TO‘RT MUCHASI SOG‘ “TILANCHI”LAR
— Ona qizlarim, iltimos, pulingiz bo‘lsa, yo‘lkiraga ozgina beringlar, bozorda hamyonimni o‘g‘irlatib qo‘ydim, qishlog‘imga ketolmayapman.
To‘g‘risi, dabdurustdan yo‘lingizni to‘sgan oltmish yoshlar chamasidagi ayolning bunday iltijosi hech kimni befarq qoldirmaydi, albatta. Bunaqa holatga birinchi marta duch kelayotganlarning aksariyati imkon qadar unga yordam berishga harakat qiladi.
To‘g‘risi, biz ham uni ilk marta shaharning qoq markazida, odamlardan pul so‘rab turganini ko‘rganimizda, chorasizlik majbur qilgandir-da, deb baholi qudrat yordam ko‘rsatgandik. Keyingi safar uni bozordan chiqaverishda uchratdik. O‘zini og‘ir ahvolda qolgan bechoraday ko‘rsatib, rahmdil odamlarning hamyoniga ko‘z olaytirib turardi. Uni kuzatarkanmiz, yonimizda avtobus kutayotgan ikki qizning (aftidan talabalar) so‘zlari beixtiyor qulog‘imizga chalindi.
– Tanish emasmi, shevasidan bizning tumandanga o‘xshayapti? Adashmasam, avval uni qaerdadir ko‘rgandekman.
– Uchqo‘rg‘onga ketish uchun yo‘lkirasiga pul so‘rayapti, shekilli. Ie, to‘xta, bu huv anavi kungi «Sardoba» bozori oldida yo‘lkiraga pul so‘rab turgan opa-ku! Yo tavba, ko‘rinishidan tuppa-tuzuk ayol ekanu, uyalmay odamlarni aldab pulini olishini qara-ya?
– U bu yerda o‘zini taniydigan hamyurtlari uchramasligiga ishonganidan bemalol hammani laqillatayotgandir-da. Lekin nima bo‘lganda ham xola tushmagur pul topishning rosa antiqa usulini topibdi!
– Eshitgan bo‘lsang, egniga ro‘dapo kiyimlarni ilib, yuzini berkitgan tilanchilarning ko‘pi mana shunaqa «afirist»lar, dangasa va g‘irt tekinxo‘rlar, bunaqalarga bir tiyin ham hayf. Qayoqqa qarama ro‘parangda paydo bo‘ladi. Shularning dastidan oshxonada tinchgina ovqatlanolmaysan, birov bilan ko‘cha-ko‘yda, hatto xoli yerda xotirjam gaplasholmaysan ham. Izg‘ishgani-izg‘ishgan. Bu ham yetmagandek, hokimiyat, sud, ichki ishlar, FHDYo idoralari, o‘quv dargohlari atrofini, hatto transport serqatnov chorrahani ham «asosiy tochka»lariga aylantirib olishgan. Nega shularga biror jiddiy chora ko‘rilmaydi, hayronsan, kishi? Axir, tilanchilarning ham yashaydigan uyi va mahallasi bor-ku?!
Bugun hech kimdan uyalmay, hech narsadan tap tortmay, tilanchilikni o‘zlari uchun oson pul topish manbaiga aylantirganlar orasida to‘rt muchasi sog‘lar ham borki, ularning maqsadlari faqat qorin to‘ydirish bo‘lsa koshkiydi.
– Ko‘p marta avtobus va «Damas»larda duch kelgan bir yigit ko‘rinishidan to‘rt muchasi sog‘u, o‘zini soqov, tentak ko‘rsatishi odamni ajablantiradi, – deydi bir kishi. – Uni taniganlarning aytishicha, tuppa-tuzuk oilasi, uy-joyi, farzandlari bor emish. Lekin katta shaharda kechgacha o‘zini tentakka solib, kerak bo‘lsa, sizu mendan ko‘p pul toparkan. Aslida, uning tilanchilikni kasb qilib olganini mahallasidagi raisdan tortib, hamma bilsa-da, parvo qilmasligi uni mana shunday gadoy qiyofada pul topishdan uyalmaslikka o‘rgatib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Xudo ko‘rsatmasin, agar qo‘l yoki oyog‘imdan ayrilgan taqdirda ham aslo bunday yo‘l bilan ro‘zg‘or tebratishni o‘zimga ep ko‘rmasdim.
