AXBORIY MUVOZANAT NIMA

va u qanday holatlarda buziladi?

Koinot son-sanog‘i yo‘q yulduzlar, sayyoralar, galaktikalarning makonidir. Ular “Somon yo‘li”da mukammal bir muvozanatni saqlagan holda harakat qiladi. Osmon jismlari nafaqat o‘z o‘qi atrofida, balki ular kiradigan tizim bilan birga orbita bo‘ylab ham aylanadi. Hayratga solarli tomoni koinotdagi bu tartib shu qadar mustahkamki, hatto yo‘llari kesishgan 200-300 milliard yulduzdan iborat galaktikalar ham bir-biri bilan to‘qnashib ketmaydi. Buni BUYuK MUVOZANAT deydilar. E’tibor bersangiz, hayotimizning har bir jabhasida o‘sha buyuk muvozanatning mo‘’jazgina muqobillari bor. Dunyoning o‘zi allaqanday muvozanat asosiga qurilganday… O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu tushuncha quyidagicha ta’riflanadi: Muvozanat — qarama-qarshi kuchlarning, hodisalarning tenglashuvi, uyg‘unlashuvi tufayli sodir bo‘ladigan nisbiy turg‘unlik, osoyishtalik. Xo‘sh, muvozanat deganlari turg‘unlikmi? Tartibmi?

 Jurnalistlar orasida “Birinchi so‘zni aytgan haq”, degan hikmatnamo ibora bor. Endilikda unga yangi jihat qo‘shilib, “Kimki muntazam ravishda axborot oqimi bilan auditoriya e’tibori jilovini tutib tursa, shu bilan birga, ommaga faktlarni mustaqil tahlil qilish imkonini bersa, o‘sha haqdir”, deyiladigan bo‘ldi. Shunday ekan, bugun yangilikni nafaqat birinchi bo‘lib uzatish, balki uni ommabop, e’tibortortar va ekspressiv (ta’sirli) axborotga aylantirish muhimdir. Jurnalistika, shu bilan birga auditoriyaning ushbu talablariga monand faoliyat yuritayotgan “Si‑en‑en”, “Bi‑bi‑si”, “Yevronyus” telekompaniyalari, “Assoshieyted Press”, “Yunayted Press Interneshnl”, “Reyter”, “Frans‑Press”, “ITAR-TASS”, “Sinxua”, “Anadolu” kabi agent­liklar jahon axborot maydonida o‘zlarining mutlaq hukmronligini o‘rnatishgan. Boshqa mamlakatlar gazeta va jurnallarining tahririyatlari, radio va televidenie studiyalari, endilikda buning ustiga yana Internet‑saytlar o‘z nashr maydoni, efir va virtual kengligini ana shu manbalardan olingan xabarlar bilan to‘ldirib, dolzarb sanalgan mavzularni saralab, ommalashtirib bormoqda. Xususan, milliy jurnalistikamizda ham xorij xabarlarini aynan shu manbalarga asoslanib uzatish keng tar­qalgan. Statistik ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, “Assoshieyted Press” agentligi har kuni o‘rtacha 3 milliard belgidan iborat axborotni tarqatadi. Bu dunyo miqyosida tarqaladigan xabarning katta qismini tashkil etadi. Shu bilan birga “Yunayted Press Interneshnl”, “Reyter”, “Frans‑Press”, “Sinxua” singari media-gigantlar tomonidan ham anchagina xabar va ma’lumotlar ommaga uzatiladi. Masalaga jiddiyroq yondashadigan bo‘lsak, ular katta hajmdagi axborot bilan birga o‘zining g‘oya va mafkurasini ham tarqatmoqda.

Amerikada nishonlanadigan Xellouin bayrami haqida yaxshi bilamiz. Biroq Ugandada an’anaviy tarz­da o‘tkaziladigan meva sayli haqida eshitmaganmiz, shundaymi? Agar bu bayram AQSh yoki boshqa rivojlangan mamlakatda o‘tkazilganida Siz bu haqida, albatta xabar topgan bo‘lardingiz.

Nima uchun shunday? O‘ylab ko‘rishga arziydigan masala, to‘g‘ri emasmi?

Buning tub sababi ikki davlatning axborot uzatish maydonidagi mavqe bilan bog‘liq!

