TINCH VA MUSAFFO SAMO LOCHINLARI

Bolaligimizda samoda biror samolyot yoki vertolyotning guvillagan ovozini eshitib, qolsak ko‘kka boqib: “Ey samolyot, meni olib ket” deya shodon qichqirardik. Ularda parvoz qilayotgan odamlarga havas qilardik. Ayniqsa uchuvchilarga. Yoshligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilmagan bolalar kam bo‘lsa kerak. Bu niyatga yetishish uchun inson avvalo matonatli mard va bilimli bo‘lishi kerak. 

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining ilk yillarida Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiy uchuvchi va aviatsiya muhandisligi mutaxassislarini tayyorlash maqsadida 1994 yil Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga asos solindi. Bu o‘sha davrda milliy armiya qo‘shinlari uchun yetuk harbiy kadr­larni tayyorlash yo‘lida tashlangan dadil qadamlardan biri edi. O‘tgan yillarda milliy armiyamizda amalga oshirilgan islohotlar doirasida mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasida ham qator o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘quv muddati 5 yil etib belgilandi, uchish apparatlari va dvigatellarining tuzilishi va ishlatilishi, aerodinamika va havo navigatsiyasi, aviatsiya radioelektron jihozlari, aviatsiya qurol-aslahalari, taktika, tabiiy fanlar kabi kafedralar faoliyati takomillashtirildi. Ushbu oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘tgan yigirma yil mobaynida yetuk harbiy uchuvchi va aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha boy tajriba to‘plandi. Hech bir davlat harbiy aviatsiya mutaxassislaridan kam bo‘lmagan kadrlar bugun Harbiy havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarida, Quruqlikdagi qo‘shinlar vertolyot aviatsiyasida, harbiy okruglar shtablarida, birlashma va harbiy qismlarda turli lavozimlarda xizmat qilmoqdalar. Podpolkovniklar – Feruz Usmanov, Otabek Kamolov, Nazirjon Rajabov, Zayniddin Ergashev, Ravshan Shayzakov, Ibrohim Siddiqov, Sherali Choriev, Alisher Nasirov kabi o‘ndan ortiq harbiy uchuvchilar a’lo xizmatlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlari – «Shon-sharaf» ordeni, «Jasorat», «Sodiq xizmatlari uchun» hamda «Shuhrat» medallari bilan taqdirlanganlar.

Ayni damda bilim maskanida har yili yuzlab yoshlar harbiy aviatsiya mutaxassisligini egallash uchun istak bildirmoqdalar.

Ular orasidan eng munosiblari tanlab olinmoqda. Kursant nomiga sazovor bo‘lganlar esa Davlat ta’lim standartlari va namunaviy o‘quv rejalari asosida umumharbiy nizomlar, tarbiyaviy ishlar uslubiyoti, jismoniy tayyorgarlik, aviatsiya texnikasi, ixtisoslashgan fanlar, aviatsiya qismlarida muhandislik aviatsiya ta’minoti kabi yo‘nalishlarda saboq olishmoqda. Ular besh yil mobaynida adabiyotlar bilan ishlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, xorij harbiy aviatsiyasining ilg‘or tajribalarini tahliliy o‘rganish va amaliyot mashg‘ulotlarida mukammal bilim oladilar.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari mutaxassislarini professional kadrlar qilib tarbiyalash uchun ularda avvalo axloqiy-ruhiy sifatlarni shakllantirish kerak bo‘ladi. Negaki, harbiy uchuvchi uchish apparatini boshqarishdan oldin avvalo o‘zini bosh­qara olishi muhim. Shu bois, kursantlarning o‘z ruhiyatini boshqara olish sifatlariga asosiy e’tibor qaratiladi. Bu esa ekstremal vaziyatlarda salbiy oqibatlarning oldini olishning muhim shartidir.

Nazariy bilimlarni o‘zlashtirgandan so‘ng kursantlar, harbiy aerodromlarga chiqishdan oldin uchish oldi tayyorgarligini zamonaviy vertolyot trenajyorida o‘tkazadilar. Bu majmua boshlang‘ich va davriy parvozlarni amalga oshirish, bir turdagi uchish apparatidan ikkinchisiga ixtisoslashish uchun xizmat qiladi. Kursantlar bu bosqichgacha zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan o‘quv xonalarida, laboratoriyalarda lozim bo‘lgan barcha bilimlarni egallashgan. Endi ularni amaliyotda qo‘llash kerak. Bu yerda mashg‘ulot rahbari har bir kursantning vertolyotni boshqarishini, uskunalar bilan ishlash ko‘nikmalarini, xatti-harakatini kuzatib, qayd etib boradi. Trenajyorda kursantlar o‘zini xuddi parvoz etayotganday his qilishadi. Bu qurilma kursant uchun aynan uchish holatini hosil qiladi.

