushbu ma’lumotnomaga qarab ham vohaning nafasi, tomir urishini anglash, his etish mumkin.

 Ikkinchi, xulosa. «Zarafshon» faqat ijobiy jihatlarni yorituvchi, madh etuvchi silliq nashr emas. Uning sahifalarida tasdiqlovchi, ibrat olishga undovchi xabar, maqola, ocherklar bilan bir qatorda inkor etish orqali tasdiqlovchi, tishli-tirnoqli, kamchilik, nuqsonlarni asoslab tanqid kiluvchi ularni tuzatish, tugatish, yo‘llarini ko‘rsatuvchi materiallar bor.

Masalan, «Zarafshon»ning 2015 yil, 1 soni. Yangi yilda tug‘ilgan chaqaloqlar, nishonlangan uy to‘ylari, Urgutda «Kamangaron» suv omborida qurilish-montaj ishlari tugallanganligi haqida qisqa, xushxabarlar, 31 dekabrda xizmat tufayli uyida bo‘lmaganlar, o‘tgan yilning eng yaxshi loyihasi xususida lavhalar, Mamayunus Pardayevning «Keksalari e’zozlangan yurt», Xudoyberdi Komilovning «Asrga tatigulik yil», Gulruh Mo‘minovaning «Totuvlikning ildizi» nomli tahliliy maqolalari va boshqa materiallar berilgan. Nashr­larning yangi yil sonidan bayramona, asosan ijobiy materiallar, qutlovlar o‘rin olishiga ko‘nikkanmiz. Lekin gazetaning ushbu, ilk sonida nashrlar obunasiga biznes sifatida qaralayotgani haqi­da «Ma’rifatmi yoki biznes?», «Qo‘shrabotda rent­gen ishlamaydi» nomli tan­qidiy maqolalar bosilgani e’tiborga loyiq. Gazetaning boshqa sonlarida «Pastdar­g‘omda ip-kalava ishlab chiqarish qachon yo‘lga qo‘yiladi?», «Jamoat transportidan ko‘ng­lingiz to‘lyaptimi?», «Qichqiriqli qo‘shiqlarga kim  bar­ham  beradi?», «Siniq oynadan sovuq kiradi-da»,  «Sinf­­lar nega isitilmayapti?», «E’tiqoddan voz kechish xavf­li», «Savodxonlikning narxi qancha?», «Gap»chilardan qoch!», «Bolamning ko‘ziga tik qarash oson kechmadi», «Umrning egovi», «Yo‘limiz ta’miri qachon dasturga kiradi?», «E’tiqod o‘g‘rilari», «Qizim fami­liyamdan voz kechdi», «Ochko‘zlik balosi», «Ma’naviyat soati majlis emas», «Tarmoq ta’mirlandi, quvurlar yangilandi… Ammo issiqlikdan darak yo‘q», «Murojaatga e’tibor shumi?» kabi tanqidiy materiallar bosilgan. Hamkasblarning aytishicha, har bir tanqidiy material viloyat rahbariyati nazariga tushadi, munosabat bildiriladi, kamchiliklarni tuzatish tadbirlari ko‘riladi.

«Samarqand», «Ovozi Samarqand» gazetalari (bosh muharrirlar Hakim Jo‘rayev, Ozodjon Xidirov) sahifalarida tanqidiy materiallar «Zarafshon»dagiga qaraganda kamroq. Istagimiz «Iymonsizda vijdon bo‘lmaydi», «Qonunni bilmaslik bahona», «Jinoyatga jazo muqarrar», «Soxta muhr va shtamp», «Sarishtasiz joyda baraka bo‘lmaydi», «Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi», «Pul deya vijdonni sotmaylik», «Bee’tibori to ba kay?», «Rasplata za ssoru» kabi tishli-tirnoqli, manzilli materiallar, fotoaybnomalar yanada ko‘p­roq bo‘lsa. «Samarqand»ning 24 yanvar sonida 2015 yil uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolarni ish­ga joylashtirish uchun ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi taqsimotni bajarmagan kichik korxona, tashkilot, muassasalar ro‘yxati  berilgan.

