UMR ZAVOLI

Ma’lumotlarga ko‘ra, nufusi 7 milliard 100 million deb e’tirof etilayotgan dunyo aholisining 1,7 milliard nafari tamaki iste’mol qilar ekan. Bu yiliga 5-6 million kishi o‘z hayotiga zomin bo‘lmoqda, deganidir. Sotsiologlarning hisob-kitobiga ko‘ra 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 10 millionga yetishi taxmin etilmoqda. Kashandalarning o‘rtacha umri 22 yilga qisqarmoqda.
Bir kunda har bir kashanda o‘rtacha 8-10 donadan cheksa, 10 milliardga yaqin sigaret donasi tutab atrof-muhitni bo‘lg‘aydi.

Tamaki tutunining atrof-muhitga bir yillik zarari, ya’ni faqat sigareta chekilishi natijasida atmosferaga 10,5 tonna kadmiy, 14,8 tonna qo‘rg‘oshin, 48,5 tonna mis, 203,5 tonna rux, 966 tonna marganets va boshqa zaharli moddalar tarqaladi. Moddiy zarariga kelsak, bitta kashanda o‘rta hisobda 15 yil uzluksiz cheksa buning uchun yarim million dollar mablag‘ sarflaydi. Turli kasalliklar, irkitlik timsoli hisoblangan «kashandalik epidemiyasi»ning ko‘lami dunyo bo‘ylab bu qadar ortib borayotgani kishini tashvishlantirmay qo‘ymaydi. Ayniqsa, kashandalik yoshlar va xotin-qizlar orasida keng tarqalayotganini hisoblasak, masala yanada oydinlashadi.
Aslida chekish asoratlari biz o‘ylagandan ham xafvliroqdir. Shu illat tufayli miya po‘stlog‘i yupqalashib qoladi. Olimlar so‘nggi 15-20 yilda inson organizmida tamaki 21 xil kasallikni keltirib chiqarishi mumkinligini aniqlashdi. Qandli diabetdan tortib, saratonning 12 turi va yurak qon-tomir kasalliklarining 6 turi surunkali chekish oqibatidan kelib chiqar ekan.
Dunyo olimlari tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra chekuvchilar boshqalarga qaraganda yuqumli kasalliklarga 2 marta ko‘proq chalinishi ma’lum bo‘lgan. Sirroz kasalligining rivojlanish xavfi esa uch barobarga oshadi. Bunday xulosaga kelish uchun olimlar salkam million kishini maxsus tekshiruvdan o‘tkazishdi. Bu odamlar 2000-2011 yillar davomida kasalxonalarda davolanishgan. Shu davr oralig‘ida sodir bo‘lgan 181.3 ming o‘lim holatining 16.4 mingi ashaddiy kashandalar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Tamaki garchi passiv narkotik modda hisoblansa-da, uning tarkibidagi 196 xil zahardan 14 tasi giyohvandlik moddalariga mansubdir.» Nyu-York tayms» gazetasining xabar berishicha bugun AQSh dagi har 10 oilaning 7 tasida kashanda bor. Rossiyada esa ayollar, ayniqsa 30 yoshgacha bo‘lganlarning teng yarmi chekuvchi hisoblanadi.
Yer yuzida shunday davlatlar borki, aholisining yarmi sigareta chekadi. Buni Ukraina misolida ko‘rish mumkin. Bu yurtda yashovchi kashandalar yiliga 75 milliard dona sigaretani «tinchitar» ekan. Sigareta chekishni hayot lazzati deb biluvchi odamlar bir lahzalik orom va halovatini maqbul bilib, o‘z umrlariga, o‘zgalar sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir qilayotganligini anglasharmikan?!
Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish ayrim davlatlarda qat’iyan taqiqlanib, yer yuzida bu illatga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Bu borada Germaniyada ibratli ishlar qilinmoqda. Kashandalar sigaret qoldiqlarini shahar ko‘chalari, bekatlar va yo‘laklarga xullas shaharning har qanday joyiga beixtiyor tashlasalar, 50 dollar miqdorida jarima to‘laydi. Ekologik vaziyat tobora keskinlashib borayotgan vaqtda mazkur tadbir, albatta o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmaydi. Hatto «Avesto»da ham yurt obodligi, ya’ni shahar va qishloqlar hududlari ko‘rkam, ozod va toza bo‘lishi, bir qarich yerning ifloslanishiga qarshi maxsus me’yorlar bo‘lgan. Masalan, xonadon egasi kundalik chiqindilarni ko‘chada, o‘z uyi oldida saqlasa — unga 35 darra urilgan.
Taassufki, so‘nggi yillarda jahon miqyosida chekuvchi erkaklar soni kamayib borayotgan bir paytda kashandalik ayollar va o‘smir qizlar orasida ortmoqda. Yaqin yillarda ham Toshkent ko‘chalarida sigareta tutatib yurgan ayollar uchramas edi. Bugunga kelib yosh qizlar ko‘chalarda ayniqsa, sayilgohlarda bemalol sigareta chekib yurganiga guvoh bo‘lyapmiz. Achinarli tomoni shundaki, 300 ga yaqin o‘quvchi yoshlardan «tamaki chekishga munosabatingiz qanday» deb so‘ralganda ulardan uchdan biri xayrixoh va yarmidan ko‘pi befarq ekanliklarini aytishgan. Ammo, «sen chekuvchi qizga uylanasanmi?» deb yigitlardan so‘ralganda, 99.9 foizi «yo‘q» deb javob bergan.
Aniqlanishicha, o‘pka saratoni va emfizima kasalliklari paydo bo‘lishi sabablari orasida chekish kattagina foizni tashkil qiladi.
Ayollar orasida so‘nggi 40 yil ichida o‘pka saratoni ko‘paydi. Bu ham asosan chekishning salbiy oqibatidandir.
Shu o‘rinda chekishni yanada kamaytirish borasida ba’zi takliflarimizni aytishni joiz topdik.
Masalan, mamlakatimizning barcha savdo qoidalariga zid ravishda tamaki sotish bilan mashg‘ul do‘konlari «faolligi»ni tahlil qilib chiqish, maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan zamonaviy tamaki mahsulotlari do‘konlarini barpo etish, bu borada madaniy savdoni davlat va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib, qayta tashkil etish, yoki boshqa choralar belgilash lozim. Eng muhimi, kashandalarning ham madaniyatli xaridor sifatida shunga odatlantirib, voyaga yetmagan farzandlarimizga tamaki mahsulotlarini sotish va uni iste’mol qilishni zarari haqida qayg‘urishimiz zamon talabidir. Qolaversa, jamoat joylarida, korxona, muassasa va tashkilotlarga qarashli binolarda tamaki chekishni qat’iyan man etish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Karim NORMATOV,
Xoldor ERGASHEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 1 =