Uchuvchilik mutaxassisligi kursantlari 2-bos­qichdan boshlab parvoz amaliyotlariga jalb etiladi. Bu ular uchun haqiqiy sinovdir. Shuncha o‘qigan bilimlarining natijasi hisoblanadi. Barcha tayyorgarliklardan, tekshiruvlardan o‘tib, nihoyat aerodromga yo‘l olinadi. Ular ilk parvozni ixcham vertolyotda amalga oshiradi. Uning qisqacha texnik tavsifini aytadigan bo‘lsak, o‘rtacha og‘irligi 530 kilogramm bo‘lgan bu uchish apparatining eng yuqori tezligi soatiga 180 kilometr. U uch ming metrgacha balandlikka ko‘tariladi.

Odatda ilk bor uchishni mashq qilayotgan kursantlar samoga ko‘tarilayotganda yerdagi bepoyon kengliklar, go‘zal manzaralardan hayratlana olmaydilar. Ularning butun diqqat e’tibori bosh­qaruv pultida bo‘ladi. Bu kabi mashqlarga ko‘p bor chiqqan kursantlar asta-sekinlik bilan uchuvchilik kasbining naqadar mashaqqatli va o‘ziga yarasha zavqi ham borligini his qilishadi. Qaerda bo‘lmasin, ularning oldida doim Vatan mudofaasi turganligini unutishmaydi. To‘liq o‘qish kursini tugatgan va davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan kursantlar oliy harbiy ma’lumotga ega bo‘ladilar. Ularga «leytenant» ofitserlik unvoni va fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom beriladi.

Ayni vaqtda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida tahsil olib, harbiy uchuvchi, bort muhandisi, shturman, texnik-muhandis kabi harbiy aviatsiya mutaxassisligini egallagan ko‘plab ofitserlar havo sarhadlarida lochinlar kabi parvoz qilib, boshqa hech bir millat vakillaridan kam emasliklarini isbotlashmoqda. Harbiy uchuvchilarning parvozi oddiy parvoz emas. Har bir uchish davomida ular o‘quv rejasida belgilangan topshiriqlarni bajarishadi. Bu vazifalar qatoriga yosh uchuvchilarning amaliy bilimi va mahoratini oshirish, yangicha uslublarni o‘rganish, jangovar otish kabi o‘quv mashg‘ulotlari kiradi. Bulardan tashqari, belgilangan hududga harbiy xizmatchilar va moddiy vositalarni yetkazish, razvedka yuritish va boshqa mashg‘ulotlarda harbiy aviatsiya mutaxassislarining boshqa qo‘shin turlari vakillari bilan hamkorligi ta’minlanayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi Harbiy havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari, Quruqlikdagi qo‘shinlar vertolyot aviatsiyasi samarali qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar bilan ta’minlangan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining eng yuqori manevrlangan qo‘shin turlaridan hisoblanadi. Ular havodan turib, dushmanning aviatsiya va quruqlikdagi qo‘shinlarini yakson qilish, quruqlikdagi qo‘shinlarni havodan qo‘llab-quvvatlash, desantchilarni tashlash, qo‘shin va moddiy vositalarni havo orqali tashish, razvedka amaliyotini bajarish va boshqa vazifalarni ado etishga mo‘ljallangan. Jangovar samolyotlar va vertolyotlarga ega bo‘lgan harbiy uchuvchi va harbiy aviatsiya mutaxassislari ob-havoning har qanday sharoitida, turlicha balandliklarda qo‘yilgan vazifalarni ado etishga qodirdir. Ana shunday vazifalarni mohirlik bilan bajarayotganlar yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan o‘g‘lonlarimiz, o‘zbek yigitlari kechagi dehqon va chorvadorlarning pillachi va mirishkorlarning farzand­lari ekanligini o‘ylaganingda qalbingdan cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ulari yuksaladi.

 

Bobur MuHammadiev,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =