QASHQADARYO: YUKSAK TARAQQIYOT YO‘LIDA
Qashqadaryo navqiron O‘zbekistonimizning eng go‘zal va betakror maskanlaridan biridir. Vohaning saxovatli zaminidagi Kitob tog‘lari, Yakkabog‘ning so‘lim bog‘lari, Dehqonobod yaylovlariyu Koson va Nishon dala-dashtlarining tarovati o‘zgacha. Yozi uzun, ko‘klami serfayz, kuzi to‘kin-sochin, zumrad qishining go‘zalligiga esa qiyos yo‘q. Omborlari o‘z doni bilan to‘lgan, oppoq xirmonlardan ko‘ksi “oltin”ga to‘layotgan mirishkorlarining g‘ururi tog‘lardek baland. Buni o‘z yurtini obod etib, shu yerga sadoqat bilan yashayotgan mard va jasur qashqadaryoliklarning fidoyiligida yaqqol ko‘rish mumkin.
Yurtimizda yo‘llar qurish, ularni ta’mirlash va atroflarini obod qilishga katta e’tibor berilayotgan bir paytda Qashqadaryoda ham bu borada xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat janubini markaz bilan bog‘lovchi temir yo‘li, bir yondan Zarafshon va Hisor tizmalari, Buxoro kengliklariga qo‘shilib ketgan avtomobil yo‘llari manzilingizga bexatar yetkazadi. Samarqand-Qarshi yo‘nalishida tez harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish, Qarshi vokzalini rekonstruksiya qilish loyihalarining ro‘yobga chiqqanidan dillar quvonchga to‘ladi.
– Elektr poyezdlarni qabul qilish uchun xodimlarimizning malaka va ko‘nikmasi yetarli, – deydi Qarshi lokomotiv deposi bosh muhandisi Akmal Jabboraliyev. – Bir guruh malakali mutaxassislarimiz xorijiy mamlakatlarda o‘qib qaytishdi. Qarshi vokzali tubdan ta’mirlanib, viloyatimiz markazida milliy va zamonaviy me’morchilik an’analarini o‘zida aks ettirgan go‘zal maskanlar soni yana bittaga ortdi. Ta’mirlash jarayonida yuzga yaqin malakali quruvchilar, me’morlar, hunarmand ustalar va o‘nlab zamonaviy texnikalar ishtirok etdi. Uni eng ko‘rkam va chiroyli maskanlardan biriga aylantirish uchun zamonaviy va sifatli qurilish materiallari ishlatildi. Vokzalning tom va peshtoqqismi, binoning isitish uskunalari, quvurlari, elektr moslamalari butunlay yangilandi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan kutish zali ham ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Yuz nafarga yaqin temir yo‘l mutaxassislari uchun qo‘shimcha ma’muriy bino qurildi. Yo‘lovchilar dam olishi uchun yangi mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonasi bunyod bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, vokzalning kutish zali ham shinam va ko‘rkam ko‘rinishga ega bo‘ldi. Yo‘lovchilar uchun matbuot do‘koni va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ochildi.
Tarixan qisqa vaqt ichida qurilib bitkazilgan mustahkam va ravon yo‘llar, ko‘priklar odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish bilan birga, yangi-yangi korxona va ish joylarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, yangi temir yo‘l ishga tushishi sharofati bilan Dehqonobod kaliy zavodi barpo etildi. Bu nafaqat tumanda, balki viloyatda sanoat ishlab-chiqarish rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Bugun bu yerda mingga yaqin kichik biznes sub’yekti faoliyat ko‘rsatmoqda. E’tibor bering: 2007 yilda tumanda bor-yo‘g‘i 723,6 million so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, tadbirkorlarning sa’y-harakati samarasi o‘laroq, 2014 yilga kelib bu ko‘rsatkich 111 milliard 386 million so‘mga yetdi. Joriy yilda bu raqam yanada o‘sishi kutilmoqda.