Statistikaga takror yuzlanadigan bo‘lsak, dunyo miqyosida uzatiladigan jami axborotning 62 foizi AQSh haqida bo‘lgani holda, atigi 2 foizi sayyoradagi yirik qit’alardan biri – Afrika haqidadir. Bu nima bilan bog‘liq, deb o‘ylaysiz? Avvalambor, AQSh va Afrika mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishning turli bos­qichlaridadir. Qolaversa, ularga tegishli bo‘lgan OAV tizimlari xal­qaro maydonda turli mavqe va pozitsiyalarni ishg‘ol etgan. Xo‘sh, buning biz – axborot urushlarining asosiy frontlaridan olisda qolgan, kundalik uzatiladigan yangiliklarning shunchaki iste’molchilariga bu jarayonlarning nima aloqasi bor? “Axborot monopoliyasi”dan bevosita biz qanday zarar (yoki foyda) ko‘ramiz?

Avvalo,  axborot dunyosining pesh­qadamlari bo‘lgan davlatlarning maqsadi – o‘z siyosiy qarashlari, madaniyati va turmush tarzini jahon hamjamiyati hayotiga singdirishdir. Hatto Xitoy, Hindiston, Misr singari betakror madaniyat sohibi bo‘lgan boshqa yirik davlatlar ham bu borada ulardan ortda qolmoqda.

Media-gigantlar auditoriya diqqatini istagan voqea, hodisaga burib yuborish imkoniga ega. Axboriy muvozanatning buzilganiga yaqinda xalqaro jamoatchilik yana bir karra ishonch hosil qildi. Ma’lumki, 13 noyabr kuni Parij shahrining bir nechta hududlarida bir paytda qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilgan. Bu voqea jahon media-makonida qizg‘in muhokama qilindi. Masalan, “Facebook”  tarmog‘ida foydalanuvchilarga o‘z fotografiyalarini frantsuz bayrog‘ining ranglariga bo‘yash xizmati taklif qilindi. Bu ijtimoiy aktsiya butun tarmoq bo‘ylab tar­qalib ketdi. Xususan, “Face­book”­ning o‘zbek segmentida ham ziyoli qatlam vakillari bilan bir qatorda masalaning asl mohiyatidan bir qadar yiroqda bo‘lgan yoshlarning profil(shaxsiy sahifa)larini ham frantsuz bayrog‘i bezadi. Dunyoning mashhur arxitektura yodgorliklari – Misr piramidalari, La Skala opera teatri, Piza minorasi va boshqalarning tungi yoritkichlari frantsuz bayrog‘ining ranglarida jilovlanishni boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, voqea atrofida ajiotaj (vahima) ko‘tarildi. Vaholanki, Parij voqelaridan bir kun oldinroq, ya’ni 12 noyabr kuni dunyoning boshqa tomonida joylashgan Bayrut shahrida terrorchilik harakatlari tufayli 43 kishi halok bo‘lgan. Biroq bu fojia jahon hamjamiyati e’tiboridan chetda qolgan.

Xalqaro maydonda axboriy muvozanatning buzilishi milliy media-makonga ham ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi, albatta. Bir xil axboriy syujetlarning tinimsiz takrorlanishini rus tadqiqotchisi L.G.Antonova “aylanuvchi eshik effekti” deb ta’riflagan. Dunyo miqyosida muhokamasi avj oldirilgan mavzularning yoritilishi jahon minbarlaridan astalik bilan milliy jurnalistikaga ham ko‘chib o‘tmoqda. “Uz24”, “Anhor”, “UT” singari sanoqli saytlar, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, “Jamiyat” singari ayrim nashrlar sahifalaridagina xalqaro hayotga hamohang tahliliy va muammoli materiallarni uchratish mumkin.

Dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar ko‘lami so‘zsiz mavzu jihatidan janrlar tanlovi, axborot uzatish kanallari va boshqa bir qator masalalarda azaliy muvozanatni buzib yuboryapti. Boz ustiga, matn va grafika, yangilik va tahlil, badiiylik va hujjatlilik o‘rtasidagi tenglikning buzilishini ham aytadigan bo‘lsak, jurnalistikaning qadim tamoyillarini yangilash tobora zaruratga aylanayotganini ko‘ramiz. Bu davrning talabimi yoki taklifi? Xo‘sh, muvozanat-chi? Qanchalik kerak? Uning buzilishi qanday oqibatlarga olib keladi? Balki bu evrilishlar dunyoni yangi davr – yangi eraning bo‘sag‘asiga boshlab kelayotgandir? Bu esa boshqa mavzu.

 Mohlaroyim QAYUMOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 3 =