MUQADDAS RISHTALAR UZILMASIN

TURLI TAQDIRLAR TUTASHGAN MASKAN

Ilhombekka yaxshi ermak topildi: dadasi mashinasini haydashga ruxsat beradigan bo‘ldi. “Nima bo‘pti, o‘n beshga kiryapti…” Afsuski, otaning qarori o‘zini oqlamadi. Kunlarning birida “Neksiya”ni g‘izillatib borar ekan, yo‘l qoidalarini tuzuk bilmaydigan Ilhombek (ismi o‘zgartirildi) nogahon kelib urilgan yuk mashinasini sezmay ham qoldi. Falokatdan hech kimning joniga jabr yetmadi-yu, mol achchig‘i – jon achchig‘i deganlaridek, mashinaning ahvolini ko‘rgan, ota g‘azabini yashira olmadi:

– Bolam, bizni katta xarajatga tushiradigan bo‘libsiz-da!

Erkatoy o‘g‘ilga bu gap og‘ir botdi.

– O‘zim ishlab,  topib beraman, – deya boshini egib turaverdi u.

Otaga bu gap negadir yoqmadi:

– Sen hali pul topishni uddalaguningcha nechta qovun pishig‘i bor?..

Bu Ilhombekka: “Sening qo‘lingdan hech narsa kelmaydi”, degandek tuyuldi. Qizishdi, “Hali ko‘rasizlar”, dedi ichida.

Taassufki, hali hayotning pastu balandini ko‘rib ko‘zi ochilmagan o‘g‘il hozircha mashg‘uloti o‘qish-o‘rganish ekanini anglab yetmadi. Oila kattalariga qo‘lidan ko‘p ish kelishini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ishlash uchun boshqa shaharlarga ketayotgan qo‘shnilarga ergashdi. Oshxonalarda xizmat qildi. O‘zicha pul topyapman, hammasini to‘g‘ri qilyapman, deb o‘yladi. Oxir-oqibat Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tasarrufidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib kelindi.

Ushbu dargohga turli sabablar bilan kelib qolganlar anchagina. Ularning o‘zlari ham, nigohlari ham sabablaridek turlicha. Biri “yomon joy”ga tushib qolgani uchun o‘zini aybdordek sezib, ko‘zingizga qarashga uyaladi. Yana biri qayta-qayta kelaverib, beti qotgan, bu yerda o‘zini uyidagidek erkin his qiladi. Boshqasi esa o‘smirlik sho‘xliklari-da, shunaqasi ham bo‘lib turadi, deganday biroz qitmirlik, picha tortinish bilan qaraydi. Ilhombek shunday toifadan. U andijonlik Gulira’no, xorazmlik Dilafro‘z, toshkentlik Yulduz, Zemfira va Rizetta singari taqdir zarbalariga uchrab, aro yo‘lda himoyasiz qolmagan, yo‘qchilik-kamlik ko‘rmagan. Ko‘ziga mung cho‘kmagan, aksincha, quvnab turibdi. Sochi allambalo, kashtalik qilib oldirilgan, so‘rasangiz, “drakon… bu hozir moda”, deb kulib qo‘yadi. U bilan istagancha, erkin gaplashish mumkin. Ba’zi bolalarning nigohidagi chorasizlikni ko‘rib, savol berishdan, dilini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqasan, kishi. Hayot beshafqat, deyishadi. Odamlar-chi, shafqatlimi? Hayot va zamonni o‘zgartirish odamlarning qo‘lidan kelmaydimi? Nahot, o‘z zurriyodini taqdir yo‘rig‘iga topshirib qo‘yish osonu unga g‘amxo‘rlik qilish mashaqqat bo‘lsa?!

 

FARZAND BUYUK NE’MAT EMASMI?

Yulduz bor-yo‘g‘i olti yoshda. Shu yoshigacha markazga to‘rt-besh marta tushibdi. Mushtdekkina boshi bilan taqdiriga ko‘nikib, ko‘zlarida befarqlik qotib ulgurgan. Uyingga ketishni xohlaysanmi, desangiz: “Yo‘q”, deydi qat’iy. Bu go‘dakning gunohi nima? Nega ota-ona (hech bo‘lmaganda birovi)ning mehridan bebahra qolishi kerak? Ayni paytda uning ota-onasini bu huquqdan mahrum qilish uchun hujjat tayyorlanayotgan ekan. Taassuf, buyuk ne’matdan mosuvo bo‘lgan bu odamlar farzand tarbiyasidan ham zarurroq qanday ish bilan band ekanlar?!

Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarini o‘qigansiz. Uning qahramoni – bola atrofidagi chirkin hayotdan bezib ketadi. Murg‘ak qalbi odamlardagi mehrsizlik, adolatsizlikni qabul qilolmaydi. Doim oq kemani kutadi, bir kun kelib uni o‘zi istagan tomonlarga olib ketishiga umid qiladi. Yoki baliq bo‘lib suzishni, suzib-suzib, uni tashlab ketgan ota-onasining yoniga yetib olishni istaydi. Isitmalab yotganida uning ahvolini so‘raydigan odam topilmaydi. Birgina mehriboni – bobosini xarob qilishgach, jismiyu qalbidagi og‘ir dardni ko‘tarolmay, go‘yo dengizga sho‘ng‘iydiyu baliq bo‘lib suzib ketadi, bir umrga… Bu bor-yo‘g‘i badiiy asar, sizu bizga begona bir taqdir, ammo har qancha tosh qotgan yurakni ham eritadi, o‘rtaydi. Atrofimizdagi, real hayotdagi go‘daklar bilan bo‘layotgan shunga o‘xshash manzaralar-chi?! Ularga qarab achinmaymizmi? Asardagi bolaning hayotdan umidi ota-onasini topish, ular mehr-muhabbatini his qilish edi. Yulduz esa ulardan umidini uzib bo‘lgan, shuning uchun ham voz kechyapti. Buning izohi og‘ir, iqrori qismatning o‘zidek achchiq. Shu achchiq qismat uni tilanchilik qilishga, o‘z kunini o‘zi ko‘rishga majbur etdi. Ota-onasi hayot bo‘laturib, go‘dakligidanoq oxiri noma’lum yo‘lda qoldirildi. Yaxshiki, mamlakatimizda bunday bolalarning boshini silaydigan muassasalar, mehribonlik uylari bor…

 

MARKAZ QANDAY VAZIFA BAJARADI?

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tasarrufidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi 2005 yili tashkil etilgan. 2006 yilda markaz uchun alohida bino ajratildi. 160 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu dargohda uch yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar qabul qilinadi.

– Bu yerda ota-ona nazoratisiz, ko‘chada qarovsiz qolgan bolalar va o‘smirlar o‘ttiz kun mobaynida saqlanadi, – deydi markaz direktori o‘rinbosari Murod Umarov. – Shu vaqt mobaynida ularning sog‘lig‘i nazorat qilinadi, ota-onasi, qarindoshlari bor-yo‘qligi aniqlanadi, so‘ng kerakli hujjatlari rasmiylashtirilib yo mehribonlik uylariga yoki o‘z yashash manzillariga jo‘natiladi. Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda bo‘lmaganlari esa o‘z hududlariga yuboriladi. Uyidan qochib, maktabdagi tartiblarga amal qilmay, ko‘chada yuradigan tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar bilan ham ish olib boramiz. Ular profilaktika inspektorlari yordamida, sud ajrimi bilan markazga keltiriladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tartibot navbatchilari va ruhshunos nazoratida bo‘lishadi. Yaxshi tomonga o‘zgarsa, uyiga, o‘zgarish bo‘lmasa, o‘g‘il bolalar Sirdaryo yo Samarqanddagi, qizlar esa Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi yoki Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi yopiq tipdagi maktablarga yuboriladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarining yo‘qolgani yoki tibbiy ko‘rik natijalari sabab bo‘lib, bolalar yana o‘n besh kun markazda qolishlari mumkin. Har bir guruhga ikki nafardan xodim — tartibot navbatchilari va tarbiyachilar biriktirilgan. Ular 24 soat davomida guruh bilan birga bo‘lishadi.

Zamonaviy tipda qurilgan, ko‘rkam qiyofa kasb etgan markaz binosida bolalar uchun barcha sharoit yaratilgan. Qishki va yozgi sport zallari, cho‘milish havzalari, ma’rifat va kompyuter xonalaridan foydalanish, shu orqali sog‘lig‘ini mustahkamlash, bilimini boyitish, umuman, to‘g‘ri yo‘lga tushib ketish uchun barcha imkoniyat bor.