– Kungaboqar moyi ishlab chiqarish uchun xorijdan 167 ming AQSh dollarilik uskunalar olib keldik. Hozir seximizda sinov ishlari olib borilmoqda, – deydi «Istiqlol» xususiy firmasining ish boshqaruvchisi Egamshukur Doniyev. – Tez orada to‘la quvvat bilan ish boshlaymiz. Shunda bir kunda 3 tonnagacha kungaboqar moyi ishlab-chiqarish imkoni bo‘ladi. Bu yerda 25 kishi ish bilan ta’minlanadi.
BIRIN FARHOD DERLAR, BIRIN ALPOMISH
Muborak shahri ham istiqlol yillarida vatanimizning obod va farovon go‘shalaridan biriga aylandi. Bu go‘zal ma’voning qadim tuprog‘ida Amir Temur bobomizning muborak nomi bilan bog‘liq tabarruk manzillar bor. Bir paytlar yetti iqlimga mashhur bo‘lgan Zanjirsaroyda Saroymulkxonim tavallud topgan. Minglab yodgorliklarni bag‘riga olgan mana shu biyday cho‘ldan qanchadan-qancha savdo karvonlari o‘tgan. Ko‘hna shahar xarobalaridan topilgan kulolchilik ashyolari, me’morchilik bezaklari, zeb-ziynat buyumlari chet ellik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yer usti va yer osti boyliklarini sanab adog‘iga yetolmaysiz.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi bugungi kunda nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiga katta hissa qo‘shmoqda. Ona yerimizning bebaho tuhfasi bo‘lgan tabiiy gaz respublikamizning eng chekka qishloqlariga ham yetib borib, farovon hayotimiz ko‘zgusiga aylandi. Katta konlarni o‘zlashtirib, elimiz koriga yarayotgan zamondoshlarimizning shijoati haqida esa qancha gapirsak, shuncha oz. Ular orasida istiqlol tengdoshlari ham bor.
– Qishlog‘imiz etagidan topilgan konlarni ishga tushirish jarayonida qalbi qaynoq, mehnatsevar gazchi va neftchilarni ko‘rib, qalbimda muhandis bo‘lish orzusi tug‘ildi, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Shahboz Qurbonov. – Ular qazib olayotgan gaz uyimizga olov va nur bo‘lib kirayotganidan mamnunligi chehralaridan sezilib turardi. O‘shanda insonning mo‘‘jizalar yaratishiga ishonganman. Amaliyot paytida bunga yana bir bor amin bo‘ldim. O‘nlab konlardan kelayotgan kuchli gaz bosimini murakkab texnologiyalar yordamida boshqarish hazilakam ish emas. Yetuk mutaxassis bo‘lish uchun hali ko‘p o‘qib-o‘rganishim kerak.
Inson xolis niyat bilan biror ishga kirishsa, albatta, ko‘zlagan maqsadiga yetadi. Agar yurt koriga kamarbasta bo‘lsa, bundan o‘zi ham, el ham manfaatdor bo‘ladi. Dunyoqarashi yangi, bilagida kuch-g‘ayrati bor bunday yoshlar ўuzor tumanidagi Sho‘rtan gaz-kimyo korxonasida ham ko‘p. Mazkur sanoat majmui suyultirilgan gaz mahsulotlari bilan birga, polietilen olish imkonini bermoqda. Buning samarasi o‘laroq, gaz va suv quvurlari, texnik uskunalar, qishloq xo‘jalik ehtiyojlari uchun zarur buyumlar o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Minglab yangi ish o‘rinlari ochilmoqda.
MULKDORLAR KO‘PAYMOQDA
Cho‘lni bo‘ston, bo‘stonni gulistonga aylantirayotgan chiroqchilik yoshlar ta’rifida ham bir-ikki og‘iz so‘z aytsak. Yosh tadbirkorlardan Sardor O‘tayev “Ipotekabank”dan 250 million so‘m imtiyozli kredit olib, pishiqg‘isht ishlab-chiqarishni yo‘lga qo‘ygani mahsulot tannarxini arzonlashishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sexda bir kunda o‘rta hisobda 20-25 mingta g‘isht tayyorlanmoqda. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan mahalliy uy-joylar va boshqa imoratlarga mana shu g‘ishtlardan foydalanilmoqda. 84 yoshni qarshilayotgan Ravshan Jo‘rayev poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirmoqda. Taqqos uchun: 2000 yilda tumanda 41 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritgan va ular tomonidan 2 milliard 170 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 2014 yilda 109 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritib, ular tomonidan 77 milliard 328,8 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bundan g‘ururlanmay bo‘ladimi?
