BEBAHO NE’MAT SHUKRONASI


Mamlakatimiz mustaqilligini, fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish  davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Insonning muqaddas huquqlaridan biri bu — tinch yashash huquqidir. Davlat va jamiyatning burchi ana shu huquqni qonuniy vositalar bilan kafolatlab berishdir. Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatning mustaqilligi, xalqning erki va tinchligi uning o‘z armiyasi, Qurolli Kuchlari tomonidan himoya qilinadi. O‘z mustaqilligini, tinchligini asray olgan davlatgina bar­qaror rivojlanadi, gullab-yashnaydi.

 Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «O‘z istiqloli va ozodligining qadrini bilmaydigan, uni himoya qilolmaydigan, bunga kuch-qurbi yetmaydigan millat hech qachon erkin yashay olmaydi, kimgadir itoat etishga, bo‘yin egishga majbur bo‘ladi». Shu bois istiqlolimizning dastlabki kunlarida — 1991 yil 6 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Shu kuni mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston yurisdiktsiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimizning tinchligi hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib hamda mamlakatimiz hududidagi harbiy qism va bo‘linmalarning davlatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan qonuniga binoan 14 yanvar O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakl­lantirish yo‘lida keng ko‘lamli va mohiyatan ulkan ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, harbiy soha islohotlari bilan bog‘liq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori bun­yod etildi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbe­kiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekis­ton Respublikasi har bir fuqarosining burchi” ekanligi alohida belgilab qo‘yildi.

Asosiy qomusimizda, shuningdek, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining huquqiy maqomi ham aniq belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra Qurolli Kuchlar O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, respublikamiz aholisining osuda hayoti va xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil etilishi qayd etildi. Shuningdek, “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy asoslarini o‘zida mujassam etdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan milliy armiyamizni shakllantirish va boshqarishning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish imkonini berdi. Qisqa vaqt ichida harbiy okruglar, chegara hududlari va maxsus operatsiyalarga ixtisoslashtirilgan qismlar tuzildi. Milliy armiyamizni bosqichma­-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda, avvalo, xavf­sizligimizga qarshi qaratilgan jiddiy tahdid va xatarlar, ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolar hisobga olindi.

Dasturga muvofiq, Mudofaa vazirligining bo‘linma va qism­larini, chegara qo‘shinlarini, boshqa vazirlik va idoralarning harbiy tuzilmalarini yagona qudratli tizimga birlashtirgan Qurolli Kuchlarimiz qismlarining tarkibi va joylashuvi qayta ko‘rib chiqildi.

Qurolli Kuchlarimiz va ularning asosiy jangovar bo‘linmalarining printsipial jihatdan mutlaqo yangi tashkiliy-tarkibiy tuzilmasi joriy etildi, boshqaruv va tuzilmalarning bir-birini takrorlaydigan, kam samarali bo‘g‘inlari tugatildi. Bu esa, o‘z nav­batida, mazkur boshqaruv va tuzilmalarning harakatchanligi, tezkorligi va jangovar qobiliyatini oshirish imkonini berdi.

Mamlakatimiz hududiga suqilib kiradigan har qanday tajovuzkor bosqinchiga qarshi qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan Maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan kuchlar, Terrorchilikka qarshi kurashish korpusi bo‘linmalari va boshqa zamonaviy jangovar bo‘linmalar tashkil etildi hamda ularning faoliyatini kuchaytirish davom ettirilmoqda.

Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Islohotlarning eng muhim natijasini armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhitning butunlay yangilanganida, jamiyatimizda armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv tamomila o‘zgarganida yaqqol ko‘rish mumkin. Yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish, nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafga aylandi. Bugun Armiyada xizmat qilishning nufuzi baland. Barcha ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetgach, uning Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishini niyat qilishadi. Chunki zamonaviy jangovar texnik qurollarni mukammal egallagan yigitlarimiz millatning, yurtning iftixori bo‘lishayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sar­hadlari daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va miq­yosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli va bos­qichma-bosqich ravishda amalga oshirildi.

Prezidentimiz «Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir» kitobida ta’kidlaganidek, milliy armiyamizni barpo etish jarayonlari O‘zbekistonning o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritish tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Shu ma’noda, 14 yanvar sanasini faqat harbiy xizmatchilar emas, umumxalq bayrami sifatida qabul qilishimiz, uni eng ulug‘, eng aziz ayyomlardan biri sifatida yuksak darajada nishonlayotganimiz bejiz emas.

Vatan tuyg‘usi, Vatan himoya­si tushunchasi shunday aziz va ulug‘ ne’matki, hayot yo‘llarida, og‘ir va mashaqqatli sinovlarda bizga hamisha kuch-quvvat baxsh etib, mardlik va jasoratga da’vat etadi.  Ona vatanimiz O‘zbekistonimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning sha’nu sharafini himoya qilish  har birimizning muqaddas burchimizdir.

 

To‘lqin KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  Mudofaa va xavfsizlik masalalari

qo‘mitasi a’zosi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 19 =