2010 yil 30 sentyabrdan kuchga kirgan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida birinchi galda oilalar bilan ishlash, ota-onalar o‘z qonuniy burch va majburiyatlarini bajarishlari uchun ularga ko‘maklashish zarurligi qayd etilgan. Qonunning qabul qilinishi bu boradagi ishlarning jonlanishiga turtki bo‘ldi. Joylarda uning ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Tumanlardagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhlari, profilaktika inspektorlari, mahalla va oila institutining hamkorligi o‘z samarasini berayotir. “Davomat”, “O‘smir” tadbirlarida ularning maktabga qatnashidan to uyiga qaytgunigacha bo‘lgan vaqti nazorat qilinyapti. Hatto cho‘ntagidagi telefonu boshqa shaxsiy buyumlari ham ko‘zdan kechirilmoqda. Soat 21:00 dan so‘ng internet klublarining ishlashiga ruxsat etilmayapti. Natijada voyaga yetmaganlar orasida bevaqt bemaqsad yuradiganlar ko‘rsatkichi ijobiy tomonga o‘zgardi. Markazga olib kelinayotgan o‘smirlar soni bundan to‘rt-besh yil avval oyiga to‘qson nafarga yetgan bo‘lsa, ayni paytda ellik foiz kamaygan.

Tartibot navbatchisi Marhamat Pirmatova aytganidek, bu dargoh ba’zi bolalarning yashash sharoitidan ming marta afzal. Yulduz tilanchilik qilsa, Rizetta chiqindilar orasidan baklashka izlab yurardi. Keyin ularni sotib yegulik uchun pul topardi.

– Onam yo‘q, otam har kuni ichib kelib meni uradi, – deydi Rizetta. – Menga shu yer yaxshi, biser tikyapman, to‘qishni o‘rgandim…

To‘rt mahal issiq ovqat, o‘g‘il va qiz bolalarning qiziqishlariga qarab tanlanadigan to‘garaklar ko‘cha-ko‘yda sarson yurgandan ko‘ra, albatta, yaxshi-da. Aynan shu yoshdagilar psixolog yordamiga ehtiyoj sezishi tabiiy.

– Qabul qilingan har bir o‘smir bilan psixodiagnostik, psixoprofilaktik, psixokorrektsion mashg‘ulotlar olib boramiz, – deydi markaz ruhshunosi Gulchehra Qosimova. – Agar bolaning xulqida og‘ishishlar bo‘lsa, uning ob’ektiv, sub’ektiv sabablarini o‘rganamiz. Oilasidagi muhit, maktab va o‘rtoqlari orasidagi o‘rni qay darajadaligi aniqlanadi. To‘liq ma’lumotga ega bo‘lgach, bolani ijtimoiy-axloqiy me’yorlarga ko‘nikma hosil qilishiga ko‘maklashuvchi psixologik treninglar o‘tkaziladi. Masalan, tortinchoq, odamovi bola uchun individual suhbatlar ba’zan foyda bersa, gohida befoyda bo‘lishi mumkin. Bunday paytda rasm chizdirish yoki boshqa mashqlar orqali uning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni bilib olamiz. So‘ng qiziqishlari, qobiliyatiga qarab foydali mehnatga jalb qilinadi. Muhimi, tarbiyachi, profilaktika inspektori va ruhshunos mashg‘ulotlari baravar olib borilsagina natija samarali bo‘ladi. Aks holda, sa’y-harakatlarimiz kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shuning uchun reja asosida bamaslahat ish olib boramiz.     

 

BIRNI KO‘RIB FIKR QIL…

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo miqyosida kuniga 17 ming bola turli kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumayotir. Besh yoshdan kichik har uch boladan biri hujjatlarda rasman qayd etilmaydi. Har yili 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smir va o‘spirinlarning ikki millioni immunitet tanqisligidan aziyat chekmoqda. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmi (yiliga uch millioni) ochlik tufayli vafot etyapti. Ming-minglab bola qarovsiz, himoyasiz qolayotir. Ayrim davlatlarda ko‘chada tug‘ilib, ko‘chada ulg‘ayadiganlar bor. Ko‘chada suyagi qotgan bola kelajakda jamiyatning ongli a’zosi bo‘ladimi yoki jinoyat olamining dastyorimi buni taxmin qilish mumkin. Boshpana, himoya, ko‘pning ko‘magiga ehtiyoj sezib kun kechirgan boladan atrofdagilar biror nima talab qilishga haqlimikin?!

Shukrki, bizning yurtda hech bir qora ko‘z ko‘chada qolmaydi, bolajon xalqimiz, g‘amxo‘r davlatimiz taqdir taqazosi bilan qarovsiz qolganlarni voyaga yetkazib, to‘g‘ri yo‘lga solish uchun mas’ul. Ammo ayrim ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi muqaddas rishtalar-chi, uzilib ketaveradimi? Yo‘q, qon-qonimizga singib ketgan qadriyatlar  bunga yo‘l bermaydi.

 

Xolida FAYZIYEVA 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 3 =