YANGILANAYOTGAN QARSHI
Yurtboshimiz har safar Qashqa vohasiga tashrif buyurganlarida: “Men uchun Vatan ozodligi, xalqimning omonligi, yurtimning ravnaqi, mana shu muqaddas zaminimizda yashaydigan har bir oilaning farovonligidan o‘zga oliy saodat yo‘q”, degan co‘zni ta’kidlaydilar. Darhaqiqat, avvallari Qashqadaryo deganda odamlarning ko‘z oldiga cho‘l kelardi. Qurilish va obodonlashtirish ishlariga e’tibor yo‘q, qurilganlari ham mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida, hisobot uchun qilinardi. Mustaqillik yillarida uzoqni ko‘zlab, izchillik bilan amalga oshirilgan ishlar tufayli Qarshi qiyofasi tubdan yangilandi. Bu yerda o‘tgan yili 32 ta zamonaviy, birinchi qavatida savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joy olgan ko‘p qavatli turar joylar qad rostlagan bo‘lsa, joriy yilda shunday uylardan yana 25 tasi qurilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston va Nasaf ko‘chalari kesishgan joyda, Qarshining eski shahar qismida qad rostlagan, 24 xonadonga mo‘ljallangan turar joy binolari ko‘rkamligi bilan shaharga zeb berib turibdi. Uni “To‘xta ota Haydarov” ishlab-chiqarish va savdo xususiy firmasi bunyodkorlari barpo etishdi.
– Qurilishda binoning pishiq va ko‘rkam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratdik, – deydi firma rahbari Eshmamat To‘xtayev. – Bino asosi mustahkam bo‘lishi uchun ishni 8 metr pastdan boshladik. Tuproq yetarlicha zichlangach, poydevor tashladik. Binoning har bir bezagiga zamonaviylik va milliylikni uyg‘unlashtirishga intildik. Binoni qurayotganda besh-o‘n yilni emas, balki uzoq istiqbolni o‘ylab ish yuritdik, u har tomonlama mukammal manzara hosil qilishi uchun uy atrofida obodonlashtirish ishlarini olib borayapmiz. Qarshida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylar tashqi qismini bezashda zamonaviylikka uyg‘un milliy uslubdan foydalanilayotgani ular joylashgan ko‘chalar husnini yanada ochib yuborgan. Ularning sohiblari qalbida ham go‘zallik ifodasini topgan.