Xayriyatki, hamyurtlarimiz orasida oriyatli insonlar ko‘p. Hatto imkoniyati cheklanganlari ham halol rizq axtaradi. Chortoqlik Zebo Aziboeva, kosonsoylik Mavluda Karimovaning biri bolalikdan, ikkinchisi 18 yoshidan nogiron. Aniqrog‘i, Zeboning bir oyog‘i kasallik tufayli son qismidan olib tashlangan. Yoshi 55 larda. Mavluda opa esa tug‘ma oyoq nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Aslida, ular qo‘ltiqtayoq va hassasiz yurisholmaydi. Ammo shunday holatda ham o‘zgalarning yordamidan umidvor bo‘lib emas, odamlarga naf keltirib, jamiyatning faol a’zolari qatorida yashashmoqda. Tikuvchilik hunarini o‘rganib, anchadan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlari bois qanchadan-qancha xotin-qizlarni hunarli, ishli qilishdi. El- yurtimiz farovonligi yo‘lida ko‘plab savob ishlarga bosh qo‘shyaptilar. Ana shu mehnatlari inobatga olinib, davlatimiz tomonidan yuksak mukofotga sazovor bo‘lishdi: Zebo Aziboeva «Shuhrat», Mavluda Karimova «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
Qadimda bir kambag‘al kishi donishmandga o‘zining nochorligidan shikoyat qiladi. Shunda donishmand avval ikkala ko‘zi, so‘ng oyoq va qo‘llari evaziga kattagina pul taklif etadi. Kambag‘al uning takliflariga rozi bo‘lmaydi. Donishmand esa “Unda shuncha miqdordagi boylikdan ham qadrli ne’matlarga ega bo‘la turib, noligani uyalmaysanmi?” deb uni izza qilgan ekan.
Darhaqiqat, ba’zan ozgina yetishmovchilik, kamchilik yoki boshqa sabablarni ro‘kach qilib nolish, to‘rt muchaning sog‘ligini qadrlamaslik ham kasbi-kordan, ro‘zg‘ordan fayzu barakani aritadi.
Gohida eng og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazib, ocharchilik va qahatchilikni ko‘rgan qariyalarning so‘zlarini eshitsangiz, bugungi dorilamon kunlarga nomunosib tilanchilik qilayotganlardan nafratlanib ketasiz. Dunyoning turli burchaklarida ro‘y berayotgan qanchadan-qancha to‘s-to‘polonu xunrezliklar, terrorlar tufayli tinchgina uxlashgagina zorlar, boshpanasizlar yoki bir kunlik qorin to‘ydirish ilinjida har qanday og‘ir ishga tayyor insonlar hayoti oldida bizning tinchlik va farovonlik hukm surayotgan yurtimiz jannatdek ekanini nahotki tushunishmasa?! Axir, buning uchun har birimiz har kun, har lahza behisob shukronalar aytsak arziydi-ku?! Binobarin, shukr ham insonning iymon-e’tiqodidan dalolatdir. Qolaversa, shukr, rizq va barakaga, imkonning yanada kengayishiga sabab bo‘ladi.
Agar bu illatning urchib ketishiga loqaydlik bilan qarashga o‘rganib qolsak, nafaqat millatimiz sha’ni va ma’naviyatiga, balki tinchligimiz, xotirjamligimizga nisbatan ham xavf tug‘ilishi mumkin. Chunki, bugungiday hamisha ogoh va sergaklik talab etilayotgan zamonda ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida yoki mahallada xonadonma-xonadon izg‘ib yurgan, ko‘pincha yuz-ko‘zini berkitgan ro‘dapo qiyofasidagi kimsaning asl maqsadi tilanchilikdan ko‘ra kattaroq boylik – tinchligimizga raxna solish emasligiga kim kafolat beradi?!
Xuddi shuning uchun ham mahalla va keng jamoatchilikning bu boradagi hamkorligi nihoyatda zarur.
Shahzoda AKBAROVA
Namangan viloyati