QAHRGA MUNOSIB «QAHRAMON»LAR

— Dada, “xiyonat” nima degani? — so‘radi besh yashar bola otasidan.

— Bu so‘zni qaerdan olding? — hayron bo‘ldi ota o‘g‘liga nima deb javob berishni bilmay.

— “Muhabbat tantanasi”dagi (serial nazarda tutilmoqda) senor Sandaval xiyonat qilibdi-ku, oyim aytdi…

Norasida bolasining og‘zidan chiqqan bu gap otani sergak torttirdi. O‘g‘lini yoniga o‘tirg‘izdi-da, bu so‘zning yomon so‘z ekani, bunday ishni qilgan odam ham yomonligi, yaxshisi o‘sha kino(serial)ni ko‘rmaslik kerakligi haqida tushuntirdi…

Bu — yurtimizdagi millionlab oilalarning biridagi kichkina voqea, xolos. Ammo undagi mavzu ham kichkinamikan?..

BIR-BIRIGA O‘XSHASH SERIALLAR

“Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Bir muhabbat tarixi” serialining uch-to‘rtta qismini tomosha qilib qoldim. Bir qaraganda, film juda yaxshi olingan. Mutaxassis bo‘lmasam-da, bir narsani payqadim: uning professional tarzda olinganligi aktyorlarning ijrosi, mahoratidan ko‘rinib turibdi. Qolaversa, mavzusi ham chakki emas, eskirmaydigan, “har bir qalb uni yangilaydigan” bebaho tuyg‘u haqida… Ammo…

“Ammo”si shundaki, mazkur filmning, birinchidan, o‘zbek tomoshabiniga beradigan hech qanday yangiligi yo‘q. Qaytanga keyingi paytlarda ketma-ket namoyish etilgan hind seriallariga xos mayda-chuyda gaplarga boyligi bilan g‘ashga tegadi. Ikkinchidan, hayotda xuddi boshqa muammolar qurib ketganday qahramonlari nuqul sevgi-muhabbat, ishq-visol qayg‘usida vaqt o‘tkazishi qiziq. Ekranda hadeb o‘t-otash bo‘lib yonayotgan yigit-qizlarning turqini ko‘raverish ham odamga zavq bag‘ishlamasligini shu kabi seriallarni ko‘rganda his qildim…

Gap faqat bularda emas. Eng achinarlisi, ayrim yoshlarning bu muqaddas tuyg‘u haqidagi qarashlari aynan bemaza seriallar ta’sirida shakllanayotganida. Axir, ularning aksariyati oila ayni kechki ovqatlanishga jam bo‘lgan paytda efirga uzatiladi.

Yana bir mulohaza — bir vaqtning o‘zida namoyish etilayotgan badiiy film va seriallarda yangi ovozni eshitmaysiz. “Saroy javohiri”da kimning ovozini eshitgan bo‘lsangiz, koreyslarning yana o‘nta serialida o‘sha “komanda”ning ovozini tinglashga majbursiz.

YOSHLARIMIZ KIMGA TAQLID QILADI?

Faxrlansak arziydigan milliy qahramonlarimiz son mingta. Biroq bolalarimizni allaqanday afsonaviy kimsalarga taqlid qilishlariga qo‘yib berib o‘tiramiz. Tag‘in sal merganroq bo‘lsa: “Jumong-da bu, Jumong!”, chiroyliroq kiyim olib bersak, kiysa: “Ha, Arviga o‘xshabsanmi?” deb qo‘yamiz. Bunisi holva, shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan tanishim aytib bergan voqea undan ham oshib tushadi. Uning aytishicha, beshinchi sinfda o‘qiydigan qiz ularning bo‘limida davolanayotgan ekan.

— Navbatchilik vaqtim edi, — deydi hamshira. — Haligi qizning palatasida yo‘qligini ko‘rib, zarur ish bilan chiqqandir deb o‘yladim. Ammo o‘n daqiqa, yigirma daqiqa o‘tdi, qaytavermadi. Keyin izlashga tushdim. Izlay-izlay, xavotirdan aqldan ozay deb tursam, tashqarida, daraxt panasida quchoqlashib turgan ikki kishini ko‘rib qoldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, biri men qidirayotgan qiz edi. Nima qilsam ekan? Oldiga borib sharmanda qilay desam, ular ham birovning bolasi. Sal yaqinrog‘idan o‘tib ketgan bo‘lib, ularga “shu yerdaligimni” bildirdim. Harqalay, sal bo‘lsayam uyati qolgan ekan. Ajralishdi. Birozdan so‘ng “ma’shuqa” keldi. Undan yigitning kimligini so‘rasam, yaxshi ko‘rgani ekanini, u kollejda tahsil olishi va buni hech kimga aytmasligimni so‘radi. Yoqa ushladim. Ikkalasi ham hali go‘dak-ku! Bu masalani shundoq qoldirsam, vijdonimga xilof ish qilgan bo‘lishimni anglab, ertasiga qizning onasiga bor gapni aytdim…

Ona qiziga qanday chora ko‘rgani o‘zlariga ma’lum. Meni o‘yga solgani, nega ayrim o‘g‘il-qizlarimiz sevgi-muhabbat bog‘iga bunchalik erta qadam qo‘yishmoqda? Ularga bu borada yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgan internet, telefon, teleseriallar emasmi? Ota-onalar qayoqqa qarashyapti o‘zi?

Kimgadir aql bo‘lishdan yiroqmiz. Biroq shundoqqina yon-verimizda, mahallamizda, ko‘chamizda yuz berayotgan voqealardan nega ko‘z yumishimiz, bor gapni ochiq-oydin gapirib, muhokama qilmasligimiz kerak?..

 Ulug‘bek KARIMOV

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 12 =