Bunga ishonch hosil qilish uchun shaharning yangilanib borayotgan manzillarini yayov aylandim. Qarshi cho‘llarida piyoda yurmaganimga ham ancha bo‘libdi. Yoshligimda onam bilan do‘konga borish uchun kamida 6 kilometr yo‘lni bosishga to‘g‘ri kelardi. Odamlar transport vositalari kamligidan haftasiga bir yoki ikki marta bozor-o‘char qilar, o‘shanda ham oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun soatlab navbatda turganini alam bilan co‘zlab berardi. Bir tomoni Beshkent, Kasbi, bir yoni Qamashi, ўuzorga tutashib ketgan mana shu kichkina Paxtazor qishlog‘ining o‘zida ko‘plab savdo do‘konlari, tikuvchilik sexlari, go‘zallik salonlarini ko‘rib, hayratda qoldim. Qishloqqa kirib-chiqayotgan mashinalarni sanab adog‘iga yetolmaysiz. Eng muhimi, odamlarimiz topgan-tutganiga orzu-havas bilan imoratlar solib, farzandlarini nufuzli universitetlarda o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
– Yurtimizda qad rostlagan qanchadan-qancha yangi maktablar, kasb-hunar kollejlari, sport inshootlarining barchasi biz – istiqlol farzandlari uchun, – deydi Qarshi tumanidagi 14-maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha eng yosh ilmiy bo‘lim mudiri Zubaydilla ўafforov. – Obod mahallalarda kamol topayotgan qishlog‘imiz yoshlari ma’naviy yetuklik borasida ham tengdoshlaridan ortda qolmasligi kerak. Maktabimizda kompyuter, laboratoriya xonalari, zamonaviy ko‘rgazmali vositalar yetarli. Shunday bo‘lsa-da, o‘quvchilarimizni viloyat markazidagi stadionlar, suzish havzalari, tennis kortlari va kutubxonalarga olib boraman. Yaqinda Qarshi aeroportiga sayohat uyushtirdik. Zamonaviy aerobuslarning uchib-qo‘nishi o‘quvchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Temir yo‘l vokzalida ham bo‘ldik. Tezyurar poyezdlarni ko‘rib, o‘quvchilarimizning hayrati oshdi. Qarshi va Beshkent shaharlarini bog‘lovchi muhtasham ko‘prikka chiqib, kelajak kunlarimizni tasavvur qildik. Endi fizika-kimyo faniga qiziqishi borlarni Tolimarjon GRESi, kosmonavt bo‘lishga harakat qilayotgan bolalarni Maydanak observatoriyasiga olib bormoqchiman. Ular boshqa joylarga uloqib ketmasdan, kelgusida o‘z yurtiga egalik hissi bilan katta konlarimiz, zavodlarimiz, tezyurar poyezdlarimiz, fazolarimizni boshqarishini istayman.
OYGA CHIQQAN MAYDANAK
Ulug‘ Temurga alla aytgan elning farzandlarini orzulari oydin, niyatlari xolis. Chunki, ko‘z o‘ngida har kuni yuzlab yangilanishlar ro‘y bermoqda. Ana shunday olamshumul o‘zgarishlardan biri Yaponiya milliy astronomiya observatoriyasi olimlarining tashabbusi bilan Maydanakda «Fazo xavfsizligi xizmati stansiyasi» tashkil etildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti va yana bir qancha xorijiy davlatlarning rasadxonalari ham shu yerda joylashdi. Tabiiy o‘rni, ilmiy salohiyatiga ko‘ra, “Maydanak” rasadxonalar majmui Kanar va Gavayi orollarida, shuningdek, Chilining Atakama cho‘lida joylashgan eng nufuzli rasadxonalardan qolishmaydi. Endilikda astronomlarimiz teleskop orqali nafaqat yulduz turkumlari, balki Mars va Yupiter oralig‘idagi, Quyosh atrofida aylanuvchi kichik sayyoralarni ham kuzatmoqdalar. Cho‘qqilarini oppoqqor qoplab yotgan mana shu tog‘ tizmasida hali qancha yangi sayyoralar kashf etilsa, ajab emas. Falakiyot ilmining otasi Mirzo Ulug‘bek bobomizning izdoshlari yetishib chiqadi.
VATAN, AYLANAYIN TUPROQLARINGDAN!
Qashqadaryo viloyatining qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, ziroatchilik va yana boshqa ko‘plab sohalarini olasizmi, bundan qat’i nazar, hamma-hammasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Iqlimi issiqo‘lkada yoz vaqti suvga ehtiyoj sezilmasligi uchun Hisorak, Pachkamar, Tolimarjon suv omborlariga katta e’tibor qaratilgan. Suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun yangi kanal va zovurlar qurilib, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilmoqda. Turmushimiz farovonligiga yo‘l ochayotgan bu o‘zgarishlar zamirida katta karvonlarga ergashib, Vatanimiz kuch-qudratini dunyoga ko‘rsatishdek ezgu maqsad yotibdi. Bu dorilamon kunlar xalqimizga baxt-saodat keltirishiga ishonamiz.
Adiba UMIROVA