SOG‘LOM FARZAND — YURT KAMOLI

Abduvohid bobo o‘n to‘rt yashar nevarasi Shamsiddin Gretsiyaning Xalkidiki shahrida shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘z tengdoshlari orasida g‘olib bo‘lganini eshitib, ko‘zlari quvonch yoshlariga to‘ldi. Nafaqat Shamsiddinning, balki istiqlol havosidan nafas olib ulg‘ayayotgan tengdoshlarining vujudidan yog‘ilib turgan kuch-g‘ayratni, yuksak parvozga shaylanayotgan burgutning chaqnoq ko‘zlari kabi o‘t-olovni ko‘rib, ko‘ngli ezgu orzulardan yorishib ketdi.

 Surxon vohasidagi oddiy go‘sha — Boysun tumani, Tillakamar qishlog‘ida yashovchi bu nuroniyning shu paytdagi his-tuyg‘ularini ifodalashning o‘zi emasdi. Bobo ne-ne sinoatlarni boshidan kechirmagan, deysiz. El-yurt g‘amini ko‘rib, ozorlangan kunlari ko‘p bo‘lgan. Xayriyat, quvonchli kunlar ham bo‘lar ekan. Mana bugun dunyoning manaman degan joylaridan kelib o‘z elining g‘ururi uchun kurashgan barcha tengqurlarini yengib, O‘zbekiston sha’nini baland ko‘targan yigitchaning, orkash, mag‘rur o‘zbek o‘g‘lonining — chempionning bobosi bo‘lib qutlovlarni qabul qilayotir! Bundan ortiq baxt bo‘ladimi?

Bir paytlar o‘zi ham professional sportchi bo‘lmoqchi, dun­yo­ni lol qoldirmoqchi edi. Agar o‘shanda sportchi bo‘laman, deganida “realistroq” hamqishloq amakilardan biri: “Bo‘tam, sport senga osh-non berarmidi, qo‘y, boshqa bo‘ladigan ishning boshidan tut”, — deya “aql” bo‘lmaganida, har kuni tongda turib yugurganini ko‘rgan hamsoyalar piqirlab kulganini sezib qolmaganida, o‘smir qalbi jarohatlanmagan, ehtimol, bolalik orzulari ushalgan bo‘larmidi. Ammo u taqdirdan nolimaydi, elga chavandoz bo‘lib tanildi, mana, g‘ujur-shijoat, kurashuvchanlik suyak surib, avlodlari jahon maydonlarida “uloq”ni ayirib kelmoqda.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2015 yil davomida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Xitoy, Italiya, Frantsiya, Portugaliya, Bolgariya, Yaponiya, Gretsiya, Chexiya, Rossiya kabi 24 ta davlatda bo‘lib o‘tgan 53 ta chempionat va nufuzli xalqaro sport musobaqasida 479 nafar iqtidorli yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.

Uzoqqa bormaylik, atigi yigirma yillar avval ham o‘zbek farzandlari biror xorij mamlakatida uyushtirilayotgan musobaqada qatnashib kelishining o‘ziyoq shov-shuv bo‘lib ketardi. Vatanimiz nomi jahon arenalarida yangrab, bayrog‘imiz hilpiraganini bayramdek qabul qilar edik. Chunki, bu haqi­qatdan ham katta voqea sanalardi. Bugun-chi? Bugun yozgi va qishki Olimpiadalar, qit’a va jahon chempionatlarini o‘zbekistonlik sport ustalari ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Darvoqe, o‘tgan yil yosh sportchilarimiz (e’tibor bering, bunda faqat bolalar va o‘smirlarimiz natijalari haqida so‘z boradi) 53 ta chempionat va nufuzli xalqaro musobaqada 140 ta oltin, 83 ta kumush, 91 ta bronza — jami 314 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu o‘tgan yilgi natijadan 14 ta ko‘p deganidir.

Biz o‘z jigarbandining yutug‘idan boshi osmonga yetgan birgina boboning qalbiga nazar soldik, xolos. Agar maktabda matematikadan yaxshi o‘qiganman, desangiz, qolganini o‘zingiz hisoblab olavering. Shamsiddin singari yana 479 nafar yosh iqtidorli o‘g‘il-qizlarning bobo-buvilari, ota-onalari, ustozu murabbiylari qancha! Ishonchimiz komilki, bu sportchilarning minglab sinf­dosh-tengdoshlari ham ularga havas qilib, ergashadi. Qarang, sport — yurtdoshlarimiz hayotidan, kundalik turmush tarzidan qanday o‘rin oldi.

