AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI RIVOJLANISHDA

O‘zbekiston dunyoda ro‘y berayotgan global o‘zgarishlar va mamlakatimizning strategik masalalaridan kelib chiqqan holda o‘zining siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanish yo‘lini mustahkam belgilab olgan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, aholini barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xabardor qilib borish, shu orqali jamiyatda axborot erkinligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini olib borish, hamda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, provardida kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga erishish oliy maqsad qilib qo‘yilgan.

Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun davr axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan kengroq foydalanishni taqozo etadi. Busiz jamiyatning turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalari rivojini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini hozirgi kun talabi darajasida rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar hamda islohotlarning bosh yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki bu yo‘nalish, nafaqat respublikani axborotlashgan jamiyatga aylantirish uchun xizmat qiladi, balki u mamlakat iqtisodiyotini rivojlangan davlatlar darajasiga ko‘tarish uchun, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘ziga xos lokomotiv vazifasini bajaradi.

Haqiqatdan ham, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga axborot -kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish jamiyatni axborot jihatidan keng ko‘lamli qayta o‘zgartirishning ajralmas qismi hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu maqsadlarga erishish uchun mustahkam normativ-huquqiy baza yaratildi.

Jumladan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Elek­tron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi, “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi “Eletron hukumat to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, 2013 yil 1 iyulda davlat interaktiv xizmatlari Yagona portali (my.gov.uz) tashkil etildi, Yagona portalga 600 dan ortiq davlat organlari kiritilib, 250 dan ziyod interaktiv xizmatlar ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda mazkur portalga 323,3 mingdan ziyod sub’ektlar buyurtmalar bermoqda. ularning 58 foizini tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etmoqda. Yagona portalda interaktiv xizmatlar ko‘rsatish uchun markazlashgan monitoring tizimini tadbiq etish evaziga xizmatlar ko‘rsatishning shaffofligi, shuningdek, ariza va murojaatlarning muddatlari monitoringi ta’minlangan.

Bundan tashqari, joriy yilning mart oyidan boshlab yagona platforma sifatida xizmat qiladigan ochiq ma’lumotlar Portali ishga tushdi. Portalda jismoniy va yuridik shaxslarni qiziqtiradigan davlat organlarining faoliyati to‘g‘risida va ularning asosiy sohalari bo‘yicha statistik ma’lumotlar, shuningdek, davlat axborot tizimlari va resurslari haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Portalda joylashtirilgan ma’lumotlarni erkin va to‘siqsiz olish, nusxa ko‘chirish, nashr etish va uzatish, shuningdek, tijorat maqsadlarida va turli dasturlarni ishlab chiqishda foydalanish mumkin.

Mazkur portalda 50 dan ortiq davlat organlarining 568 turdagi ma’lumotlari joylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar unga 126 mingdan ziyod foydalanuvchi murojaat qilgan.

Ochiq ma’lumotlar portalini takomillashtirish maqsadida davlat organlari va ularning faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar olishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 avgustida “Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishi hisobga olingan holda internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi.

2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni yuqorida qayd etilgan konstitutsiyaviy me’yorlarni rivojlantirib, “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar zimmasiga ommaviy axborot vositalariga jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar, hodisalar va jarayonlar to‘g‘risidagi to‘liq axborotni berish” imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Shu bilan bir qatorda, aholi hamda OAVni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida tezkor axborot olishini yo‘lga qo‘yish maqsadida Internet tarmog‘ida davlat idoralarining veb-saytlari tashkil etildi hamda ularning samarali faoliyatini ta’minlash borasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari internet tarmog‘ida o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga ega bo‘lib, mazkur veb-saytlar orqali ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari miqdori yildan-yilga kengayib bormoqda.

Bu esa o‘z navbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risidagi axborotni nafaqat aholimizga, balki xorijiy mamlakatlarga ham umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga asoslangan holda yetkazib berilishiga xizmat qilmoqda.

 

Marhabo G‘AFUROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zMTDP fraktsiyasi a’zosi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − twelve =