Belgilangan o‘rinlar, yosh­larga, nogironlarga mo‘l­jallangan ish o‘rinlari qanchaligi aniq ko‘rsatilgan tashkilot rahbarlari ushbu ro‘y­xatga tushib qolganlari uchun xijolat chekishar, ahvolni o‘nglash tadbirlarini ko‘rishar. Achchiq gaplarni ochiq aytish, kamchilik, illat, noxush holatlarga tig‘i qaratilgan materiallar e’lon qilish, jo‘yali, konstruktiv taklif, tavsiyalar berish  yaxshi. Yangiliklar, yaxshiliklar o‘zingizniki, o‘zimizniki. Xushnud etuvchi voqyealar esa ko‘p. Ulug‘larimiz – Beruniy, Mirzo Ulug‘bek nomlariga qo‘yilgan ko‘chalar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, yashnab ketibdi, ikki tarafi biri biridan ko‘rkam, muhtasham imoratlar. Go‘zallik, pishiqlikda Belgiya, Eron gilamlaridan qolishmaydigan, o‘n besh turdan ortiq Samarqand gilamlari, jinsi shimlari, paxtadan tikilgan, tanni yayratadigan ko‘ylak, maykalar; bir maydondan yiliga ikki-uch hosil ko‘taradigan mirishkor dehqonlar, millioner fermerlar, agrofirmalar, qo‘li gul hunarmandlar, mahorati sehrli-sirli nov­voylar, «Afrosiyob»u laynerlarda oqib kelayotgan sayyohu mehmonlar… Bularning barini viloyat matbuotidan o‘qib, radiosidan eshitib, televideniyesidan ko‘rib bilasiz. Viloyat rahbarlari qaysi tuman, mahallaga borgani, qaysi muassasada uchrashuv o‘tkazgani, qanday masalalar ko‘rilgani, hal etilganini «Zarafshon», «Samar­qand», «Ovozi Samarqand» gazetalari muntazam yoritib, efir, ekranda eshittirilib, ko‘rsatilib borilayotgani ham diqqatga sazovordir.

Ma’naviyat – viloyat ommaviy axborot vositalari muntazam e’tibor qaratadigan mavzu. Navoiy va Bobur tavallud kunlarida gazetalarda fan doktorlari Dilorom Salohiy, Muslihiddin Muhitdinov suhbatlari, Zulfiya tavalludining 100 yilligi  arafasida professor  Hotam  Umurovning, boshqa olim,   adiblarning maqola, esdaliklari berildi.

Samarqand jurnalistikasi doimiy amal qilib kelayotgan bir an’ana – til, so‘z, atamalar ekologiyasi, nomlar tarixiga oid katta-kichik maqola, tadqiqotlar berib borilishidir. Bu borada SamDU professori Bekmurod Yo‘ldoshevning faolligini alohida qayd etmoq kerak. Professor Muso Yo‘ldoshevning «Mitan» etnonimi haqida» maqolasida bu leksema «maetan – mitn – mexan» so‘zlaridan olingan bo‘lib, vatan, makon, joy ma’nolarini anglatishi, Romitan, Urmitan, Zarmitan, Nav­mitan singari o‘zakdosh joylar ham makonga ishora qilishi aytiladi. Mag‘izi chaqilishi, ma’nosi anglatilishini kutib yotgan joy, manzillar yurtimizda qanchadan qancha.

Bugungi kunda tahliliy, tad­qiqiy maqolalarning qadri-qimmati har qachongidan katta, ahamiyatli. Muhim yangilik, xushxabar (ba’zan noxush xabar) bo‘lsa tez yoritmoq, odamlarni xursand qilmoq yoki ogohlikka da’vat etmoq kerak. Lekin, unutmaslik kerakki, hozir yangiliklar shu onning o‘zida, mobil aloqa vositalari, radio, internet orqali darhol yetib boradi, bir-ikki kun o‘tkazib gazetada berilgan ushbu xabar, yangilik ma’lum darajada aha­miyatini yo‘qotadi. Bunday hollarda shu yangilikni kengroq sharhlab, tahlil qilib, mohiyatini ochib beradigan maqola, suhbat, ocherk, esse, publitsistika qo‘l keladi.