E’tiborlisi, odatda bolalar kattalarga ergashib biror ishni qiladi. Sportda esa bugun sal boshqacharoq vaziyatni kuzatyapmiz. Bobo-buvilar, ota-onalar, aka-opayu tog‘a-xolalar jajji bolajonlarga qarab jismoniy tarbiya va sportga oshno tutinishmoqda!

— Men nevaralarimga qo‘shilib har kuni kamida ikki soat sport bilan shug‘ullanaman, — deydi ana shunday bobolardan biri, shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionlari — aka-uka Javohir va Islombek Sindorovlarning buvasi Komil Sindorov. — Bu yoshda bolalar soatlab bitta mashg‘ulotga andarmon bo‘lishi qiyin. Shu bois ularning mashg‘ulotini almashtirib turishga harakat qilamiz. Bir-bir yarim soat shaxmat bilan shug‘ullansa, yana shuncha vaqt dars tayyorlashadi. Televizor ko‘rishga ham vaqt ajratamiz. Eng qizig‘i, turfa mashg‘ulotlarimiz “dastur”iga futbolni ham kiritganmiz. Kunning ma’lum bir qismida bobo-nevaralar stadionga chiqib to‘p tepamiz.

Ota-onalar va bolalar, bobolar va nevaralar o‘rtasidagi bu kabi samimiy muloqot-munosabatlar yurtimizda nafaqat professional sportchilar yetishib chiqishi, chempionlar soni ortishiga, balki sportning yanada keng ommalashib, jamiyatda sog‘lom turmush tarzining mustahkam qaror topishiga zamin bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda bolalar sportiga qaratilayotgan yuksak e’tibordan ko‘zlangan maqsad kelgusida Vatanimiz sha’nini nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladigan, shoda-shoda medallarni qo‘lga kiritadigan chempionlarni tarbiyalashdangina iborat emas. Maqsad — avvalambor, sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirishdir. Keling, fikrimiz quruq bo‘lib qolmasin, quyidagi raqamlarga e’tibor qarataylik.

Ayni paytda respublikamiz miqyosida 2 milliondan ziyod bola sportning 30 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. 2014 yilda sport bilan shug‘ullanuvchi 6-15 yoshli bolalar qamrovi 2013 yil bilan taqqoslaganda 43,7 foizdan 55,8 foizga, shu jumladan, qizlar soni 39 foizdan 45,7 foizga ortgan.

“Umid nihollari — 2015” sport o‘yinlarining saralash bosqichlarida 4 milliondan ortiq maktab o‘quvchilari ishtirok etgan. Ularning 1 million 800 ming nafari qizlardir! Bu jami ishtirokchilarning 44 foizi degani.

Albatta, bu raqamlar kishini quvontiradi. Biroq gap raqamlarda emas. Eng asosiysi — sport libosini egniga ilib, maydonchalarni shodon qiyqiriqlarga to‘ldirayotgan bolakaylarning salomatlik ko‘rsatkichlari.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, 2015 yilda o‘tkir virusli infektsiyalar bilan kasallanish o‘n-o‘n besh yoshli o‘smirlar orasida 2004 yilga nisbatan 28 foizga, pnevmoniya 26 foizga, bronxit 37,6 foizga, skolioz 22,6 foizga kamaygan. Mutlaq sog‘lom bolalar esa 11,4 foizga ko‘paygan.

Shu kabi faktlar bilan tanishganda, beixtiyor “Farzand­lari sog‘lom yurt — qudratli bo‘lur” degan hikmatli ibora xayolimizga keladi.

Biz — yaxshi niyatli odamlarmiz. Keksalarimiz duoga qo‘l ochganda hamisha: “Dunyo tinch bo‘lsin” deya tilak bildiradi. Tinchlik bo‘lsa, farzandlar barkamol ulg‘ayadi, odamlar o‘z shirin jonini emas, bolalarining kamolini o‘ylaydi.

— Nechanchi sinfda o‘qiysan? — deyman yelkasiga o‘zidan ham katta cholg‘u asbobini (g‘ilofli) taqib olib, zipillab ketayotgan o‘n yoshlardagi bolaga zo‘rg‘a yetib olib.

— Uchinchi sinfda.

— Qaerda o‘qiysan?

— Shu yerda, — deydi qisqa qilib, shundoqqina yonimizdagi musiqa va san’at maktabiga ishora qilib.

— Sportchimisan? — tez yurayotganiga sha’ma qilaman.

— Violonchel chalishni o‘rganaman, — ko‘rmayapsizmi musiqachiligimni, degandek hayron bo‘ladi u. So‘ng qo‘shib qo‘yadi: — Ha, futbolga ham qatnashaman!

Uning ortidan havas bilan tikilib qoldim.

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 13 =