TUB TARKIBIY O‘ZGARISHLAR

Mustaqil mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Ellikqal’a tumanida ham sanoatni diversifikatsiya qilish, agrar sho‘’bada bozor munosabatlarini takomillashtirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy mulk ulushini oshirishga keng yo‘l ochmoqda.

 Prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida “Mamlakatimizni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish borasida boshlangan tizimli islohotlarni, iqtisodiyotimizda, avvalombor, sanoat va qishloq xo‘jaligida tub tarkibiy o‘zgarishlarni so‘zsiz davom ettirish, xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va bu soha vakillari manfaatlarini himoya qilish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishiga aylanishi zarur” — dedilar.

Davlatimiz rahbari shuningdek, xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining shu yil 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida bu boradagi kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni yangichasiga tashkil etishimiz, samara va sifatini tubdan oshirishimiz, eskicha yondoshuvlar hamda o‘z umrini o‘tab bo‘lgan usullardan butunlay voz kechishimiz, islohotlarning bosh maqsadlarini chuqur anglab, mavjud qonunchilikka qat’iy amal qilishimiz kerakligini yana bir bora ta’kidladilar.

Iqtisodiy islohotlarning izchilligi va samaradorligini ta’minlashda, tub tarkibiy o‘zgarishlarga erishish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratayotgan Ellikqal’a tumanida sanoat salohiyatini oshirish borasida ishonchli qadamlar qo‘yilmoqda. 2015 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari asosida umumiy qiymati 20 milliard so‘mdan ortiq investitsiyalar o‘zlashtirildi. Birgina sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 7 milliard so‘mga teng 18 ta loyiha amalga oshirildi.

“Sog‘lom ona va bola yili”da bu boradagi ishlarga yuksak sur’at va sifat baxsh etiladi. Jumladan, tumandagi “Global national tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ip-kalava, jinsi matosi va tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha “Aloqabank”ning 7,9 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini o‘zlashtirishi, pirovardida 200 ta yangi ishchi o‘rni yaratilishi, tashqi bozorga 30 million AQSh dollari miqdoridagi raqobatbardosh mahsulotlar eksport qilishi rejalashtirilmoqda. Bu korxona yaqin yillar ichida tuman sanoatining eng yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biriga aylanadi, bandlik dasturi ijrosi uchun keng imkoniyatlar ochadi. Qolaversa, u ellikqal’alik qishloq mulkdorlari yetishtirayotgan sifatli paxta tolasini eksportbop mahsulotga aylantiradi. 2013 yilda tuman iqtisodiyoti xorijga 3 turdagi raqobatbardosh mahsulot sotgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich olti turga yetdi. “Global national tex” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi loyiha bu boradagi salohiyatni yanada oshiradi. O‘tgan yili 1 million 86 ming 500 AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, “Sog‘lom ona va bola yili”da mazkur ko‘rsatkich  2 million 777 ming 700 AQSh dollariga yetkaziladi. Shundan 1 million 877 ming 700 AQSh dollari qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti tashkil etishi mo‘ljallanmoqda.

Ma’lumki, Qoraqalpog‘istonning saxovatli zaminida ham noyob yerusti va yerosti qazilma boyliklari ko‘p. Ayniqsa, tumanga tutashgan Sultonuvays tog‘ tizmasida turli metall rudalaridan tashqari marmar, talk, ohaktosh va vermikulit konlar mavjud. Tumandagi “El rozi nur” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2013 yilning dekabr oyidan buyon muhim qurilish materiali hisoblangan qo‘pchigan vermikulit ishlab chiqarmoqda. Mazkur korxonani modernizatsiya qilish uchun joriy yilda tijorat banklarining 200 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari o‘zlashtiriladi. Natijada qo‘shimcha 30 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Boshqachasiga aytganda, ishlab chiqarish quvvati yiliga 100 ming kubometrga yetkaziladi.

Tumanda sanoatni qishloqqa dadil olib kirish jarayoni faollashmoqda. Birgina “A.Salovat” fermer xo‘jaligi yiliga 450 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan istiqbolli loyihani amalga oshirmoqda. Bu fermer xo‘jaligida 200 tonna sig‘imiga ega bo‘lgan muzlatkichli omborxona mavjud. Joriy yilda bunga qo‘shimcha ravishda 300 tonna sig‘imga ega bo‘lgan muzlatkichli omborxona tashkil etiladi. Bunday zamonaviy omborxonalar nainki tumanda, balki Quyi Amudaryo vohasida ilg‘or qishloq mulkdorlaridan biri, qator tanlovlar g‘olibi Muhammadsharif Qurbonov yetakchiligidagi “N.Qurbonov” fermer xo‘jaligida birinchilardan bo‘lib barpo etildi. 50 tonna go‘sht saqlashga mo‘ljallangan zamonaviy muzlatkich, 150 tonna meva sabzavot saqlashga yo‘naltirilgan sovutish kamerasi qishloq mulkdori faoliyatida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan bir qatorda parrandachilikni ham jadal rivojlantirmoqda. 15 ming tovuq boqilayotgan parrandachilik fermasi o‘tgan yili 3 million dona sara tuxum sotdi. Bunga qo‘shimcha fermer 2 ta joyda har biri go‘sht yetishtirish yo‘nalishida 15 ming bosh tovuq asraydigan ferma ta’sis etdi. “Keksalarni e’zozlash yili”da tumanda sanoatda yo‘nalishida 18, servis sohasida 60, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida 74 ta ana shunday yangi tadbirkorlik nuqtalari ishga tushirildi. 