Shu ma’noda «Zarafshon» muhim xat-xabarlarni yoritish bilan birga salmoqli tahliliy, tanqidiy maqolalarga keng o‘rin berayotgani maqbul. Men tanishgan uch-to‘rt oylik materiallar ichida X.Bobomurodova, Z.Mo‘minova, G.Mo‘minova, D.Salohiy, U.Qodir, T.Shomurodov, A.Sher­xolov, I.Po‘latov, A.Mustafoqulov, K.Haydarov va boshqa mualliflarning maqolalari mavzuni keng yoritib berganligi bilan diqqatga sazovordir. Iste’dodli publitsist, shoir Nodir Jonuzoqning «Bag‘rikenglikning go‘zal timsoli» degan go‘zal, maroqli maqolasini alohida ta’kidlamoqchi edim. Doniyor pay­g‘ambar ziyoratgohiga bag‘ishlangan ushbu maqola viloyatda bunyodkorlikka, yangi qurilishlarga katta ahamiyat berilayotganligi bilan birga qadimiy obidalarni ta’mirlash, obodonlashtirish ham diqqat markazida turganligini ta’kidlash jihatidan ham e’tiborlidir.

«Zarafshon» sahifalarida maqola ko‘pu reportaj, ocherk, intervyu kabi janrlar kam, felyeton deyarli yo‘q. Bu janr­larda yaxshi narsa yozish uchun tumanlarga borish, ko‘rish, odamlar bilan miriqib suhbatlashish kerak. Biz talabalarga bo‘ri bilan geologni oyog‘i boqsa, jurnalist­ni oyog‘i, qo‘li, tili boqadi, degan hazil-chin iborani tez-tez eslatib turamiz. Gazetada rukn tagiga sarlavha, uning tagiga tagsarlavha qo‘yilishiga, shu orqali mavzuga ishora, mundarijadan darak berilishiga jiddiy e’tibor qaratilar ekan. Umuman ohori to‘kilmagan, sarlavha topish doimo muammo. Qiziqarli sarlavha bilan zerikarli maqolani aldab o‘qitib olish mumkin bo‘lganiday, mazmundor maqolaga siyqasi chiqqan sarlavha qo‘yib o‘quvchini bezdirish, hafsalasini pir kilish hech gapmas. Qiynalib topilgan yaxshi sarlavhani o‘quvchi huzur qilib, qarshi oladi. «Yonib bitish uchun yaralgan shamman…», «Hovuz sathidagi chizgilar», «Senga insof bersin, «yozuvchi» yaxshi sarlavhalar. «Nobeldan ranjigan muallima».

Jurnalistika bilan adabiyot bamisoli et-tirnoq, qo‘sh mag‘iz. Ko‘p she’rlar, asarlardan parchalar avval matbuot sahifalarida bosiladi, ke­yin kitoblarga ko‘chadi. Shu ma’noda gazetada ijodkorlarning yangi chiqqan kitoblariga taqrizlar berib turilishi, havaskorlar mashqlariga, obzorlar berib borilishi, mehmon yozuvchi, olimlar bilan uchrashuvlar, jurnalistlar, yozuvchilar hamkorligi, bu boradagi an’ana davom ettirilishi muhim.

«Zarafshon» gazetasi, uning izdoshlari xususida ba’zi kuzatishlarimiz, fikr-mulohazalarimiz chizgilarini bayon etdik. Keng, batafsil tahlillar, qamrovli, izchil tadqiqotlar oldindagi muhim vazifalardan. Biz, jurnalistika mutaxassislari, olimlar viloyat, shahar, tuman gazetalari, nodavlat, xususiy nashrlari, radiosi, televideniyesini o‘rganish borasida ko‘p qarzdormiz, burchdormiz. Ikki jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari, magistrantlari, amaliyot o‘tashga borgan talabalari bu sohada ancha ish qilishlari mumkin. Ilk tajribalar ham yo‘q emas. O‘zMU jurnalistika fakulteti magistri Dilrabo Boboyeva «Zarafshon»da amaliyot o‘tkazib, dotsent Ahmadjon Meliboyev rahbarligida «Gazeta so‘zining qudrati» kichik, maroqli risola yozdi.

«Zarafshon»ning adadi 20413 ta, «Samarqand»niki 8737 ta, «Ovozi Samarqand»niki 5130 ta, «Gulobod tongi»niki 5000 ta, «Pastdar­g‘om haqiqati», «Payariq tongi»niki 4000 atrofida, umuman olganda, yomon ko‘rsatkich emas. Bu, nashrlarning viloyat, shahar, tuman hayotining ko‘zgusi ekanligi, zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat bilan ado etayotgani, izlanish, mahorat bobida yangi marralarni ko‘zlayotganidan dalolatdir.

 Saydi UMIROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatganyoshlar murabbiysi, yozuvchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − four =