OCHIQLIK TAMOYILINING MUHIM ASOSI
So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning axborotga bo‘lgan huquq va erkinliklari huquqiy jihatdan qay darajada tartibga solingani dunyo tajribasida fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasini belgilashda asosiy mezonlardan hisoblanmoqda.
Istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda axborot erkinligini, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar haqida xabardor qilishga qaratilgan qonunchilik bazasi yaratildi. Avvalo, bu masalalar Bosh qomusimizda har kimning axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish hamda undan erkin foydalanish huquqiga ega ekanligi to‘g‘risidagi me’yor orqali o‘z aksini topdi. “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlarda mazkur konstitutsiyaviy me’yor rivojlantirilib, «davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar zimmasiga ommaviy axborot vositalariga jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar, hodisalar va jarayonlar to‘g‘risidagi to‘liq axborotni berish» vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunga kelib qariyb barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot xizmatlari tashkil etilib, internet tarmog‘ida rasmiy veb-saytlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bunday imkoniyat va sharoitlar mamlakatimizda erkin axborot makonining shakllanishiga zamin yaratmoqda. Yaratilgan huquqiy maydon demokratik islohotlarning hozirgi bosqichi, ommaviy axborot vositalari bilan davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bunda, ayniqsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqani ta’minlashda OAV rolini yanada kuchaytirish, shuningdek, davlat va jamoat birlashmalari, nodavlat-notijorat tashkilotlarning axborot xizmatlari faoliyatini faollashtirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarning takomillashtirib borilayotganligi muhim omil bo‘lmoqda.
Bu o‘rinda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunini amaliyotga yanada kengroq tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha milliy va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, qonun avvalambor, har kimning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tadqiq etish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Uning qoidalari asosida davlat organlari faoliyati haqidagi axborotlar bilan jamoatchilikni, birinchi navbatda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlardan aholi, jamoat tashkilotlarini xabardor qilish mexanizmlari aniq belgilab berilgan. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, qonunning qabul qilinishi OAV xodimlari hamda davlat organlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni o‘rnatish, jurnalistlar tomonidan axborotlar olish, to‘plash va tarqatish masalalarida qonunchilik mexanizmlarini takomillashtirishga, fuqarolarni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida xolis, tezkor axborotlar bilan ta’minlash, davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida samarali axborot almashish mexanizmini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash borasidagi ishlarning istiqboldagi samaradorligini oshirish tegishli qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq. Buni yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Farg‘ona viloyatidagi davlat organlari tizimidagi ijrosini o‘rganish yakunlari ham ko‘rsatdi. O‘rganishlar davomida aholining qonundan xabardorlik darajasini yanada oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish, fuqarolarning ochiq hay’at majlislarida ishtirok etishi, axborot olishga doir so‘rovlarni ko‘rib chiqish, axborot xizmatlari faoliyatini jonlantirish, unga malakali kadrlarni jalb etish, rasmiy veb-saytlarni doimiy yangilash va ayniqsa, ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlarni joylashtirib borish masalalari bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ma’lum bo‘lmoqda.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 noyabrdagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida”gi qarori bu borada alohida ahamiyatga ega.
Ushbu qaror asosida tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlarga asosan yaqin vaqt ichida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma”, “Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq kollegial majlislarida ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olish uchun so‘rovlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ishlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ni ishlab chiqish kabi bir qator vazifalar belgilangan.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu vazifalarni amalga oshirish o‘z o‘rnida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amaliyotga tatbiq etish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni kuchaytirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilayotgan qarorlari bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, shuningdek, axborot sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari
masalalari qo‘mitasi a’zosi