Tumanda go‘sht mahsulotini tayyorlash bo‘yicha kichik majmua tashkil qilinmoqda. Bu borada “Ellikqal’a savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati qiymati 360 ming AQSh dollari (o‘z mablag‘i 180 ming AQSh dollari, bank krediti 180 ming AQSh dollari) miqdoridagi yangi loyihani amalga oshiradi. Korxonaning yillik quvvati 2000 bosh chorva mollarini so‘yishga mo‘ljallanadi. 5 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, mahalliy sanoatda sifatli g‘isht, cherepitsa, bruschatka, polietilen trubalar, plastik romlar ishlab chiqarishda tub burilishga erishildi. O‘tgan yili tumanda 30 milliard so‘mlik kapital qurilish, rekonstruktsiyalash va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 75 ta yangi turar-joy foydalanishga topshirildi.

Ellikqal’ada xalq xo‘jaligining boshqa sohalari qatori fermerlik harakati ham yorqin natijalar bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 dekabr kungi 362-sonli qaroriga ko‘ra tumandagi fermer xo‘jaliklari soni 439 tadan 504 taga yetkazildi. Ulardan 343 tasi paxtachilik va g‘allachilik, 60 tasi bog‘dorchilik va uzumchilik, 39 tasi chorvachilik, 17 tasi parrandachilik, 25 tasi baliqchilik, 12 tasi asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Har bir fermerga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yer maydoni 62,4 gektarni tashkil etmoqda. Hukumatimiz tomonidan melioratsiya maqsadlariga ajratilayotgan manzilli mablag‘lar asosida yerlarning unumdorligi keskin oshdi. Yer va suv resurslaridan foydalanish har qachongidan yaxshilandi.

Tumanda 2015 yili 82 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, ularning soni jami 562 taga yetkazildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tgan yili tijorat banklari tomonidan 23 milliard so‘mdan ko‘proq kreditlar ajratildi. Bu 2014 yilga nisbatan 34 foizga ko‘p demakdir. Davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan tumanda “Yagona darcha markazi” tashkil qilindi. Tuman tadbirkorlari yangi ish o‘rinlari yaratishga salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. O‘tgan yili bandlik dasturiga ko‘ra 3741 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kasb-hunar kollejlarini bitirgan 2073 nafar o‘quvchining 2067 nafari malakali ish bilan ta’minlandi. Madaniyat, sportga, muzeylar faoliyatiga alohida e’tibor berilmoqda. Bolalar sportida quvonarli natijalarga erishilmoqda. 

— Hududimizda 2010 yilda 22 milliard 879 million so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 101 milliard 521 million 600 ming so‘mga yetdi, ya’ni 4,4 karra oshdi. — deydi tuman hokimi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati, iqtisod fanlari nomzodi Ne’matulla Xudoyberganov. – Aynan shu davrda qishloq xo‘jaligi mahsuloti 2,2 barobar oshgan bo‘lsa, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 2010 yildagi 2 milliard 150 million so‘mdan 2015 yilda 47 milliard 795 million so‘mga, ya’ni 22 barobarga oshdi. Bularning barchasi muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, tub tarkibiy o‘zgarishlar, keng miqyosli modernizatsiya jarayonining barakali natijalaridir. Joriy yilda sanoat mahsulotlari hajmini 65,5 foizga oshirishni mo‘ljallamoqdamiz. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida umumiy qiymati 62 milliard 14 million so‘mlik 180 ta istiqbolli loyihani amalga oshiramiz. Bu sarmoyalar asosida 950 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zlanmoqda. 160 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari ta’sis etishni rejalashtirganmiz. Joriy yilda jami 3778 ta yangi ish o‘rinlari yaratamiz. Eng muhimi, aziz istiqlolimizning muborak 25 yilligi nishonlanadigan yilda barcha sohalarda yangi marralarni egallab, qadrli xalqimizning turmush darajasini yangi pog‘onalarga ko‘taramiz, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga munosib ulush qo‘shamiz.

 Yangiboy QO‘CHQOROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =